Viyvi Luyk (1946)

Viyvi Luyk (Viivi Luik) – taniqli eston shoirasi va adibasi. 1946 yil 6 noyabrda Estoniyaning Vilyandi shahrida tug‘ilgan. Ilk she’ri matbuotda 1962 yilda chop etildi. Tabiat mavzusiga oid she’rlari jamlangan ilk to‘plami “Bulutlar bayrami” nomi bilan 1965 yilda nashr etildi. 1970 yillardan boshlab she’riyat, adabiyot muxlislari orasida tanilib, ijtimoiy hayotda ham foal ishtirok eta boshladi. 1985 yilda “Ettinchi osuda bahor” nomli liro-psixologik romani eston adabiyotida ancha shov-shuv bo‘ldi.
Viyvi Luyk Boltiqbo‘yi xalqlari adabiyotida ajoyib shoira sifatida keng shuhrat qozondi.

***

Menda jasorat yo‘q, yana yetishmas
Eng zarur lahzada qat’iyat biroz.
O‘zimga ishonch yo‘q,
yo‘qolgan tamom,
Ezgu orzu-niyat, umid va havas.
Bilaman,
Men yurar yo‘llar mashaqqat,
Kunduzlarim rangsiz, jilosiz, so‘nik.
Har kuni charchoqdan quriydi ilik.
Ming shukrki, ammo bor ikki qo‘lim,
Qo‘limda qalamim, ko‘zimda nurim,
Va ko‘ksimda otashin yurak.
Bilaman,
Boshqalar mendan-da qashshoq,
Ularda mendagi qalam yo‘q, dard yo‘q,
(Mayli, bu unchalik muhimmas, biroq),
Muhimi, ularning ko‘plari hatto,
Ko‘zsiz va yuraksiz bo‘lsalar-da, oh,
O‘zlari bu gapdan bexabar, gumroh.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi