Mashhur irland adibi Jeyms Joys (James Augustine Aloysius Joyce) ijodi o‘zbek kitobxonlariga tanish. Yozuvchining “Dublinliklar” turkumidan bir necha hikoya va “Navqiron san’atkor siyrati” romani hamda “Uliss” romanidan bir necha boblar ona tilimizga tarjima qilinib e’lon etildi.
Bugun sizning e’tiboringizga havola etilayotgan J.Joys she’rlari uning “Shamber Muzik” (“Kamerli musiqa”) to‘plamidan. O‘zining ilk she’riy to‘plamini yozayotgan paytda, ya’ni 1904 — 1907 yillarda adib “Stiven — qahramon” nomli asari ustida ishlayotgandi. (Bu asar keyinchalik qayta yozilib, “Navqiron san’atkorning siyrati” nomi bilan e’lon qilingan.) Joys ijodi tadqiqotchilari mazkur asar bilan she’riy to‘plam hayratlanarli darajada bir-biridan farq qilishini ta’kidlashadi. Zero, kitobxon roman qahramoni bilan lirik qahramon xarakterlaridagi farqni kuzatib, bu ikki kitob bir ijodkorning qalamiga mansubligiga ajablanishi ham mumkin.
“Shamber Muzik”dagi she’rlarda lirika bilan parodiyaning, ideal bilan moddiy mavjudlikning kinoyalarga pardalangan jozibali uyg‘un talqinini kuzatamiz. J.Joys ijodi va tarjimai holi haqida fundamental tadqiqot yaratgan olim G.Gorman bir suhbatda Joys o‘zining she’rlari haqida gapirib: “Men “Kamerli musiqa”ni o‘zimga isyon sifatida yozdim”, degan gapini keltiradi.
Iste’dodli shoira va tarjimon Begoyim Xolbekova ingliz tilidan Robert Byorns ijodidan ayrim namunalarni o‘zbek tiliga ag‘darib, tarjimonlik iqtidorini ko‘rsatgan edi. Bugun taqdim etilayotgan J.Joys she’rlarining asliyatdan qilingan tarjimalari ham sizga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
Nosir QAMBAROV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
MAY SABOSI
Dengiz uzra raqs etar may sabosi,
Raqs etadi o‘ynab, halqalar solib.
Nurli to‘lqinlarning mayin navosi
Mening hislarimday rangin va g‘olib.
Samoda tovlangan kumush kamalak —
Bu mening sof sevgim surati, aksi.
O‘yna, may sabosi — raqqosa malak,
Sening raqslaring muhabbat raqsi!
DERAZANGDAN QARAB QO‘Y
Derazangdan qarab qo‘y,
Zarkokilligim.
Qo‘ng‘iroqday ovozing
Oldi hushimni.
Qo‘shig‘ingni eshitib,
Yayradi ko‘nglim.
Xonamdan uchib chiqdim
Tashlab ishimni.
Kitobimni o‘qimay
Yopib qo‘ydim men,
Kuyla, kuyla, sen quvnoq
Qo‘shiqlardan ayt.
Senga aytgali bir so‘z
Topib qo‘ydim men —
Bu dam ko‘ngil rishtasin
Bog‘laydigan payt.
* * *
Shamollar kirmaydigan
Qaynoq bag‘irda bo‘lsam.
G‘amlarni unutsam-u,
Mayliydi keyin o‘lsam.
Mehribon, g‘amxo‘r bo‘lsa
Men talpingan ul og‘ush.
Rohat hamrohim bo‘lsa,
Uxlab ko‘rsaydim bir tush.
Iltijo qilar edim
Bir umrga qolishga —
O‘shal go‘zal og‘ushda,
O‘sha sehrli tushda.
* * *
Sadoqatsiz ag‘yorning
Va’dalari betayin.
Qalbida cho‘g‘, olov yo‘q,
Sovub qolgan kuldayin.
Chin oshiqning ko‘ksida
Yonib turgan lola bor.
Ishqin oshkor aytolgan
Dublinda bir bola bor.
ChIRMOVGUL
O‘z holicha mag‘rur, nuqrarang
Sharsharaga talpinar nuqul,
Keng qulochin suv uzra tarang
Yoyib o‘sayotgan chirmovgul.
To‘lqinlar sho‘x, shafqatsiz,bebosh,
Arg‘imchoqday tebratar uni.
Nozik tanda cho‘ng, buyuk bardosh —
Shunday o‘tar uning har kuni.
Yuksalaver, o, chirmovgulim,
Qoyalarga mahkam o‘rnashib.
Senga boqib, beqaror dilim
Yashnab ketdi baxtga o‘rlashib!
KO‘NGLIM TUBIDA
Bor umidim, ishonchim mening
Behalovat qalbimdir — taxtsiz.
Bir bo‘sadan boyib ketar u,
Bir ayriliq etadi baxtsiz.
Aylasa gar sevgi baxtiyor,
Nechun etmay uni ixtiyor?
Gagaralar* mog‘or inlarga
Yashirganday javohirlarni,
Saqladim men ko‘nglim tubida
Ishq atalmish noyob sirlarni.
Gagarlardek bo‘lolmasak biz,
Bu dunyoda ne deb yuribmiz?
Ingliz tilidan Begoyim Xolbekova tarjimalari.
*Gagara — dengiz tubiga sho‘ng‘ib, dur va marvaridlarni yig‘uvchi g‘avvos qush.
* * *
QUMLOQDA
Shamolda harsillar tayanch og‘ochlar,
Izg‘irin ezg‘ilar shag‘alni, essiz .
Har kumush toshchani yalashga boshlar
So‘laklari ila qartaygan dengiz.
Bo‘zargan dengizdan, sovuq shamoldan
Asramoq bo‘laman, qo‘ndirmay zangni.
Ushlayman dildiroq, titroq qo‘lingdan,
Silayman qaltirab bo‘liq yelkangni.
Qo‘rquv tusha boshlar falak qa’ridan,
Zalolat dengizni bosadi achchiq.
Oshiq yuragimning eng chuquridan
Qo‘zg‘ala boshlaydi sevgidan sanchiq…
***
Qazo – bir bayramdir. Bor, bu bayramga
Olisdan atirgul keltir nafarmon.
Men esa, qaramay qonli yaramga,
Yaratgan qoshiga kulib ketarman.
Olamning tomidan hur farishtalar
Cholg‘u kuylarini quyar qalbimga,
Ajal barmog‘ini ohista bosar
Vido aytayotgan titroq labimga…
***
Baxt – bir ertak erur, baxt – bu afsona.
Qo‘ng‘iroqlar yaqqol jaranglar bu tun.
Kunduz yog‘dusida, olov qoshida
Baxtning tovushidan topilmas bir un…
***
Chorasizlikning aylana yo‘li
yo‘qlikka imlar.
Qara, simyog‘ochda sekin tebranar
erinchoq simlar.
Tushungin, hali sen o‘lganingcha yo‘q,
yiqilding, axir.
Quyosh chiqar-botar, qo‘nadi zulmat,
unga baribir.
Manzilsiz bo‘lsa-da, yurganing durust,
O‘zingni osma!
Tepangda qalqinib turar Farishta,
Sokin bo‘l, shoshma…
***
Haqiqat izlaganlarning sajdaga egilgan yuzlari
Xudoning oldida duvillab to‘kilar
Ko‘kdan uchayotgan yulduzlar kabi uvushib,
Shamolda chirpirak atirgul barglariday larzon,
Maysalarga tushayotgan xazonlarday shatirlab…
***
Dunyodan ketadi hamma kelganlar,
Faqat ishq baxsh etar mangulik, illo.
O‘lishi mumkinmas hech sevilganlar,
Sevganlar o‘lishi mumkinmas aslo
***
Qalb bilar eshigin kimga ochishni,
Dilning mulki – erk.
Ko‘ngilning ilohiy, aziz eshigi
Tunu kun berk.
Qalbning eshigida tulporin shaylab,
Tovlanib zebo,
Ichkari kimoqqa tinmay shaxd aylab
Turar bu dunyo.
Qalb esa o‘yiga ishqni kiritar,
Dunyo to‘ldirmas qalb ishq ila to‘liq.
Sevgan qalb eshikka iladi yozuv:
“Qabul tamom!
Tamom!
Boshqa bo‘sh joy yo‘q!”
***
Men go‘zallik uchun. ishq uchun o‘ldim –
Ishqdan tirik edim, bu ham taqdir-da.
U esa o‘lgandi Haqiqat uchun,
To‘lg‘onib yotardi qo‘shni qabrda.
Bir kuni so‘radi: “O‘ldirishdi nechun?”
Javobin eshitib jilmaydi jo‘shqin:
Qanday soz! – dedi u, – Ishqu Haq uchun!
Qanday soz – maslakdosh bo‘lsa gar qo‘shning”.
Suhbatlashib bunda yotarmiz abad,
Ishq uchun o‘lganlar, Haq deb o‘lganlar.
Po‘kanak bosadi qabrtoshlarni,
Ismlarni ko‘mar o‘tu o‘lanlar…
***
Ular qorong‘ulik tomon ketarlar,
O‘lim chegarasin bosib o‘tarlar,
Biz o‘ylarmiz – hali qaytarlar…
Ko‘rgan-bilganlarin aytarlar.
Shunday fikr bilan boqamiz ichkin
O‘tganlar ortidan mahzun, dil o‘rtab…
Albat ko‘rishamiz! O‘tganlar unda
Bizni sog‘inadi, bizlarni kutar.
Agar nur sochsaydi ularning ishqi,
Biz ko‘ra olardik nurni u yoqdan…
Necha yillar bo‘yi muhabbat ila
Ular bizga boqar qorong‘ulikdan.
***
Axmoqlik ham – aslida Aql,
Oddiy ko‘zga ko‘rinmas harchand.
Juda qulay olomon aqli –
Aqlsizlik bo‘lsa-da garchand.
Harakatda va xayolotda
Chekinishni kechirmas ular.
Haqligiga shubhalanganning
Ko‘zlarini ochirmas ular…
***
Dunyo – go‘zal, dunyo – ko‘p dilbar,
Qabr esa – shundoq yonma-yon.
Haqiqat shu, ey birodarlar,
Qolgan bari aldamchi, yolg‘on.
Qalb armonga garchand to‘lgandir,
G‘azab nega, nafratlar nechun?!
Umr – qisqa! Tamom bo‘lgandir –
Vaqt qolmagan jaholat uchun.
Nafrat emas, muhabbat bering,
Vaqt – kam, qadrin anglang har onni.
Ishq – mehnatdir, ishqqa sarflaylik
Tanda qolgan ozgina jonni…
BEHUDA EMAS
Kimki bir insonning dardini olsa,
Yashamabdi, demak, umrin behuda.
Og‘rigan dillarga halovat solsa –
O‘z dilin yuksakka chog‘labdi juda.
Kimki bir qushchaga don bersa bir kaft,
Asrasa, isitsa, sovuqdan olib.
Yaratganning yuzin ko‘radi yaqqol,
Tangri jilmayadi unga termulib…
Inglizchadan Karim Bahriyev tarjimalari