Roberto Fernandes Retamar (1930)

Roberto Fernandes Retamar (Roberto Fernández Retamar) 1930 yili Kubaning poytaxti Gavanada tug‘ilgan. Gavana, Parij va London universitetlarida tahsil olgan, dastlab Angliyaning Yel, keyinchalik Gavana universitetlarida muallimlik qilgan. San’at va me’morchilik yo‘nalishida ta’lim olgan bo‘lsa-da, keyinchalik badiiy ijod va adabiyotshunoslik bilan shug‘ullangan. Roberto Fernandes Retamar falsafa fanlari doktori, mamlakat milliy ansambleyasi va til akademiyasi a’zosi 1961 yili Kubaning Parijdagi elchixonasida ishlagan. 1961-63 yillar Kuba yozuvchilar va san’atkorlar ittifoqi kotibi bo‘lgan. «Casa de las Américas» («Amerika uyi») jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritgan. 70 dan ortiq she’riy, nasriy va ilmiy kitoblari nashr etilgan. Ruben Dario, Nikola Vaptsarov, Benaldo Peres nomida xalqaro va boshqa ko‘plab mukofotlar bilan taqdirlangan.

O‘ShA PAYTDA, OLISLARDA…
(1944)

Etilib qolgan edi qariyb u mash’um urush,
olaquroq xaritadan
yirik mamlakatlarni izlardi barmoq.

Uning qashshoq mavzeda kechgan
g‘ussali o‘n uch yoshi borardi o‘tib.
Bir necha do‘st, kitoblar, rad etilgan
muhabbat (o‘sha paytdayoq!) ilk vahima, umidlar.
Ufqlar yonardi allaqaydadir,
ammo u hali buni bilmaydi,
hali bir necha yil bilmaydi…

QIZLARIMNING YoShI

To‘ng‘ichimiz —
inqilobiy saflar tengdoshi,
Playya—Xirondagi zafarimizga
Tengdir kenja qizimiz yoshi.
Vaqtni boshqacharoq o‘lchash ham mumkin,
Ammo qalbning o‘z hukmi bor, tarozi-toshi.

ULARNING UYI BOR EDI…

Uyi bor edi ularning — shinam hamda keng.
Urush boshlanganda evakuatsiya qilishdi,
Bo‘m-bo‘sh xonalarda mehnat qilishga,
jang qilishga yaroqli
odamlargina qoldi.

Keyin «B-52»lar yer yuzidan supurib tashladi
viloyatdagi barcha uylarni.
Omon qolmadi hatto birorta buta.
Evakuatsiya qilinganlar qaytib kelishdi
uch hafta burun.

Hajmi xuddi o‘z uylaridek
keladigan choh yoqasida —
omonat kupbalarda yashashadi endi ular.
Bananlar shovullaydi bu choh tubida,
tovuqlar qo-qolaydi…

BUNI UNUTMASLIK KERAK…

Natsistlar Parijda
ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan
qirg‘inbarot uyushtirganda,
«Gernika»sin chizdi Pikasso
va natsist generaliga dedi:
«Bu sizlarning ishingiz!»

O‘sha natsistlardan bir nechasini
O‘tqazishdi keyin kora kursiga,
Keyin esa osib yuborishdi.
«Bu sizlarning ishingiz!»
Unutmaslik kerak buni hech qachon.

YIGIRMA YIL O‘TGACh

Yigirma yil muqaddam
«Qaylig‘im bo‘l!» deyishim kerak edi senga.
Eslolmayman, bugun, yodimda ham yo‘k.
Allambalolar dedim o‘shanda talmovsirab.

Ammo bugun faxrlanaman topa olganimdan o‘sha so‘zlarni.
Meni senga yetkazgan ham o‘sha so‘zlar aslida.
(U so‘zlarni eslamoq, ayniqsa, hozir joiz.)

TOVUShLAR

Sukunat, bu yerda senga nima bor?
Bombalarning yorilishiga ko‘z,
qulok ko‘nikib kolgan bu yurtga
qayerlardan kelib qolding ey, yomg‘ir?

G‘alati jaranglashi mumkin,
hatto toqat qilib bo‘lmas darajada
yomg‘ir ham, sukunat ham.

QUTLOV

Daraxtlarning yaqin do‘stiman.
Umr bo‘yi hamsuhbatimdir yam-yashil,
sersoya birodarlarim.
Assalom, sambittol,
shamol parpiratgan ipilqilarin,
uloqcha, zahmatkash chumoliga ham
birday aziz,
sambittolim, omon, bormisan!

Shoxi quyuq,
shu qadar quyuq;
bargi — soya,
tanasi — soya,
ostigacha jamuljam soya
xayrli kech, talabchan dafna,
xayrli kech tungi ustozim.
Xayrli kech, tinch uxlagin sarv!..

* * *

Poyoni yo‘q koinot aro
O‘sha-o‘sha: mubham yulduzlar
Porlashiga pisanda qilib
Savollarga tutasan meni.
— Rostmi,— deysan pichirlab bazo‘r,—
Shu gap rostmi, Roberto, rostmi,
Ishonmaysanmi sen dunyoning…

Shamol bu payt labingdan uchgan,
Tutayotgan ushbu savolni
Ko‘tarib boradi yerdan samoga.

Men yuksakka — yulduzlar so‘nib
Borayotgan osmonu falak
Burjlariga qarayman to‘nib.
Bu aqiq lablarning bir umr
So‘lmasligin istar edim men…

Qo‘limdan nima ham kelardi biroq!

ODAM BOLASI

Xatinda,
bezavol bir sokin kechada
alahsirab, chinqirib
xonani boshiga ko‘tardi
beshafqat qismatning
sinovlarida chiniqqan odam:
Tushiga kirgandir, ehtimol, urush.
Toshdan emas, axir, chiniqqan odam.

Odam bu — avvalo odam bolasi.

NIMA BILAN MAShG‘UL EDIK?..

1966 yilning 15 iyulida
nima bilan mashg‘ul edik biz?
Dengiz,
Quyosh,
Kulgu ta’min berar bu sana.

Ammo xuddi shu kun
Tinch okeanning sho‘rxok epkinlarin simirayotgan
Ngutuy baliqchilar shaharchasida
ilk bor amerika bombalari portladi
kunpayakun bo‘lmaguncha to
sohildagi barcha kulbalar.

Yog‘averdi ular besh kun ustma-ust.
Nima bilan mashg‘ul edik o‘sha kun
biz — badbaxtlar?

DAHShATLI VA JUDA HAM OLIS…

Amerika* chandiqlarini
paypaslayman qorong‘ulikda.
Necha bor qon yig‘lab
biz tashlab chiqqan
Janubning soya-salqin
o‘rmonlari,
Otashnafas vulqonlariga
issiq kaftlarimni bosaman.

O‘z yerimning yuragi bu —
Mo‘jiza bu — g‘ussali, najib.
Yallig‘langan zulmatining
dahshatidan qo‘rqgulik!

O, Kashfiyot, bardam bo‘l, cho‘kma!

Dahshatli va juda ham olis
Bu yurt uzra bezgak tutgandek
Qaltirayman sarosimada…
_____________
*Amerika — bu o‘rinda Lotin Amerikasi nazarda tutilmoqda

OQShOM VA YoMG‘IR

Osuda va musaffo oqshom.
Havodan nafasi tursa-da, anqib,
zarralari —
jovdir ko‘zli tomchilar
shapaloq barglarda titrab tursa-da,
yomg‘ir tindi.

Va lekin osmon
Moviylashib borar bejodu.
Holbuki, lojuvard bulutlar
uvadasi silkinmoqda beshumor.
Sollanib suzmoqda, kulmoqda…

Shamol ham uxladi.
Yomg‘ir shovqinlari ostida
ko‘zlaringni esladim bugun.
Yomg‘ir badaningni eslatdi menga.
Oqshom esa lojuvard bulutlari-la
nimagadir yodimga soldi
sening munis qarashlaringni.

Bir oqshom xuddi shunday yomg‘ir quyadi,
dedim o‘zimga-o‘zim,
Xuddi shunday namxush yomg‘ir
gullarimizga yog‘ar,
barglarimizga,
uyimizni yo‘rgaklar tomchilar bilan.
U uzun-uzun shisha tolalar
o‘rab olar odimimizni…

Ha, bir oqshom nog‘ora qilib,
Tomimizni chertadi yomg‘ir.
Shu bois, men birorta baliq
ilinmagan shaffof jala to‘riga boqib,
boqib chechaklarning lab ochishiga,
muttasil bu bo‘sani ichib,
xuddi menikiday g‘amgin nigohing,
kaftlaring,
o‘zing,
bugungi oqshomga mengzaydigan xo‘b
bo‘lg‘usi oqshomlar haqida o‘yladim.

Muhammad Rahmon tarjimalari