Nodir Nodirpur (1929-2000)

Eron she’riyatida o‘ziga xos tasvir uslubiga ega iqtidorli shoir Nodir Nodirpur (نادر نادرپور) Tehronda tug‘ilgan. Parijning Sarbonna universitetida frantsuz tili va adabiyoti yo‘nalishida o‘qigan. Eronga qaytib, ma’lum muddat Madaniyat vazirligida, so‘ng “Hunar va mardum”, “Naqshu nigor” jurnallarida ishlagan. 1972-1978 yillarda Eron radiosi va televideniyesida ishlab, zamonaviy adabiy jarayonlar haqida ko‘plab eshittirish va ko‘rsatuvlar tayyorlagan. 1980 yildan 1986 yilgacha Parijda yashab, o‘sha yillarda Frantsiya yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zoligiga saylangan. 1986 yildan Amerikada yashab, ijod qilgan va shu yerda vafot etgan.
Uning bir necha she’riy to‘plami, jumladan, “Ko‘zlar va qo‘llar”, “Jom qizi”, “Uzum she’ri”, “Quyosh surmasi”, “So‘nggi shom”, “Yolg‘onchi tong”, “Tanlangan she’rlar”, “Mukammal she’rlar devoni” nashr etilgan.

TAQDIR

Ali Firo‘zobodiyga

Famga botdim hayot bergan soboqdan,
Qayg‘urdim, berganda qudratni, kuchni.
Tiriklikning keksa tojiri sotgan
Tan ashqoli menga qimmatga tushdi.

Ko‘z yumayin desam, tilimni tiyib,
Afsuski, toqatim yetmadi bir dam.
Pinhon dard qonimda uyg‘otgan g‘azab
Telba edi qoplon g‘azabidan ham!

Bir g‘azab, so‘zlarim, kulgularimda
Kuyib ketgan quyosh o‘tiday oshkor.
Gul kosasin har bir darzidan toshib
To‘kilar u buloq boshidan bedor.

Tiriklik o‘limdan judo bo‘lmagan
Parishon holimga bandaman bukun.
Goh ajaldan qo‘rqqan, gohi xotirjam,
Goh o‘zdan ozod, goh o‘ziga tutqun.

Nechun kelding, o‘zdan bezorman, axir,
Nolim, men o‘zdan noligan nayman.
Mumdan ham muloyim edim, ushbu kun
Na unday, na bunday, na o‘shandayman.

Kun-kecha chertardim ko‘nglim sozini,
Jimjit yuragimni tirnayman bukun.
Kechagi shodligim kuychisin bag‘ri
Bukun to‘ldi g‘azab, g‘avg‘oga butun.

Yo kelib ketarman bunda bir umr,
Yo muqim emasman o‘z Vatanimda.
Taqdirim shul, orom olarman, faqat,
O‘z tobutim ichra o‘z kafanimda!

QUYoSh QAYFUSI

Ko‘chalar to‘lgandi bahor atriga,
Tarqalgandi shabnam g‘ubori birdan.
Mast va tashna tuproq uyqu so‘ngida
Bir kosa ichgandi tungi yomg‘irdan.

Barglar so‘lagiga bomdod quyoshi
Issiq malham kabi tomardi dilgir.
Quyosh shimardi gul badanidagi
Tungi yomg‘irlarning dog‘ini bir-bir.

Yotardi maysalar ichra ilonday
Bahorning hididan mast-alast bo‘lib.
Qaboqlar qatidan quyosh yog‘dusi
Billur ko‘zlarida tovlanib, to‘lib.

Uyquga to‘ymagan bir juft ko‘zidan
Shirin xandalari tomardi tim-tim.
Gulgun sharob yanglig‘, tomirlarimda
Kezardi quyoshning qaynoq qoni jim.

U bo‘sam shavqidan devona edi,
Bo‘sasin dog‘ida kuyar edim men.
Changallab chamanning yashil baxmalin
Yirtardim yo uni ular edim men.

Ikki tishim bilan tishlardim yuzin,
Namchil yuzida bor edi sho‘r ta’mi.
Quyosh, tuproq ta’min eslatar edi
Lablari, pishmagan maymunjon kabi.

Tong qushin patiday mayin shabada
Qo‘lini taniga ishqardi shaydo.
Ko‘ksi mavjlanardi dengizday, mastlik
Oromin ko‘pikdan qilgandi paydo.

Ko‘ksining jomiga boshimni egib
Hidladim, ho‘pladim undan bir qultum.
Unga soya soldim, soyamni tashlab
Osmon nigohidan yashirdim bir zum.

BEShIKDAN QABRGAChA

Bir juft qaro ko‘zing beshigida men
Orom olar edim bolalik chog‘i.
Go‘yo men yaralgan zulmat qa’rida
Yog‘du sochar edi ishqing chirog‘i.

Yuzimga to‘kilsa enaga sochi,
Atring shabadasi esardi mayin.
Unga to‘qinganda nigohim o‘ti,
Undan sen tomonga kelardi tayin.

Ertak so‘ylaganda tunlar, qulog‘im
Ostida ovozing sado berardi.
Boshidan bir tola sochin yulgan chog‘
Go‘yoki, har tola soching terardi.

Yovvoyi va shirin bo‘salarida
Bo‘salaring ta’mi bor edi pinhon.
Issiq va yoqimli qayg‘ularida
Qaynoq ko‘z yoshlaring bor edi giryon.

Juftim eding, bizni bir-birimizdan
Ayirdilar, seni mendan qizg‘anib.
Ko‘rib o‘ksi-o‘ksib yig‘laganingni,
Tag‘in chorladilar nomingni aytib.

Senda «u»ndan o‘zga yo‘q edi bir nom,
Umr bo‘yi «u»ni aylading ta’qib.
Seni topolmayman «u»siz hech qachon
Va xom xayolingga qoldim o‘rganib.

Har tal’at husnida va jamolida
Bo‘lardi ul tanish chehrang namoyon.
Ishq bulog‘i toshgan har bir yurakda
Dilrabo aksingni ko‘rardim ayon.

Huzurimdan qayga bo‘lding ravona,
Men uchun yaralgan bo‘lsang sen agar?
Ayt, nechun yo‘lingga intizor bo‘lgan
Mening ko‘zlarimdan aylading hazar?

Ushbu kun umrimning o‘rtasidagi
Umidim quyoshi boqar umidvor.
Ortidagi yo‘lga termulib hayron,
Mung‘ayib o‘ylaydi, oldinda ne bor.

Sen ham, oh, ey, ko‘nglim qamragan kimsa,
Yaproqsiz shox kabi behamalmiding?
Ey, sen, murg‘ak umid, manguligimning
Egizagimiding, sen ajalmiding?!..

UZUM ShE’RI

Abulhasan Najafiyga

Nima deysiz?
Uzum donasidagi
Yig‘ilgan lazzatning qaydadir boshi?
Qayerda bol bo‘lsa, ko‘z yoshi bordir,
Keksa va ozurda bog‘bon ko‘z yoshi.
Tunda yo‘l axtargan tolib, turtinib,
Tonggacha ko‘z yummay bedor, beuyqu,
Qomatini egib soch gajagiday,
Toklarni sug‘organ bog‘bon yoshi u.
Bu bol – ko‘z yoshining yog‘dularini
Har dona qalbiga taratgan bir-bir,
Har shingil tanini dil qoni bilan
Parvarish aylagan bog‘bon yoshidir.

Nima deysiz?
Uzum donasidagi
Yig‘ilgan asalning qaydadir koni?
Qayerda bol bo‘lsa, u yerda qon bor,
Keksa va ozurda bog‘bonning qoni.
Siz ham, ey, ash’orim xaridorlari,
She’rlarimni qo‘lga kiritmang oson.
She’rim shingili,
So‘z donasidagi
Bol, sharbat – ko‘z yoshim, dildan oqqan qon.

Qayerda bol bo‘lsa, ko‘z yosh bor, qon bor,
Sharob deb bildingiz qayerdan, kimdan?
Shunchaki mast emas, qonimdan mastsiz,
Ichgan qoningizdan,
Yurak qonimdan.
Har kalom – men yurak qa’ridan tortgan
Dodimdir – aylangan dil azobiga.
Har she’r
To‘lib-toshib oqqan daryodir,
Daryodir – limmo-lim qon sharobiga.

Qayerda bol bo‘lsa, bordir ko‘z yoshi,
So‘zning donasi bor, aytilgan dildan.
Lablaringiz bilan donasin ezib,
Boshini chaynamang osonlik bilan.
Men uchun bus-butun qon kosasi bu,
Menga bu – ko‘z yoshi to‘lib turgan jom.
Juda oson qo‘lga kiritmang uni,
Uni osongina sipqormang mudom.

TAShNALIK

Ketdik yolg‘iz qolib ketgunga qadar,
Hech kimga qaramay, birovdan tonib.
Kuz quyoshi hanuz kun o‘rtasida
Bizni yondirardi, o‘zi ham yonib.

Suv qaynardi ariq tomirlarida,
Tashnalikdan lablar qaqrardi nuqul.
Tanimizni emib terlagan quyosh
Yondi boshimizdan oyoqqa dovur.

Shoxlarning qurigan barmog‘i ba’zan
Sochidan bir tola yulib olardi.
Gohida bir tashna yaproq yaraqlab,
Uning etagiga chovut solardi.

Terimning ostida qo‘zg‘algan qonim
Yorishardi issiq tanimda kezib.
Har titroq, bolg‘aning qattiq zarbiday,
Xasta vujudimni tashlardi ezib.

Bag‘ir edi uning istagi butkul,
Xira ko‘zgusida ko‘rardim ayon,
Ko‘rardim, ko‘zining tevaragida
Qadim istaklari porlardi hamon.

Ruhi tushkun edi, xatarli edi,
Ko‘zi kulib turar edi gohida.
Nish otardi uning ko‘krak g‘unchasi
Ko‘ylak ichra, havas ishtiyoqida.

Quyoshli tepalik tagida salqin
Soya solgan tollar yotardi o‘sib.
Shox bilan o‘radik atrofimizni
Nomahram nigohdan pardaday to‘sib.

Bilagi bo‘ynimga morday chirmashdi,
Bir titroq uyg‘ondi bor badanimda.
Qo‘lim siqib turgan issiq qo‘llari
Mumday erib ketdi barmoqlarimda.

INTIZOR

Farhang Arjmandga

Men kimni zor bo‘lib kutaman endi?
Zero, ko‘rgim kelmas hech bir kimsani.
Kecha ne-ne orzu-havas bor edi,
Bukun o‘sha orzu-havaslar qani?

Hayotim zindonim edi qop-qora,
Qattiq devorlari berardi azob.
Umrimni sovurdi safsata bilan,
Zulmati jonimni ayladi xarob.

Yo‘qolgan bir qo‘shiq bor edi menda,
Hech kim kuylamadi or-mehri qo‘zib.
Hech kim borligimni va o‘zligimni
Tanimadi bir bor yaratib qo‘yib.

Dardlarim ko‘p edi, men aytolmagan
Dardlarim yurakda qolib ketdi jim.
Kuylaganim barii behuda edi,
Nima qilib berdi o‘sha kuylarim?

Aybim nima edi, so‘rmadi hech kim,
Hech kim gunohimdan bermadi xabar.
Qaro qismatimga ming la’nat bo‘lsin,
Qismat deganlari shu bo‘lsa agar!

Ey, ajal, ey, olis-olisdagi tong,
Men sening yo‘lingga uzoq qaradim.
Tezroq kel, bu zulmat bag‘ridan chiqib,
Tezroq kel, tezroq kel, ey, bedaragim.

BEGONA

Yashashdan maqsadu muddaong ne deb
Agar mendan bir kun so‘rab qolsa kim,
Men unga aytaman, qo‘rqsam o‘limdan,
Yo‘kdir tiriklikdan o‘zga bir yo‘lim.

Elkamda tiriklik yuki bor edi,
Ko‘z ochib, dunyoga boqsam ilk bora.
Yaratdilar istak-ixtiyorimsiz,
Qoldirmay yashashdan boshqa bir chora.

Bu yerda notanish bir mehmon edim,
So‘z ham qotmas edi begonalarim.
Kimga boqmay, mendan bexabar edi,
Yo‘q edi mening hech kimdan xabarim.

So‘zlarimga quloq solmadi birov,
Hech kim botinimga qo‘ymadi qadam.
Tiriklik atalgan bu cholg‘u bilan
Hech kim kuylamadi qo‘shig‘imni ham.

Zohirim – botinim holidan g‘ofil,
Biri xomush edi, bittasi so‘zon.
Yuzimda oromdan niqob bor edi,
Pinhon edi niqob ortida to‘fon.

Hamma dedi: Ko‘zing kattaroq ochib
Qara, jahon – go‘zal, shodligimizdir.
Bilmayman, bu so‘zlar rostmi yo yolg‘on,
Bilaman, aybimiz – borligimizdir.

Ne foyda oy, quyosh porlaganidan,
Gar baxsh etolmasa ko‘zlarimga cho‘g‘.
Bu hayotda quvonch bor bo‘lsa agar,
Hayot quvonchidan o‘zga g‘amim yo‘q.

FUSSA

Ey, jahon! Jozibang yo‘qoldi butkul,
Jalb etmas quyoshing sochgan jilvasi.
Na zarin nur porlar shafag‘ing uzra,
Na tovlanar qirmiz tonging shu’lasi.

Ey, jahon! Famlaring qiynagay meni,
Bir azob, ayonmas boshi, kanori.
Bir qayg‘u, butunlay qadrin yo‘qotgan,
Bir g‘ussa, yo‘q uning qurbi, madori.

Bir payt go‘zal eding hozirgidan ham,
Afsus, avvalgiday maftun qilmassan.
Qaritding, o‘zing ham keksayding, jahon,
O‘tib ketgan umr qadrin bilmasdan.

Osmonlar safarga chorladi seni,
Kunlar, umidlarim o‘lganda hazin.
Kezding, kezaverding to‘xtamay bir zum,
So‘ngra… Ul osmoning aldadi tag‘in.

Xullas, bukun endi o‘sha emasman,
Aytmasman seni ham o‘shandaysan deb.
Qo‘shilding tuganmas qayg‘ularimga,
Uqubating bilan shodligimni yeb.

Ey, jahon! Famlaring qiynagay meni,
Bir azob, ayonmas boshi, kanori.
Bir qayg‘u, butunlay qadrin yo‘qotgan,
Bir g‘ussa, yo‘q uning qurbi, madori…

DIYDOR

Hushang Ibtihoj Soyaga

Qachondir, qaydadir ko‘rgandim uni,
Nigohi mehribon edi bezarar.
Uning ko‘zlarida toshib turgan g‘am
Parishon baxtidan berardi xabar.

Bilmayman, har tongda, har tongda, nechun,
Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmagan dam,
Meni yengar edi, qorachig‘ida
Ko‘rinib turgan mung, bir qorong‘i g‘am.

O‘sha olis ko‘cha,
Oydin tunlarda
Oy nuri bezardi arzu samoni.
O‘sha oy yoritgan tunda, bahoriy
Gul atrii qoplagan edi fazoni.

O‘sha yerda, olis ko‘cha so‘ngida
Nigoh ogoh bo‘ldi nigoh siridan.
Bir nafasda to‘kdim dilimda borin,
So‘ng ko‘zlar ayrildi biri biridan.

O‘sha tundan buyon qaytib ko‘rmadim,
Ko‘rganlarim tushga o‘xshardi hanuz.
Menga aytishdi, u ketib qoldi deb,
Nechuye ketdi deya so‘rmadim, afsus,
Biroq, so‘nggi kecha uning ko‘zlari
Juda ma’yus edi,
Ma’yusdan ma’yus!

MUSOFIR

Yo‘qolgan yurtingdan kelding oqibat,
Shavq to‘rvasin kiftga osib, sog‘inib.
Quyosh yuvdi ko‘zing qora cho‘gidan,
Unutilgan ne-ne g‘amlar dog‘ini.

Yo‘ldan horib kelding, shod bo‘lib kimdir
Eshik ochar deya, ochgandek bag‘ir.
Zamon nolasidan bitgan qulog‘ing
Yoqimli sadoga bo‘lib muntazir.

Qadam qo‘yib nurli dargohga, soyang
Eshikka to‘kildi issiq mum yanglig‘.
Eshik manglayini qoqding baqirib,
Intizorlik motam tutardi achchiq.

Deraza ortidan taralmasdi nur,
Darchalar ko‘r edi shaparakdan ham.
Shamollar og‘zini bo‘shatgan qo‘shiq
Sas edi, bu yurtga qo‘ymagan qadam.

Bu yuk zalvoridan kichrayding nogoh,
Bu dard hayratidan qarib qolding lol.
Chaqmoqday birpasda to‘kilib soching,
Qo‘rquvdan devorga suyanding behol.

Umid qilib kelding, har bir darvoza
Og‘zin ochar deya aylab tabassum.
Kelganding ho‘plar deb qulog‘ing jomi
Intiq sadolardan iliq bir qultum.

Va lekin, bu yo‘ldan qaytding noumid,
Qaytding, umid cho‘g‘in so‘ngan shomidan.
Tomog‘ingga tomchi tomizmay bu yurt
Qorong‘i osmoni, quyosh jomidan.

Ey, keksa musofir, darding to‘rvasin
Elkang uzra osib ketganing ko‘rdim.
Ko‘zlaring qarog‘i tubiga quyosh
Qizarib-qizarib botar edi jim.

Odil Ikrom tarjimalari