Marsela Delpastr (1925-1998)

Marsela Delpastr (Marcelle Delpastre) oksitan va frantsuz tillarida ijod qilgan. U 1925 yil 2 sentyabrda Germont shahrida tug‘ilganyu 1998 yil 6 fevralda vafot etgan.

ARMON

Biz zaminni sevolmadik,
Unga loyiq bo‘lolmadik.
Bo‘lsa hamki bargi ko‘rkam,
Sevolmadik daraxtni ham.
Er ostida ildizlarni,
Er ustida biz izlarni
Sevolmadik.

Sevolmadik –
Daryodagi quyosh aksin,
Dengizdagi to‘lqin raqsin…
Dilimizga bo‘lsa ham jo,
Sevolmadik ishqni hatto.
Er husniyu ko‘k yuzini,
Bulutlarning suzishini,
Yulduzlarning so‘nishini
Va qushlarning xonishini
Sevolmadik.

Sevolmadik –
Qoyalarning g‘ururini,
Soyalarning huzurini.
Olovlarning guvillashin,
Shamollarning uvillashin.
Bizni quchmoq bo‘lgan mahkam
Sadoqatli qo‘llarni ham –
Sevolmadik.

Bizlardagi mehr kuchi
Etmas yerda qolmoq uchun –
Biz zaminni sevolmadik…

Erkin Samandar tarjimasi