Leonid Dranko-Maysyuk (1957)

Leonid Dranko-Maysyuk (Leanid Dranko-Maysyuk, 10 oktyabr 1957, David-Gorodok) — belorus shoiri. SSSR yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1984).

* * *

Yanko Kupala…
Mana u qarshimda turibdi go‘yo,
Dala-yu o‘rmonlar qalbim shukuhi.
Lek xurram xitobim eshitib,
“Muroding ne?” – deydi shoirning ruhi.

Munosib so‘zlarni topa olmadim,
U ko‘zdan yo‘qoldi, nurmidi, ro‘yo?
Qay ovloq yo‘llardan izlayin uni,
Mayli, yaylov kezay, kechayin daryo.

Balki endi uni qaytarib bo‘lmas,
–Chin Belorus qalbin sog‘indim sasin.
U kabi har tongda Quyosh o‘z yo‘lin,
Jaleykada bir kuy chalib boshlasin.

* * *

Menga bir nima de, nimadir so‘zla,
Mehrli bir so‘z top…Tong pallasida.
Va shunday xotirjam, sokingina ayt,
Er va moviy Osmon chegarasida.

U yerda qurimish keksa eman ham,
Laylak afsun aytar, ini to‘la xas.
Qichqirig‘in yerga sochgancha bunda,
Endi uyg‘onmaydi, eman jim, besas.

Kampir yo‘l xaltaga bor mehri bilan,
O‘sha qichqiriqning yig‘arkan xokin.
Sening xitobingga javoban asta,
“Xayrli kun” – deydi, ma’yus va sokin.

* * *

Qo‘shiq. Daryo. Suv yonida qiyoq o‘t hamon,
Osmon baland, ko‘z ilg‘amas cheksiz, bepoyon…

Borliq ko‘m-ko‘k, qarg‘alar ham bunda gangidi,
G‘ozlar chiqur bo‘rilarning izidan quvlab.
Toshlar ham darz ketdi go‘yo, yondi maysalar,
Chaqmoqlar ham bulutlardan tushdilar qulab.

Bug‘ular-chi, tog‘ tizmasi bo‘ylab jar soldi,
Ostonatosh sari suzib borardi otam.
Qo‘rquv nima bilmas edi, o‘ktam yosh edi,
Bir qayig‘u ko‘ylak edi, bor bisoti ham.

Suzar edi, yoqavayron o‘rmonga qarab,
Eshkagin u keng daryoning tubiga tirab.

Gulxan uzra muz qotganday bir zum turdiyu,
U kez o‘rmon ajinasi qorib ketdi loy.
O‘sha lahza guvillagan kulol charxiga,
Bulutlar ham pastlab kelib qo‘ndi hoynahoy.

Mast qiluvchi bir kuy oqdi ko‘ngillar tomon,
Sarxush bir kuch qaynab-toshib qalblarga kirdi.
Ko‘kda Lochin charchasa-da, uchardi hamon…
Oh, otam-chun juda ham kam narsa buyurdi.

Qadrli u sirg‘a, bexos gulxanga tushdi,
Uning oltin tegrasin loy qurshagan u tun.
Opalarim orasidan faqat bittasi,
Onam qiyofasin saqlab qolgan kun…

* * *

Yashash mumkin har joyda, Pinskda, Baranyada,
Xelsinkida ham hatto, ma’ni yo‘qdur nomlarda.
Quvg‘indining ul xira ko‘zlaridan tirqirab,
Boltiq dengiz ashklari quyilar oqshomlarda.

Har joyda yashash mumkin, chopma ey do‘st, to‘xtagil,
Bema’nilik, anglamak bunday dillar niyatin.
Har yerda ham may, maydur, dengiz, dengiz, shu osmon,
Yo‘q qilolmas musibat, musibat mohiyatin.

Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi