Ivon Deyvis (Ivon Davis) – shoira, ishq kuychisi, jamoat arbobi, Konnektikutdagi “DAVISCommunications” tashkilotini boshqaradi. Jamoatchilik bilan aloqalar, xalqaro munosabatlar, marketing va boshqaruv sohalarida katta ishlar qilmoqda. Ko‘plab mamlakatlarga sayohati asnosida yoshlar va ayollar muammolariga jiddiy e’tibor qaratib, ularning jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etishiga ko‘mak berib kelmoqda.
Bryussel, Harvard va Italiyaning Sorrento shaharlarida tahsil olgan. Jurnalistika va tadbirkorlikka oid bir necha mukofotlar sohibi. Siyosiy va ijtimoiy mavzudagi maqolalari tez-tez chop etiladi.
Ivon Deyvis sharqona raqsni yoqtiradi, o‘zi ham sharq raqslarini sevib o‘rganadi , boks va karate bilan shug‘ullanadi. Sarguzashtga boy sayohatlar uyushtirish jonu dili. She’riyatda ishq-muhabbat kuychisiga aylansih orzusi bor.
SEVAMAN DEB AYT
Lorenzo,
Yana bir bor “sevaman” degin.
Sevishingni ayt takror-takror.
Til uchida eruvchi lekin
Shirin bodom misol so‘zing bor.
Keltirganing toza havoda
Uni ichga yutarkanman bot.
“Seni suygum” deya saboda
Pok kaloming yozmishdir qanot.
Menga neki qilgansan tortiq,
Bari ajib ham o‘ziga xos.
Ko‘z ilg‘amas ularni ortiq,
Qalbim bilan his etgum xolos.
Tuyg‘ularing haqiqati-yu
Kalomlaring qudrati ila,
Ko‘nglimda yo‘q zarracha g‘ulu,
Tirgak bo‘lding qilib hafsala.
Yana bir bor sevaman deb ayt…
Qaytarkanmiz, yaqin orada
O‘shal sirli muhabbat tuni
Boshimdagi har hujayrada
Aks-sadosin eshitsam uni.
Xayolimda shivirlar bir sas,
Sevaman deb takror aytsang bas.
Qaynoqqina xotiralarning
Oq tongida ocharkanman ko‘z
Uyg‘otguvchim bo‘lsaydi shu so‘z.
Sevaman deb ayt yana bir bor…
Tunlar tinchlik bermaydi bir pas,
Sen tomonga tortqilar xayol
Shu so‘z haqqi – shunday muqaddas –
Hayotimga yetmagay zavol.
Seni sevgum deya aytaqol…
SEVGI DARDI
Sevgim – bir dard, yopishib olgan,
Toliqtirib, har ko‘yga solgan.
Xayolimda men sevgan inson,
Quvolmayin bo‘laman sarson.
Ta’qib etar sevgi o‘ylari,
Ko‘z o‘ngimda rangu ro‘ylari,
Ul quyoshga boqqanda har on
Yor kulgusi bo‘lar namoyon.
Atirgulda tuygum nafasin,
Taomimda uning mazasi.
Har ishimga soladi soya,
Hislarimga yo‘qdir nihoya.
Quvonch, qayg‘u, nafrat, alam, g‘am,
Hayajon… eh, bari mujassam.
Bul xastalik tortaru xira,
Odat bo‘lib qolar oxiri.
Nazoratdan chiqib ketar bot,
Hech qutulib bo‘lmaydi, hayhot.
Sevgi xavfi bo‘lmay qoldi sir,
Lek tavakkal qilmoqqa arzir.
Telba sevgi, oh, qildi ado,
Qayta-qayta qilay jon fido.
Tirikligim – sening borliging,
Ozorliging, beg‘uborlging.
SEVGI KITOBI
Ochiq kitob edim sen uchun, hozirgina yopdingu uni qaytarib javonga joylading. So‘ng ko‘rsatkich barmog‘ing bilan har so‘zim ustidan yurgizishing-chun ochiq edi sahifalarim. Diqqat bilan mazmunimni anglay boshlaysan – o‘zing anglatganing narsaga tarjima qilinar mening mazmunim.
His qilarding kalomlarimni, sahifadan sakrab turarkan, ko‘zlaring-la uchrashar edim, yaqinlashar edim labingga va tanangga so‘rilib ketib, qalbing atrofida aylanish uchun.
Xayolu qalbingda tirik afsona
Misoli kezingum, sen-chi hozircha kaminani o‘qishdan to‘xtaysan.
Bu kitobning zakovatisiz
Qandaj aylanasan u yoq bu yoqqa? Meni bilish uchun kerakli bo‘lgan
bilim kuchisiz tom ma’noda bilmoqlik nadir.
G‘aflat hukmronligiyu taqdir so‘nishiga
kitobimni sira ochmagan mahal
nima o‘qiyjotganini tushunmaydiganlarga
yo‘l qo‘yma aslo.
Javoningda o‘tirarkanman – chang yuqmaydi menga, negaki har kun yaltiratib artib qo‘yasan. Yarqiroq jigarrang muqovam mayinlashar tegishing bilan,
va lekin o‘limni mag‘lub etolgan kuchli istaklardan qotib ketadi. Har doim yuzingda tabassum. Muqovamdan taralgan nurning aksi sening ko‘zlaringdan nur sochar. Ikkimizni eslatar muvaqqat lahza.
So‘zlarimga intiqsan juda, yana qayta silaging kelar har sahifamni – lahzani kutish uchun biror xabar bilan qayjd etasan qalbimni.
Deysanki, “Azizim, bul abadiy ishq madhiyasin yakunlash uchun huzuringga qaytaman yana. Javonimga qo‘yaman tag‘in yaxshi saqlansin deya, toki bu rost ma’nolarni va o‘qishdan maqsad neligini tushuna olay. Ishim tugagach, seni deb yoningga kelaman, olib yuragimga joylayman seni. Yuragimning har sahifasiga yozganing har bir so‘z va jumlani eslab qolaman. Shundan so‘ng, kitobiy tanaga hojat qolmaydi ortiq, negaki qalblarimiz bitta bo‘lib birlashib ketar, yangi boblar, tuganmas xotimali yirik so‘zboshilar qolar shumshayib.”
G‘AROYIB MEVA HOSILI
Men daraxtning pastki shoxida osilib turgan, unutilgan, g‘arq pishgan, sharbatli, uning uzishini kutayotgan ajib mevaman.
U o‘z mevasiga yetadi, g‘aroyibligidan tushar hayratga – avval ko‘rgan yoxud muhimroq mazasini totgan yoki yalagan boshqa biror mevaga o‘xshamaydi u.
Mening sharbatimdan totib ko‘rishni kuta olmaydi – yutumini qiladi xayol – chuqur his qilmay g‘aroyib mevaga yetishdan avval lablarini chapillatadi.
Og‘ir, to‘la, serhosil bo‘lib kutarkanman, u yutoqib yeyishini bilganim holda, uning ibodatxonasin bir qismi, ya’ni o‘n ikkinchi va so‘nggi soatning muqaddas evolyutsiyasi bo‘lgum.
Boshqa mevalarni ham uzdi u, ammo birortasi bunday g‘alati, pishgan, shirin va yangi emas. Mening o‘limim ikkimizga bir hayot bo‘lar. Qayta tug‘ilgach menda bitta tana bo‘lmoqni rad etmaydi u.
Derazada o‘tirib orqavarotdan kelishgan ayolning yalang‘och tanasiga boqayotgan kishi kabi g‘aroyibligimga razm solar u. Uni ololmaydi hech ortq?. Meni darhol o‘g‘irlashi kerak. Meva moddalari unda yetishmas.
Bu g‘aroyib mevaga tushgan nafsi butun tanasini egallab olmish. Nafsi suqiladi ochlik ichiga. Agar tezroq qimirlamasa, ozodligin butunlayga yo‘qotishin biladi.
Shu bois tishlaydi u. Ancha qiyin birinchi tishlam, ammo chaynash biram yoqimli. Ikkinchisi kuchli, lek men haqda his qilish yumshoq, bu uchinchi asosiy katta tishlamga yo‘l ochib berar.
Yahudiychasiga bilish neligi va u sezgir yalblarimizning qutqarilishiga qanday bog‘lanishi haqida unga to‘g‘ri ko‘rsatma bergan holda hazm qildirgich tuyg‘ular kabi ifor sochib butun vujudini to‘ydirgum.
YoLG‘IZLIK
Sening ummoningman, o‘zing sohilim,
Tanangga urilar to‘lqin-kokilim.
Bag‘ringni yemirib borayotirman,
Goh suvga, goh loyga qorayotirman.
Lek quyosh nurida doim ko‘k, tiniq,
Qizisang, to‘lqinlar sovutar aniq.
Shunchalik ko‘psanki, yo‘q hech sanog‘i,
Mo‘ldirman, hech kimsa bilmas adog‘in.
Birgina yastanib yotgan shu sohil
Bag‘rimdagi barcha asrorga doxil.
Muloyim, tinchgina esadi nasim,
Bizning ovozimiz – shamol nafasi,
Ummonu sohilga so‘ylaydi goho,
Pichirlab nelar der, kuylaydi goho,
To‘lg‘anib-to‘lg‘anib bir kuy chaladi, –
Faqat ikki yurak tinglay oladi.
IShQ OLOVIDA
Dante “Do‘zaz” nomli asarda aytgan
Hech so‘nmas
Qaynoq bir lava misolman
Olovli hislarim bema’nimi, yo
Tuyg‘ularim telbaga xosmi
Yoxud hislaringning girdobi ichra
Cho‘kib borayotgan o‘zim xolosmi?
Jimgina, g‘aribday seni kutaman
Tanamga teginsa edi qo‘llaring
Bir-bir o‘ylarimni yupatsang, qani,
Intiqqina ruhim silasayding bot
Olovli qalbimga berolsang ma’ni.
Shaddodman, hech narsa qoniqtirolmas,
Istagim, orzuim, quvonchim qayda.
Meni istab, atay, kelsang yonimga
Huzurimga kelsang ko‘proq va qayta.
Qaydan paydo bo‘lmish bularning bari –
Balki biz uchrashgan mazmunsiz vaqtdir?
Og‘riqdan va yoki ehtiyojdanmi,
Yoinki, asli bu shunchaki taqdir?
Chanqovimni qondir, sovut olovim,
Namchil yomg‘irlaring ustimdan quygil.
Dudog‘ngdan ichay ishq sharobini
Lablaring ta’mini totishga ko‘ngil.
Izn ber, dunyoviy mo‘jizalarning
To‘qqizinchisiday ko‘ray seni, bas.
Sakkizinchisi hech qalbga bog‘liqmas.
Kelajaging oqar tomirlarimda
Ko‘hna beshigimga botadi chuqur.
Sen uchun kechalar dildirab chiqqum,
Bilaman, qalbim ham tomilar nuqul.
Azizim, bu qadar qilmagin intiq,
Yuragim, ma’shuqim, seni suyaman.
Tana sust, og‘irlik qilayotir qalb,
Sen uchun,
sen uchun
yonib kuyaman!
Inglizchadan A’zam Obidov tarjima qildi