Dennis Brutus (Dennis Vincent Brutus) Janubiy Rodeziyaning (hozirgi Zimbabve) Solsberi shahrida tug‘ilgan. Vitvatersrand universitetini tamomlagan. Bir necha yil o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Irqiy ayirmachilikka qarshi olib borilgan juda ko‘p kurashlarda, ayniqsa sport sohasidagi bunday hollarga hech qachon chidab qarab turmadi. Shunda zo‘ravonlar uni turmaga tiqdilar. Qamoqdan chiqqach, Londonga ko‘chib ketdi. Janubiy Afrika Respublikasining Kay viloyatida tub afrikaliklarni Transkey degan joyga yig‘ib, so‘ngra ularni eng og‘ir ishlarga, oltin va uran konlariga jo‘natadilar. Shoir jahon jamotchiligi e’tiborini ana shu hodisaga qaratuvchi she’rlari va boshqa irqiy ayirmachilikka oid keskin ruhli asarlari bilan xalqning hurmati va muhabbatini qozongan.
TUNGI ShAHAR
Sevgilim, iloho, uyqung tinch bo‘lsin!
Tashda – sovuq dengiz, suv toshqinlari;
patrul mashinalar butun shaharga
suvaraklar galasiday o‘rmalab ketdi.
Ular azob to‘la kulbalarga yetdi,
bitlagan yostiqlar otildi ko‘chaga;
jomlar titrog‘ida dahshat yashirin,
qumloq, toshloqlarda harsillar g‘azab…
Osoyishta o‘tsin shu sokin kechang,
sevimli tuprog‘im, uyqung tinch bo‘lsin!
* * *
Jondosh tuprog‘imda cho‘zilgan yo‘lim.
Men – bir burg‘uchiman, yo‘qdir tinch onlar;
barglari shildirab kutar o‘rmonlar,
ularga shoshilib cho‘zaman qo‘lim.
Taqiqdan iborat o‘ngimu so‘lim –
fikrdan, orzudan kular hayvonlar,
pulemyotlar shaydir to‘kmoqqa qonlar,
ammo qo‘rqitolmas, bil, meni o‘lim.
Chalgancha boraman dam bermay burg‘umga.
Yaxshiligim uchun, haqligim uchun
chilvirin solishgan ular bo‘ynimga,
qattiqroq tortishar, ko‘rsatib kuchin.
Qoraman-da, ular qilmaslar rahm,
o‘qlarin soyasi teshadi bag‘rim.
* * *
Urildik, surildik, lek omon qoldik,
sevgimiz so‘lmadi, haqqimiz oldik.
Qo‘pol timirskilar nur dastalari
notavon yalang‘och tanlarimizni;
ko‘chkilarning mangu dahshati kabi
tepamizda turar mustabid taqiq;
eshiklarimiz etiklar tepkisidan
yorilgan, joylaridan ko‘chib ketgan.
Ayriliq, yo‘qotishlar, mahrumiyatlar
lekin yo‘q qilolmadi bizni.
Qorong‘i yo‘llarda patrullar hamon
hujumga shay turgan ming boshli ilon.
Eng yomoni shuki, ona tuprog‘im
xunuklashib ketdi bosqinlardan.
Tinkamiz qurigan, xormizu tarqoq,
xo‘rlangan bo‘lsak-da, sevgimiz yashnoq.
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi