Xayril Anvar (Chairil Anwar) – indoneziyalik shoir, tarjimon, “45-yillar avlodi” harakatining yetakchisi. Shimoliy Sumaradagi Medan shahrida tug‘ilgan. E. Xeminguey, A. Jid kabi adiblarning asarlarini ona tiliga o‘girgan. “Qabr toshi”, “Men” singari asarlari mashhur. Aksariyat to‘plamlari yapon okkupatsiyasi davrida e’lon qilinmay, shoir vafotidan so‘ng chop etilgan. Xayril Anvarning adabiyot sohasidagi xizmatlari va xotirasi uchun shoir vafot etgan sana – 28 aprel Indoneziyada “Adabiyot kuni” sifatida nishonladi.
MENING DO‘STIM VA MEN
Yolg‘izoyoq yo‘lda izimiz qolgan,
Tun. Tuman siypalab o‘tar dudoqni.
Yomg‘irdan shalabbo qaddimiz hamon
Qunishib, mung‘ayib kezar so‘qmoqni.
Bandargohda muzlar kemalar.
Qonim ivimoqda. Tosh qotgan idrok.
Kim sado berdi, kim berdi so‘roq?
Mening do‘stim?! Yo balki madori
kulfatdan qurigan vujud?
Vaqtni so‘roqladi U!
Vaqt.
Endi juda kech.
Mohiyat yo‘qolgan, cho‘kkan, bo‘lgan g‘arq.
Maqsadin topolmay g‘imirlaydi baxt.
YO‘Q, AYoL!
Yo‘q, ayol! Sening harorating,
qora og‘ushing
Hanuz yashar menda, men bilan,
Hanuz qochar mendan nariga.
Ha, yana topmoq istayman. Seni.
Boshqa manzil, boshqa dengizda
Biroq o‘zgarmasin avvalgi visol –
Gir o‘rasin bizni huv shamol,
Nigohlar ko‘kka qadalsin,
Yulduzlar-la bo‘ylashsin xayol.
Nedir qoqar qanotlarini,
Va yana eltadi Tay Pouga sari
Ambon dengizining buyuk asrorin
Ko‘mib borar dilga o‘shal
Dunyo dilbari…
Yaralgandir shundayin ayol!
Tutqich bermas xayollari-da.
Qalam ila qilurman parvoz
Dilbarimning sirli kulgilariga.
XABAR
Amr etolmam, amr etmakka haqqim yo‘qdir,
Yolg‘izlik-la yo‘g‘rilgan, bas, taqdiri azal.
Seni orom, farog‘atdan yulib oldim-u,
Yana bizni mahkum etdi judolik o‘shal.
Qani endi ko‘rsaydim bir, sabrim yetmas,
Muzaffar zulmatning sarhadlari yo‘q.
Dilda yoding, ko‘zda zulfing, bir zum ketmas,
Chaqaloqday erkalatib, o‘pishlar yo‘q.
Jur’at qurg‘ur to‘xtatmoqqa beradi pand,
O‘zgalar-la bu dunyoda turmoq mahol.
Yurak qurg‘ur seni deydi, seni faqat,
Nomsiz dengiz, yolg‘iz kema suzar alhol.
ORALIQDAGI QARAG‘AY
Oraliqda so‘lib bitdi qarag‘aylar,
Muqarrar tunning xabari misol.
Novdalari mayin chayqalar,
Derazamni chertadi shamol.
Men o‘shaman. Eski xotira,
Olis bolalikdan omon qolgan zot.
O‘sha chog‘ nelar bo‘lgandi, qara,
Endi hisobini qilolmam, hayhot.
Hayot – ortda qolgan mag‘lubiyatmi,
Va yo yoshlikdagi ishqdan ayrilmoq?!
Aytilmagan so‘zlar ko‘p ekan asli,
Angladik yengilish oldidan ozroq.
Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi