Sesar Valexo (César Abraham Vallejo Mendoza) – Lotin Amerikasi qit’asi va ispantilli she’riyatning eng mashhur siymolaridan biri. U 1892 yilning 16 martida Peruning Sant’yago de Chuko shahrida tug‘ilgan. Umr bo‘yi o‘qituvchilik bilan shug‘ullangan Sesar Valexo juda mashaqqatli hayot kechirdi. Hayotini o‘nglash va umrini ijodga bag‘ishlash maqsadida ona yurtini tark etib, Parijga boradi. Ammo, XX asr ibtidosidan boshlab dunyo shoirlari va musavvirlarini ohanrabodek tortgan faranglar poytaxtida ham Sesar Valexo nochorlikdan qutilolmadi. She’rlarining birida aynan Parij shahrida vafot etishini oldindan bashorat qilganidek, shoir 1938 yil 15 aprelda Parij shahrida 46 yoshida vafot etadi.
XALQ QUDRATI
Jang tugadi. Halok bo‘ldi askar.
Yoniga tiz cho‘kdi o‘rtog‘i:
«O‘lmagin! Men seni sevaman, axir!»
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.
Keyin ikki do‘sti qo‘shilib bo‘zladi:
«Ketmagin! Tiriklar yoniga qaytgin!»
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.
Keyin o‘n, yuz, ming, yuz ming odam
unga najot istab yig‘lashdi:
«O‘limdan kuchlidir senga sevgimiz»,
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.
Millionlab odamlar nola qildilar
Boshida turishib: «Biz bilan qolgin!»
Ammo u bejon edi, bejon edi faqat.
Shunda insoniyat egildi uning boshida.
Noxos bebaxt askar ko‘zini ochib,
O‘rnidan ohista turdi-da,
olg‘a yurib ketdi,
kimnidir yelkasidan quchib.
QORA KUN
Birov dedi:
– Ko‘ksimni o‘qlar
teshib o‘tganda
Marneda bo‘lgandi
Mening eng qora kunim.
Boshqasi dedi:
– Men eng qora kunimni
Ikogamada uchratdim;
sohildan yuvib ketdi odamlarni
zilziladan mavjlangan dengiz —
Men omon qoldim.
Yana biri dedi:
– Kunduzlari uxlab qolsam
Bu — mening eng qora kunimdir.
Yana biri dedi:
– Bir gal yolg‘iz qolgandim,
O‘sha mening eng qora kunimdir.
Yana biri dedi:
– Men eng qora kunimda
zindonga tushgandim Peruda.
Yana biri dedi:
– Mening eng qora kunim —
otamni tushungan kunimdir.
Oxir biri dedi:
uzoq jim qolib:
– Mening qaro kunim
hali kelgan yo‘q…
* * *
Durbinga ishongin, ko‘zlarga emas,
Shotiga ishongin, zinaga emas,
Qanotga ishongin, qushlarga emas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.
Sharobga ishonma, jomga ishongin,
Tirikka ishonma, o‘likka ishon,
Yovuzlikka ishon, yovuzga emas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.
Bir kishiga emas, ishongin ko‘pga,
Shimga ishonmagin, oyoqqa ishon.
O‘zanga ishongin, oqimga emas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.
Derazaga ishon, eshikka emas,
To‘qqiz oyga emas, onaga ishon,
Taqdirga ishongin, tasodifgamas
va ishon o‘zingga, o‘zingga, o‘zingga mudom.
Ruschadan Usmon Azim tarjimalari
OQ TOSh QORA TOSh USTIDA
Parijda o‘laman yomg‘ir yog‘gan payt,
Hech qachon unutib bo‘lmaydigan kun.
Parijda o‘laman, shu bugungiday,
Ayni payshanbada yolg‘iz va dilxun.
Payshanba bo‘ladi shu bugungiday,
Xuddi hozirgiday yog‘adi yomg‘ir,
Qog‘ozga egilib g‘am to‘kkanim payt,
O‘shandayam yelkam zirqirab og‘rir.
Alvido,Valexo! Eding beozor,
Ammo azoblashdi seni bir umr,
Tunu kun hayotdan qildilar bezor.
Barchasiga guvoh: ko‘zda so‘ngan nur,
Uzun payshanbalar,og‘rigan qo‘llar,
Yolg‘izlik, oxiri ko‘rinmas yo‘llar…
INSONIYaT
So‘ngiga yetarkan savash, bir odam
Halok bo‘lgan askar yoniga keldi.
“Men seni sevaman, o‘lmagin!” — dedi,
Ammo, askar tirilmadi.
Yana birov keldi, ikkkovlon bo‘lib,
“Ketmagin,tirilgin,yashagin!” — dedi.
Ammo, askar tirilmadi.
Yigirma,yuz,ming, besh yuz ming kishi
Qoshiga keldilar hayqirib gurros:
“O‘limga qarshidir bizning sevgimiz!”
Ammo, askar tirilmadi.
Boshida to‘planib million odam,
Bir bo‘lib aytdilar:”Qaytgin,birodar!”
Ammo, askar tirilmadi.
Nihoyat, to‘plandi bor insoniyat,
Shunda murda mahzun ko‘zini ochdi,
Duch kelgan eng birinchi odamni quchdi,
Oldinga talpindi so‘ng shiddat bilan…
HAYoTNING ENG QO‘RQINChLI LAHZASI
Bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Marne savashi paytida,
Ko‘ksimdan yarador bo‘lgan paytimdir.
Bir boshqa odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Iokogamada zilzila payti,
Dengiz yoqdan yoprilgan to‘fon
Bo‘yoq do‘koni ayvonida turgan barchani
Yutganida omon qolgan paytimdir.
Va bir boshqa odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Kunduz kuni uxlab qolgan chog‘imdir.
Va bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Yakka yolg‘iz qolganimni tuygan paytimdir.
Va bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Peruda qamoqqa tushgan kunimdir.
Va bir odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Tasodifan otamni anglagan paytim.
Va eng so‘nggi odam dediki:
— Hayotimning eng qo‘rqinchli lahzasi
Haligacha tugagani yo‘q.
Xurshid Davron tarjimalari
MAShAQQAT
Tamom. Va tag‘in — hayot!
Tamom. Va tag‘in — o‘lim!
Tamom. Va tag‘in — jimlik!
Tamom. Va tag‘in — hechlik!
Tamom. Va tag‘in — olam!
Tamom. Va tag‘in — gard!
Tamom. Va tag‘in — tangri!
Tamom. Va tag‘in — xok!
Tamom. Va tag‘in — nur!
Tamom. Va tag‘in — dud!
Tamom. Va tag‘in — yig‘i!
Tamom. Va tag‘in — kulgi!
Tamom…
Ikrom Otamurod tarjimasi
SOG‘INISh
Keksa otaginam mudraydi asta,
Olamni, odamni unutgan tamom;
Ko‘nglini bir tashvish aylar shikasta,
O‘lg‘iz meni o‘ylab ezilar mudom.
Kimsasiz xor kulba; shom cho‘kar sokin,
O‘g‘lonlar na xabar va na xat yo‘llar.
Otam uyg‘onar-da, eslaydi miskin
Misrga safarim, begona ellar.
Ko‘z o‘ngidan bari o‘tadi bir-bir,
Qo‘msab meni takror entikar og‘ir.
Bog‘da mevalardan totinar onam,
Biroq hech biridan to‘lmaydi ko‘ngli.
Hamisha shunday u, yakkam-yagonam,
O‘zi kulgan bilan ko‘zlari mungli.
Na bola-baqra bor, na shovqin-suron,
Na xabar, na mujda, huvillagan uy.
Qalbimni titratar bamisli bo‘ron,
Vatanim yodimga solgan hazin kuy!
* * *
To‘rt tomondan qisar to‘rt devor,
To‘rt tomonda devor tor qafas.
Qutulmog‘im nahotki dushvor.
Iskanjada vujud, oyoq-qo‘l,
To‘rt tomonga tortar to‘rt burchak,
Burchak demang, bu to‘rt kishan, g‘ul!
Qaylardasan xaloskorim, ayt!
To‘rt tomondan urilgan kishan,
Azobidan xalos ayla, qayt!
Hamroh bo‘lsang, bo‘lsang hamnafas,
Bog‘i behisht bo‘lardi aniq,
To‘rt tomonda to‘rt devor qafas!
Devorlarning bir jufti, xiyol
Uzunrog‘i butun tun, marhum
Biroq hanuz bitta bolani.
Ikki qo‘lidan o‘ngirlar bo‘ylab
Boshlab borar ikki modarning
Arvohiday ezdi tun bo‘yi.
Aftodaman, nochor, qon bag‘ir,
Najot qayda ozurda jonga,
O‘ Rab, bu ne uqubat axir!
To qabrga do‘nmay tor qafas,
Kelaqol tez, ey Isonafas!
AKAM MIGELGA
O‘lg‘izman, imorat poyida yolg‘iz,
Seni qo‘msab armon o‘rtadi bag‘rim.
Avvalgidek bekinmachoq o‘ynay olsaydik,
Onam sho‘rlik boshimiz silab:
“Etar shumtakalar…” degan bo‘lardi.
Har galgidek shom paytida berkinib olsam,
Topolmasding meni hatto yerning tagidan.
Keyin mehmonxonada,
yo‘lakning burchagiga berkinarding mendan.
Ko‘p kulgan bir yig‘lar deganlariday
Janjal bilan tugardi goh o‘yinlarimiz.
Mash’um avgust kechasi, nurafshon tong arafasida
berkinding sen, Migel, rosmana, biroq chehrangda
quv tabassum emas, muhrlangan mangu g‘am-g‘ussa.
Men esa bezovta egizak qalbing
to‘rt tomonga zir yugursam ham
topolmay hech armondaman, hamon armonda.
Bolaligim osmonida bulutlar qora.
Chorlagayman seni, Migel,
berkingan joyingdan chiqaqol tez, chiq!
Onam ham xavotir olayotgandir.
DURANGO VAYRONALARIDA MOTAM ALYoRI
Ispan qishloqlarin xoki muqaddas,
Tangri panohida saqlagay omon,
Zavoldan kamolga yuzlanding sen, bas.
Gar xoki turobsan, yovqursan, dovsan,
Parvozing sarbaland bo‘lgay toabad,
Boshimiz uzra balq, misli yalovsan.
O‘ng‘inlar ka’ridan chiqqansan omon,
Munavvar ma’volar senga muntazir,
O‘ng‘inlar qa’ridan chiqqansan omon.
Muqaddas zaminim, ey qasoskor ruh,
Barqaror bo‘lgay baxt, iqboling sening,
Muqaddas zaminim, ey qasoskor ruh.
Ruhimiz qanoti najot nahrisan,
Bag‘ringni dolg‘alar qilmagay pora,
Marhumlar qarg‘ishi, la’nat, qahrisan.
Muqaddas turobim, malham, to‘tiyo,
Ey mudom mardona, mudom jasur, mard,
Ey zulmat ko‘ksiga sanchilgan ziyo.
Muqaddas turobim, ey alamdiyda,
Iqboling quyoshi porlagay mangu,
Muqaddas turobim, ey alamdiyda.
QORA ELChILAR
Hayotning shunday zo‘r zarbalari bor,
Hayotning bor shunday zo‘r zarbalari,
Tangrining qahridek,
bamisoli Tangrining qahri,
zarbalarni sezganday go‘yo
bor dardu hasratim bedor-bezovta
bor dardu hasratim junbushga kelib,
Ko‘nglimda qo‘zg‘aydi g‘alayon…
Taqdir zarbalari,
Zarbalar….
Aytarli ko‘p emas va lekin
O‘ta qat’iyatli chehralarga ham va hatto
zabardast yelkalarga ham chandiqday toabad
qoldirar mangu asorat
ehtimol, bular Otelloning yoldor tulporlaridir,
balki, qora elchilari ajalning, uning jarchilari.
Bu sabrland Isoyi Masih qalbining tanazzuli bu,
Etmish ikki tomirimiz titratgan hol bu, tandirdan
kelayotgan badbo‘y, go‘yo rizqu ro‘zimiz nonimiz
kuyib kulga aylanayotir.
Inson-chi!…O, bu sho‘rlik, bandai ojiz!
Go‘yo kimdir qo‘qqisdan ortidan kelib,
Iskanjaga olganda uning nigohida bir
esankirash va boshidan kechgan voqealar
barcha-barchasi aybdorlik ko‘lankasiday
qotib qolar nigohlarida.
Taqdir zarbalari… Zarba, zarbalar…
QORA KUN
Biri dedi:
Marnada naq ko‘ksimni o‘q
teshib o‘tganda boshimga tushgandi
qora kun.
Boshqasi dedi:
Qora kunga Iokogamada bo‘ldim
giriftor; zilzila sohildagi
barchani to‘lqinday o‘z domiga tortdi,
qanday omon qolganimga
ishongim kelmas hamon.
Yana biri dedi:
Basharti kunduzi uxlasam,
o‘sha mening eng qora kunim.
Boshqasi dedi:
Peruda qamoqqa olinganimda
duchor bo‘ldim qora kunimga.
Yana bir boshqasi dedi:
Otamni tushunib yetgan sana men
uchun eng qora kun bo‘lgandi rosti.
Hamon mum tishlaganday jim o‘tirgan
kimsa esa shunday dedi:
Ming bor shukur, qora kunga
yo‘liqqanim yo‘q.
* * *
O‘ Rabbiy, bandangga rahm qil, rahm,
Mashaqqatsiz non yo‘q, g‘ussasiz yo‘q kun.
Gar ojiz bandangmiz ojiz, befahm,
Ortding zimmamizga bor dunyo yukin,
Mariyni ham ko‘mdik bizlar, Ollohim!
Bo‘lganingda agar Sen o‘zing inson.
Aftoda holimiz anglar eding sen.
Hadyalar ulashib, ulashib ehson,
Dodu faryodimiz tinglar eding sen.
Insonlik qismatin kim aytar oson?!
Men zulmat qo‘ynida tebranib toldim,
Maqtulman kundaga qo‘ygan boshini.
Mulki adam ichra yitdim, yo‘qoldim,
Xo‘rlama loaqal bandang loshini,
Dunyo dunyo emas, bu qimorxona,
Hayotimiz, hayhot, tikilgan dovga.
Bemantiq, behisob turfa bahona,
Qul aylar qismat deb atalgan yovga.
To bizni yaratding Sen qilib inson,
Qismatimiz o‘zing oson qil, oson!
Xoru zor etgandan yakson qil, yakson!
Rus tilidan Abdul Hamid tarjimasi.