Petr Ustinovich Brovka (belor. Pyotr Ustsіnavіch Broo‘ka) Belorussiyaning Putilkoviche qishlog‘ida tug‘ildi. Belorussiya davlat universitetida tahsil oldi.
Uning ijodi 1926 yildan boshlandi. Shoir o‘ttizinchi yillarda «1914» (1938) va «Katerina» (1938) dostonlarini yaratdi.
Petrus Brovkaning «Daryolar tutashganda» (1957) romanini uning nasrdagi dastlabki asarlaridandir.
1967 yilda Belorussiya ensiklopediyasining bosh muharriri bo‘lgan.
Petrus Brovka T. Shevchenko, V. Mayakovskiy, P. Tichina va A. Tvardovskiy singari rus va ukrain shoirlarining asarlarini belorus tiliga tarjima qildi.
U 1980 yili Minskda vafot etgan. Minskda Petrus Brovka memorial muzeyi mavjud.
YuRAK ONTI
Juda minnatdorman men qora nondan,
Muzday chashmalarning zilol suvidan,
Yashil o‘rmondanu,
Ko‘m-ko‘k osmondan,
Dala ariqlarin tiniq suvidan;
Juda minnatdorman, o‘sib-unganim,
Ko‘p narsani tatib,
Dili-bag‘ridan,
Asl do‘st orttirib, ko‘ngil qo‘yganim —
Serquyosh, sershovqin go‘zal shahardan;
Juda minnatdorman, qalbdan sevganim
Saxiy, ochiq ko‘nglim yoru do‘stlardan,
Hamda hamma yerda doim hamdamim —
Belorussiya —
Degan o‘lkadan!
UY
Shoir kun bo‘yi o‘ylab,
Har tomon kezib yuradi:
«Yana nimani yozsam,
Ilhom kelar nimadan?»
U kezishdan charchadi,
Yurib madori qurdi,
Shunda o‘tloq ichida
Chashmani ko‘rdi birdan.
Chashma tip-tiniq edi,
Tagi oynaday ravshan.
Ichgan bilan chashmaning
Suvi qurimas ekan.
U chashmadan so‘radi:
— Nega buncha tiniqsan?
Buncha seni odamlar
Maqtagani-maqtagan ?
Shunda kumush to‘lqinlar
Jonlanib o‘ynay ketdi,
O‘t-o‘lanlar qo‘yniga
Yayrab yugurdi shu tob,
Billur kabi oqimlar
Jarangdor kuylay ketdi,
Va jarangdor kuy bilan
Shoirga berdi javob:
— Xalqning muhabbatini
Qozonmoqchi bo‘lsang sen,
Mening tiniqligimga
Hayron bo‘lmagin, o‘rtoq-
Men yer sizib o‘tganday,
Xalq qalbidan sizib o‘t,
Xalq dilidan o‘tib,
So‘ng o‘zingga dadil boq!
EMAN BARGI
Menga qo‘rqinch emas qattiq yomg‘ir ham,
Uvlagan shamol ham, bo‘ron ham — birday:
Hayot kurashida turaman mahkam,
Ona shoxda turgan eman bargiday.
U bargki, mis kabi mahkam, qayishqoq,
To kechki kuzgacha toblanib pishar.
Tinmagur shamollar uni silkishar,
U-chi,—
Jaranglaydi xuddi qo‘ng‘iroq.
Qor-bo‘ronlar o‘ynab chinqirsa atay,
Va sovuq ko‘tarsa g‘azab tayog‘in,
U, xuddi insonning iliq kaftiday,
Sovuqlardan asrar o‘sgan butog‘in.
Faqat bahor kuni, tabiat kulib,
Hamma yoq issiqdan ketganda gullab,
U nozik va yangi barglarni ko‘rib,
Maysa uzra asta tushadi qulab.
SEN — MENING BOLARIM
Sen — bolarim,
Men sen bilan doimo xursand.
Sen, bolarim,
Kuylaysan sen, tinmay kuylaysan.
Men bilan —
Yoshligingdan sen shunday ko‘rkam.
Men ham sendan
afamasman, qadrdonginam.
Sen erta tong —
Nuri bilan qoqasan qanot.
Chaqirasan:
«Kel, kezaylik o‘tloqlarda shod!»
Yalqovmasman,
Birga ishlab qurdik biz xona.
Nur va fayzga
To‘lsin bu uy xonama-xona.
G‘o‘ng‘illagin
Tongotardan toki qora shom.
Sen, bolarim,
G‘am, tashvishni bilmagin mudom.
Tasodifan
Seni to‘lqin gar olsa yulib,—
Qutqazaman
Okeandan men yaproq bo‘lib.
Issiq cho‘lda
Suvsizlikdan yuraging yonar,
Shudringga
Aylanaman — chanqog‘ing qrnar.
Chaqmoq chaqib,
Gumburlasa osmon, shunda ham,
Qoya bo‘lib,
Har balodan saqlayman, erkam.
Sen, bolarim,
Tiniming yo‘q, kuying beozor.
Kuylaringni
Tinglar gulzor hamda bug‘doyzor.
ShE’RIYaT
Qofiyani to‘la juftlamoq —
Uchun qanday qilish kerak?— deb,
Tanqidchilar, ustalar har chog‘
Kuyib-pishar qizg‘in bahs etib.
Bugun qanday bo‘lishi kerak,
Bizningcha, bu katta she’riyat?
Yorishsinu undan har yurak,
Tuyg‘ular ham olsin zavq, quvvat!
Do‘stlar! Oson qayin po‘stlog‘in
Shilib olmoq!
So‘z — po‘stloq emas.
To‘g‘ri, ishning o‘ngu so‘l yog‘in
Bilib olsang, qiyin ham bo‘lmas.
She’r majnuntollar ostida
Qaynab oqqan chashmaday bo‘lsin.
Kelin kabi to‘yida rosa —
Yasansinu uyalib tursin.
Dugonalar yig‘ilganida
Gulday yashnab, quvnasin, kulsin.
Chollar bilan suhbat qilganda,
Donoligi bilinib tursin.
Bo‘lsin unda burgutcha qanot,
Parvoz qilsin, tog‘lardan baland,
Bulbul kabi yonib, kuylab shod,
Yuraklarni qilsin o‘zga band.
To‘siqlarni yemirib o‘tsin,
Olg‘a tomon intilsin har on,
Charchamasdan ishlab ter to‘ksin,
Mehnatda ham bo‘lsin pahlavon.
Ko‘ngli ochiq, har kimga har on
Qaray olsin tik boqib ko‘zi.
Go‘daklarning ko‘z yoshisimon
Haqiqatni anglatsin so‘zi.
She’riyatda yo‘l ravon, biroq
Tor ko‘chalar, ayrilishlar bor,
Qanday mumkin unga yetishmoq?
Ana shunda hamma gap zinhor.
Mamarasul Boboyev tarjimalari
SAYYoRAM
O, sayyoram! Qarish bilmay sen
Charx urasan abadulabad.
Zaminingda tug‘ildim, o‘sdim.
Mavjudmanki — o‘zingsan sabab.
Kurram mening! Saxiysan mangu,
Kon-xazinang bilmaydi poyon.
Mening mulkim — ekinzorlaru
Nur va havo. Shundan men shoyon.
Biroq umr bitta erur, naqd,
Qadrlayman lahza qimmatin.
O‘tinaman, chaqirma barvaqt.
Muhlatim cho‘z. O‘tay xizmatim.
Bedor ufq sari yolg‘iz, jni
Suzasan yot yulduzlar aro.
Istaymanki, yam-yashilligining
Hayratiga yo‘g‘rilsin samo.
Qudratlidir inson zakosi,
Cho‘ngdir menda maqsad va bardosh,
Chiroyingni tag‘in ham ochib,
Olam bilan etgayman sirdosh.
Baxting yoqlash uchun, sayyoram,
O‘t-olovga kirdim men dadil.
Senga xavfu xatar boqqan dam
Ko‘kragimni tutgayman adil.
Asragayman seni omon, tinch,
To‘shalmishsan poyimga bu payt,
Chaqirmagin quchog‘ingga hech,
Balki dong‘il yo‘limni uzayt.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi