Frantishek Grubin (1910-1971)

Frantishek Grubin (František Hrubín; 17 sentyabr 1910 Praga — 1 mart 1971, Cheske-Budeyovitse) — chex yozuvchisi, shoir va kinostsenarist.

QOR TEPADA

Qorda shodon uchamiz,
Qiy-chuv qilib tushamiz.
Otalar ham ilgari,
Bo‘lgan bizdek singari.

Bobolar shu o‘rinda,
Qorda uchgan qorinda.
Buvilar uyga qamab,
Ishtonin qo‘ygan yamab!

XAZONREZGI

Qizil, sariq yaproqlar,
Elda uchib o‘ynoqlar.
To‘kilib ketsa bari,
Keyin nima bo‘ladi?
Bog‘lar qo‘yni oppoq qor –
Parqu bilan to‘ladi!
Faqat quyosh ol barkash,
Ko‘kdan to‘kilar otash.

OYMOMA

– Nega sen buncha xomush,
Xayollaring faromush?
– Falakdan yulduz uchdi,
O‘rmonga qulab tushdi!

– Qayg‘urma, Oymomajon,
Ko‘p uzoq emas o‘rmon.
Erta tongda boramiz,
Yulduzingni topamiz!

QORBUVI

Oppoq qor dala-tuzlab,
Qorbuvi qoldi muzlab.
Na ovqat, na osh yedi,
Tumov bo‘lmasa edi!

Qorbuvi dedi:
– Shoshma,
Menga qish yoqar, oshna.
Sovuq bo‘lib tursa bas,
Menga ovqat kerakmas!

UYQUDAGI MUShUKChA

– Agar mushuk kulcha bo‘lib
Yotib olsa.
Dumin qisib, achog‘iga
Boshin solsa.

Nimalarga o‘xshab ketar,
Ayt-chi, jo‘ram?
– Parqugina, sariqqina,
Mitti o‘ram!

YIG‘LOQILAR

Kim yig‘loqi, yig‘lasin,
Mendan umid qilmasin:
Yig‘loqi hech kulmaydi,
Quyoshni ham ko‘rmaydi!

MOYChEChAKLAR

Moychechaklar, singilchalar, ko‘hlikchalar,
Oq chechaklar, nigohida sho‘xlikchalar.
Maysazorda o‘yin tushar yelvizaklar,
Raqsga tushar moychechaklar – egizaklar.
Shamol bola tinim bilmay chalar surnay,
Moychechaklar qiqirlashib kular tinmay.
O‘ynay-o‘ynay shamol bola ketar qochib,
Gul-chechaklar uni kutar quchoq ochib!

Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi