Ela Gochiashvili (1959)

STRASBURG OYI

Omar Turmanauliga

Ona ko‘kragida
Tabiat in’omi
Sut ketib qolar,
Vatanning esa – peshonasiga bitilgan
Abadiy boquvchilik.
Evoh, nega axir
Bizning Ona-Vatan
Qonli bog‘ich bilan tang‘ib oldi ko‘ksini
Etagidan bizlarni non ushog‘idak
Qoqib yubordi?
Mening og‘alarim va opalarim
Qora jarga qulayotib
Hasrat-la hayqirdilar –
Ne uchun buncha erta ko‘krakdan ayirdilar?
Biz ojiz mushukvachchalardek edik.
Qo‘llarda siqilgan bargizub…
Va endi tepamizda oy yolg‘iz emas..
Qayda sening qushqo‘nmas guling, Turmanauli?
Nega sen uni doimgidek o‘tayotganingda
Eshik oldida qoldirmading,–
Anglamog‘im uchun: sen bo‘sag‘ada
Qushqo‘nmas gulini ushlab taqillatding,
Ishonmasdan, uyda yo‘qligimga…
Oy esa tepamizda yolg‘iz emasdi..
Biroq biz negadir ikkovlon emasmiz.
Oy mo‘ralamas,
Chizmas juft soyamizni
Vorontsov ko‘prigi uzra
Nurini botirib Mtkvari suvbo‘yog‘iga..
Ikki soya qachondir qo‘l ushlashib turgandi,
Endi esa ikkinchisi – yo‘qoldi…
Ey, Strasburg oyi, –
Balki sen, mutlaqo oy emasdirsan?
Ko‘rayapsanmi, mana bu odamni? –
Sen unga oy emassan!
Oy emassan, modomiki ikki satr ham
Ilhomlantirmagan ekansan!
Ey, Strasburg oyi, –
Sen qallobsan!
Uning haqiqiy oyi
Goh Pshav qishlog‘i,
Goh Tbilisida nur sochmoqda,
Va Pshavida qayta..
Uning oyoqlari tizzasigacha
Qushqo‘nmasgulga tirnalgan.
Uning haqiqiy oyi
Va uni qayta ko‘rishni
Sog‘inar ham ishonib kutar.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi