Yoxannes Barbarus (1890-1946)

Yoxannes Barbarus (est. Johannes Barbarus; asl ismi Yoxannes Vares, est. Johannes Vares) — eston shoiri va yozuvchisi, siyosiy arbob. Estoniya hukumati Bosh Vaziri (1940).

ESTON YuRAGI

Dushmanlar taladi seni necha bor,
Joningga qasd qilib, yoqangdan ushlab.
Eng so‘ngra fashistlar, ey aziz diyor,
Bor-yo‘g‘ing oldilar qirib, qirtishlab.

Ammo bor senda bir ko‘hna xazina,
U yashar umrbod, yo‘qolmas mangu;
U qasos chog‘ida dushman ko‘ziga
O‘q bo‘lib qad alur, qalbiga og‘u.

Bu ko‘hna xazina – eston yuragi,
Sevishda – ulkan-u, nafratda – dahshat.
Bobolar qoni ham unda yuradi,
Bu kunga baxsh etib mador, muhabbat.

Bu yurak hamisha mag‘rur, ulug‘vor,
Jang chog‘i zafarga cheksiz ishonchi.
U jangga kiradi dadil, shiddatkor
Va yovni tashlaydi ezg‘ilab, yanchib.

Hech kimsa, hech qachon yengmagan uni
Asrlab tarixlar kechgan bo‘lsa ham.
Xalq topdi u bilan o‘z iqbolini,
U aslo yengilmas, hamisha bardam.

O, yurak! Bugun ham har qachongiday
Mag‘rursan, ulug‘vor, shiddatkor g‘olib.
Ruxsat et she’rimga seni kiritay,
Sen uni isitgin bag‘ringga olib!

Shuhrat tarjimasi