Estash Pryudensio (Benin)

OQIM BO‘YLAB

Qachonlardir suzish kerak bo‘lgandir sizga,
So* bo‘ylab Ganve*dan Kinto*gacha?
Suzmagan bo‘lsangiz,
unda tezroq,
do‘stlarim,
Kalaviga, Kalavi*ga,
uzun, tor
kayiqlar kutguvchi joyga.
Sizni ajablantirar
qayiqchining tezkor harakatlari,
Yaraqlagan suvning sokin shovullashida —
Tangachalarga o‘xshash — oqim bo‘ylab pastga
Uning yengil-engil boshqarishlari.
Nilufarlar sekin tebranib turar
Daryo to‘lqinlarining sirli chayqalishida.
Rizoforlar* tizzasidan suvda
Qirg‘oq bo‘ylab qator-qator tizilgan,
Shovqin to‘la uyalarni boshlariga qo‘ndirib.
Uylar qoziq oyoqli,
beshiktebratarlar kabi turishar,
Sachrab havolangan tomchilarning tovushi
Bolalarning xayqirig‘i bilan qo‘shilib ketar!
Nam qumlikda o‘ynayotgan bolalar
Va ko‘plab savalar, tartar qushlar
Qanotida silab o‘tar o‘rkach-o‘rkach to‘lqinni,
Va ularning jivir-jivir aksi
Shitob sirg‘anadi chuqurlikka,
Tebranadi yaproqlari ag‘darilgan xurmolar.
Va naryog‘i oqim bo‘ylab deyarlik Kintodasiz,
Qorong‘u to‘lqinlar orasida arang ajralib
Chirigan xodalarday timsohlar yotar.
Baliqchilar esa yonma-yon to‘rlarin tortishmoqtsa
Shoshilmasdan,
osoyishta hamda tinchgina.
O‘ylashingiz mumkin —
sudraluvchilar bilan
ularni bog‘lagan
Qandaydir sirli shartnoma.
Tevarak sukutda ulug‘vor:
Bu o‘rmon,
bu osmon,
bu daryo.
Kirg‘oqliklar shoshilmay suhbatlashar,
O‘tirgancha
qulab yotgan daraxtlarning kundalariga.
Uchib o‘tayotgan yengil shabboda esa
Shivirlaydi daryodan o‘tganlarga:
«Nega,
Qayerga shoshasizlar,
shu yerda qolingiz.
Bizning qadrdon
So qirg‘oqlarida;
Faqat daryo, bizning daryo xalos etadi sizni
Shaharning g‘uvuridan
barcha tashvishdan;
To‘lqinlar ortidan to‘lqinlar keling
Tug‘ilasiz va qaytadan dunyo ko‘rasiz!
Dunyoda baxtliroq odamlar yo‘qdir
baxtliroq yashasa bu yerliklardan!»
_____________
* So — Benindagi daryoning nomi.
* Ganve, Kinto — baliqchilik bilan shug‘ullanadigan qoziq oyoqli shahar tipidagi qishloqlar.
* Kalavi — kemalar to‘xtashga mo‘ljallangan joy.
* Rizoforlar — ingichka tomirli o‘simlik, shoxlari ba’zan yerga tegib, ba’zan tikka o‘sadi.

TUN YuLDUZI

Oy nurida yulduz sirpanar,—
Butazor so‘qmoqning shiviri sokin.
Matoning bir parchasi abjir qo‘llari-la
Sonlariga o‘ralgan.
Uning ko‘ksi qiz ko‘ksi kabi
Chayqaladi oyning nurida,
Sochlariyam mayda-mayda o‘rilgan,
Unga qarab yon-veridan uchib o‘tgancha
Ko‘rsatishga urinibmi yengil-engil qadamlarini
Qaltiraydi to‘tiqushcha, sakraydi to‘tiqushcha.
O‘tganlar uzishmas undan nigohin.
Men-chi, nafasimni kesolmay o‘zimga deyman:
«Oh! Agar men uni olib ketsaydim,
Olib ketsam edi orzularimga!
Baland-balandlarga uchgan bo‘lardik,
Sevgimizni yashirmoqqa moviy osmonga,
Behuda urinishlar, quruq nizolardan uzoqroq!»
Bora qolgin, mening kishlog‘imga, bora qol malak.
Lekin qaytgin yangi tunda yana bu yerga,
Minglab-minglab tillaqo‘ng‘iz yotgan qirg‘oqqa,
Mening butun tanimni
Senda lovullab yongan
va meni
qiynayotgan
Harorating bilan to‘ldirish uchun!

R.Subhon tarjimalari