Arab dunyosining eng buyuk adabiy siymolaridan biri, shoir, adib va siyosiy arbob Nizor Qabboniy (نزار توفيق قباني) Suriyaning Shom viloyatida, o‘rtahol tujjor oilasida tug‘ildi (1923). Ilk kitobi “Chekinish kitobi uchun eslatmalar” o‘n yetti yoshida chop etilgan va u shu kitobi bilan adabiy jamoatchilik hurmatiga sazovor bo‘ldi. Damashq Milliy Bilim yurtida tahsil olgan. Bir qancha vaqt Ovro‘po va Osiyoda diplomatlik qilgan. Arab-Isroil urushiga qadar romantik shoir sifatida tanilgan, urushdan so‘ng dunyoning taniqli ijtimoiy shoirlaridan biriga aylandi. Shoir 1998 yilda vafot etgan.
QASIDA
1
Birodarlar,
Ko‘hna so‘zlar ayrilmish jondan.
O‘lik erur ko‘hna kitoblar beshak.
Eski poyafzaldek yirtiq tilimiz — bejon.
Bizni g‘alabaga yetaklagan
Fikr murdadir.
2
Achchiqlashib ketgan bizning nazmimiz
Ayollarning sochlari, tunlar, darpardalar va o‘rindiqlar
Achchiqlashmish.
Achchiqlashmish har bir yaratiq.
3
Alangalar ichra qolgan
Alambardor Vatanim mening.
Sen meni
Ishqiy she’rlar yozib yurgan
Oddiy shoirdan
Aylantirding xanjar-la she’r yozguvchi
ShOIRga.
4
So‘zlardan so‘ng shu ma’lum bo‘lar:
Uyalmog‘imiz shart o‘z she’rlarimizdan.
5
Sharqiy bombardimonlardan,
Yuksalmoqdan chekinmagan g‘ururdan,
G‘ijjak va do‘mbira ohanglaridan
Junbushga kelib,
Otlandik biz jangga
Va yo‘qoldik mangu.
6
Jahdimizdan baland erur hayqirig‘imiz,
Bo‘yimizdan uzunroqdir
Shamshirlarimiz.
Ne dardki, bu bizning fojeamizdir.
7
Tamaddun libosin kiymog‘imizga
Qisqagina vaqt ham yetarli
Lek
Qalbimiz hamon yashar
Tosh erasida.
8
G‘olib bo‘la bilmassan jangda
Qamish nayning navolari-la.
9
O‘z sabrsizligimiz
Sotdiki bizni
Besh ming chodir evaziga.
10
Arshni tahqirlama
Agarki yodiga olmasa seni.
La’natlama vaziyatlarni,
Tangri g‘oliblikni berar begumon
Allohiga ishonganlarga.
Zero,
Haq temirchi emasdir –
Qilichingni toblab berguvchi.
11
Bu tonggi yangilikni tinglamoq og‘ir,
Og‘irdir itlarning tonggi akillashini
Quloq berib eshitmoqlik ham.
12
Sarhadlarimizdan o‘tmadi ag‘yor
U shunchaki o‘rmaladi
Zaifligimizdan chumolisimon.
13
Besh ming yilki,
O‘ralarda soqol.
Mavhumdir hattoki pul muomalamiz.
Ko‘zlarimiz osmondir uchmoqlik uchun.
Do‘stlar,
Parchalangiz bu eshiklarni,
Poklansin ongingiz,
Poklansin libosingiz.
Qadrdonlar,
Kitob o‘qing,
Kitob yozing,
O‘stiring so‘zlarni anor va uzumlar yanglig‘.
Yuzing tuman va qor o‘lkalarida…
Kavaklardan chiqqaningiz bilmasin hech kim,
Faqat sezsin sizning buyuk nasl ekaningizni
14
Biz shundayin xalqmiz:
Terimiz qalin,
Qalbimiz bo‘m-bo‘sh.
Bema’ni jodularga ko‘nikmoqqa,
Uxlamoqqa va shatranj o‘ynamoqqa
Sarflaymiz kunlarimizni.
Biz shundayin xalqmiz:
Alloh la’natlagan bizlarni mangu…
Sarflaymiz kunlarimizni.
15
Sahroyi yog‘ aylanmog‘i mumkindir
Olovning o‘tkirtig‘ xanjarlariga.
Ki sharmanda bo‘ldik ulug‘vor
Bobolarning oldida bu kun:
Biz bu yog‘ni oldik
Fohishalar poyidan.
16
Ko‘chalarda yuguramiz yovvoyisimon
Xalqni sudragancha arqonlar ila,
Qulflar va oynalarni sindirgancha boz.
Ulug‘laymiz botqoq baqalaridek,
Jirkanch hamd aytgancha qahramonlarga.
Va qahramonlar so‘ylar ko‘piklargaki,
Biz hech qachon to‘xtamasmiz
Va o‘ylamasmiz.
Masjidlarda
Cho‘kkalaymiz behuda,
She’r yozamiz,
To‘qiymiz maqol
Tilanib Xudodan G‘alaba
Dushmanimiz ustidan.
Masjidlarda cho‘kkalarmiz —
Bari behuda…
She’r bitamiz,
O‘zimizcha to‘qiymiz maqol.
Tilarmiz Tangridan samoviy qudrat,
Quritmoq-chun bani dushman urug‘in.
17
Eh, bilganimda-ku ranjimas edim,
Ko‘rmog‘im mumkin edi Sultonni.
Uni ko‘rgach, mana, men nima derdim:
Ayo Sulton,
Sening ko‘ppaklaring yirtdi liboslarimni,
Josuslaring poyladi meni,
Alarning Ko‘zlari poyladi meni,
Alarning dimog‘lari poyladi meni,
Uzun oyoqlari poyladi meni —
Meni poyladilar Qismat misoli.
Ayolimni so‘roq qila qol
Va yozib ol do‘stlarimning ismlarini.
Sulton,
Kelganimda tosh devorlaring poyiga
Va so‘ylagan onim senga dardu-hasratim,
Sipohlaring tepdilar-ku nag‘al etiklari-la,
Majburladilar o‘z kavushimni yemoqqa hatto.
Sulton,
Xalqimizning teng yarmi
Tuzoqqa tushmishdir chumoli va kalamushlarday.
Devorlaring balandligin
Bilganimda ham
Alam qilmas edi bunchalar.
Aytmoqni istayman unga
Sen boy berding, deya ikki urushni,
Sen yo‘qotding qudratingni avlodlar ila.
18
Dafn qilmasaydik, birligimizni,
Ulg‘aytirmasaydik bu jangovar vujudlarni
Turganida bu vujudlar ko‘z oldimizda
Itlar toptamasdi bizning loshimiz.
19
G‘azablangan avlod bizga kerakmas,
Kerakmas osmonni omoch ila haydovchi
Va tarixin qo‘ldan boy berguvchilarga
Emasmiz muhtoj!
Istardikki,
Shunday bir avlod kelsa,
Kechirmasa biror xatoni,
Tiz cho‘kmasa hech kimga hech vaqt.
Istardikki,
U bo‘lsa devlarning nasli!
20
Arab bolalari
Kelajakning ilk yaproqlari — siz
Siz zanjirlarimizni uzasiz hali,
Yo‘q qilarsiz ongimizda o‘sgan afyunni,
O‘ldirarsiz jami puch xayollarni.
Arab bolalari,
O‘qimang,
Bo‘g‘ib o‘ldirilgan nasllar haqida
Yozilgan kitoblarni.
Ki chalindik umidsizlik kasalligiga.
Bizlar qadrsizmiz tarvuz po‘chog‘i misol,
O‘qimang biz haqimizdagi kitoblarni,
Bizga taqlid qilmang,
Ma’qullamang bizning ishlarimizni.
Qo‘shilmang,
Qo‘shilmang bu g‘oyalarga.
Tushuning,
Biz tobe va yolg‘onchi xalqmiz…
Arab bolalari,
Bahorgi yomg‘irlar
Va kelajakning ilk yaproqlari.
Siz ojizlikni
Bo‘ysundirguvchi
G‘olib nasl erursiz.
MEN DUNYoNI ZABT AYLAGUM
Men dunyoni zabt aylagum so‘zlar ila,
ona tilim ohanglari sadosi hamda
fe’llarning otlarning afsuni birla
pok aylagum jami narsa ibtidosini
olovning suv tomon yo‘llagan
xabarining navolari chayqalguvchi bir
yangi til bilan
men yoritgum kelayotgan zamonalarni
va to‘xtatgum ushbu vaqtni ko‘zlaring ichra
soflaydirman ki bul yolg‘iz lahzani
vaqtdan ajratguvchi yo‘llarni o‘zim.
DENGIZ TUBIDAN MAKTUB
Do‘stim bo‘lsang,
najot bergil…bormoqligim uchun yoningga
yo bo‘lsang gar manim sevgilim…
ayamagil yordamingni…
tirik qolay faqat sen bois…
Bilsaydim…
bilsaydim dengizning qaydan boshlanib
qayda topmoqligin butkul nihoya.
Senga shunday intilyapmanki…
o‘rgat menga intilmaslik, sevmaslikni, yor…
o‘rgat yerning qa’ridagi ishqning ildizin
qay yo‘l ila butkul quritmoqlikni…
ashklar ko‘zdan oqib qanday o‘lmoqligin
va muhabbat o‘ldirmog‘in o‘zin qay yo‘llar ila —
o‘rgataqol…
Gar payg‘ambar bo‘lsang,
pokla meni jami jodudan,
xudosizlik dashtlaridan olib ket meni…
sening sevging murtadlikka ketadi mengzab…
tozalagil qalbimni sen osiyliklardan.
Magarki, bilmasa qudrating sarhad
qutqar meni bahr domidan
suzmoqlikni bilmayman
tushun
zangori dolg‘alar… itarib yuborar
meni ko‘zlaringning tubi-tubiga…
zangori…
zangori…
lek hech neni anglatmas bu rang
va menda yo‘q Ishqdan birorta
yolqin yo ifor…
qayig‘im ham yo‘qdir buning ustiga…
Oldingda bo‘lsa gar zarracha qadrim
qo‘limdan ushla
men ila cho‘kmoqlik uchun dengizga…
ushla qo‘limdan
Men nafas olyapman suvning ostida!
Men cho‘kib boryapman…
Cho‘kib…
Boryapman…
NUR MUHIMROQ FONUSDAN KO‘RA
Nur muhimroq fonusdan ko‘ra.
She’r muhimroq erur daftardan
Va lablardan muhimroqdir qaynoq bo‘salar.
Mening senga yozgan xatlarim
Ulkanroq va muhimroqdir bizning ikkimizdan ham.
Ular faqat odamlar kashf
Aylagan hujjat —
Sening go‘zalliging
Va mening telbaligimning hosilasidir.
SEVGILIM SO‘RAR MENDAN
Sevgilim so‘rar mendan:
“Ne farq bordir samo ila mening oramda?”
Farq bu mening muhabbatimdir,
Ki sen kulgan payt
Unutaman men samovotni.
DENGIZGA TAShRIF
Ro‘y berdi o‘rtada sevgi so‘ngi bor
Va biz kirdik Haq jannatiga,
Sirg‘anibon
Suv ostida baliqday pinhon.
Ko‘rdik biz dengizning asl durlarin
Va hayrat yurtiga ayladik safar.
Ro‘y berdi o‘rtada sevgi so‘ngi bor
Hech qanday qo‘rquvsiz…
Xohish shakli-la.
Shuningdek bergandim… sen ham berganding
O‘zimizni qonun qo‘llariga jim.
U ro‘y berdi g‘aroyib bir yengillik ila,
Huddiki jasminning suvi-la yozgandek
Yoki
Yashnayotgan yashil ko‘klam misoli.
Ingliz tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi