Elena Yeltsova (1979)

Eltsova Yelena Vlasovna (Alena Yeltsova) Komi Respublikasining Ust-Kulom qishlog‘ida tug‘ilgan. Komi poytaxti Siktikvar shahridagi adabiyotga ixtisoslashgan litseyda, so‘ng Komi Davlat universitetining Komi filologiyasi fakultetida, Moskvada Oliy adabiyot kursida tahsil olgan. “Tonggi yomg‘ir”, “Kabisa yili”, “Nazokat, sen cheksizsan”, “Laylak qor” she’riy kitoblari chop etilgan. She’rlari ingliz, rus, frantsuz, fin, eston, o‘zbek tillariga tarjima qilingan. Rossiya Yozuvchilar uyushmasi, Fin-ugor Yozuvchilar assotsiatsiyasi a’zosi. O‘zbekiston haqida “Quyoshi kulgan yurt” essesi chop etilgan.

* * *

Oyoq tovushimni eshitdingmi tunda
demakki yaproqlar to‘kilayapti,
ortiga qarashmas,
shamol olib ketgan ularni.
Tunda qara
yaproqlar yoritar olamni
ovozsiz yotgancha yurakda
shivirlashar senga men haqda.
Havoning avzoyi buzuqligida
olam qorayganda yomg‘irdan
safar qilar ko‘kka yuragim.
Jannatni yoritgan kapalak –
yaproqlar.

Eshityapsanmi tunda oyoq tovushimni….

* * *

Quyoshli yomg‘irni chizib ber menga
u chetidan – bu chetigacha
quyosh-la limmo-lim yomg‘irni.
Qo‘y, mayli u menga
tikilsin yoqimli ko‘zlari bilan
nedandir g‘amlanar ko‘nglimiz.
Notanish yomg‘irning
suvratini solib ber menga,
mayli u yugursin derazalarda
jimisin so‘ngra
va osmon to‘kilar ko‘lmakka.
Harir bulutlarni oralab
sen ila ketyapmiz bolalik tomon.

QORAYGAN SUVDA ChIROY

Ko‘rdingmi, kuz bashorat qildi barini,
Endi o‘zgarmaydi, hech ne, hech nima.
Derazam ortida havo rang qor ham
Haftalab supurdi, yerning yuzini.

Va qanday bo‘lmasin nafas olmoq shart,
Yashash kerak tunlar, yashamoq kunduz.
Qo‘lingda nokerak mening hayotim,
Va unutib bo‘lmas, har bitta yulduz.

Odimlayman yer sharining qirg‘og‘i bo‘ylab,
Er cheti shundoq yonimda.
Qo‘llarimda baxtli yulduzlar

Va juda qahrli yomg‘irli qor ham.

* * *

Qara, yulduzlar – mitti sepkillar kabi –
Tungi osmon sahnida shovullar oqshom.
Titraydi yulduzlar, jimirlaydi suv,
Sukutning qa’rida dukurli kalom.

* * *

Shaharni o‘rmonday yoqar alanga,
Ko‘chalarning qoshi erta qoraydi.
O‘pich oladi kuz taftsiz labimdan
Yalangoyoq yomg‘ir yo‘lni o‘raydi.

Kuz shomi yuragim qorong‘i, qora
Unga cho‘kib ketgan yozning bir kuni.
Tushungisi kelmas sira ham, sira
Qorong‘i yo‘lakda bir o‘zim nega…

BAHOR

Ko‘kning tungi yoshi yerga quyilar,
Er shariga asta kira boshlar jon.
Iliq yomg‘ir ila yuzini yuvar
Dala, daryo va o‘rmon.

Oppoq sochbandini to‘g‘rilaydi Oy,
Bahorning taftidan yurak ham qaynoq.
Faqat achchiq sog‘inch dilga cho‘zar bo‘y,
Qish ketib boradi qorli oq chaqmoq.

* * *

Moviy she’rlar bilan keldim umringga
Qushlar shevasida uyqu bermayman.
Sog‘inching so‘ylayman men o‘z tilimda,
Horg‘in dilga endi qanot bergayman.

Osmonda ko‘z yosh-la suzar yulduzlar,
Kaftimda titraydi yarqiragan suv.
Seni sevishimni tinglar har guzar,
Tun bilib barchasi ketib borar jim.

***

Kuz piqillab yig‘lar. Tomchi ortidan tomchi quyilar,
Hovuchim xalqob.
Tun jarlik yaratar, meni nimalar kutar,
Beruxsat azob.

So‘z oralab so‘zlar yugurar, yurakka cho‘kar,
Kuzgi she’r.
Bor edi shodlik va alam, yo‘q endi ular,
isinardi yer.

Yaproq ortidan yaproq, quyiladi oltin donalab
Muqarrar.
Eshit, barini qaytarish mumkin. Kechikmas talab
Hozircha xayr.

QISh TUNIDA YoZILGAN ShE’R

Jimgina to‘kilar paxmoqqina qor,
Sovqotgan ayozning hoshiyasiga.
Pinakka ketgandir o‘rmon, beozor
Qo‘shilar deraza sukut sasiga.

Faqat oy diydirar so‘nik va horg‘in,
Tiyra qorong‘ida ko‘zin yummaydi.
Osmon qirg‘og‘ida suzadi beun
Oqqush qanotiday yig‘inolmaydi.

* * *

Yurakka uch, ey qor, yoritgin,
Qalbim qanot qoqsin, osmon qa’rida.
Horg‘in yerga yotgan musaffo qorim
Mana sas inmaydi qadamlarimga.

Ochiq yuzlarimni tutgum qora samoga
Cheksizlikka qo‘ngan yulduzli changni.
Ana, qanot qoqdim, yetyapman ko‘kka
Yurak yonar o‘chirib bo‘lmaydi endi.

PARIJ

Men dengizni ko‘rmaganman hech,
Begonadir kuyi, qo‘shig‘i…
V.Savin

Men Parijda bo‘lmaganman hech,
Ko‘rmaganman go‘zalligini.
Elisey dalasi bermagan tutqich,
Bilaman, Vichegda afzalligini.

Eyfel minoridan qaramaganman,
Boshim aylanadi balandligidan.
Farang shirinligin totib ko‘rmasdan
Luvrga kirmaganman tirbandligidan.

Men bilaman, hali keladi bir kun,
Tashrif buyuraman, shodlanar chekim.
Shinam qahvaxona, yozgi kun uchun
Menga she’rlar o‘qib beradi Verlen.

Minor tepasiga olib chiqar u
Ko‘zni qamashtirar yorug‘ bu olam.
U yerdan qarayman olis-olisga,
Ko‘rinish berarmi bizning Ust-Kulom.

* * *

Qah-qah urar ko‘kda oppoq oy –
Qoraygan suvda jimirlar chiroy.
Tabiat to‘lqini titrar, yugurar,
Ko‘ksimda yuragim g‘amgin dam urar.
Dil xalos bo‘ladi og‘ir vujuddan,
Shu’la inib kelar olis yulduzdan.
Kapalakday yulduzdan yulduzga qo‘nar –
Tin olmas bir lahza, uchar, quvonar.
Guldan nektar yiqqan kabi jonhalak,
Oy girdida raqsga tushar kapalak.
Balki yonib ketgan yulduz changida,
Ehtimol, jimigan tun jarangida.

* * *

Vaqt derazamni ohista chertgan,
Vaqt chaqnagan chaqmoqning bechaqmoq sasi,
Vaqt o‘rmon gulxanida
Vaqt qirov tushgan daraxtlar,
Vaqt daraxt, suvga boshini eggan,
Vaqt yig‘layotgan daraxtlar,
Vaqt daraxt, yarqiragan quyosh nurida
Vaqt daraxt, mo‘ynasiga o‘ralib olgan,
Vaqt daraxt uch-uchlarini qayirib olgan,
Vaqt bolalarin yerga qo‘yib yuborgan daraxt.
Men yarqiragan qorni sevaman,
G‘archillagan qorni,
Toshdek qotib qolgan qorni,
Mo‘rt, sinuvchan vaqt qorlarin yaxshi ko‘raman.
Men yaxshi bilaman:
Shunday vaqt kelarki, unda gullar suv.
Sen deding:
Men yoningda bo‘lmagan paytlar
She’rlaringga singgib yashayman sen-la.
Hozir mening bittagina vaqtim bor –
Bu – senli vaqt.

* * *

Seni eslayapman. Bu dunyo qulflanib qolgan.
Yo‘qdir shovqin ko‘cha, sovigan uylar.
Mehmonlarni kutgum – bir xil tuyular,
Kutganim yo‘q, keraksiz hayotim to‘lgan.

Seni eslayapman.Umid yuragimni siqadi.
Har bir sas yurakka inonmas sira,
Ovozingni eshitdim. Atalgan menga.
Yig‘lashdan toldim men. Tong kechikadi.

Seni eslayapman. Derazadagi qor oralig‘ida
Ko‘zimda aks etar sokin, ma’yus dard.
Shahrim meni tush ko‘rar, uyqusi begard,
Men seni eslayapman osuda…

* * *

Elkan mening yuragim…
Aleksandra Misharina

Ne haqda gaplashding men bilan dengiz?
Neni uqtiradi shaddod mavjlaring?
Qirg‘oqni yuvguvchi to‘lqinlar shaksiz,
Nafas rostlamaydi, yummas ko‘zlarin.

Goh mayin, gohida yovvoyi sasing –
Beozor, goh shahd-la oqadi suv ham.
Hech topa olmadim, tilingni sening
Tezyurar kemalar ko‘zga ko‘ringan.

Uzun qish, qadrdon qor qirg‘og‘ida
Esladim, shamollar suhbatin tinglab.
Chorlading yelkaning bo‘lmog‘ligimga
Men yetib kelmadim so‘zlar saralab.

MINIATYuRALAR

OY

Tun bo‘yi yuragim oyga evrildi. Nima haqdadir sukutga cho‘mdi, nima haqdadir o‘y surdi, nima haqdadir titradi yolg‘izlik bag‘rida. Keyin esa to‘satdan tungi sukunatni do‘qillatib ura boshladi. Va yuragimda sening alangang cho‘g‘landi, sening tafting bilan isindim.
Keyin ohista oqarinqiradim, yorishdim, soviy boshladim va o‘chdim. Tun so‘nggida mening yuragim – Oy – shabnamga o‘randi. Kumush tomchilar maysalar yuzini yoritdi.

XOTIRA

Mening xotiram – ulkan shoxli daraxt kabidir. Qishda jimiydi, go‘yoki uyquga cho‘madi, shimol shamoli uning yalang‘och butoqlarida hushtak chaladi. Bahorning oyoq tovushidan daraxtlarda yashil novdalar ko‘rinar ekan, xotiram seskangancha ko‘zini ochadi. U iliq shabadada qalin kitobning yuzlab betlarini varaqlay boshlaydi va yana yuzlab odamlarning shiviri eshitiladi qalbimdan.
Men quloq solaman. Varaqlayman xotiramning cheksiz tarixini. Kechagi kunning tirilayotgan har bir sasi diqqatimni tortadi. Titrayotgan tilla barglar hali zaminga to‘kilmasidan, shivirlagan daraxtlar sasi tinmasdan ularni eshita boshlayman.
Men seni eshitaman, Xotira. Yuragingga quloq tutyapman, mana. Kel, suhbat quramiz.

DEVOR ORTIDAGI ODAM

Ikki oyna va eshigi bor kichkina kulbamning. Ertalabki shabadaga yuzma-yuz, tungi yulduzlarni boshga ko‘tarib, chetan barglarining shitiri bilan yonma-yon ko‘chaga chiqishga oshiqaman: derazaga qarash mumkin – agar havo sovuq va yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lsa. Va yana ko‘chaga chiqish, deraza ortidagi odam bilan uchrashish mumkin.
U tez-tez uyimga tashrif buyuradi: shoshmasdan atrofni aylanadi, derazadan qaraydi, sokingina eshikni chertadi. Men bu odamni yaxshi taniyman – u uzoq yillardan buyon shu yerda. U bilan ko‘rishishni, suhbatlashishni xohlayman: o‘zim va uyim haqida gapirgim, she’r o‘qib bergim keladi. Bilamanki, bundan u ham shodlanadi.
Faqat kunlar o‘tayapti, men unga peshvoz chiqmayapman. Na derazani, na eshikni ochaman. Go‘yo nenidir kutyapman, nedandir hayiqaman.
Men chindan ham seni ko‘rgim keladi devor ortidagi odam. Sen meni eshitayapsanmi yoki yo‘q?..

BAXT

Baxtim mening, yarqiroq, olis va qo‘l yetmas yulduz. Sen bittasan. Boshqa hech kimim yo‘q. Qachonlardir olis-olislardagi qoramtir osmonda ko‘rganim so‘nmas shukuhingdagi lovullagan alanga mening yuragimni yoritdi.
Sen doim men bilan birgasan, mening abadiy sevgim. Kunlar va oylar o‘tayapti, vaqt suvday oqmoqda, nima qilmay – yig‘lasam yoki kulsam, cheksiz yo‘llardan o‘z-o‘zimdan qochib borayotsam, samodagi yog‘duni va boshqa yulduzni sevamanmi – sening jimjit nigohlaringni doim his qilaman va ko‘raman.

SENSIZ

Bugun erta tongdanoq yuragim o‘z o‘rnini topolmay, daraxt butoqlarida adashib qolgan qushday pitirlaydi.
Va hammasi cheksiz aylana hosil qilib, ko‘z oldimdan lip-lip o‘tadi: to‘xtovsiz va uzluksiz yuguradi. Oylar va yillar, kunlar va lahzalar oppoq izg‘irin bilan qayerdandir keladi va qaygadir yo‘l oladi. Uning ortidan ustal va kursilar, oyna va devorlar, kitoblar, bo‘m-bo‘sh va yozib tashlangan qog‘ozlar, chiqillayotgan mayda soatlar aylanib chirpirak uchib kiradi. Boshim qattiqroq va yana qattiqroq aylanadi. Qo‘llarimni uzataman, bu aylanma darvozani to‘xtatgim keladi, uvillagan shamol meni changallaydi, chir-chir aylanayotgan tubsizlikka tortib ketadi.
Va to‘satdan bu tartibsizliklar aro sening ovozing eshitiladi. U men bilan nimanidir ohista gaplashadi. Hammasi to‘xtab qoladi, o‘z o‘rniga turadi: ustal va kursilar, oyna va devorlar, kitoblar, bo‘m-bo‘sh va yozib tashlangan qog‘ozlar, hatto chiqillayotgan mayda soatlar ham. Yuragim esa ko‘ksim uzra betinim pitirlashdan, uzilishdan to‘xtaydi.
Bugun saharda men shuni qayta tushundim: ovozinggina meni yer sharida ushlab turadi.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi