Mzi Maxola (1949-2023)

Mzi Maxola 12 yoshidan she’rlar yoza boshladi va kitobi bosilib chiqdi. Kitobi darhol konfiskatsiya qilindi, holbuki, u milliy va baynalmilal xarakterda edi. She’rlari sakkizta antologiyadan o‘rin oldi. “Dahshatli shamollar” (1994) to‘plamini adabiy jamoatchilik ijobiy baholadi. 1995 yilda Jenevada Butun Afrika adabiyoti simpoziumida qatnashdi. 2000 yilda “Yomg‘ir kelganda” to‘plami chiqdi va Olif Skriner mukofotiga sazovor bo‘ldi. Litsey va universitetlarda o‘qitila boshlandi. Hozir kitob do‘koni ochgan, unda o‘zining va afrikalik milliy shoirlarning kitoblari sotiladi.

EShITMASLAR

Nishon qilib ko‘rsatarlar meni hoziroq
Ayblaydilar namoyish ortidan ergashganlikda,
Ayblarlar albatta
To‘pladim xalqimni,
Sokin bir tosh tanladim
Cho‘kish uchun ustiga,
Yangi xabarlar berdim
Quloqlari mish-mish bilan to‘lib kelganlar
Shuhratparastlikda aybladilar meni,
Undan ko‘ra tog‘lardan, daryolardan kechib
Izohlashimni istaydilar qissalarimni
Begona yerlarda,
Men esa har daf’a she’r o‘qiyman ammo
Ular barmoqlarini tiqarlar quloqlariga
Bir gap aytolmaydilar menga
Nechun she’rlarni eng go‘zal shaklda
Achchiq alam cho‘qqisidan o‘qiganimni.
Unga madhiyalar tizadigan
Shoir emasligimni ta’riflaydilar.
So‘z ochmaslar aytilmagan ommaviy fikrlardan
Bo‘g‘ilgan chog‘imda nima qilajagimni,
So‘z ochmaslar tilimni o‘rab olayotgan o‘simtalarning
Jabru jafosidan qanday qutulajagimni
Bekitsam agar og‘zimni.
Zaharli qo‘ziqorinlardan bir oqshom yegulik
eganimni o‘ylashar balki.
Oxiri zerikadi deydilar, yaqinda
Bekorga urinaverishdan,
Jon berib ishlashdan
So‘nggi nafasida bir kaltakesakka.
Shamol parillatar qanotlarini
Eltar she’rlarimni uzoqlarga.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi