GANGAM MANIM BEQIYoS
Himolaydan tushib kelib,
Abadiyat mujdasini keltirar Gangam manim.
Bahri muhit birla bo‘lib, hamog‘ush
O‘zi ham aylanur bahri muhitga.
Bu yerdagi hayot tinim bermay hansirar
Avtolarning uzun-uzun karvonlaridan.
Beixtiyor ko‘z oldimga keladi Gangam,
Menga hayot baxsh aylagan onajon — Gangam!
G‘am tog‘larin oshmoqlikni kurashda yengib
Jumla jahon ahliga u o‘rgatdi saboq.
Er kurrasin tashnaligin qondirib yakkash
Sahiy Gangam ulashar hayot
Va
Maqsad sari choparoq taqir.
Tubsiz muhit qa’riga so‘ng ketadi singib.
Go‘yo banda yutgan kabi mangulik
Necha dengiz osha keldim bunda men,
Ko‘z oldimda faqat sonsiz daryolar paydo.
“Vik end” degan sayri bordir bu elning.
Ammo
Bunda topolmaysiz hayotdan asar!
Tinch okean otliq bu yurt
Kecha-kunduz g‘ildirakda chopadi har yon.
G‘ildiraklar hayotniki emas, yo‘q,
Ular avtolaru tayyoralar, poyezdlarniki!
Balki aynan shu boisdir Tangri qo‘llagan
Bu yurt bir on tinim bilmas, ko‘p besaranjom!
Ey Rabbim!
Avtolarning do‘ngalagi uzra u yoqdan —
Bu yoqqa hansirab chopgan bu yurtga nechun
Berolmading mardlik degan ezgu fazilat?!
Ey Rabbim!
Qachongacha inson chopar avtolar kabi?
Axir “fast fud” emas hamma narsa dunyoda,
Axir “fast” bu madaniyat bo‘lmog‘i lozim.
Shundoq, Rabbim!
Ro‘za farzi, ro‘za tutmoq madaniyati,
Ya’ni o‘zi uchun emas
Barcha uchun yashamoqlik — hindlarcha odob!
Bularga ham bera qolsang, ha, bera qolsang
Gangadayin odob, axir, ne bo‘lur, Rabbim?!
Saboq bering, hayot tarzi tariqasidan,
Va aytsangki, chin insoniy iymon shu asli!
Daryolar bu yerda ham mo‘l va bisyor ekan,
Faqat yo‘qdir bunda Gangam mehribon.
Bularga ham bitta Ganga nisor et,
Chunki
Mening Gangam tanho erur sen kabi, Rabbim!
Hindiychadan Amir Fayzulla tarjimasi