Bagater Arabuli (ბაღათერ არაბული) — gruzin shoiri. Gruziya politexnika institutini tamomlagan. 12 ta she’riy kitobi chop etilgan. She’rlari ispan, italyan, mongol, bolgar, rus, ukrain, arman va boshqa tillarga tarjima qilingan. U Gruziya Yozuvchilar uyushmasi raisi.
NAQQOSh IRAKLIY OChNAURI USTAXONASIDA
Ko‘k kerildi, bo‘ldi balandlaganday,
Bu quyoshdan lolman; bosdi titroq – cho‘ng:
Bunda, qo‘l buyurar:“Metall, qo‘shiq ayt”,
Metall esa oddiy, o‘sha karu gung.
Bunda, qo‘ng‘iroqlar uyg‘otar qalbni,
Har gal, yuksalishga da’vatlar etar,
Uni oy qanoti, Opizarlarning
Qadimiy nafasi siypalab o‘tar.
Shu on, romdan chiqib, bir qiz yonimga –
Yaqinlar, qo‘lida oy-chirmandasi.
Qancha vaqt o‘t yoqdi bu raqs jonimga?
Unga ustoz, mashshoq, hofiz kim asli?
Butun cho‘lni quyosh yong‘ini qamrar,
Charaqlagan jomda yulduzlar tinmas,
Qaydadir, yaqinda yig‘laydi Tamar
Hamda Rustaveli sozi berar sas.
Sarbaland etishdi meni – men behush:
Devorlardan, vatan yuzlandi shunda,
Mo‘yqalam, keskichdan naf yetarmi, xo‘sh,
Sehrgarlik o‘zi afsunlar bunda.
Kiftimdan quyuldi samoviy yolqin,
Yomg‘ir tinmay yog‘ib turganday sharros,
Devorlardan tushib, jo‘shqin va sokin –
Xalqim suhbat qurdi men bilan – hassos.
* * *
Kim kirib bog‘imga, mevali, qutli
Muhabbatga havas bilan boqarkan?
Gullagan-yashnagan, o‘tliyu shudli
Vafo nurlariga suqi oqarkan?
Yozning issig‘ida, soya, yaproqlar –
Ostida, kim vaqtin o‘tkazarkan xush?
“Serquyosh bo‘lar kun” – tongotar chog‘lar
Xushxabar yetkazgay kimga biyron qush?
Kim ocharkan bog‘im eshigin sizlab,
Saxiy muhabbatning davrasin izlab.
Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi

