Damaso Alonso (1898-1990)

Damaso Alonso (Dámaso Alonso y Fernández de las Redondas) – taniqli ispan adabiyotshunos olimi, shoir. Adabiyot tarixi bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar muallifi. Jahon adabiyotida “27-yillar avlodi” deb nom olgan shoirlar sirasiga kiradi.

TAXAYYuL

Shunchalar toliqdim, shuncha toliqdim,
alangalar hatto ko‘rinar so‘nik.
Yigirma yil umrim kechgan shaharda
daqiqalik xalovatim yo‘q.
Qahqahalar so‘nik, yig‘ilar so‘nik,
dimog‘ingni yorar oqshom havosi,
ana, yulduz sanar boloxonada
hamsoyamning biyron bolasi.
Qo‘shilib sanayman, oh, yetib bo‘lmas,
bir, ikki, uch, to‘rt, besh zo‘rg‘a!
Yo‘q, yetib bo‘lmaydi, qayta sanayman,
ergasha olmayman chaqnagan nurga…

* * *

Hayqiraman o‘zimga o‘zim:
“Yigirmaga kirding, Damaso,
yigirmaga kirding sen bugun!”
Etaklashib yonimdan o‘tar
sevishganlar beparvo, shodon.

Men kitob o‘qiyman, she’rlar bitaman,
sevish va sevilish haqida hamon.
baxtiyorlik haqda, bahorda oftob
nurini mehr-la sochishi haqda…
Lek bugun ko‘zguga boqdim shahd ila
va dedim o‘zimga: “Hayqir Damaso!
Bahoring kutmoqda tamanno bilan
yigirmaga kirding, Damaso!”

QO‘ShIQ

Inson suyar koshonalarni,
As’asayu afsonalarni,
To‘kmas bunda qaynoq ko‘zyoshlar.

Men-chi, fido senga shabboda,
Qo‘shiqlarim bo‘lsin baxshida,
Lablarida tutguvchi boda,
Men fidoman senga shabboda.

Kengliklarni to‘ldirib, besar,
Mavolarning bag‘rida esar,
Quchog‘ida to‘lsa paymonam.
Yoki kutsam, ummon qo‘ynida
Dengizchiday entikib jonim.

Kokillarin sirmab bilakka,
Jilovdori bo‘larman albat.
Orzularim – hur-hur shamollar
Kaftlarida yetsam tilakka.

Darg‘alarni dengiz bag‘rida,
Dafn qilgan kabi so‘nggi dam,
Shamollarga soching hokimni,
Orom topsin bedor ruhim ham.

Ruschadan O‘ktam Mirzayor tarjimalari