Lidiya Koydula (1843-1886)

Lidiya Koydula (Lydia Koidula) – eston mumtoz adabiyotining taniqli namoyandasi. Shoira, dramaturg. U Estoniyaning Vyandre shaharchasida adib va jurnalist, o‘qituvchi oilasida tug‘ildi. Shahardagi qizlar Oliy maktabida o‘qib, uy o‘qituvchisi bo‘lib yetishadi. Otasi ochgan gazetada xizmat qiladi.
Adabiy faoliyatini nosir sifatida boshlagan bo‘lsa-da (birinchi hikoyasi “Tegirmonchi va uning qaynonasi”), ammo haqiqiy shuhrat, obro‘-e’tiborga u she’rlari tufayli erishdi. Uning vatan, tabiat, tug‘ilgan yurtning go‘zal, betakrorligi haqidagi she’rlari eston she’riyatining mumtoz namunalaridir. Shuningdek, u eston milliy dramaturgiyasining asoschisi hisoblanadi. Ko‘plab she’rlari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan, eston xalqining milliy o‘zligini anglashida beqiyos xizmatlar qilgan.

TUG‘ILGAN UY

Ko‘chamizning huv chekkasida
Devor turar, oldi maysazor.
O‘ynar edik shu yerda bizlar
Maysazorda chopqillab takror.

Gul teramiz, toshlar otamiz,
Goh solamiz rosa to‘polon.
Bobom kelib qo‘limdan tutib,
Sudraguncha meni uy tomon.

Men devordan bo‘ynimni cho‘zib,
Boqqim kelar: u yoqda kim bor?
Bobom kular: “Shoshilmasang-chi,
Ko‘rarsan-da, hali vaqting bor!”

Dengiz, dala, kentlarni so‘ng-so‘ng
Ko‘raverdim vaqt yetib bir-bir.
O‘sha ko‘cha, tug‘ilgan uyim
Hech esimdan chiqmas negadir…

MUHABBAT GULI

Yuragingda o‘smagan bo‘lsa,
Muhabbat deb atalgan bir gul.
Bu pokiza tuyg‘u bobida
Yaxshisi shu: gapirmay turgil.

Sevib qolsang (bu-ku turgan gap),
Naq jannatga aylanar olam.
Ko‘z oldingda chor atrof yashnab,
Gullar dala, tog‘u toshlar ham.

Birgina tun kifoya bilsang,
Ochiladi muhabbat guli.
Sabr ila kut, sening uchun ham
Tong otadi albatta hali.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi