Stanislav Kostka Neyman (Stanislav Kostka Neumann) chex she’riyatining atoqli vakillaridan biri: XIX asr vatanparvarlik she’riyati, jumladan, K. Gavlichka-Borovskiy, Ya. Neruda, S. Chex kabi shoirlarning ijodiy merosxo‘ri, ayni paytda ular ijodini XX asr chex she’riyati bilan bog‘lovchi jonli halqa bo‘lib hisoblanadi. Adabiyotga XIX asr oxirlarida kirib kelgan. Imperiyaga qarshi harakatda qatnashgani uchun qamoqqa tashlangan va ilk she’rlar kitobini hibsda ekanida yozgan. Simvolizm oqimi ta’sirini boshdan kechirgan (“Men – yangi hayot xabarchisi”, 1896 va h.k.), so‘ng ishchilar harakati bilan yaqinlashgan (“Noumidlar olomoni haqida tush” to‘plami (1903) va boshqa she’rlari), chex anarxist shoirlari guruhiga boshchilik qilgan. U, ayniqsa, Birinchi jahon urushi arafasida, vatanparvarlik ruhidagi asarlari – “Chex qo‘shiqlari” (1910), peyzaj lirikasi – “O‘rmonlar, tepalar va suvlar kitobi” (1914) va “Yangi qo‘shiqlar” (1918 yilda nashrdan chiqqan) to‘plamlari bilan dovruq qozongan. XX asrning 30-yillarida chex va slovak madaniyatlarining fashizmga qarshi yagona jabhasini yaratishda qizg‘in ishtirok etib, “Yurak va bulutlar” (1935) to‘plami va boshqa she’rlarida fashizmga qarshilik ruhini badiiy yorqin ifodalagan. Ishg‘ol yillarida yaratgan asarlari “Tubsiz yil” (1945) va “O‘lat tekkan yillar” (1946) to‘plamlarida jamlangan. Ushbu qaydlarning o‘ziyoq shoirning hayoti va ijodi qanchalik boy, shu bilan birga, qarama-qarshiliklarga to‘la bo‘lganini, eng muhimi esa, faol va samarali kechganini bildirib turadi.
Bundan avval ham Neyman she’riyatidan namunalar o‘zbek tiliga o‘girilgan. Quyidagi she’rlar shoirning “O‘rmonlar, tepalar va suvlar kitobi”dan tarjima qilindi.
QISh KEChASI
Yo‘q, bu – ro‘yo, emas bu dunyo,
u – tunlarning nurli afsuni,
dala baxmal mavjlari aro
qora osmon bolqitgan uni.
Yo‘q, bu dunyo emasdir – bu, yo‘q,
u – yo‘llarning kuylari kumush,
sokin jilva quyib qa’rga ko‘k,
bergan yulduz nuriga yumush.
Yo‘q, bu dunyo emasdir – bu; u –
Poyonsizlik atagan tortiq.
Men – bir onman, cho‘ng ayoz – mangu,
Tilsim bo‘lmas bundan ham ortiq.
APRELDA
Jigarrang gil, bo‘z tuproq asli –
Vodiy uzra, qovog‘i uyuq;
Nishablarni bosib ko‘lkasi,
Tek qotadi bulutlar quyuq.
Lekin quyosh yashnaydi tag‘in,
To‘pday borib bulutga tegar,
Oltinlarin quyadi saxiy,
O‘rmon guli kuvachasiga.
Gul gilami, oqqayin po‘sti,
Tepalarning ravon to‘lqini,
Moviy qubba – daraxtlar usti
Zavq-shavqqa g‘arq qiladi meni.
Ulkan kema ichra jon fido –
Yungadek men lol turay, so‘ngra
Etay butun vodiyga nido:
“Qarang, zamin ko‘rindi o‘ngda!”
BO‘RON
Bo‘ronga duch keldim may oyi,
Ko‘z yugurtsam, so‘nardi osmon,
Svitava – vodiy chiroyin
To‘sib qo‘ydi badqavoq bir on.
Qiyaliklar aro tirqirab,
Har yon urdi o‘zin singan nur.
Miltillar ko‘k, joni zirqirab,
Porlagali qaytadan bir qur.
To‘nglagandek suvlar ziloli,
To‘rt tarafda uxlar – neki bor,
Emas isyon o‘yidan xoli –
Faqat qora tik qarag‘ayzor.
Ana, chaqmoq chaqdi-yu, alhol
Ikki bo‘ldi zimistonni, boq,
Erga cho‘kkan tumanni darhol
Ko‘kka otdi momaqaldiroq.
Jala quydi. Ko‘rdim, darada
Savalar u yerni – hech tolmas.
Kim nur emmish kundan, orada
Bo‘rondan ham benasib qolmas.
KAShTAN
Bo‘sh vaqtlar olamiz salqinida dam,
Lek u bolalarga ko‘proq qayishar,
O‘ynasin, quvnasin deya mayishar,
Izlasin deb, to‘kar mevasin kam-kam.
Bu namchil saharda yashnab, gurkirab,
Ko‘ksin erkin kerib, yoqlab har onni,
Bog‘ga yaqinlatmay shovqin-suronni,
Jim o‘ylar u boshin bulutga tirab.
G‘arbdan esganida xush yoqar salqin,
sizib chiqqanida ko‘zdan baxtli yosh,
Quvnoq chirildoqlar qilgandek talqin,
Gullaganda kashtan, bu – bizning qardosh,
Shom vaqt bog‘ga bir qiz kelib ko‘z solsa,
Xiyobonda hayron, lol qotib qolsa.
BAG‘IShLOV
O ayol, yer tuti – bu, sir qafasi,
O‘rmon, chakalakzor ichra ungandir.
Quyosh salomlari, shamol nafasi
Qip-qizil mazaga bunda do‘ngandir.
Unga labing tegiz. Yurakka singsin
Bu totu nafosat bo‘lib jonu tan.
Bil, o‘pyapsan hozir quyoshni sen, chin,
Og‘zing bo‘yayapsan yer qoni bilan.
Er tuti keltirdim, boq, e’tibor qil,
Bu oltin naqshlarni bergan nur bo‘liq,
Bo‘l sen shu mevadek, shaffof nur bo‘lgil,
Bo‘l yeru quyoshning taftiga to‘liq.
YaLANG‘OChLIKKA MADHIYa
Daraxtzorda iyun yonar, osmonlar uzoq,
Solar o‘rmon saslari-la sukunat shovqin.
Gullar aro sho‘x kapalak uchar, qo‘nar goh,
Mudroq bosgan yaproqlar-da – go‘yo olmas tin.
O‘rmon zumradlari uzra oltin sochar kun,
Nabototning to‘y nafasi esadi bu dam,
Taratar yer qo‘ziqorin isini butun,
Qarag‘ayzor hid zulmati aro g‘arq nur ham.
Iyun yonar shavq-la, o‘sha ko‘m-ko‘k o‘rmonda…
Birdan sachrar nam, deb: “Jig‘a chiqarsam zora”,
Suv yuziga tomchi tomchir – u sho‘x bu onda,
Bor bu qildek oqimlarda kumush favvora.
Ammo bu hech favvoramas, qush sasi emas,
Mana, tinar tovushlar ham, tinglar dub, lekin, –
Faqat jimlik tipirchilar ichi kuyib – mast.
Bormisan, Ulug‘ Pan? O‘tlar egilib sekin,
Yosh qizlarni chorlay boshlar sivizg‘a kuyi.
Yonar o‘tga solar bu on, iyun otashi…
Yo qiz chorlar daraxtzorda o‘rtangan ko‘yi –
Olmos porasidek sayqal berilgan sasi?
Hech bo‘lmasa, uqubatli kunlar mumkinmi –
Orzulamak: paydo bo‘lur yalang‘och bir qiz
Huv, etakda, qoraqayin soyasi-timi
Ostlarida o‘tlar mayin qalin, bo‘liq kez.
Hech bo‘lmasa, barham topsin ko‘zlari ochlik,
Ko‘ngilga ham orzudagi jazava to‘lsin,
Bizni ishqqa boshlar go‘zal qipyalang‘ochlik –
In’om siymosi-la uyg‘unlik muborak bo‘lsin.
Husniga nuqs, etagiga kir ilashmagan
Bu ijoddan go‘zalrog‘in topmoqlik mahol;
U yulduzlar, tong shafag‘i nuriga gulshan,
Yashnar unda qadim so‘zlar misoli nihol.
Tilla vasfi ko‘nglimizga solar vasvasa,
Har ma’noga burgudek ish, sirli hol – qiziq.
Ayyorlik – bir ayanch narsa, aziz ham ba’zan,
But yo‘lida ne kas jonin berar demay “ih”.
Yalang‘ochlik, bu – hayot! U nondek arzanda,
U – tunlari bizga yorug‘ tashlagan yashin,
Eru ko‘kni yarashtirgan u otgan xanda,
Har nedan ham qadri baland, u – pok, otashin.
Havas qilgung, uchsa shitob – g‘ayratiga mos,
Zavqlantirsa – ko‘klam seli kabi kuy bilan,
Shavqlantirsa – uyqusirab to‘kilgan gilos,
Tog‘ suvlari jazb etguvchi ming bir kuy bilan.
Orzu qilsang, bir va’dani olib bo‘yningga,
Yalang‘och bir qiz o‘rmonda bo‘lsayu paydo,
Quyosh nuri bilan birga kirsa qo‘yningga,
Bahosi yo‘q tuhfa yanglig‘ aylasa shaydo,
Er sutiga to‘ygan vujud kuchin tan olib,
Hayot yuksak ma’nosini jon bilgan a’mol,
Moddiy, nurli kamalakday umidga tolib,
Qo‘shiqchining quchog‘ida kasb etsa kamol.
JO‘KA
Ko‘rinmas ezgu ruh – asalga hamda
Bilgisiz, bukilmas quvvatga to‘la,
Shox oralab chiqib kelgandek bo‘lar,
Ob-havo jo‘nashib ketgani damda.
Ko‘k atri taralgan bir vaqt, ko‘lkada
Toliqqan yo‘lovchi tin olib yotar,
O‘ylar: erta olam gullarga botar,
Ajib o‘zgarish ro‘y berar o‘lkada.
Odamlar yuragin og‘riq-alammas,
Quyilib to‘ldirar donolik boli.
Mehnat azob emas, quvonch bo‘lar, bas,
Ko‘hna qasr ustunlaridek uyg‘onib,
Jo‘ka xiyoboni, tinib xayoli,
Juft raqsdagilarni chorlagay yonib.
ZAMINGA MADHIYa
1
Zamin, nam tuprog‘ingga barmoqlarni botirib,
Qumingga kaftni bosib turmoqda shavq bor.
Men ayol quchog‘ini tark etaman seni deb,
Garchi ular tanida har nuqta menga dildor.
Zamin hayoti meni sir qo‘li-la band etdi,
Uning hidlarin tamom simirgim bor mastona.
Zamin bug‘doyrang ko‘ksin go‘yoki menga tutdi –
Erkakka xotin bo‘lib, bolaga bo‘lib ona.
Titrayman, hovuchimda tuprog‘ing jonday saqlab,
Erkak quchog‘idagi qizning ahvoliday bu,
Men seni sevaman, bil, mahbubam bo‘lgin xohlab,
Mahkam bog‘lasin bizni nigoh, sezgi, aql, tuyg‘u.
BIR DASTA LOLAQIZG‘ALDOQ
U yer, o‘tloq – chalg‘i jarangu juring,
Bu yer, dala – yilt-yilt marvarid shudring,
Bo‘ridek yo‘rtdim jim dalalar bo‘ylab.
Men ovdan so‘qmoqlab qaytgan mahalda,
Tikanli butazor bergandek dalda,
Gullar tomon imlar nenidir so‘ylab.
Lekin chetlab o‘tdim – bermay e’tibor,
Lolaqizg‘aldoqqa qo‘l cho‘zdim har bor:
“Shu tongda tug‘ilgan gullarim, salom”.
Ko‘k gul dastalashga yonimga tushdi,
Lovullagan, alvon, yorqin, sho‘x, pushti –
Yuksakdan termular ko‘z uzmay olam.
Qishloq odamlari kuymanib ishga,
Ishchilar otlanib borar yumushga,
Qizil guldastaga boqishar kulib.
G‘ira-shira tongda quvnatsin ko‘zim –
Uni soldim guldor ko‘zaga o‘zim,
Darchamda chaqnaydi u shu’la bo‘lib.
Lolaqizg‘aldoqlar – qo‘shiq! Shavq kelsa,
Nasroniy Mariya, yahudiy Elza –
Unga parvonaday termular, qonar.
Qarar muallimlar, shaharliklar ham,
Dehqonlar ham kulib boqadi har dam.
U majusiy nur-la porillab yonar.
XOTIMA
Daraxtzorlar alvon sharshara –
Lovullaydi kuzga hamnafas.
Taralmoqda vodiylar aro
Namchil pichan isi har nafas.
O‘rim tamom. Nishab shipshiydam.
Shamol qo‘par, o‘zin o‘nglar-da,
Kular, kuyar ertakday bir dam,
Hamma yoqda, yalang do‘nglarda.
Qiyaliklar – alanga lov-lov…
Chor atrofni yoqmoqdadir kuz.
Istardimki, aql, yurak birrov –
Uxlab olsa edi yumib ko‘z!
Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimalari