Polin Jonson (1861-1913)

Emili Polin Jonson (Emily Pauline Johnson, Tekaxionvake (Tekahionwake) hinducha nomi bilan ham mashhur (10 mart 1861, Chifsvud — 7 mart 1913) — kanada yozuvchisi, teatr artisti. Kelib chiqishi kanadalik tub xalqlardan. Otasi – mogauk qabilasining sardori bo‘lgan, onasi – ingliz ayoli. Polin o‘quv va yozuvni mustaqil ravishda o‘rgangan. Rasmiy anjumanlarga ham u asosan hindu ayollari kiyimida kelardi. Ijodida va ijtimoiy faoliyatida asosan hindu qabilalarining huquqlari uchun kurash ruhi aks etishi bilan shuhrat qozongan. Uning bir qator she’rlari Kanada, AQSh, Angliyada juda mashhur bo‘lib, adabiy davralarda ifodali (deklamatsiya sifatida) o‘qilgan. Ijod namunalari “Chaqmoqtosh va qalam”, “Shogeynapli” , “Mokasindo‘zlar”, “Vankuver afsonalari” kitobida nashr qilingan.

KEKSA HINDU KAMPIR

O‘rmon yo‘li o‘tgan qishloqdan oshib,
Atrofni kuz, sukut bosgan bir choqda,
Yalang oyoqlarin majburlab bosib
Cho‘kirtak daladan yurib kelmoqda.

Elkalar mayishgan ochlik-og‘riqdan,
Erga boqaverib ko‘zlar toladi.
U har kun dalaga chiqib, bo‘g‘riqqan
Makkazorda makka sitib oladi.

Xayolida esa boshqa bir davr:
Yovga bosh egmasdan o‘tgan hur xalqi!
Hozir xalqin hamma unutvorgandir,
Manov tuproqdagi cho‘kirtak kabi…

“KURASh! KURASh!”

“Qurolingni tashla! – der menga yillar, –
Qarshilik nega?
So‘nggi navkaring ham hozir yer tishlar,
Najot yo‘q senga!”
Men-chi, yolg‘izman-u mag‘rurman bu on:
“Men shafqat so‘raymi?
Aslo, hech qachon!”

Lashkarim qirildi, yer bilan yakson,
Dushman ayamasdan qirdi beomon.
Hamon bosib kelar, g‘azabkor, tajang
Kemalar cho‘kmoqda, davom etar jang,
Lek men tik turibman, qutqaraymi jon?
Jonimni asraymi?
Aslo! Hech qachon!

O‘qdan g‘alvir bo‘lib ketgan bayrog‘im
Tutunda hilpirab turibdi yakkash.
To tirikman, urib tursa yuragim
Erkimni himoya qilajakman, bas!
Bosh egmasman qattol taqdirga hatto!
Qurolim tashlaymi?
Hech qachon! Aslo!

HINDU DEHQONI

Chakalakzorda u ov qurmas endi,
Jonvorlarni tutib yetkazmas ozor.
U ibodat qilar o‘pib zaminni,
Ov ma’budiga ham ishonmas zinhor.

Gulxanlar tutunin, orom-rohatni,
Qizlar kulgisini, ko‘k yulduzlarin,
Hatto kelar kunni, orzu-niyatni,
Parcha nonga badal qilmoqchi barin.

Erta bahor yerga urug‘lar sochdi,
Boqdi ko‘kdan yomg‘ir tilab nechalar.
Dunyoga soddadil sirlarin ochdi,
Almashgani kabi kunduz-kechalar.

Qishin-yoz tinim yo‘q, sug‘orar, ekar,
Urug‘lar nish bersa qaniydi ko‘klam.
Har bitta boshoqning, har bitta donning
Boshini silashni istar u biram…

San’at Javohir tarjimasi