Genri Louson (1867-1922)

Genri Louson (Henry Lawson) – shoir va yozuvchi. Avstraliya adabiyotining mumtoz namoyandasi. Norveg dengizchisi oilasida tug‘ilib o‘sgan. Ota-bobolari oltin topish umidida XIX asr o‘rtalarida Avstraliyaga borib qolgan. Genri Louson yoshlik chog‘laridan boshlab bo‘yoqchi, maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlab, xalq hayoti bilan chuqur tanishadi. O‘zining she’r va nasriy asarlarida oddiy xalq hayoti, qit’a mehnatkashlari, oltin izlovchilar, konchi, fermer, chorvador, cho‘pon, batraklar turmushidan olingan hayotiy voqealarni qog‘ozga tushiradi. Uning surati Avstraliya pul birliklaridan ham joy olgan.

ENDI HAQIDA QO‘ShIQ

Bizning Endi uzoqqa ketdi,
Qurg‘oqchilik qiynadi yomon.
Poda haydar huv yoqda Endi
Kvinslend ga – chegara tomon.

Qanday o‘tar Endisiz kunlar,
Ko‘ngillarga g‘am-g‘ussa qo‘ndi.
Hech kulbada shod-xurramlik yo‘q,
Olib ketgan barini Endi.

Mahzunlikni quvib yiroqqa,
Qo‘shiq yog‘dirardi u sho‘x-sho‘x.
Sukut bosgan fermani endi
Hatto hushtak chalarga mayl yo‘q.

Qovoq osgan boyni ham Endi
Kuldirardi bitta so‘z bilan.
Darling oshib ketdi u endi
Rohat qochdi qo‘ni-qo‘shnidan.

G‘ijirlaydi shamol tursa uy,
Bolg‘a-mixning ustasi qayda?
Endi bo‘lsa eplar edi-ya,
U qo‘y haydar chet manzillarda.

Javdiraydi xolamning ko‘zi,
Boqib erining qovog‘iga.
Shodon kimsa qolganmi o‘zi
Endi ketib Mak-Kvoriga.

To‘k, e osmon, mo‘l-mo‘l yomg‘ir, qor,
Issiq havo yaylovni quchsin.
Cho‘pon-cho‘liq oshsa dala-qir,
Yo‘llarida maysa-o‘t o‘ssin.

Har go‘shani zabt etsin maysa,
Gullar to‘lsin dalaga-boqqa.
Yayrab-yashnab shod kunlar kelsa,
Endi qaytib kelar qishloqqa!

Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi