Xuan Boskan Almuhovir (1490-1542)

Xuan Boskan Almuhovir (Juan Boscán Almogáver) – taniqli ispan shoiri, jamoat arbobi. Barselonada zodagon oilada tug‘ilgan. 1507 yildan qirol saroyida, jumladan, imperator Karlos I saroyida xizmat qilgan. 1532 yili Ispaniyaning Italiyadagi muxtor elchisi bo‘lgan. U she’riyatda “Italiya maktabi” asoschilaridan biri hisoblanadi.

(Do‘stim don Diyego de Mendosaga maktubdan)

Bu dunyoda yo‘llar ko‘pdir,
Xatarlarni qoldirsang ortda,
Shuning o‘zi yaxshi yo‘ldir.

Sarson kezmay dunyo bo‘ylab,
Oilada topdim rohat,
Ayolimga sadoqat saqlab.

Ba’zilar mol-dunyo izlab,
Qo‘shni yurtni qilar vayron.
Nayzabozlik qilar xezlab.

Menga urush, boylik kerakmas,
Birovlarni qirish kerakmas,
Qonxo‘r yurak toza yurakmas.

Menga ma’qul yashash tinch-omon,
Oilamda yozib dasturxon,
Tabiatdan topamiz ehson.

Ko‘nglim tinchdir, ayolim go‘zal,
Gohi vaqtlar chiqsa-da janjal,
Yarashurmiz shu on, shu mahal.

Kamchilik yo‘q yemoq-ichmoqdan,
Qisilmadik sira tomoqdan,
Farzandlaru nabiralar ham.

Bolali uy bozor deydilar,
Shodlik yo‘q uy mozor deydilar,
Bolalar odobli, ko‘ngil xotirjam.

Shaharda ham uy-joyimiz bor,
Agar shahar bo‘lib qolsa tor,
Qishloq kutar bizni intizor.

Bizni kutar yam-yashil o‘tloq,
Yashil qirlar va uzumzor bog‘,
Goho kelar shahardan do‘st-yor.

Yoz chillasi bunda qiynamas,
G‘ir-g‘ir esar shamol har nafas,
Suruv-suruv qo‘ylar qaytishar.

O‘ynab-kulib qirlar bag‘ridan,
Biz ham biroz horib qaytamiz,
Uy tomonga – dala sayridan.

Uyimizda yoziq dasturxon,
Uy bekasi kutar shod-xandon,
Yo‘l charchog‘in unutamiz tez.

Dasturxonga qo‘yilar shu kez
Turli meva-cheva, tuzlama.
Chanqoqbosdi sharbat ham tayyor.

Patnislarda tillarang uzum,
Olma, noklar ustida rayhon.
Saxovati beminnat kuzning.

Pishloq ham bor echki sutidan,
Sigir suti hozir sog‘ilgan,
Tovuq go‘shti kelar ketidan.

Qonli urushlarda topilgan shuhrat,
Qotillik-la topilgan boylik
Kimga kerak, tinchlik chiroylik.

Rus tilidan Mahkam Mahmud tarjimasi