Luis de Gongora (Luis de Góngora y Argote; 11.06.1561, Kordova — 23.05. 1627, Kordova) – mumtoz ispan she’riyati tarixida chuqur iz qoldirgan iste’dodli vakillaridan. U zodagon oilada tug‘ilib, asosan, fan va din ahli davrasiyu saltanat doirasida hayot kechirganiga qaramay, doim oddiy odamlar orasida bo‘lgani, kamtar, xokisor yashagani ilmiy adabiyotlarda ta’kidlanadi. Gongora she’riyati uning hayotlik davridayoq katta shuhrat qozongan. Unga bag‘ishlab kitoblar yozilgan, rassomlar uning tasvirini o‘z asarlarida muhrlab qoldirganlar. So‘nggi asrlarga kelib shoir ijodida yangi bir qiziqish to‘lqini ko‘tarilgani diqqatga sazovor. Gongora G‘arbga ham, Sharqqa ham birdek cheksiz hurmat bilan qaraydi. Bir payt ispanlar islomni qabul qilgani va buyuk Amir Temurning ular bilan munosabati uning yozmalariga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgan, deyish mumkin. Gongora she’rlaridagi tafakkur kengligi va manzaralar tiniqligini Garsia Lorka ham ta’kidalagan.
Hikoyalarga o‘xshash bu asarlarni shoir romantik ruhda, ispan xalq qo‘shiqlariga suyanib yozgani uchun romanslar deb ataydi. Ulardan ayrimlari jurnalxonlar e’tiboriga havola etilmoqda.
SEVGI — YeRU KO‘KDA BO‘LGAN MUNOJOT
O‘tib-o‘tmay sho‘x-shodon
To‘y-tomosha, onajon,
Shumi dunyoda sheva? –
Qoldim yoshgina beva.
Qanday qilmayin, axir,
Ko‘zyoshimni shashqator? –
Ichgan may bo‘lib taxir,
Askarlikka ketsa yor.
Qo‘ying, boray qirg‘oqqa,
Dardlarimni yuvmoqqa!
Nega ko‘ndim men sho‘rlik,
Kerakmidi shu nikoh? –
Bir dam baxtdan masrurlik,
So‘ng yo‘lda qazilgan choh.
Qaysidir olis yerda
Senga kelsa o‘lim gar –
Bilgin, meni ham birga
Ko‘mgan kabi bo‘lurlar.
Qo‘ying, boray qirg‘oqqa,
Dardlarimni yuvmoqqa!
Seni etmoqni halok,
Aniq, istaydi g‘anim.
Ko‘ksim qancha qilmay choq,
Muzga aylangan tanim.
Garchi yorug‘dir olam,
Dilda so‘ndi butun nur.
Bu ne hasrat? Ne alam? –
Ko‘zlarimni kuydirur.
Qo‘ying, boray qirg‘oqqa,
Dardlarimni yuvmoqqa!
Qo‘ying! Daryo bo‘yida
Taralsin o‘tli ohim.
Yonganim ishq ko‘yida –
Shudir faqat gunohim.
Oqizmay qancha ko‘zyosh,
Uzildim qora kundan.
Ko‘ksimda og‘ir bir tosh,
Qutulmoq mushkul undan.
Qo‘ying, boray qirg‘oqqa,
Dardlarimni yuvmoqqa!
Mening o‘rnimda kim u
Chekmasdi mendek nola?
Yuribman ba’zan jim-u,
Dardim ko‘kka havola.
Qalbi bo‘lgan har bir jon
Sezsa, titrar zorimdan.
Ayrildim-ku, onajon,
Men o‘z navbahorimdan.
Qo‘ying, boray qirg‘oqqa,
Dardlarimni yuvmoqqa!
Biz uxlamay gohi tun,
Isinib qalb qo‘rida –
Eslayman – ko‘zdan uchqun
Sochardik oy nurida.
Shu baxt kosasi sindi,
Endi oy zor, men ham zor.
Ko‘rpa-to‘shagim endi
Erda yotgan qalin qor.
Qo‘ying, boray qirg‘oqqa,
Dardlarimni yuvmoqqa!
* * *
O‘z qavmining peshvosi habash,
U – janglarda bilmay xavotir
Qilich sermab yelgan bahodir,
Kerak paytda muloyim, dilkash.
Har qadamda qulmi, xo‘jami –
Unga shundan berar e’tibor.
To‘ldiradi odam ko‘chani,
U o‘tganda ko‘chadan kibor.
Bilgani or, sharaf va amir,
Harbda kelgan naqdinadan bot
Masjidlarni tiklagan bu zot,
Barcha ishda izlaydi zamir.
Uning ba’zan irodasidan
Garchi yovlar quchganlar zindon –
Birov chiqib el orasidan
Pichoq qayrab yurmagan pinhon.
U ispanlar tortganda qo‘shin,
Qaytargan ham qonli bosqindan…
Faqat bilmas amir xohishin,
Amir qanday xayolga mingan.
O‘ylamas u, qilmas tasavvur
Tayyorlangan ne jazo unga.
Yurt egasi darg‘azab bir qur –
Hukm qilar uni surgunga.
Ne gunohi xizmatda yurgan
Mard-vallomat Abusalimning?
Sevmoqlikni u ravo ko‘rgan
Amirga ham yoqqan sanamni.
Mavritanlik o‘sha, yuzi ol –
Gul otadi goh shom, goh sahar.
Yigit uchun kulgulari bol,
Amir uchun go‘yoki zahar.
Alamzada hukmdor uchun
Qilgan kabi yigit xiyonat.
Abusalim bo‘lsin deb dilxun,
Asli rashkdan butun qiyomat.
Mana, yigit noiloj, qara,
Endi g‘urbat yo‘lida borar.
Kelib to‘xtab, Gvadalkvivara
Suvi bilan otin sug‘orar.
Yollarida qo‘ng‘iroqchalar,
Mana, taqib go‘yo zar qanot –
Allanechuk betoqatlanar
Va depsinar sohildagi ot.
Xuddi raqsga tushar jonivor,
Bir so‘z bilan talpingan yo‘lga.
Chavandoz ham to‘kkancha viqor,
Endi olar tizginni qo‘lga.
Elkadagi yopqichi harir,
Naqshlarida arabiy yozuv:
“Biz kirgan yo‘l bir umr harbdir,
Ko‘zyoshlarin oqizmaymiz duv!”
Egnidagi yopqich va chakmon
Hilpiraydi yellarda hur-hur.
Garchi ruhi shikasta, bejon,
Ko‘zlarida o‘lmagan g‘urur.
U his etar, kelmas quroldan,
Shijoatdan g‘alaba… Taqdir –
Kamariga ammo taqilgan
Toledoda yasalgan shamshir.
Oq par uning dubulg‘asida,
Boshin dadil ko‘targan jo‘mard –
Qalbi qolib o‘z o‘lkasida,
Tuysa hamki bayonsiz bir dard.
O‘z yurtiga bir kun, ehtimol,
Qaytib kelar umid otida.
Yori bilan garchi yo‘q visol,
Shu o‘y turar uning yodida.
Marmolexo, Arxondan o‘tar,
Tegrasida tog‘lar va qirlar.
Uni qator shaharlar kutar,
Uning qavmi bo‘lgan faqirlar.
Ko‘rishib bir, xayrlasharlar
Zodagonlar, beklar ham saf-saf.
Darchalardan go‘zal ayollar
Ko‘z tashlashib qo‘yar u taraf.
Ular olar ko‘zlariga yosh,
Yigit uchun chekib nadomat –
Etarmikan yigitda bardosh,
G‘ariblikda cho‘kmasmi qomat?
Qaylig‘i-chi, Abulsalimning
Kuydirgandan ayriliq dog‘i –
Erga urib tars-tars qo‘lini,
Qonar uning har bir barmog‘i.
Eshitilsa ko‘chadan bir sas,
Chopar darcha oldiga darhol.
Afsus, uning kutgani emas,
Madad berar birgina xayol:
“Bahodirim! Tilib ko‘ksimni,
Garchi tomar ko‘zdan yosh yirik –
Unutmayman, bilginki, seni,
To dunyoda ekanman tirik!”
“Muhabbatim! Qolmagin tolib, –
Der xayolan unga yigit ham. –
Hech payt kelmas yurakdan g‘olib
Na bu hijron, na zulmu sitam!” –
O‘z-o‘zicha shivirlab shunday,
Qalbida bir dunyo g‘alayon –
Uning ruhi yorishib kunday,
Mana, borar Anduxar tomon.
* * *
Umidim so‘nganida, ko‘rinib tiniq osmon –
Zil qopqa ochilgancha, men tirildim nogahon.
Arzir ko‘k gumbaziga chizsam endi naqshu zar –
Tutqun edim, uzildi ustimdagi kishanlar.
Agar quyosh nuridan boshdan tegsa bir parcha –
Qopqaga tikilmasdan, o‘zim ochardim darcha.
Topib mo‘jaz bir qayiq, keltirgancha qirg‘oqqa –
Bandilikdan qutulib, qochar edim yiroqqa.
Lekin men mingan qayiq singan edi boshdanoq –
Kun ko‘rmaslik nasibam, bo‘lgandan quruq tayoq.
Men baribir, hayotni sevgandan tushmadim past,
Bir kun iloha Amur qilganda ham menga qasd.
O‘sha bolakay uzdi ko‘ksimga kamondan o‘q –
Baxtim aravasida borar edim, dardim yo‘q.
Yurakda puch orzular, umiddan ters bir holat:
Do‘zax aro rohatu jannat aro malolat.
Qancha talpinsa arzir chindan ham, senga, osmon,
Erda sening nuringdan bahra topar har bir jon.
Senda yongan buyuk sham aytar tangriga sano –
Olam to‘la mushk-anbar, garchi qismatdir fano.
Bilasizmi, menga kim darsin berdi o‘ylashning? –
Deya, hozir davrimi bor rost gapni so‘ylashning.
Bu – sen eding, senora, menga shafqatsiz sanam –
Lekin mening ruhim – u, mening yayragan tanam.
Bir dam berib e’tibor, tinglagin, nozik malak,
Topgan telba fe’limdan mening o‘zim ham halak.
Gohida hatto iting meni bir to‘nkami, deb –
Usti-boshimni butun g‘ajib tashlar, berib “zeb”.
Har gal aylanib chiqib tegramda xotintaloq –
Keyin, ishin bitkarib, otib qolar shataloq.
Necha bora oqshomlar hasratdan tugab bardosh –
Shudgor qilib ko‘changni, terib chiqdim mayda tosh –
Kutib boqishing bir qur darchangga toshlar otib –
Umiddan sahargacha qoldim ko‘chada qotib.
Necha kunlar dardingda yashadim yutgancha qon –
Bundoq o‘z xizmatimga o‘zim ham qolib hayron.
Ovora-sarsonligim ba’zan tegdi jonimga,
Ozib, yopishib ketdi etim ustixonimga.
Necha muddat shu taxlit men yurdim g‘arib va xor –
O‘z-o‘ziga beparvo, o‘z-o‘ziga g‘amgusor.
Qo‘lim charchab-tolguncha, qoralab sonsiz betlar –
Keyin to‘qib tashladim sen haqingda sonetlar.
Telba aljirashlardan bari edi iborat –
Seni kuldirdi, xolos, men qurgan bu imorat.
Ne yozsam, rost deb bildim, sen-chi, xushro‘y, xushqomat, –
Barisini atading birovlarga xushomad.
Kech tun chalib gitara, men hayqirdim necha bor:
– Qultum suv ber, senora, yurak kuymoqda, nigor.
Lekin boqmay holimga, menga qilmading shafqat, –
Ustimga bir chelak suv sepdi qo‘shnilar faqat…
Xayr endi, baribir mehribonsan sen, dildor, –
Yozda quyoshning tafti, qishda ilinganing qor.
Baribir, rahmat, menga sen o‘rgatding ko‘p bora:
Har bir telba o‘ziga o‘zi izlashni chora.
* * *
Barbarlardan* jangda tortib olingan,
Keng bir o‘tloqzorga haydab solingan,
Qon yuqqan, toptalib qolgan o‘tlardan
Hurksinib chekingan Uchqur otlardan –
Oranlik birini shoshmasdan tanlar.
Ispan sarkardasi sumbatni anglar, –
Bilar ot bahosin gijinglashidan,
Qulog‘ini ding etib so‘z tinglashidan.
Nihoyat, minar u shu uchqur otga,
Keyin, qaragandek o‘lja jonzotga –
G‘anim sarkardasin olar ortmoqlab,
Yo‘lga tushib ketar otiga bog‘lab.
Endi yo‘lda borar chiqarib qanot –
Sokin dalalarni qo‘msab qolgan ot.
Goh-goh yerga qo‘nib sapchigan uchun
Otning tuyog‘idan sachraydi uchqun.
Qora tanli asir xo‘rsinar har dam,
Qunishib olgan u, uning boshi ham.
Bir mahal o‘zining holidan ogoh
Bo‘lgandek axiyri, yig‘lar banogoh.
Sal parishon boqar asirga ispan
Bir oz noqulaylik tuygandek hisdan.
Nahot, jangda sherdek tashlangan habash
Turar ojizlikka qo‘rquv aralash?
Istab ko‘tarmoqni bu holdan parda,
Mag‘lub sarkardadan g‘olib sarkarda –
So‘radi: sabab ne bunday bebardosh,
G‘o‘r bola singari to‘kmoqqa ko‘zyosh?
Shunda, berilmasdan jahl-zardaga,
Bag‘rikeng so‘z qotgan bir sarkardaga –
Ikkinchi sarkarda iqrorga bordi,
Qalbida berkingan dardini yordi:
– Sen bo‘lmay faqatki qudratli harbiy,
Ko‘ksingda bor ekan yurakning zarbi.
Meni ikki qatla aylading asir,
Jangda – bir, odamlik jabhasida – bir.
Mening dardlarimni bilmoq istaysan,
Balki qistamaysan, balki qistaysan.
Shu on dunyo ko‘zga bo‘lsa hamki tor,
Men butun holatni qilaman izhor.
Tug‘ildim Gelnaxda, bamisoli sel
Bosqinga o‘shanda uchragandi el.
Onam olib ketdi Tremenon tomon.
Otam o‘lgan ekan – onam gapidan –
U korsarlar aro bo‘lgan kapitan.
Meliondan kelgan oila bilan
Ko‘p payt qo‘shni turdik biz tasodifan.
Ular mavritanlik boyonlar qavmi,
Qizi bor, eslatar xuddi olovni.
Yoshlikdan erkimga bo‘ldi kushanda,
U malika edi, men g‘arib banda.
U bir sahro qizi, sahroda ilon
Zahar to‘plab yurib, olgan kabi jon.
Shunday go‘zal edi va lekin u qiz,
Nurdan yaralgandek pokiza, nafis.
Gullar rashk etgudek chehrasi gulgun,
Uyalib turardi qarshisida kun.
Sochlari mavjidan daryo xijolat,
Qoshu kiprigida tun kabi holat.
Unga qarasang, bas, qamashardi ko‘z,
Bir nima deyishga topilmasdi so‘z.
Biz yonma-yon o‘sdik o‘sha ilk yoshdan,
Amur qalbimizga o‘q otdi boshdan.
Eski dostonlarga o‘xshash joyi yo‘q –
Bizga ta’sir qildi ikki xilda o‘q.
O‘q mening ko‘ksimni ayladi pora,
Go‘yo bir shoh edim, bo‘ldim bechora.
U qiz-chi, kundan kun bedard, beparvo,
Qayrilib qarashni ko‘rmadi ravo.
Hech bilib bo‘lmasdi ko‘nglida ne bor,
Bosgan qadamimda – tiklagani dor.
Bu mayli, qanchaga senda bor bardosh,
Degandek men tomon otar edi tosh.
Alqissa, yaqinda u yumshab bir oz,
Sen asirim, dedi qilganicha noz.
Men bu kun yengilib, sengaman asir!
U mening ustimdan kulmasmi, axir?
Butun voqea shu, to‘g‘risi, janob,
Dunyoda kimsa yo‘q menchalik xarob.
Ikki asirlikning o‘rtasida farq
Qidirib, bo‘ldim men iztirobga g‘arq…
Bu dil izhoridan ispan qoldi lol,
Jismini chulg‘adi shirin bir xayol –
Qaniydi, shu yigit singari sodda
Har kim ustun ko‘rsa ishqni dunyoda.
Tortib ot jilovin, dedi:– Ey habash!
Sen shu dam eslagan tengi yo‘q mahvash
Chindan etgan bo‘lsa yuragingni rom,
Qolgan da’volarning barchasi harom.
Sevgi yeru ko‘kda bo‘lgan munojot,
Ammo har kim olmas bunday mukofot.
Tangrim senga bermish haybatingga mos
Katta bir yurakda katta ehtiros.
Tangrim senga bermish boz qilsam naql,
Ehtirosdan bo‘lak munosib aql.
Yaralagan ekan ko‘ksingni Amur,
Borgin, yor oldida asirlikda tur.
Men-chi, yot qo‘shiqni qo‘yibman kuylab,
Birovning asirin meniki o‘ylab.
Qo‘limdan kelgani – senga erk siylov,
Sen uchun talab ham qilmayman to‘lov.
Menga kerak emas biron siymu zar,
Etar bo‘lmaganim mening ishqbuzar!
Bundan so‘ng tutganda ishqni muqaddas,
Har qachon meni ham eslaysan, shu bas! –
Shunday deb sakradi sarkarda otdan,
Asirin tushirdi “uchqur qanot”dan.
Tirik so‘z, bor holat etgancha ta’sir,
Uning oyog‘iga yiqildi asir.
Dedi:– Hayotda kam sendek vallomat,
Senga yo‘liqqanim men uchun omad.
Qalbim va hurmatim bo‘lsin senga boj,
Hech payt menga o‘xshab qolma noiloj.
Doim senga bo‘lsin hayotda panoh –
Mening sig‘inganim Yagona Olloh.
Yomg‘ir yog‘ganda ham, yog‘ganda ham qor –
Ezgu amallaring bo‘lsin davomdor!
* B a r b a r – varvar, yovvoyi.
Omon Muxtor tarjimalari