Dalila Bedianidze (1950)

Shoira va tarjimon Dalila Bedianidze (დალილა ბედიანიძე) 1950 yili Gruziyaning Kvareli shahrida tug‘ilgan. Tbilisi davlat universitetini tamomlagan. 10 ga yaqin kitoblar muallifi. She’rlari ingliz, venger tillariga tarjima qilingan.

ShE’RIYaT

Sen – mening vatanim, onam ham uyim,
Qarzdoringman, ilhom parisi, go‘zal,
Elkasida ko‘za ko‘targan ko‘yi
Huzurbaxsh yukidan tolmagan azal.

O Shota, Akakiy, Vajaning sha’ni!
Oqlay umrim, ichgan tuzimning haqin,
Buyursin tabarruk o‘sha daftarning –
Qoralamasiga qalbda bor chaqin.

O sha’nim! She’rimga kirdi oy shoyon,
Singdi qishdan so‘nggi qo‘riqday hamal, –
O sha’nim! – she’rlarim, siz – urug‘, ayon:
Dillarda ishq bo‘lib toparsiz amal.

To‘lqin urar daryo qaynab asabi,
Tuya o‘rkachiday yo‘llar baland-past,
Ko‘prik chayir, ota qo‘llari kabi,
Tog‘ karvoni tunning oromi-la mast…

So‘z, seni sotsa-da nomard yuz bor, chin:
Sotilmas – qo‘l yetmas sen o‘zing abad.
Jonim ham, hech sinmas haqiqat ham – sen,
Sensan uyg‘otguvchi baxtga muhabbat.

She’riyat, onamsan, uyimsan ham u –
Kintsvisi yashnagan rangidagi sir,
Qutlug‘san, sen mehnat samari mangu
Rizq-ro‘z – non,
Rizq-ro‘zga aylanolgan she’r.

MEHMONLARGA

Gruziya haqida sizga ne ham dey?
Yaxshisi, undan judo bo‘lgan jonlardan so‘rang,
Gruziya haqida sizga ne ham dey?
Shunchalik yaqindan ko‘ramanki uni,
Ba’zan aniq-tiniq ko‘ra olmayman ham,
Lekin har gal ketsam undan uzoqqa,
Ichdan kemirar azob,
Go‘yo yulib oladi uni bag‘rimdan
Kimningdir qo‘li.
Men qaytib kelaman – tarqaydi og‘riq.
Sizga, Gruziya go‘zal deb
Aytishim kerak, ehtimol.
Ammo go‘zal-ku har qanday vatan!
Sizga, san’atimiz, tariximiz haqida
So‘ylab bersam bo‘lar, ehtimol…
Lekin bunga ne hojat!
Muzeylar, ko‘rgazmalar, kitoblar
Hikoya qilishar mendan ko‘proq va xo‘broq.
Qani, deraza yoniga o‘ltiring –
Tinglang, bilaman men shunday qo‘shiqni…
Siz aytganingizdek,
Bu uy va sizning uyingiz
O‘xsharmi ikki tomchi suvdek?
Mana, ana shu Gruziya demakdir.
U haqda sizga ne dey?
Siz uni o‘zingiz izlab topa olmog‘ingiz,
u bilan yuzma-yuz bo‘lib qolmog‘ingiz
ayni muddao,
faqat shunda u sizga ko‘nglini ochar.

Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi