Kristofer Merril (1957)

Kristofer Merrill (Christopher Merril) Massachusets shtatining Northempton shahrida tug‘ilib, Nyu-Jersida o‘sib-ulg‘aydi hamda Midlbyori kolleji va Vashington universitetida ta’lim oldi. U to‘rtta she’riy to‘plam nashr qildi, bular qatoriga “Nurafshon suv” (“Brilliant Water”) va “Qo‘riqchilik gulxani” (“Watch Fire”) to‘plamlari kiradi.

Muallif “Qo‘riqchilik gulxani” to‘plami uchun Amerika shoirlari akademiyasining Piter I.B.Lavan nomidagi “Yosh shoirlar” mukofotiga sazovor bo‘ldi. K.Merrill o‘ndan oshiq to‘plamlarni tahrir va tarjima qildi, shulardan beshtasi hujjatli asarlardir, ular qatoriga “Boshqa yurt maydoni: jahon futboli orqali sayohat” (“The Grass of Another Country: A Journey Through the World of Soccer”), “Faqat mixlar qoldi: Bolqon urushi sahnalari” (“Only the Nails Remain: Scenes from the Balkan Wars”), “Yashirin iloh hodisasi: Muqaddas toqqa sayohat” (“Things of the Hidden God: Journey to the Holy Mountain”) kiradi. Uning so‘nggi nasriy kitobi “Kaptarlar daraxti: marosim, ekspeditsiya, urush” (““The Tree of the Doves: Ceremony, Expedition, War”) terrorizmga qarshi kurash olib borilayotgan Malayziya, Xitoy, Mongoliya va Yaqin Sharqqa qilgan sayohatlari solnomasidir. Muallif asarlari 25 ta tilga tarjima qilingan; maqolalari turli nashrlarda chop etilmoqda; unga ko‘rsatilgan e’zoz-ehtiromlar orasida san’at sohasidagi ritsarlik unvoni va frantsuz hukumatining maktublari bor.

U 2000 yildan beri Ayova universitetidagi Xalqaro yozuvchilar dasturining direktori sifatida o‘ttizdan ortiq mamlakatda madaniy diplomatlik missiyasini amalga oshirdi, so‘nggi marta Afg‘oniston bilan Bahraynga sayohat qildi. U va umr yo‘ldoshi skripkachi Liza Govdi-Merrill ikki nafar qizi bilan Ayova shahrida istiqomat qiladi.

***

Ko‘mirning ustida yuray deb asta
Oyoq kiyimimni yechdim, boshladim,
O‘z terimni shildim, mana, birpasta, –
Seni aylantirib o‘rab tashladim.
Tanamni qiyma go‘sht etdim, og‘rinmay,
Seni sevmoq uchun asli bu rishta.
Nihoyat, jonimni sug‘urdim, atay, –
Senga aylanmoq-chun, farishtam!

***

Ochman. Ro‘za tutmog‘im kerak.

***

Allohning siri: lablarini qo‘ydi qulog‘imga U, lekin biror narsa demadi.

***

Kapalakning chaqqani ilon zahridan battar.

***

Qotillika o‘xshaydigan o‘z joniga qasd qilish eng mukammal jinoyat bo‘lur edi. O‘zimning orqamga o‘q otaman bir kun.

***

Seni yo o‘n yil avval, yo o‘n yil keyin topishim kerak edi. Huzurimga kelding, lekin, vaqtida.

***

Pashshaning uch-to‘rt kunlik umri bilan toshbaqaning ikki yuz yillik umri o‘rtasida qanday farq bor o‘zi?

NAFOSAT

Yaproqlarning siniq tomiri ichra
Azadorlar misol tizilib qator;
Osmonni so‘nggi manzilga kuzatayotgan
Archalarning tantanali namoyishida;
Tun o‘g‘risi va kelinning izini yopgan
G’ira-shiralikda yog‘ayotgan qorda; har lahzada
Boshqa o‘ljasiga osilar O‘lim;
Nafis qulayotgan yulduz oppoq chopon kiyib,
ufqda o‘t olar qo‘qqisdan.

ShAFQAT

Tongotar ot o‘g‘risi daryodan turtib chiqqan
Xochni yondirar, kuli qirg‘oqni qoplaydi darhol
Tutun ichra yo‘qolar ko‘prik.

Pishloq yuklangan sut arava haydovchisi uxlaydi.
Oq yo‘ldagi suzuvchilar tanasini qirtishlar,
Yonayotgan suv ostiga sho‘ng‘imoqdan qo‘rqadi.

Uch mashina to‘xtaru sutli ko‘lmakdan qonar,
Qirg‘oqdagi haqgo‘yning qo‘ng‘irog‘i bor,
Shafqat tuyg‘usiyu, mayin musiqa,

Hatto itlar jim-jit. Hech kimning
Oq oti yo‘q. Kimsa qayg‘urmas. O‘g‘ri esa
O‘rmonga berkinar, ko‘mar o‘ljasin va egarni.

Ko‘prik ochiq yoki yo‘q mutloq, oq-qora
Suzuvchilar suv ostida sirg‘alar
Cho‘kayotgan tavba bilan, durlar bilan ishi yo‘q.

Bunda musiqa yo‘q, yo‘l ham yo‘q boshqa
Daryoning u yog‘ida. Itlar aravaga qarab dodlaydi.
Yo‘l yaltiray boshlar oydinda.

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjimalari

* * *

Futbol koptogini o‘ynar bolakay
mashqlar hadisini olgach, avval o‘ng,
so‘ngra chap oyoqqa, old-orqa yurib,
yana o‘ng oyoqqa, keyin – chapiga,
so‘ngra songa olib, son atrofida
to‘pni aylantirar chambarak qilib,
oyoq orasiga tushadi koptok
tanadan oqqan ter misoli asta
va u oyog‘ining yumshoq tarafi
bilan tutib olar yerga tushirmay,
huqqabozday uni tepib o‘ynaydi
oyoqda bir, ikki, uch marotaba
sakramachoq kabi sport zalida,
tepar va havoda ushlar muallaq,
zaif chap oyog‘i ustida uni
oldin va orqaga yurar bemalol,
so‘ngra boshi uzra ko‘tarar, koptok
tepasida turib qolar muallaq;
bolakay qaddini tutguncha raso
elka va bo‘ynida ko‘tarar azot,
olar u yelkadan bu yelkasiga,
ohista-ohista tebranish so‘nar,
so‘nib borayotgan naqorat qabi
harakat tinar va muvozanatga
kelar bolakayning sochi ustida,
ko‘ziga jizg‘anak quyosh bilan ter
to‘ladi ko‘ziga to‘p o‘nayotganda,
engil tepib o‘ynar koptogini u,
bukchaytirib olar yelkalarini,
boshini orqaga tashlar va bo‘yin
botig‘ida uni oladi tutib,
belini bukar va ko‘rar: soyasin,
serbar futbolkasin, jaziramada
kuygan maysalarning tob yegan bargin;
damini olar u, koptok sirg‘alib
elkasiga tushar, oyoqlarini
sog‘ina boshlaydi zum ham o‘tmasdan.

Aylanib chopadi, koptok ustidan
toqqa qoqilganday hatlab o‘tadi,
chap oyog‘i bilan koptogini o‘ng
oyog‘iga tomon qisib boradi,
va tovoni bilan tepar koptokni,
u havoga uchar – kamalak misol! –
tizlarin aylanib o‘tib, boldirga
tushishidan avval ikkala sonin
orasiga kelib tushadi to‘g‘ri
toki bolakay chap oyoqdan o‘ngga,
o‘ng oyoqdan chapga, so‘ng sonlariga
olib koptogini huqqaboz kabi
o‘ynatishi uchun yozning eng so‘nggi
kuni bo‘sh dalada kezar chog‘ida.

G‘avvos

muvozanat saqlab turar edi supaning chekkasida
oy bulutga urilganday bir so‘z jaranglaganda
ko‘zi bilan qo‘llarini ko‘tarib sakradi u
balandlarga oyoq-boshin egib, g‘ujanak bo‘lib,
orqaga o‘mbaloq oshdi u shiftdan axtarib
qutb yulduzin, boshi bilan urildi-ku supaga,
ajal urug‘i nish otdi, shilq etib tushdi boshi,
oyoqlari jonsizlandi sirg‘alarkan havoda,
suv lolarang bo‘ldi quloq va og‘zining qonidan,
u ildizga mengzalgan ko‘y hovuzning tub-tubida
qobig‘ida titrab turgan tramplinni hamda
oyog‘iga qalqqan to‘da solgan chuvvoslarini,
singan kafti yoki gulni silkiyotgan ayolni,
so‘ng qirmizi suvdan balqqan nurni, undan ham keyin
dengizchiga yo‘l ko‘rsatkich kunni ko‘rmoqchi bo‘ldi.

Dengiz

Yaproqlar uy tomin aylanib uchar,
Kuz keldi bog‘larga, uyimiz zarang,
Eman soyasida joylashgan edi;
Tush yo‘laklariyu qafas oralab,
Chopgan kalamushlar va tong chog‘ida
Yolg‘iz uyg‘onishni o‘ylab men “inmoq”
So‘zini tanladim…
Chunki sen ketding,
Yaproqlar aylanib qochadi tomni,
Bo‘m-bo‘sh uy chaladi hushtagin: kuz, kuz
Va men sho‘r havoni hidlayman – dengiz.

To‘fon

Go‘yo mehmon dengizning shisha stolini sindirib, xizmatkorlarning qonini qaynatgancha buyga o‘tirib olgancha suzib ketayotganday.

Go‘yo kimdir to‘lqinning qizg‘anchiq merosxo‘ri bo‘lmish to‘lqinchalar sohilni, qumtepalarni, qolaversa, dengiz yo‘sini va ko‘pik kafaniga o‘ralgan orolni qoplashidan saqlab qola oladiganday.

Albatta, mulozimlarning mana bu kichik ro‘yxatida na dengizchilar, na baliqchilar, na qutqaruvchilar, na to‘lqin o‘rkachida suzuvchilar, na quyoshda toblanuvchilar, na chig‘anoqqa naqsh chizuvchilar, na dengiz manzarasin chizuvchi rassomlar, na ob-havo mutaxassislari, na bevalar, na devorlar… bor.

Na ufqda turib qolgan harbiy kema ekipaji bo‘lgan dengizchilar – kurrai zamin bo‘ylab tortilgan simlarda g‘uj qo‘nib olgan qushlar.

Na telestudiyada mo‘rayotgan Injil voizi.

Na yo‘llarni qoplagan, materikka yo‘l olgan moshinlaru yukmoshinlarning quvuriyu motoriga tiqilib qolgan qum.

Va shovot ustidagi ko‘prik ochildi, u chayqaldi ochilgan ko‘yi, xarilari sinib tushar, tirgaklari tik oyoqda qochib boradi.

Ko‘prikning usti tuzga bo‘kkan taxtalari bilan suvga sirg‘alib tushdi.

Qo‘yib yuboring deb yolvorgan ko‘yi paltosi tugmalarin yechayotgan keksa xotinboz misol.
_________

Go‘yo chaqirilmagan mehmon taklifimizni mensimaganday – ob-havo xaritamiz, havo sharlarimiz, qum to‘ldirilgan xaltalaru uzun yog‘och oyoqlarimiz, liqillagan narvonimiz qum uyumiga langar tashladi, raketalar Oyda bo‘shalib ketdi, barjalar dengizning hamma joyiga axlat tashladi…

Chunki mehmon singari biz ham burchimizni unutib qo‘ydik va shu tariqa borliq tartibiga putur yetkazdik.

Bu tartibni na anglab yetdik va na o‘rniga boshqa bir narsani o‘ylab topoldik.

Chunki biz quyosh karaxt qilgan uyqudan uyg‘ona bilmadik, qum qal’asi qurish musobaqasidan, qum uyumidagi qo‘ng‘izlar poygasidan, klubdagi xo‘roz urishtirishdan o‘zimizni tiya olmadik.

Hatto qutqaruvchi qizil bayroq ko‘tarib, bo‘ron bulutidan ogoh qilganda ham, suzuvchilarga hushtak chalib, yoz tugaganidan xabar berganida ham.

Yana bandargohlar, qoyalarning anavi uzun yenglari, bir joyga yig‘ilgan traulerlar, paroxodlar va yaxtalar.

Va paxtali yelkani – qo‘lro‘moli bilan cho‘kayotgan chog‘roq bir kema.

Va dengiz – og‘zi ko‘pirgan quturgan ko‘ppak, suv ko‘tarilishi, yana chaynab tashlar qirg‘oqni.

Qo‘limizdan kelgani – chapak chalmoq va kelajak yordamni kutmoq.
_________

Yana to‘fonni ehtiroslar bazmi deya atagan va u o‘zini shamolga aylantirib, ko‘nglini supirib tozalashiga ishonganlar ham bor edi.

Va ba’zilar uning cherkov eshigiga mixlangan risolasini o‘qishga uringanda boshqalar u qaerdan shaxdam odimlar buyrug‘ini olganini, nega sovg‘alarimizni irganib rad etganini bilmoq uchun ibodat qilar edi.

Uning to‘lqinlari olomon lablariga tutilgan so‘zning po‘stini sidirib tashlashiga umid qilgan odam ham bor edi.

Ular uning ochiq ko‘zi – sokin qahrining qoq markazini birinchi bo‘lib ko‘rib qoldilar.

Lekin qum yo‘lga yo‘lga uyulganda, lopillagan qayiqlar o‘z to‘xtash joyi, bandargohidan yulqinmay qo‘yganda bolakay onasining ogohlantirishiga ham qaramay varak uchirgani qum uyumiga ustiga chiqdi.

Xudoning ko‘ziga tushgan cho‘pday baliqchi o‘ljasi bo‘lmish okun balig‘i tomon ketayotib qiqirladi.

Ayni choqda boboy odimlaydi hayotidagi barcha ayollarning nomini ming‘irlar ekan.

Uning ufqda to‘dalashayotgan shamollarni jilovlab olguday shashti bor edi.

— Keyin u ko‘zini yumdi va yana bosinqirash boshlandi.

__________

Qum uyumi ustiga turib qoldi dala hovlilar, chet mamlakat qo‘llagan va ustuvorlik hissini o‘zgartirishi zarur bo‘lgan hukumatlar qulib tushdi qo‘qqisdan, ular eshik va derazalarin yangi tartibga ochib, shamol bilan suvning keskin buyruqlariga bo‘yin egdi.

Xuddi haydovchisi mast avtobusday bir kottej dengizga oqib chiqdi, yo‘l-yo‘lakay kiyimlar, kitoblar, soatlar, ustullar, Eron gilamlari va oilaning barcha sir-asrorlarini uzun va baland to‘lqin ustiga socha ketdi.

Egasiz moshinlarni shovot tomon surgan o‘sha to‘lqin dala hovlini bolalar aravasiday Dyun Roud bo‘ylab surib, Shinnekok ko‘rfaziga tushirdi va dala hovli yasama orolga aylanib qoldi.

Qum uyumi o‘simligi, tosh yo‘l, yog‘och tirgaklar va mix yordamga tashlangan qumdan yasalgan orol, uning atrofida kelasi yili aqlidan shamol ozdirgan ayol suzib yurgan bo‘ladi.

Qo‘shiq aytar, “Bitta uy bor edi, to‘fon keldi so‘ng…”

Bu joyda quyosh shaqillatar kalitlarini hamda chig‘anoq bo‘ysunar o‘zining oppoq yolg‘onlariga.

U yerda shamolni maqtamoqni mashq qilayotgan shoir dam olishga kelgan so‘zlar bo‘ronini topib oladi.

U yerda sevishganlar sayoz vujudlarga botib qoladi, ruh esa baridan yangitdan boshlashni orzu qiladi.

U yerga tanish mehmon kabi suv oqimi bildirmasdan kirib keladi…

Chunki
Yannis Ritsos mavzusiga variatsiya

Chunki o‘lik dengiz garov tushganlarni emin qildi – tuz ta’mi, rul va yelkan;
Chunki xojasining kiyimin kiyib olgan rimlik qullar qit’a bo‘ylab qochishga tushdi;
Chunki bir qo‘lyozma, bir qisim mumlangan so‘z kuydirib kul qildi bir monastirni;
Chunki quyosh tan olmadi Shvartsvaldni, shamol tegirmonlari dehqonlarni yerga, havoga, bo‘ri bo‘lib uvlagan bolakayning ovoziga un qilib tortdi;
Chunki bo‘m-bo‘sh sahnada vishillar edi olomon, badmast suflyor dong qotib yotardi, primadonna o‘raga yashirinib oldi;
Chunki tikanli simga hissiz yuzimizu to‘siqlar o‘rnini berdik;
Chunki qichqiriq vayron bo‘lgan havoda iz qoldirdi;
Chunki men o‘sha iz ortidan o‘rmonga bordim, qo‘llarim erib, tutun va yomg‘irga aylanib ketdi;
Chunki men yuz yillar oldin tashlab ketilgan sirti devorli shahar tashqarisidan topguncha kunlab va haftalab sargardon kezdim;
Chunki men na devorni chamalay oldim, na qadrdon go‘shimga qayta oldim, shu tariqa daryo bo‘yidagi sohilda qolib ketdim.
Chunki daryo o‘zgartirdi o‘zanini va uning qirg‘oqlari men tiz cho‘kib, lol va qo‘rqib o‘tirgan quruq karavotga uvalanib tushdi;
Chunki sahroning qaeriga borsam ham tinmay so‘zlanar edim;
Chunki men hech qachon sahroni ko‘rmaganman;
Chunki aniq bo‘lmagan izga ergashgim keldi;
Chunki alomatlar, yo‘lko‘rsatar ustunlar, yer va dengiz ishorat belgilariga ishonmayman;
Chunki men ko‘hna shaharga ilk safarim chog‘idayoq sopol siniqlari bilan tosh qurollar izlab, xarobalarni titkiladim va hech qachon bu yerga qaytib kelmaysan deb ogohlantirildim;
Chunki men barcha ogohlantirishlaru olomonning ko‘rsatmalarini yerda qoldirmayman;
Chunki men o‘zimdan boshqaning gapiga quloq solmayman;
Chunki men bo‘ri bo‘lib uvillashni yaxshi ko‘raman;
Chunki men o‘qish uchun qo‘lga olgan har narsadan tutun isi anqiydi;
Chunki ba’zan qo‘llarimni topish uchun yarim tunda uyg‘onib ketsam, qo‘llarimni sho‘r bosgan, choyshab esa badanimga yelkan kabi o‘ralib qolgan bo‘ladi;
Chunki bu yer cho‘l yoki dengiz bo‘lsa, buni gapirib bera olmayman;
Chunki yulduzlarni o‘qishni o‘rganmaganman, qayga ketayotganimizni ham bilmayman;
Chunki shu sababli, undan ham kattaroq sabablarga ko‘ra, ismingni quduqqa yashirdim, mana u yana paymonamni to‘ldira boshlar.

To‘siq

Tog‘ tizmasini ikkiga bo‘lib qo‘ygan to‘siq “Kunlardan bir kun” degan satr bilan qo‘qqisdan, uzuq-yuluq va qo‘qqis gap boshlar.

U drama bo‘lishi uchun ibtidosi, o‘rtasi va intihosi aniq bo‘lishi kerak. Ta’sirlari-chi? Ular terrorning tozartuvchi, poklovchi xo‘jayinlari, ular taassufining hayotingga burun tiquvchilari. Ehtiyot bo‘l! – qichqirar dramaturg. Butun dunyo – to‘siq, der to‘pori odamlar.

Kashfiyot bilan tasavvur o‘rtasidagi ko‘hna janjalda to‘siq ikki tarafga ham yon bosadi. U na shakl bilan mazmun va na she’r bilan nasrni farqlay oladi.

To‘siqning to‘rt tomoni bor: yuqori, past, o‘ng chap, qora, oq, erkak, ayol. Shunga qaramasdan, kechalari to‘siq kelajakka yo‘l ko‘rsatadi, vaqt haqiqiy shimoldir.

Tennessida kimdir dashtni ko‘zaga quyadi – bu to‘siq qurishning bir yo‘lidir. Yana bitta misol: toshlar o‘tgan yo‘lni Yaratganga tomon qayta bosib chiqmoqlik.

Oygul va mo‘‘jiza ishorasi vakolatin olgan to‘siq mixlarini yo‘qotib qirlarga yonboshlar fitnakor tarzda, ohanjomasini yechayotgan odamlar ularni asrab qo‘yar so‘nggi kunlarga.

Boq to‘siqning shamolda girillashiga, tajassumlantirishiga adolatning o‘layotgan hissini; qo‘qqis toshqindan so‘ng jilg‘aga to‘lib qolgan loyqaning g‘ijim choyshabiga soya tashlashiga; maqsad tanlashdagi ojizligimizni fosh qilishiga.

Chunki to‘siqni talaffuzu raqslar kabi ulkan qit’aning qalin o‘rmonlariga ko‘tarib bordik, o‘sha yerda u qo‘pol talaffuzimizdan uzoqroq yashab qoldi, raqslarimiz o‘rnini egalladi.

Biz u yerda bo‘g‘zimizni yirtib kuyladik, o‘ylarimiz xom edi. Va bu rivoyatdan kelib chiqib, qonun va tarixga yo‘l beradi. Kim to‘siqning ilk va so‘nggi taklifini qabul qiladi?

Narigi dunyo xaritashunoslarining fikricha, Yerning o‘zi ham to‘siqdir, to‘siqlarga to‘lib ketgan koinotda narigi dunyo demograflari buni rad etadi. To‘siq kesib o‘tadigan va yuqoriga o‘rlaydigan daryolar va tik qoyalar bir narsani anglatib turadi: dunyo olovda kuyib ketadimi yoki muz qotadimi, baribir to‘siq omon qolaveradi.

Faxriyor tarjimasi