Vage Arsen – arman shoiri, tarjimon. 1978 yili Yerevanda tug‘ilgan.
YO‘QOTILGAN QUYoSh YO‘LAGI
Uzilgan tun
keksa quyosh dunyoga kelar,
oftob – judolik so‘qmoqlari
bolalik boshmog‘iday terilib turar,
ertaklardan, o‘yinchoqdan yuzin o‘girgan,
mavjud tarjimai hol,
mazasini tuygan
tishlari bilan.
Ma’yus safidan mardikorlarning
yana jo‘mardlarni izlayapman men –
rangi ketgan pul maydonida
hushdan ketgan iforni tuyib.
Havoda osig‘liq
lang ochiq eshikni chetlab o‘t,
O‘lim muqarrar deya og‘iz juftlab
yonlab o‘t hayotni…
Mening qurolbardorim egarlangan ot
yurak yutdik,
to‘qilgan go‘zallikni asramoq uchun
asra uni –
taqdir barbod etgan sahna asarin
belgisiz kunga dovur
asragil,
olis yillardan buyon
hech kimga keraksiz
muhabbat haqqi…
o‘tmishning mulki
parchinlangan mudroq choyshabga
ishq-olovlarda…
Uzilgan umidimning do‘sti – Don Kixot,
biz shunday ko‘rishmadik,
men dunyoga juda kech keldim,
sen esa qaytadan kelmading –
harfga, qahramonga evrilib.
Don Kixot xayoliy ko‘priklaringda
vaqt tegirmonin orqaga qaytar,
bugun yog‘och ot ustida
er aylanishiga termul bir lahza
ijozat et tatimoq – his etmoqqa
daryoning ortiga oqayotganin…
Bu balki shunchaki vaj-korson?
quyoshga tikilgan bahona?
Birpasga kechikdim,
odatiy oqimiga evrildi daryo,
kundalik qo‘ng‘iroq jarangi,
aylandi muttasil…
Mavridga qarmoq tashla,
daryoning mavjlari sukut ichida,
qo‘lin solar yerning bo‘yniga,
u har doim sadoqatli do‘st…
Mendan
Sendan
shahardan
farqli…
QOChIRIM
Men sevgi haqida
yoza olaman,
qor ko‘rinmas borliq ato etganda,
er osti yo‘llari
ko‘z qisib qo‘yarkan oftobga
zulmatga bosh suqsa qaytadan
xayollar – tushlar,
ko‘z yoshlari bilan ko‘rar olamni,
raqqosa
ziynat qutichasidan olislaganda
muhabbat haqida yoza olaman.
Sayr etyapman, tun bilan birga,
chiroqlarni shimdim yo‘laklar bo‘ylab,
Quyosh qahri qattiq
fonuslar – muz siniqlari,
afv et,
bu men –
Vage Arsen, kuraklaringda orom olaman,
Bug‘lanaman, o‘girilsang agar,
qoshimdagi ko‘chaning chekkalarida,
arzon – garov “Palermo” tuflilarida
urchigan betonda tek qotib,
chopilgan daraxtga suyanib,
men sevgi haqida yoza olaman.
Shamol qo‘shiq – ko‘lankalarin xirgoyi qilar,
uzilar radio to‘lqinlari
har bir shivir – musiqa,
qochirim,
izin-ketin
yuz yillik yomg‘ir,
vujudim junjikar,
tegramga chiziqlar tortib,
peshonamdan terimni sidir
o‘zing bilan ol,
Muhabbat haqida yoza olaman.
OLISLAYoTGAN KO‘ZGU
Borlig‘im – shaharni
mayingina qoplab oldi qor,
uning haybatli
uchqunlar pillapoyasidan ko‘tarildim men –
azaliy qor sukunatiga.
Hammomdagi ko‘zguga –
juda ham yaqin
havo uchar gilamga do‘nar
qo‘l solar taqdirning sochiga.
Katta ko‘chalardan – tor ko‘chalarga,
tor ko‘chadan – katta ko‘chaga
o‘tayotib,
shamol hushtagidan
sirpanib ketdim,
shisha libosli binolarga,
mash’allar evrilar
parchalasang oynani agar
darparda evrilar
uchayotgan shamol qanotlariga.
Har bir uchqun mash’al aslida,
tillaqo‘ng‘iz bo‘lishi kerak,
ilk olov tosh san’atkori
yoki isitguvchi yondirgich.
Ijodkor bulog‘i sharqirar –
Ibodat – bu sirli raqamlar
ibodatxona – o‘rindiq
bir ko‘zi ilingan soqchi sanaydi
ko‘zdan olislagan qadamlar aksin
qadamlar –
qadamlar –
qadamlar – …
Hammasi – Olov –
suv parisi, olxo‘ri – sim chambaragi,
hatto o‘rmon jimligi.
Quyosh Tangri edi,
mittigina quyosh, yashringandi cho‘ntaklarimda.
O‘RMONDA
Yomg‘ir qulf teshigidan qaray oladi?
Ko‘chadan uzilib
nonushta qilmay
kiyib olmoq
yo‘liqqan ilk poyabzallarni?
Men qayta ko‘mildim,
hayotning
rang-barang chig‘anog‘iga,
ishonchlarim metin tosh kabi
topishga ulgurdim
olam yorig‘in
va axir
tebranib turguvchi
bitta eshik bor,
unda kelin-kuyov raqsga tushar –
liboslari oq hamda qora
burchakda mudragan chang bosgan suvrat,
o‘xshab ketar bari ko‘zgudagiga
orqamga qarasam,
quchoq ochar qaytadan
to‘lg‘ongan bazm.
TILIMLANGAN INERSIYa
Kun bo‘yi
O‘zimning ichimda edim,
yomg‘ir shivaladi
nedir yo‘qotdim
juda qimmatli
uzatilgan qo‘lim yo‘lidan,
hayot jo‘nab ketdi avtoulovda,
sayrga chiqdi mujmal sustkashlik.
Sen ishonsang agar,
kapalak
burib yuboradi hayot yo‘lingni!
Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimalari