Georgos Seferis (1900-1971)

Atoqli yunon shoiri Georgos Seferis (Γιώργος Σεφέρης) nomi XX asrning eng iste’dodli ijodkorlari qatoridan mustahkam o‘rin olgan. U 1900 yili Kichik Osiyoning qadimiy shahri bo‘lmish Smirnada tavallud topdi. Bu shahar Gomer vataniga da’vogar yetti shaharning biri sanalib, turkiy lisonda Izmir deb nomlanadi.
Shoirning ismi arabcha “safar” so‘zidandir. Ism qismatni belgilaydi, deganlaridek, Seferis hayoti bir umr safarlarda kechdi. Zero u ko‘p mamlakatlarda diplomatik vazifalarda ishladi.
G.Seferisning ilk she’riy to‘plami — “Burilish” 1931 yili e’lon qilingan. O‘shanda shoir 31 yoshda edi. Keyin uning “Havza” (1932), “Roman-afsona” (1935), “Mashqlar daftari” (1940), “Kixli” (1947), “Uch mo‘tabar doston” (1966) kabi she’riy kitoblari, “Akropolda olti tun” (1974) romani e’lon qilindi.
1951 yili Seferis elchining birinchi maslahatchisi lavozimiga tayinlanib, Londonga keladi. Nomi dunyoga tanilgan shoirni adabiy jamoatchilik mamnuniyat bilan qarshi oldi. Bu yerda u Eliot bilan tanishadi, Stiven Spendir, E.M.Forster, Luis Mak Nis, U.X.Oden va Dilan Tomaslar bilan yaqindan muloqotda bo‘ladi.
Uning ko‘ngli bu paytlar nimadandir g‘ash bo‘lib, diplomatik xizmatlarni butkul tark etib, o‘zini butunlay she’riyatga bag‘ishlash fikrida yurgan edi. Bu niyatini u ustozi Eliot bilan o‘rtoqlashadi. Eliot esa unga tamomila boshqa maslahatni beradi. “Shoir she’r yozishdan tashqari boshqa bir ish bilan ham shug‘ullanishi kerak, — deydi ustoz. — O‘zini poeziyaga butkul baxshida qilish mumkin emas, zero she’riy ijod jarayonining asosiy qismi g‘ayrishuuriy tarzda kechadi. Shu boisdan ko‘p vaqtda nimadir — boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lish zarur”.
1963 yili G.Seferisning ijodi Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Shoir 1971 yili og‘ir xastalikdan so‘ng Afinada vafot etdi.
G.Seferis Gomerga vatandoshligi bilan hamisha faxrlanib, u bilan bir tilda so‘zlashaman, deya ko‘p bor ta’kidlagan edi. Shu boisdan Gomer ijodi talqinlari uning she’rlarida bo‘rtib ko‘rinadi.

DERAZA ORTIDAGI BOG‘

Yomg‘ir qo‘ynidagi favvorali bog‘ —
sen qaraysan unga chang bosgan, xira,
pastak oynadan. Xonang ichra
kamin nur sochar faqat,
ahyon-ahyon chaqmoq shu’lasi esa
yuzdagi ajining yoritar, ey do‘st.

Bir payt jilmayardi favvorali bog‘ —
undagi shan hayot va ajib surur
yiqilgan haykalu singan ustunlar
va ko‘m-ko‘k maysaga sochilgan toshlar
raqsidan yiroq, —
endi aks etar u xira oynadan.
Chuqur xo‘rsinasan. Yer va og‘ochning
sharbati daf’atan yoding qa’ridan
oynaga urilar —
tashqari yoqdan yomg‘ir yuvayotgan oynaga.

JANUB ShAMOLI

Mag‘rib yoqda tog‘lar silsilasi ila tutashar dengiz.
Bizni telba qilar chapdan esgan janub yellari.
Ular suyagimizda sidirar etni.
Keng deraza. Kattakon stol,
biz unda xatlar yozamiz senga
oy sayin va tashlaymiz
ayriliq chohiga,
to‘ldirmoq bo‘lib bu chohni.

Tong yulduzi, tortganing chog‘ nigohimizni,
daqiqalarimiz mayinlashib ketar
bir malhamday, zilol chashma suvidayin,
suluv oqqushlarning qanoti yanglig‘.
Hayotimiz sening kaftingda turdi.
Zaqqum g‘urbat nonidan keyin
tunda, oppoq devor oldida
sening sasing yolqinga aylanar —
yana asabimiz toriga tig‘ini tortar
o‘sha yellar.

Yozamiz senga har kuni bir xil sog‘inchni
va boqamiz xayol ichra bir-birimizga
va ko‘ramiz dunyoni har birimiz o‘z ko‘zimiz-la,
cho‘qqilar ustidagi yog‘duni, tong qorong‘isin
va seni.
Kim aritar g‘ussalarni yuragimizdan?
Kechagi sel, bugungi bulutlar
bukar qaddimizni yerga. O‘tkir fikrlarimiz
seldan so‘nggi qarag‘ay ignalari kabi
ostonaga g‘uj bo‘lib, tirmasharlar
minora sari, minora esa qular.

Zabun bu qishloqlar orasida,
janub shamoliga ko‘ksin tutgan qoya ustida,
seni to‘sib turgan tog‘lar silsilasi ro‘parasida —
kim baholar bizning qalb g‘ussamizni?
Kuz qo‘ynida kim anglar bunda shahidligimizni bizning?

DARBADARLIK

Axir, nima istar qalblarimiz —
chehrasi oqargan ayollar va yig‘loq
bolalarga to‘la kemalarda
kezib darbadar,
zero na ucharbaliqlardek ucha bilarlar,
na machta tepasidagi yulduzdek
yarqirarlar?

Grammafon sadolaridan toliqib,
mubham qadamjolarga ruhsiz talpinib,
g‘uldirab o‘ziga til kalimasini,
neni istarlar?

Nima izlarlar bizning qalblarimiz
uringan dengiz matohlarida —
ko‘rfazdan ko‘rfazga kezib
sargardon?

Qoyalar girdida mudom to‘lg‘anib,
qayinlar hididan behol kun-bakun,
adadsiz dengizda charx urgan ko‘yi
nima istarlar?

Biz aniq bilardik — xuddi shu yerda,
oldimizda turgan yo‘lning ustida,
sal yuqori yo sal quyiroq,
yonginamizda —
go‘zal orollar bor edi.

OY QONI

Sening qoning muzlaydi ba’zan
sarhadsiz tun ichra qotgan oy kabi,
sening qoning oq qanotlarin yoyar
zulmat qoyalar va bolaligimizning xira yog‘dusi
quchgan bog‘lar, uylar ustida.

TOShGA DO‘NISh

Pushmondaman, barmoqlarim orasidan
oqib ketdi daryo,
ulgurmadim ichmoqqa tomchisini ham.
Endi men toshga do‘naman.
Qip-qizil zaminda mo‘jaz qarag‘ay —
undan bo‘lak do‘stim yo‘q mening.
Nimaniki sevdi, bari ketdi —
o‘tgan yoz qurilgan yangi uyim-la,
sovurar qolganin kuz shamollari.

O‘LIM OLDI

Ellar sarrinlik baxsh etmasa agar,
tobora qisqarsa sarvlar soyasi
va burilsa barcha yo‘llar tog‘ sari,
bizga yuk bo‘lajak
o‘limdan qo‘rquvchi do‘stu hamrohlar.

O‘LIKLAR VA TIRIKLAR

Biz otlandik o‘z rihlatimizga,
yiqilgan haykallar qoshidan o‘tdik,
xayollarga cho‘mib dedik, shunchaki osonmas
hayotdin ketmoq —
o‘limning o‘z osiy yo‘llari bor
hamda o‘z adolati;
biz, toshlar orasida qotib tosh kabi,
qahru ojizlikning iskanjasida
ko‘z yumayotgan daqiqalar, —
bir-bir chiqib kelar eski marhumlar
yuzlarida sokin jilmayish bilan.

TAJRIBA

Voqealar shu qadar shitob kechdiki,
eslab qololmadik ko‘p narsalarni,
ammo muhrlanmish xotiramizga —
bamisli oydin tun qo‘y qo‘rasida
sharpalar, o‘zimizdan-da g‘alati, bejo,
kezinar zirk daraxtining
qovjiroq barglari aro,

biz bilib qo‘ygandik taqdirimizni —
xarsang bo‘laklari aro sudranib,
uch ming yoki olti ming yil
titkilab birma-bir xarobalarni —
balki o‘z uyimizdir ular…
Lekin eplay olamizmi?

Biz zanjirbandligimiz va
tarqoqligimiz bois
omonat deb bilganimiz razil to‘siqlar
bilan kurasha-kurasha,
Yo‘lga chiqqan pajmurda,
so‘qir to‘dalar bilan
Marafon ko‘li botqoqlariga cho‘kayotganda
eplay olamizmi
o‘lmoqni hamma qatori?

TONG

Oz qoldi —
bodomlar gul ochar qiyg‘os,
marmarlar oftobda jilvalangaydir,
dengiz mavj urmoqda,

oz qoldi,
ko‘tarilmoq kerak yuksakka ozroq.

XABARChILAR

Biz ularni tanimasdik.
Faqat ichkin umid,
azal-azal taniysan, derdi.
Biz ko‘rdik ularni ikki bor,
so‘ng suzib ketdilar
ko‘mir, don ortilgan kemada
va g‘oyib bo‘ldilar ummon ortiga
u do‘stlarimiz bir umrga.
Tong bizni qarshilar —
xira chiroqning nuridan chizilgan
kema, suv parisi, chig‘anoqlar-la.
Kechqurun tushamiz daryo bo‘yiga,
chunki yo‘l bor unda ummonlar sari
Tunlar uxlamaymiz mum anqigan yerto‘lalarda.

Do‘stlarimiz bizni tashlab ketdi —
balki, bo‘lmagandir ular, balki
ularni ko‘rgandirmiz biz tushimizda —
olis to‘lqinlarga borib tutashgan;
balki izlaymiz ularni,
izlaganimiz bois o‘zga hayotni:
narigi tomonidan haykallarning.

* * *

Xabarchini —
kutdik biz uch yil,
qarag‘aylar, dengiz va yulduzlarga
telmurib nuqul.
Omoch tishi yoki kema pushtagiga aylanib,
yana ilk urug‘likni izlashga kirishdik,
eng qadim taraddud ishtiyoqida.

Biz uyimizga qaytdik, abgor,
ruhsiz-madorsiz,
lablarimiz zang va tuzdan chetnab.
Tongda turib shimol sari ketdik,
begonalardek, tumanda
oqqushlarning kumush qanotlaridan
ko‘zimiz qamashib.

Qish tunlari aqldan ozdirdi mashriq shamoli.
Yozning sertashvish kunlari butkul holdan toydik.
Va qaytdik mana shu noyob bir raftor —
temir qiyofa bilan.

MARMAR BOSh

Seni mahv etishgan objo‘y yodimda.

Men marmar boshimni tutgancha uyg‘ondim,
u qo‘limda edi, bilmasdim qayga qo‘ymoqni.
U cho‘mdi uyquga, men uyg‘ongan on
birlashdi taqdirimiz, ajralmas bo‘lib.

Men ko‘zlariga boqdim — so‘nib boruvchi,
so‘ylayman lablariga, hali tinmagan,
yonog‘in tutaman, etlari qochgan.

Qo‘llarim yo‘qolar va qaytar yana,
pajmurda, holsiz.

* * *

Seni uyqu barglari-la chulg‘ab olganda
nafas olar eding xuddi sokin nur ichra,
aks etardi zilol chashma mavjida yuzing,
qaboqlaring yumuq, mayin kipriklaring nam.
Barmoqlarim maysadagi qo‘lingni topdi
va tomiring urishini tuydi daf’atan,
yuragingning og‘rig‘i ham shundoq yaqinda.

Ulkan chinor soyasiga, ko‘m-ko‘k go‘shaga
tush yetaklab keldi seni va bunda tamom
borlig‘ingni har tomonga sochib yubordi,
bir qur quchmoq qiyin bo‘lur shu bois seni —
yuzingdagi qotib qolgan sukuting birla,
quchib olmoq qiyin bir qur o‘zga dunyoning
sharpalari aro sening ayro sharpangni —
o‘zini dam qo‘yib erkin, dam jilovlagan.

Biz yashadik o‘zimizga ato umrni.
Shafqat qil sen lekin, qora gulchambar taqib,
mahobatli chinorlarning kanoridagi
quduqlar va chuqur chohlar aro benajot
o‘z faryodin yolg‘iz tinglab o‘tirganlarga.

Shafqat ayla, biz-la manglay teri, ochlikni
birga baham ko‘rgan do‘stga, quyosh qa’riga
sho‘ng‘idi u, qarg‘a qora marmar tubiga
g‘arq bo‘lgandek, hech narsani qilmayin tama.

Bizga rixlat dunyosida halovat baxsh et.

Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari.