YoLG‘IZLIK
Biz doimo nimadir topamiz
Va nimadir yo‘qotamiz,
Balki muomalada bo‘lar
Xanjarlarimiz.
Yuzimizda bir xil dog‘lar,chandiqlar qolar.
Baribir, o‘ylayman,
Do‘st bo‘lganmiz-ku, toki
Elkama-elka, so‘nggi lahzagacha
Zarbalar do‘stligimizni
Qoq ikkiga bo‘lmagunicha.
Shu lahzada
Qo‘rqib,
O‘zimda yo‘q
Ma’yus, umidsiz turibman,
Turibman-u, o‘liklarga achchiq yig‘layman –
Sizga ular tanish, balki siz o‘ldirgansiz,
Lekin endi oqsiz, sizga tegib bo‘lmas,
Mendan shunchalik uzoqsiz.
Biz bu dunyoga bo‘lak-bo‘lak keldik
Va bo‘lak-bo‘lak ketarmiz.
GULQOG‘OZ
Qog‘ozni
Qog‘ozga mumladik,
Eski so‘zlarni
Yangisi yopdi.
Yangi niqoblar
Eskisini bekitdi,
Eski xabarlarni
Yangisi qopladi.
Uya deb atadik
O‘lgan qushlar qabrini
Qaysidir qush pati shamol qo‘zg‘atdi,
Jim bo‘lishdi – yo‘q – qichqirishdi,
Chunki,
Qushlar –
Bor yo‘g‘i – soyalar.
Shugina tasvir
Tasvir bo‘lib anglaydi
Asl holatimiz, mohiyatimiz,
Ular farishtaday,
Sukunatda
Bizni qanotida parvoz qildirar.
* * *
Yuzing sokinligi – bir niqob.
Iching – umidsizlik.
Oqargan suv birdan to‘q qizil bo‘ldi,
Sovuq yetib bordi yurak tubiga.
O‘pirilgan ko‘chalar qoraygan, biron belgi yo‘q
Va tegradan ketmagan qashshoqlik sharpasi.
Dengiz qirg‘og‘ida ko‘rganlaringni
sukunat yutar,
Havoda – qotgan qo‘llar, oyoqlar, yuzlar,
Xuddi
Tasma uzilar paytki kinolavhaday.
Uzoq quygan jala majolingni quritar.
Rus tilidan Rauf Subhon tarjimasi