Vitezslav Nezval (1900-1958)

Vitezslav Nezval (Vítězslav Nezval; 1900-1958) — taniqli chex shoiri, chex adabiyotida syurrealizm oqimi asoschilaridan biri. Bolaligida musiqa maktabida ta’lim olgan. Birinchi jahon urushidan keyin Pragaga kelib, Karlovo universitetida falsafa bo‘yicha tahsil olgan. Ammo, adabiyotga bo‘lgan qiziqishi tufayli universitet diplomini olmagan. 1921 yilda «Devyatsil» adabiy-badiiy guruhiga qo‘shilgan, poetizm oqimi asoschisi va chex avangard adabiyoti yetakchilaridan biriga aylangan. 30-yillarda Parijda Breton, Elyuar bilan tanishgach, chex syurrealistlarining g‘oyaviy yetakchisi sifatida faoliyat yuritgan. 1938 yili bu guruhni tarqatib yuborgan. Uning she’riyatida yangi zamon ruhi, inqilobiy g‘oyalar, ekzotik mavzular asosiy o‘rin egallaydi. Bu ayniqsa shoirning «G‘aroyib sehrgar», «Edison», «Zamon chorlovi» , «Tarixiy manzara» dostonlarida, «Pantomima», «Qaytish chiptasi», «Praganing yomg‘irli barmoqlari» kabi dastlabki she’riy to‘plamlarida yorqin namoyon bo‘lgan. A. Rembo, P. Elyuar, G. Geyne, A. S. Pushkin she’rlarini chex tiliga tarjima qilgan. Iste’dodli kompozitor va musavvir sifatida ham iz qoldirgan.
Vitezslav Nezval XX asr she’riyatida salmoqli o‘rin tutadi. Uning she’rlari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Nozim Hikmat, Iosif Brodskiy kabi taniqli shoirlar unga bag‘ishlangan she’rlar yozishgan.

ORZULARIM

Urushlar nimadir — bilmasin ochun,
Rangi bo‘laversin qonsiz ham yorqin!
She’rlarimni sutli choy qilib iching,
Piyola yuboray barchangizga men!

Sopol ovozlarda kuylasin har dam
Kulol yerto‘lasi singari olam.
She’rlar tursin guldor taqsimchalarda,
Har kun ertalab yeng ishtaha bilan.

Hali to‘la bo‘lsa dunyo tashvishga,
Hali erta bo‘lsa oromning payti,
Mayli, she’rlarimdan bir-ikki tishlang,
Jang oldidan aslo ziyon qilmaydi!

Qorningiz och bo‘lsa, egningiz yupun,
Muhtojlikdan bo‘lsa ko‘nglingiz yarim,
Mayli, ovqat bo‘lsin yo biron buyum,
Dalda, umid bo‘lsin sizga she’rlarim.

Bu zamin zulmatga bo‘lmasin mahkum
Fikrim she’rda bayon qilmoqdir ishim.
Xo‘rozday uyg‘otay yurtimni har kun,—
O‘zimga yoqadi bu o‘xshatishim!

PIChOQ YuTQICh

Tosh qotib bormoqda yurak, ko‘z, mehr,
Va yana ko‘p narsa — zamona zayli.
Lekin, baridan ham non qattiqroqdir,
Uni orzu bilan ivitolsaydik!

Sahro huvillagan, bo‘m-bo‘sh, kimsasiz,
Nigohlar bo‘m-bo‘shdir sahro singari.
Qiyofalarda yo‘q hech narsadan iz,
Huvillab yotibdi qalb dahmalari.

Orzu kerak, orzu! Toqat bo‘ldi toq,
Orzu deb bo‘g‘izga taqaldi-ku jon!
Temirni chaynadik biz juda uzoq,
Endi yutolamiz pichoqni oson.

YO‘L BO‘YIDA

Hansirardi yo‘lchi ishchilar,
Quyosh otash yog‘ardi beshak.
Yo‘l chetida bundan bexabar
Yotar edi bir kaltakesak.

Biri dedi unga shu topda:
«Biz-ku, bunda terlayapmiz xo‘p,
Sening esa, faqat oftobda
Toblanishdan bo‘lak ishing yo‘q».

Shu zahoti bo‘ldi bu gapni,
Qat’iy dedi keksaroq odam:
«Tinch qo‘yinglar kaltakesakni…
Tinch qo‘yinglar… shoirlarni ham…»

XO‘RSINISh

Rangsiz kitoblarga ketgan
Daraxtlar hayf.
Qurigan butoqka yog‘ilgan
Quyosh nuri hayf.
Iflos dengizdagi qayiqlar hayf,
Yomon odam to‘kkan ko‘z yoshi hayf.

ALOMAT

Parvona kelib qo‘ndi
Qo‘lyozmaning ustiga.
Nurga talpindimi u
Va yoki zulmatgami?

TUSh PAYTIDAGI O‘YLAR

1

Qachonlardir
Bir hikoya o‘qigan edim
Nomi esimda yo‘q
Ismsiz bir shahar
Yoz payti ekani
Hovlida turgan yog‘och stolgina
Xotiramda qolgan
Hozir
Mana shu paytda
Kafe ayvonida o‘tirarkanman
Qaytadan esladim o‘sha manzarani
Ko‘mir ortgan aravalar o‘tib bormoqda
Tomorqada ko‘za yerga tushib sindi
Lekin onam nonushtaga chaqirmaydi
Ingliz sigaretlari hidining
Qurshovida barcha ayollar
Men
Ya’ni
Unutilib ketgan hikoyadan chiqib kelgan bola
Botayotgan quyoshning nuri
Kafening oynavand eshiklariga
O‘t qo‘yayotganini
Kuzatib o‘tiribman juda berilib

2

O‘rmonda
Bir buloq bor
Kashtan yaproqlari suzib yuradigan
Fontandan suv ichishga o‘rgangan habash
O‘sha buloq ustiga engashib turar

3

She’r yozish uchun
Hayotni unutish shart emas
Ayolni o‘payotganda unutgan kabi
Sehrli chiroq yog‘dusiga
Rasmlarni almashtirib tutganday
O‘zim ham bilmasdan
Imzo chekaman-da
Bir hayotni qo‘yaman boshqa hayot ustiga

4

Orzu qilmoq
Bulutlarga qaramoq va yashamoq demakdir
Menga
Hatto bolaga xalaqit bermasdan
Yashaydigan olam kerak

5

Tabiatan
Ma’sumlikka
Ezgulikka moyilman
Mag‘rur chorlayman seni inqilob

6

Olam o‘zgaradi
Lekin odam
O‘zida,
O‘zining vujudida
Ezgu bir do‘st topmas ekan
Munis bir yor topmas ekan
Shoir va bola topmas ekan
Hasratlari tugamaydi uning

ILTIMOS

Men sendan ko‘p narsa so‘ramayman, yo‘q,
Zog‘orabaliqni chizib bersang, bas.
Ham ko‘zim, ham qornim bo‘lsin doim to‘q,
Ham menga boshqalar qilsinlar havas.

Menga qadahlarni chizib ber keyin,
Qashshoq umidlarim kadahlarini.
Toki ertalablar ichib yurmayin
Gullardagi shudring sadaflarini.

Bulutni chizib ber, soyani chizgin,
Ayolni chizib ber — bir mohipaykar.
Xudoni chizib ber (xudosiz qiyin),
Hech bo‘lmasa unga sig‘inib yuray.

Shaytonning rasmini chizgin eshikka,
Tezroq olib qochsin u badkor meni.
Sendan iltimosim bor yana bitta:
Devorga chizib qo‘y sirtmoq rasmini.

* * *

Takrorlagin o‘sha ertaklaringni,
Takrorlagin axir, qolsin yodimda.
Yupatgin men g‘arib, ko‘ngli yarimni,
Bo‘laman deb aytgin doim yoningda.

O‘pka-ginalarni takrorla, mayli,
Ginalaringdan ham bo‘laman men shod.
Axir, o‘tib qoldi umrning zayli,
Bolalik ham ortga qaytmaydi, hayhot!

Ogoh kilib tursin ovozing har dam:
Umrim maqsadini unutib qo‘ymay,
Bolaligimga zavq, harorat bergan
Beshikni unutib yuborganimday.

Mayliga, gohida yelka o‘girsang,
Maslahatlaringni darig‘ tutsang ham,
Men kabi bechora bir noshudingdan
Yuz burib, butunlay tark etma, erkam.

Takrorla barini, takrorla, jonim,
Hatto tushlarimda yonimda tur sen.
Takrorla barini, takrorla, jonim,
Har doim nafasing sezilib tursin.

VILSON VOKZALIDA

Na biron xat,
Na bir telegramma…
Taqdir bekinmachoq o‘ynar sen bilan.
Amin bo‘laverki,
perronga chiqsang,
Kimdir kelgan bo‘ladi albat.

Ikki kishi bo‘lib, uning yukini
Ko‘tarib ketasiz…
Yoki aksincha,
Ular ikki kishi bo‘lib ketadi,
Sen esa, borasan orqalaridan —
Uchinchi,
Butunlay ortiqcha bo‘lib.

* * *

Chorrahaga kelib, nega qarayman ortga,
Va tashlayman ma’yus nazar o‘tmish hayotga?
Sen — shoirsan, barcha kulfat senikidir, ha,
Ona degan nisbating bor barcha jonzotga.

* * *

Goho aytish ham qiyin — kim kim bilan o‘ynaydi:
Mushuk quyosh bilanmi yo quyosh mushuk bilan,
Shu ajoyib mo‘jiza ham yo‘qolsa mabodo,
Sendan nima qoladi unda, aytgin, ShE’RIYaT?

Mashrab Boboyev tarjimalari

TUBSIZ DARYo UZRA

Suvlar taram-taram – egil-da, qo‘l cho‘z,
Bog‘bon kabi bu mevani uz.

Ol-da tafti qaynoq kaftingga shu on,
Etilsinu pishsin – ber imkon.

Bog‘lar uzra yog‘du taratib xushbaxt,
Shafaq asta qanot yoygan vaqt,

Bu ko‘k oloviga ko‘z tikar ekan,
Kafting yozib yuboraqol san.

Shisha fonus ko‘kka chiqqani mahal
Olis yo‘lni yoritsin tugal.

Qara, tubsiz daryo uzra u qalqib,
To‘lin oyga aylanar balqib.

QO‘ShIQ

Hurkkandek, qo‘llaring klavish bo‘ylab
Titrab chopar oydin nur aro.
Sening uzun oltin sochlaring poylab
Boshing uzra yoyiq to‘r aro.

Muhabbatim, taftim, qayg‘u-zorlarim,
Tin oladi bayot.
Sukunat cho‘zilar – shavqi ila jim
Tegrada bor hayot.

Nozik qo‘lga labim tegindi, ro‘yo –
Ichra unga egilgan sayin,
O‘pmayman – kaptarni silayman go‘yo,
Yo‘q, silashmas – undan ham mayin!

Klavish salqini labimga ayon,
Bilingandek dudoq talxi ham.
Ko‘zingda tun o‘t-la xayrlashgan on
Bog‘ bo‘shadi-qoldi o‘sha dam.

Men qorachig‘ingga cho‘kdim; daryoning
Eng tez oqar yeridagidek.
Butun olam bilan avj parvoz oning
Men, men qa’rda yotgandayman tek.

* * *

Tamayu manmanlik, nafsi nahanglik
Ko‘r qilganlar, sizni men ma’zur ko‘ray.
Sizning bo‘yningizda badfe’lu tanglik,
Men bo‘sh vaqtim o‘tda ag‘nab o‘y suray.

Nastarin ostida yastanib yotsam,
Chimu ko‘kat anqir, isi qanotday.
Eng oddiy narsani esga olsam ham,
Sezaman o‘zimni soppa-sog‘, otday.

SVRATKA DARYoSI BO‘YIDA

Chumchuqko‘zlar qiyg‘os ochilgan bir gul fasli
Qirg‘oqlarni o‘t-o‘lan, qamish qoplagan qalin.
Bu yerda cho‘milish – soz, kezish halovat asli,
Svratka qirg‘og‘i bu, chumchuqko‘zlar, gul fasli,
Suvlari muzdek daryo o‘ynar qoramtir yolin.

Yoz bunda soya-salqin, tangadek oftob tushmas,
Shunday tasvir bor: bir uy devorida, rasmda.
Bu yer zira, moychechak, yovshan hidlaridan mast,
Yoz bunda soya-salqin, – u rasm yoddan chiqmas,–
Bir bog‘ hovlida ko‘rdim – bolalikdan esimda.

Bo‘lsa bordir shod-shodmon go‘zal yerlar bundan ham,
Daryolar bor, ehtimol, Svratkadan mastona,
Lekin bunda tub qo‘yib, oila yashaydi jam.
Bo‘lsa bordir obodon, go‘zal yerlar bundan ham,
Balki unda yashashga rozi bo‘lmagan ona…

Jahon ichra ajoyib davlatlar bor, emas sir,
Daryosi, dalasida zangor, yashillik ko‘proq,
Moraviya suyukligim bo‘lib qolar baribir.
Jahon ichra ajoyib davlatlar bor, emas sir,
Faqat bu meni tuqqan, menga jonajon tuproq.

Serhasham mozorlar bor – tenglasha olmasmiz biz,
Pragada Vishegrad uch karra viqori ko‘p,
Brnodagi ul marmar dahmalar menga aziz.
Serhasham mozorlar bor – tenglasha olmasmiz biz.
Brno yodgorliklari men uchun yuz bor matlub.

Chumchuqko‘zlar barq urgan Svratkada, boq, ko‘klam,
Yozda bu yonbag‘irni makkajo‘xori qoplar,
Qadrdon Brnoni tark etib, pushmonmiz har dam.
Chumchuqko‘zlar barq urgan Svratkada, boq, ko‘klam,
Ming marta kezsa olam, bunday joyni kim topar…

Ajib, go‘zal joylar bor, ehtimol, Svratkadan,
Inkor etmayman aslo – bo‘lsa bordir chindan ham,
Ammo men hech kim bilan alishtirmasman vatan.
Ajib, go‘zal joylar bor, ehtimol, Svratkadan,
Biroq bu mening yerim, mening jonajon onam.

TOVUSh OHANGI

Siyoh, qalam, telpak rasmi-la yodda
qolgan alifbeni yunon hali bilmasdi,
yo‘qsa, Homer buncha ko‘tarinki kelmasdi.

Homer – ustoz, kimki shonni izlasa,
bu, men sevgan she’riyat esa,
alifbedan olgan andoza.
Baxtli damlarimda so‘zlarim sodda.

TAQDIR

Barin, taqdir, o nasib,
Tashlab ketganim damda,
Qoluvchi izim bosib
Bo‘lmas butun olamda.

Uning yo, buning yoki
Narsasi, chiqari bor.
So‘zlar chayir, hattoki
Qochirimlar ham tagdor.

Bilar fikr etuvchi:
Dalilmas chala-yarim.
Rosti, uchib o‘tuvchi
G‘ozlar – mening she’rlarim.

Bir qism she’r – buyurgani
Yo‘llarda beradi jon.
O‘zin bilib yurgani
So‘ngida qolgay omon.

YoShLIK QANDAY GO‘ZAL

Kuydirar go‘zal yoshlik
Ishqu mehri sababi.
U sezgir va quyoshli
Ayol badani kabi.

Yoshlik go‘zalki, tuyg‘un
O‘ynar va otar xanda.
G‘ijjak qillari uyg‘un –
Lo‘li qo‘l tegizganda.

Go‘zal yoshlik, o‘tar u
Yozday tez ham besado.
Bir boqsang, tushgan sovuq,
Qo‘shiq ham bo‘lgan ado.

KEKSALIK QANDAY GO‘ZAL

Keksalik go‘zal qanday
Adog‘idadir umr.
Charchoq – ajin manglayda,
Chakkada bo‘rtgan tomir.

Ko‘ngilda saqlab sirin,
Sokin ishq boqar zimdan.
Yashab bo‘lgan yasharin –
Qo‘rqarmidi o‘limdan?

DAM

Tog‘larda uyg‘ondim, jimlikka g‘arq tun.
Qudug‘u boshpana – yulduzday uzoq.
Bildim, daydi suymas shaharni nechun,
Bunda qadam dadil, ko‘ngil esa chog‘.

Kasaldan turgandek, shod dilda dolg‘a.
Bir shox kesib olib, silab barglarin,
Boraman, sirli kuch yetaklar olg‘a,
Qo‘lim musht, olaman chuqur-chuqur tin.

Sof havo simirdim, shudringlar kechib,
Yulduz muz sukuti, ming qirra ochib,
Sayqal berdi fikr shaffoflanguncha.

O‘zi faqat rasmda ko‘rgan cho‘ponni
Kuy aro, yaylovda uchratgan oni –
Ag‘darilgan qirol sevinmas shuncha.

RUH AYNIShI

Qabihdir odamga odam egalik qiluvchi olam,
Lekin qabihroqdir bu bilan
murosa qilgan insoniyat,
Bundan ham qabihroq men uchun – o‘zim,
shaxsan ojizligim o‘zimning.

Gapning sirasi, olamning dushmanlari
ularni bitta-bittadan bo‘g‘ish
mumkin bo‘lmagan qadar ko‘p emas,
Ularni bitta-bitta bo‘g‘a olmagan
Doktor kabi bu ishdan qo‘lni yuvib,
Tartibga keltirib o‘zimni sal-pal,
Yoza boshlay men ham she’rimni.

Qabihdir odamga odam egalik qilguvchi olam,
Qabihroqdir bu bilan
murosa qilgan insoniyat.
Lekin bundan ham qabihroq men uchun
o‘kinchli satrimga kulayotgan ahmoq.
Men esa yakunlay olardim
bu satr bilan
O‘zimning barcha kitoblarimni.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimalari

AFRIKAGA

Men hech xafa bo‘lmayman,
Yog‘och otni tutaman.
Apelsin yeyish uchun,
Afrikaga ketaman.

Otim kishnab o‘ynaydi,
Yig‘lagani qo‘ymaydi.
Ovutaman o‘zimni,
Sog‘inmayman hech kimni.

Qachonki anduh bo‘lsa,
Nigohlarga yosh to‘lsa.
Jannatdan uchib kelar,
Kamalak kapalaklar.

Va bizga bo‘lar ermak,
Tushga kirganday ertak.

TOG‘LAR

Tog‘lar, tog‘lar,
Asal buloqlar yo‘lda.
Daryolar dengizlarga
Suzadi ertak-solda.

Tog‘lar, tog‘lar,
Beshafqat, metin timsol.
Pastda qishloqlar naqshi,
Uylar oqqushlar misol.

Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi