Nodir so‘z san’atkori, murshidi komil, ulug‘ shoir, mutafakkir alloma, orif oshiq, Mavlaviy-Jununiy (مولوی جنونی) hijriy-qamariy 1216, milodiy 1800 yilda Afg‘oniston mamlakatining Qandahor viloyatida ziyoli xonadonda dunyoga kelgan. U zotning shajaradagi nisbasi hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom xonadonlariga borib taqaladi.
Shoirning asl ismi Sayyid Nasimxon Qalandarshoh ibn Shoh Sohib bo‘lib, Mavlaviy-Jununiy degan unvon u zotning ruhoniyat olamidagi martabasiga ishoradir va she’riyatdagi taxallusidir. Ba’zi asarlarida Nodiriy taxallusini ham qo‘llagan. Shoir bolalik chog‘larini otasi huzurida islomiy-ma’rifiy ilmlar tahsili bilan o‘tkazadi. Keyin Buxoroi sharifda ko‘p yillar ta’lim oladi. Shu davrda ma’naviy kamolotga erishib, Mavlaviy unvoniga sazovor bo‘ladi.
So‘ng otasi bilan eski Termiz, bugungi Surxondaryo viloyatining Chag‘aniyon, hozirgi Denov shahriga ko‘chib kelib, shu yerda muqim yashab qolishadi. Otasi Denovda vafot etadi. Shoir asosan fors tilida ijod qilgan bo‘lib, turkiy-o‘zbek tilidagi yagona “Zavq ul-muhib” dostonini bugungi O‘zbekistonning janubida – Denov shahrida ta’lif qilgan. Shundan keyin shayx va shoir Hisor vodiysidagi Rohatiy qishlog‘iga ko‘chib o‘tadi va umrining oxirigacha o‘sha yerda yashab qoladi. Hijriy-qamariy 1295, milodiy 1877 yilda 77 yoshda dunyodan o‘tadi. U zotning fayzli maqbarasi dil ahlining qutlug‘ ziyoratgohiga aylangan.
Mavlaviy-Jununiy zullisonayn, ya’ni ikki tilli shoir bo‘lib, fors-tojik va turkiy-o‘zbek tillarida ravon ijod qilgan. Asarlarining sanog‘i o‘n bittaga yetadi. Ammo bugungi kungacha shoirning aniq yettita asari saqlanib qolgan.
* * *
Ey hovuch tuproq, bu holingga tamanno na kerak?
Ustuxon to‘da o‘zingsan, bo‘yla g‘avg‘o na kerak?
Bir kuni shahlo ko‘zingni ul qabr mo‘rchasi yer,
Oina yuziga har lahza tomosho na kerak?
Asling ul qatra maniy, sanga manmanlik nechun?
Kelganing peshob yo‘lidur, kibru havo na kerak?
Laxta ul jiyfa o‘zing, husnu jamoling u sabab,
Eshiging tufrog‘u bo‘l-u, katta havo na kerak?
Lavhi dilni yuvgil ag‘yordin, tutib Yor etagin,
Bas, Aning ishqi varog‘iga muammo na kerak?
Oshiqi sodiqdin ishq shaydo ko‘ngul aylar talab,
Dilni tug‘yonu jahonga etma shaydo, na kerak?
Bu o‘lik ko‘nglingga bir lahza hayot topg‘il, axir,
Tolibi dil bo‘lmasang, azmi Masiho na kerak?
Zud bu kun erta ishin aylaki, fursat o‘tadur,
Ertaga qo‘ymoq bu kungi ishni, evoh, na kerak?
Ikki zid: foniy va boqiy, chun singil bo‘lmas nikoh,
Gar baqo etsang talab, senga bu dunyo na kerak?
Bilki, Lohut olaminda bul Jununiy sayri bor,
Soliko, sayringga ul arshi mu’allo na kerak?
* * *
Har hosileki bordur, zi sho‘ri muhabbatdur,
Ko‘ngilni saqlagilkim, ul Turi muhabbatdur.
Tungi zikr ila sahar vaqtidagi nadomat,
Zavq ahliga bu vaqti zuhuri muhabbatdur.
Oshiq kelar yig‘iga, zoru zor nola etgay,
Bilgilki, vaqti fayzi huzuri muhabbatdur.
Goh na’ra tortgayu dil, goh dardi dud ichinda,
Ko‘ngilki shu’la urgay, tanuri muhabbatdur.
Do‘st vasli zavqi birla ul barchadin behojat,
O‘zidin foni bo‘lmish, g‘ururi muhabbatdur.
Oinadil insonlar ko‘ngilga berur sayqal,
Har dilki ravshan o‘lg‘ay, bu nuri muhabbatdur.
Yarim bismil qush kabi gohida dil pitirlar,
Qalbning qiyomatida bir suri muhabbatdur.
Ayb o‘lsa ham, gohida mastona na’ra qilgay,
Ma’zur tutg‘ilki oni, ul ko‘ri muhabbatdur.
Jununda bordur Oning sho‘rlig‘larining ishqi,
Qolipdadur toki jon, bu sho‘ri muhabbatdur.
* * *
Bo‘lsin tanu vujudu dilu jon fidoyi ishq,
Ko‘niqdim dardga, zinhor izlamam davoyi ishq.
Ahli darddin nolai dilso‘z tinglagayman,
Chiqar ko‘nglim dog‘laridin sadoyi ishq.
Ko‘ngil ishq otashining tanuridur, shu’lalig‘,
Ikki kavn zulmatida kelmasin judoyi ishq.
Yuz Xusraviy toj erur, asiriman kulohin,
Kulohim sindiribman, ki menman gadoyi ishq.
Bulbul gul gunchasi ishqida nola aylar,
Har oshiq nola birla topg‘usi navoyi ishq.
Do‘st yuzining oinadori bo‘lar, begumon,
Har dilki, topsa vahdat yo‘lida safoyi ishq.
Har xokisor kimsa gar ko‘ysa bu dog‘ni dilga
Bo‘lg‘ay, Junun, hashr aro ul zeri lavoyi ishq.
* * *
Oshiq agar ko‘nglimiz sari bir nazar qilur,
O‘q erur o‘shal nigoh, nishoni jigar qilur.
Oinadir sohibdil, ul yuzma-yuz bo‘lganda,
Jomi jahonnamodur, maqsadni xabar qilur.
Ul kimiyo sari tez shitob et, hovuch tuproq,
Bir nigohda ul hovuch tuprog‘ingni zar qilur.
Tun qiyomat tongining jilvasiga intizor,
“Oh” o‘qi birla gardun siynasin sipar qilur.
Yakdil bo‘lib, yakto Zot dargohiga tutib yuz,
Ikki eshikli foniy saroydin hazar qilur.
Gohi Majnun vodiysi tomon iztirob ila,
Mushtoq bo‘lib, u dilso‘z noladin safar qilur.
Ko‘ngilga shu’la urgan pinhon otashedur,
Mehrobni qonli ko‘z yosh yomg‘iridin tar qilur.
Bu makondan tez ko‘ngil etagini yig‘ishtir,
Ul avji lomakonda himmatdin maqar qilur.
Yusufsifat, og‘olar ranjidin ko‘ngil pora,
Mahzun bo‘lib Jununiy fig‘oni padar qilur.
* * *
Ey, mo‘minlar, yuzingiz ba so‘yi Ahad qiling,
Bu kun ko‘p fikri xobi to‘shayi lahad qiling.
Erta ajalning o‘qi, axir, yetgaydur shitob,
Ushbu dam g‘animatdur, fidoyi Samad qiling.
Shayton ila nafs ruhning mulkini xarob etdi,
Azizlar suhbatidin ruhlarga madad qiling!
Yuvg‘uvchi o‘lik tanni chala yuvmasdan avval
Alloh zikri suvidin tanni pok jasad qiling.
Erta minglab tugunlar adaddan ortiq bo‘lur,
Bas, ushbu kun bandalik fikrin beadad qiling.
Bandalarga yaxshilik Allohning amri bo‘lmish,
Xulqi bad kimsalarga, demam: so‘zni bad qiling.
Mayl aylasa nafs agar mahrumligu g‘ururga,
Junun der: anga shayton qissasin sanad qiling!..
* * *
Hamisha o‘rnini, bilsang, dilu jon qil muhabbatni,
Va joyin suhbatu fayzi azizon qil muhabbatni.
Ko‘ngilning bir tanuridin necha ming xomro‘y pishgay,
Shu vaj aytgumki, sarfi nuri irfon qil muhabbatni.
Zikrdin ishq qozonini chu zokir ko‘ngli qaynatgay,
Ki, sen ishq fayzidin ko‘ngilda jo‘shon qil muhabbatni.
Tun ortidin yetar solik qo‘li vaslin etogiga,
Sahar g‘avvosi jo‘shi bahri G‘ufron qil muhabbatni.
Qo‘lingdin kelsa gar, fayzdin bu ishqning pokbozi bo‘l,
Ko‘ngil yumnidin hargiz pokdomon qil muhabbatni.
Agar to‘ymas esa shaydo ichibon ishq jomidin,
Urinmoq avji-la sen mavji to‘fon qil muhabbatni.
Talablar ko‘katin ko‘ngil zaminidin quritma hech,
Ki, har bir tola kiprik-la seli boron qil muhabbatni.
Kelur har boshga minglab dard, o‘shal kun kelmayin, tanho
Tabibi hoziq o‘l o‘zga va darmon qil muhabbatni.
Fors tilidan Mirzo Kenjabek tarjimasi