Zamonaviy alban she’riyatining taniqli vakillaridan biri Ismoil Qadariy (Ismail Kadare) 1936 yil 28 yanvarda Albaniya janubidagi Galikastra shahrida ziyoli oilada tug‘ilgan. Tiran universitetining til va tarix fakultetida tahsil olgan. Talabalik yillaridan she’r yoza boshlagan. Uning “Yoshlik shijoati” (1957), “Orzular” (1957) she’riy kitoblari chop etilgan. Moskvadagi Oliy adabiyot institutida o‘qigan. Chinodel Duk (1992) va Buker (2005) adabiy mukofotlari sovrindori. Ismoil Qadariy nomzodi bir necha bor Nobel mukofotiga tavsiya etilgan.
TUSh
Agar Qora dengiz
Tushingga kirsa,
Charx urib girdoblar,
To‘lqin ko‘pirsa;
Oshufta dilingni
Bosmasin qo‘rquv.
Suvga tushlarimni
Sochganimdan bu.
Agar Qora dengiz
Tushingga insa,
O‘rtana-o‘rtana
Po‘rtana tinsa;
Shunda ham ko‘zingdan
Qochmasin uyqu.
Sening sirlaringni
Ochganimdan bu.
Tushingni suvga ayt,
Suyukli suluv,
Suv oqlik emish-ku,
Suv poklikmish, suv…
Tushlaringga kirsa
Qora dengiz gar,
Bor aybni g‘aybgamas,
Sen menga ag‘dar.
TUND OSMON
Osmon tund.
Bulutlar qoplamish osmonni.
Pag‘a-pag‘a bulutlar.
Men esa
Xotira osmoniga termulib,
Deraza yonida
O‘ltiribman jim.
Bul osmonda ham
Pag‘a-pag‘a bulutlar uchar.
Pag‘a-pag‘a bulutlar…
Bul tushmi,
Xotirmi,
Ro‘yo?
Pag‘a-pag‘a bulutlar –
Sen yozmagan,
Men olmagan
Maktublar go‘yo.
* * *
Yo‘q.
Yo‘q.
Tamom.
Hammasi bekor.
Sendan himmat
Kutmasman zinhor.
Chunki
Janub suygan bulutlar
Qorlar ila
Shimolni qutlar.
Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi