Nastarin Vosuqiy (نسترن وثوقی) – zamonaviy Eron shoiri, modern she’riyatining peshqadam vakillaridan biri. 1972 yil 7 iyulda Tehronda tavallud topgan. Yozish uslubi Niymo Yujish, Ahmad Shamlu, Fo‘rug‘ Farruxzod kabi shoirlar shakllantirgan “she’ri nav”ga yaqin turadi. Badiiy ijoddan tashqari u muntazam ravishda alpinizm bilan shug‘ullanadi.
* * *
Xavotirlanma!
Men bu tanholikda qolmasman uzoq,
Bir kuni, nihoyat,
O‘lim meni yetaklagancha
Olib ketar bu sershovqin ko‘chalardan.
Xavotirlanma!
O‘lim o‘xshamaydi hayotga,
Bordir uning saxiy qo‘llari
Va kimningdir qo‘lidan tutsa,
Qo‘yib yubormagay toabad.
* * *
Majnunga evrilmoq –
Bir ayolning qasosidir,
Sening Layling bo‘lolmagan
Ayol qasosi.
* * *
“Nazming juda mahzun”, deysan.
Azizim!
Qayg‘udan homila ko‘targan ayol
Quvonch tug‘ib bermas hech qachon.
* * *
Qush bo‘lsaydi yolg‘izlik,
Ba’zan
Istar edi uchib ketishni.
Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi