Murman Jguburia (მურმან ჯგუბურია) 1938 yilda Gurjistonda tug‘ilgan. Birinchi she’rlar to‘plami 1969 yilda nashr etildi. U gurji tilida chop etilgan 20 dan ziyod kitob muallifidir. Rus tilida “Qalb qirrasi” she’riy to‘plami va “Tungi tovush” romani e’lon qilingan. Bunin, Pushkin, Lermontov, Xlebnikov she’rlarini, xitoy va vetnam mumtoz she’riyatidan namunalar tarjima qilgan. Adibning 5 jildlik asarlar to‘plami bosilgan.
* * *
Yashashim o‘sha-o‘sha: o‘tiraman, chekaman,
Qalbimda tug‘yon urgan mavzuda ter to‘kaman.
Hayotim bo‘lsa endi mezon sari yo‘l oldi,
Tishlarim siyraklashib, qaddim munkayib qoldi.
Avval qalb-la yashardim, endi esa bosh bilan,
Lekin hamon jonsarak va o‘sha bardosh bilan.
Chekamanu yozaman… Yo Tangrim, emas-ku sir,
Boshqacha yasholmasam, nima qilay men, axir?!
ERTA BAHOR. KEKSA ZANG
Oh, qanaqa qiy-chuv bu? Voh, qandayin to‘polon,
Tabiatni to‘ldirdi birdan “oh-voh” va nolon.
Shamolga yuz tutdilar nav-nihollar: — Qanday soz!
Barglarini yozdilar bahorga chiqib peshvoz.
Qir-adirlar qizardi qizg‘aldoqlar nuridan,
Quloq qomatga keldi qushlarning chug‘uridan.
Bahor yetib keldi deb, ishonishib chinakam,
Engil ko‘ylaklar kiyib chiqdi qishloq ahli ham.
Faqat keksa tok zangi eshitsa-da “oh” – “voh”ni,
Aralashmas qiy-chuvga, ko‘kdan uzmas nigohni.
U ko‘pni ko‘rgan dono, behuda chiqarmas chang,
Chin bahor kelishini kutayotir keksa zang.
* * *
Qo‘ltig‘imga qisib qizil xo‘rozni,
Yo‘lga tushdim quyosh chiqmasdan turib.
Chang qishloq yo‘lidan ketib boraman,
Olapar ergashar ortimdan hurib.
Etim junjikadi, oyog‘im yalang,
Ustim yupun, garchi sovuq qotaman —
Bormasam bo‘lmaydi, ahvolimiz tang,
Changga botib, chaqqon odim otaman.
Bozor qizg‘in bo‘lar har yakshanbada,
Ehtimol xo‘rozim sotilar bugun.
Omadim yurishib qolsa maboda,
Uyga olib borgum bir-ikki kaft un.
Bir necha kun uyda yemak bo‘lar “mo‘l”,
Shoshilaman, qilib Tangriga nola…
Tushlarimga kirar o‘sha tuproq yo‘l
Hamda qizil xo‘roz ko‘targan bola.
BOBO
Og‘riq arisin deya
Boshga sholg‘om barg bog‘lab,
G‘arib uylarga boqar
Bobom bag‘rini dog‘lab.
Go‘yo podshoh taxtiga —
to‘nkaga o‘tirar chol.
Qishloqdoshlari kelar
Qilib unga arzi hol.
O, bu sholg‘om bargli toj —
Yashil yaproq go‘laxi!
Bobom o‘tirar ma’yus —
eng xarob yurt podshohi.
TBILISI HAQIDA ShE’R
I
Pirosmani mayxonangga
Kiritdi samoviy nur,
Sen xo‘mrayding: — Bu oshyonga,
Axir, rasm ne zarur.
Rasm uchun burda non
So‘raganda bechora,
Sen uni sarxush deya,
Qilding bag‘rini pora.
Aslida manguliging
Uning tufayli edi.
Sen-chi, uni haydading,
Jo‘na bu yerdan, deding.
Lekin u mayxonangdan
Chiqib ketar chog‘ida
Sharob quyib uzatding
Jirkanish nigohida.
II
Shahar, sen Galaktionni
Qo‘ymading mayxonaga.
Tunda Pirosmanini
Haydagansan panaga.
To mudom Machabeli
Tashnalikdan qiynalib,
Tentirab yuribdi-ku,
Ko‘chalaringda nolib.
Ey, sen, Granelini
Darvesh aylagan shahar.
Hech kimni ayamaysan
Qilasan zor, darbadar.
Sening saxovatingni
Unutmayman men zinhor:
Seni kim ko‘proq sevsa,
O‘shani qilasan xor.
PEREDELKINO
Pasternak qabrini qildim ziyorat.
Yaqingacha bunda kezib yurardi.
Anavi uylarda daraxtlar aro
Uning derazasi yorug‘ turardi.
Tarkovskiy qabri huv, nariroqda…
Tunlari uchrashib turadi ular.
Osmonda yulduzlar tingani chog‘da,
Erda — hamma uyda so‘ngach yog‘dular.
Ularning suhbati — Rossiya dardi.
Eshitmas na do‘stlar, na chaqimchilar.
Ularni tinglardi sukunat hamda
Bulutlardan ingan sovuq tomchilar.
Ularning suhbati jo‘shqin, shiddatkor,
Havoga yoyilar erkning sururi.
Qadahlar jaranglar sho‘x va da’vatkor,
Ohista yorishar jannatning nuri.
Bu yerda uchrashar shoirlar tunda,
Kunduz uxlab, bizni bezovta qilmas.
Negadir ishongim keladi bunga,
Sen-chi, do‘stim, nahot ishonging kelmas?
* * *
Georgiy Kechagmadzega
Nagobilevida, qorong‘i tunda
Mo‘jazgina hovliga
Yulduzlar galasi kirar adashib…
Unutmayman ularni aslo
Kuzataman dilda zavq toshib!
QOFIYaSIZ ShE’R
Qofiyasiz ash’or
Xabarga o‘xshar.
G‘aflatda qoldirib
Keladi birdan.
O‘zni o‘nglashga ham
Ulgurolmaymiz.
Kechikamiz, go‘yoki uyga
Bostirib kirganday bo‘lar fojia.
Fayzi Shohismoil tarjimasi