Arvi Karlovich Siyg (est. Arvi Siig; 8 noyabr 1938, Tallin – 23 noyabr 1999, Tallin) — eston shoiri, tarjimon, muharrir, publitsist. Estoniyada xizmat ko‘rsatgan yozuvchi (1986).
TUNDAGI ChIROQLAR
Ajib tuyg‘ularga chulg‘anib teran,
Tunlar talpinaman ularga besas.
Qalbim yalangoyoq o‘tar qirlardan,
Toshloqlar ustidan va og‘riq tuymas.
Tundagi chiroqlar — u olis inson,
Tundagi chiroqlar — sen suygan siymo.
Ular misli ayol nigohi giryon,
Etolmassan ma’sum siriga aslo.
Maqsadsiz, omadsiz yurgan chog‘larim
Qutqargan shu’langiz meni necha bor.
Shunda anglaganman — umr gavhari,
Eng ezgu umidlar sizda, betakror.
Chorlamasaydingiz siz agar tunlar,
Yonmagan bo‘lardi dilda shan xayol.
Taratmasaydingiz milt-milt uchqunlar,
Qismatlar tuymasdi — nimadir iqbol.
Lozim ersa agar beadad bardosh,
Men sabr qilgayman undan ortiqroq.
Siz borsiz — zulmatda to‘kmasman ko‘z yosh,
Siz borsiz — pisandmas menga g‘am-firoq.
OQShOM QO‘ShIG‘I
Oftobning selidan qamashadi ko‘z!
Xush, salkin go‘shalar go‘yo zim-g‘oyib.
Faqat kechga borib labingdan shu so‘z
Uchadi: kun o‘tdi biram ajoyib!
Bulut bosib kelar, yetilgan pichan,
O‘rmasa vaqtida dehqon yer dakki.
Pichan ham o‘rilar. Shunda der dehqon:
«Bu yil yoz har holda bo‘lmadi chakki!»
Bog‘bon bog‘ qo‘ynida kuymanar yakkash,
Ortib tashvishlari, zahmati chandon.
Der u, so‘nggi meva terib olingach,
Bu yil hosil cho‘g‘i bo‘lmadi yomon!
Kelajak ko‘z tikar bizga goh paytda,
Nima desa deydi — uning o‘z ta’bi.
Koshki u biz haqda shu so‘zni aytsa:
«Har holda bu asr yomon o‘tmadi!»
KUNDALIKDAN SAHIFA
Chang-to‘zon. Sayyohlar to‘dasi. Tongdan
Qizdirar borliqni oftob tobida.
Qizimni o‘zim-la olvoldim mudom
Uning uchun bayram — baliq oviga.
Asfalt arzandasi, mening ko‘z nurim
O‘tloklarni ko‘rib yayradi alhol.
Bir muddat u karaxt dovdirab turdi,
So‘ngra oq qayinni quchdi unsiz, lol.
U qalbin ilk bora angladi balki,
Kafti-la siladi qayin po‘stlog‘in.
Bir payt kiprigiga yosh chiqdi qalqib,
Karmoqdagi baliq yig‘latdi chog‘i.
Qizim o‘ltirarkan xayollar ichra
Bexos yuragimni tildi bir huzun.
Gulxandagi taom qaynagunicha
Payqadim men uning ulg‘aygan yuzin.
Shaffof qalb nechunki ilg‘ay olmasin
Turfa zamonlarni titratgan ruhni —
Qonda gupuruvchi ajdodlar sasin,
Shu moviy suvlarni, zangor shukuhni.
Men ham o‘sgandekman… Lekin ters tomon,
Qizim bolasiga aylandim go‘yo, —
«Sovqotmadingizmi?» deb so‘ragani on,
Birdan mehri iyib ketib shu asno.
Nechuk sovqotayin — yuragimda g‘am,
Dunyo sirin o‘ylab dilimda xunlar.
Oydin kengliklarga lov-lov gulxandan
Hurkak tulkilardek sachrar uchqunlar.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari