Petko Slaveykov (1828-1895)

Petko Rachov Slaveykov (17 noyabr 1828, Tirnovo — 1 iyul 1895, Sofiya) — bolgar shoiri, publitsist, jamoat arbobi va folklorshunos olim. Siyosatchi Ivan Slaveykov va Xristo Slaveykov, publitsist Racho Slaveykov va shoir Pencho Slaveykovlarning otasi. “Rangin guldasta”, “Kuychi”, “Masalchi”, “Qo‘shiqlar va she’rlar” kabi she’riy to‘plamlar, hamda ko‘plab poemalar muallifi.

ARAFA

Turaqol, qo‘shiqlar keltirdim senga,
G‘aflat dunyosidan uyg‘otmoq uchun.
Uyg‘on! Peshvoz chiqqin g‘aroyib kunga,
Boqsang, olislar ham ko‘rinar yorqin.

Hur, kuychi qushchalar tong pallasida
Zumrad o‘rmon ichra bo‘lmoqdalar jam.
Ayg‘ir pishqiradi keng dalasida –
Tushun, nimadandir quvonchda u ham.

Turgin! Kelmadimi uyg‘onish payti,
Nahotki, yoshliging uyqu-la o‘tar?
Biz uzoq uxladik, to‘g‘risin ayting!
Eshikda arafa… Uyg‘oning, yetar!

Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi