Termiziy Xoja Samandar Muhammad ibn Baqo (taxallusi: Samandar) (taxminan 1638, Termiz, — taxminan 1740, Qumqo‘rg‘on tumanidagi Qopto‘qay qishlog‘i) — tarixchi olim va shoir, ulamo va davlat arbobi. Termiz sayyidlari oilasida tug‘ilgan. Buxoroda Madrasa tahsilini olgan. Dastlab Narpayda qozilik qilgan (1660— 62). So‘ngra Sharq va G‘arb mamlakatlari, jumladan, Hindistonda darvesh sifatida yashagan. 1670 yillarda Buxoroga qaytib, Ashtarxoniylardan Abdulazizxon saroyida tarixchi (voqeanavis) lavozimida ishlagan. Subhonqulixon hukmronligi davrida saroyda uning nufuzi oshgan. Xiva xoni Anushaxon qo‘shinlari Buxoroga bostirib kelganida janglarda bevosita qatnashib, jasorat ko‘rsatgan (1678—80). Elchi sifatida qo‘shni mamlakatlarga borgan. Nasafda rais (muhtasib) diniy lavozimida ishlagan.
Termiziy fors-tojik tilida Qarshida «Dastur al-muluk» («Podshoxlarga qo‘llanma»; 1695) va Termizda «Anis ul-fukaro» («Fuqarolar do‘sti»; 1734) asarlarini yozgan. «Dastur al-muluk» asari Buxoro xoni Subhonqulixonga bag‘ishlangan bo‘lib, u muqaddima va 22 bobdan iborat. Kitob axloqiy-ta’limiy xususiyatga ega tarixiy va adabiy asar bo‘lib, unda davlatni boshkdrish to‘g‘risida podshoxlarga qimmatli maslahatlar mavjud. Asarda muallif yashagan davrda yuz bergan tarixiy voqealar: Buxoro xonlari qo‘shinlarining Xiva xonlari Anushaxon va Arangxon bosqinlariga qarshi olib borgan janglari, Movarounnahr va Xurosonda markaziy hokimiyatga qarshi ko‘tarilgan isyonlar va boshqalar bayon etilgan. Asar qo‘lyozmasi O‘zbekiston FA Sharqshunoslik instituti va Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik instituti fondlarida saklanadi. Asar rus tilida faksimilesi bilan (tarjimon M. Salohiddinova; M., 1971), tojik tilida (nashrga tayyorlovchi S. Halimov; Dushanbe, 1990), o‘zbek tilida (tarjimon J. Esonov; T., 1997) nashr qilingan.
* * *
Tarbiyadan tuproq gavhar bo‘ladi.
Nof ichra qon mushki asg‘ar bo‘ladi.
Qiymatsiz qora bir temirni iksir,
Tarbiya aylagach sof zar bo‘ladi!
* * *
O‘likdir hayotda hunarsiz kishi,
Hunarsiz bo‘lgandan o‘lgani yaxshi!
* * *
Go‘daklikdan yomon fe’lga o‘rgansa,
Yuz mehnat-la uni kam qilib bo‘lmas.
Yaxshi yo‘lga solay debon urinma,
O‘sib qotgan shoxni xam qilib bo‘lmas! .
* * *
Attor kabi bo‘lgin, chunonchi attor,
O‘zgalar dibosini qilar muattar!
* * *
Do‘sting uchun jonni fido aylagin,
Do‘stingni dushmandan judo aylagin.
Yaxshi ishga undar do‘sting har onda,
Yordam berar tashvish yetgan zamonda!
* * *
Xizmat haqin bilmaydigan kimsalarning xizmatin,
Qilma aslo kurmaysan na hurmatu, na maqtov!
* * *
Dushman so‘zlariga ishonsa kishi,
Pushaymon tortishdir oqibat ishi!
* * *
Dushmanga ishonmoq samarasi g‘am,
G’aflat tuxmin ekkan tortajak alam!
* * *
Dushman agar do‘stlik lofini ursa,
Aql sohiblari sanamas hech do‘st.
Ilon ilonlikcha qoladi doim,
Teri o‘zgartirib, tashlasada po‘st!
* * *
Dushman ishi avval hiyla-yu nayrang,
So‘ng hujum boshlaydi, qiladi garang.
Bu selning yo‘llari tusilmasa gar,
Yuzlanar behisob fitna-yu zarar.
Fitna yo‘lin bugun tusmasang mahkam,
Ertaga kuchayar bo‘lib mustahkam!
* * *
Dushman qasd aylasa yo‘qotmoq uchun,
Oqil bo‘lsang jiddu-jahd ayla tamom.
Maqsad hosil bo‘lsa baxtga yetarsan,
Aksi bo‘lsa, ma’zur tutarlar mudom!
* * *
Dushman zararidan bo‘larsan omon
Mozorga chiroq yoqilgan zamon!
* * *
Botir bo‘l, maydonning sohibi — botir,
Tulki dadil bo‘lsa sherni qulotir!
* * *
Insonning sharafi aqldan mahkam,
Undan obro‘ topar har qanday odam!
* * *
Do‘sting bo‘lsa agar beaql, nodon,
Undan oqil dushman yaxshi ming chandon!
* * *
Dono bilan zindon ichida xurram,
Nodon bilan hatto bo‘ston jahannam!
* * *
G’ariblikni endi xavas qilmayman,
Do‘stlar diydori-la bo‘lish ko‘p xushdir.
* * *
Uyida yuragi g‘ussaga to‘lgan
Kishiga hammadan yaxshisi safar.
Safarkim qanchalar og‘ir bo‘lmasin,
Uyda siqilishdan yaxshiyu, behtar!
* * *
Vatanni tark etmoq xazil ish emas,
Bu ish uchun har kim tob beravermas!
Judolik daraxtdir bargi yo‘q, yolg‘iz,
Bargi bo‘lsa hamki, ammo mevasiz.
Bugun ayriliqdan yuragim giryon,
Aziz yerni qo‘ldan chiqarib hayron.
Na ko‘zda uyqu bor, na dilda rohat,
Azob o‘ti barin aylamish g‘orat!
* * *
Pokiza insonlar kurmaydi xorlik,
La’l ham kondan chiqib, zarga yetishdi.
* * *
Jondan kechib maydon sari surgan ot,
Baxtu-iqboliga bo‘larsan muyassar!
* * *
Burgut kabi javlon urib sayr qil,
Boyo‘g‘lidek tokay joying vayrona?!
* * *
Nomusdan afzalroq bo‘lsa agar bosh,
Sallamas chimmatni yopingin, ey yosh!
* * *
Tinchlik istasalar, tinchlikdan kechma,
Jangga talab qilsa yuz burib qochma!
* * *
Hilm tig‘i po‘lat tig‘dan o‘tkirroq,
Hilm yuz lashkarni yengar beyaroq!
* * *
Terlar chiqdi yuzingga qilgan nasihatimdin,
Mendan xafa bo‘lmagin, obro‘yingni uylayman.
Yomon bilan kam o‘tir, desam terga g‘arq botding,
Kelajaging o‘ylab men haq gaplarni so‘ylayman!
* * *
Mushkul hodisani ko‘rsa xiradmand,
Bu mushkuldan qo‘li bo‘lib qolsa band.
O‘z aqliga o‘zga aqlin qilar yer!
Aql hal qilmoqqa bo‘lar madadkor!
Yolg‘iz shamdan xona bo‘lmasa ravshan,
Boshqa shamlar yonar bu shamdan!
* * *
Kimki hasad o‘tin yoqsa jahonda,
Bu o‘t uning o‘zin quymas omonda!
Hamidjon Xomidiy tarjimalari