Pirmuhammad Kokar (1708-1781)

Pirmuhammad Qandahor yaqinida yashovchi Kokar qabilasidan bo‘lib, taxminan 1708 melodiy (1120 h.) yilda Jo‘b degan yerda tug‘ilgan. U Ahmadshoh Duroniyning zamondoshi va saroy shoiri bo‘lgan. Ahmadshohning o‘g‘li shahzoda Sulaymonga ustozlik ham qilgan. Uning 1780-1781 yillargacha yashagani bizga ma’lum. Chunki Pirmuhammad Kokar o‘z devonini hachon tugatgani haqida: “Bir ming bir yuz to‘qson olti yil hijriydan o‘tgan edikim, men ishq devonini pashto‘ tilida insho qildim” — deb yozadi.
Bu devonni uning shogirdlaridan Ibrohimxon 1203 hijriy (1788 melodiy) yilida ko‘chiradi. Pirmuhammad bundan ilgari vafot etgan edi.
Pirmuhammad Kokar “Ma’rifat ul-afg‘oni” nomli asarini yozib pashto‘ tili grammatikasining birinchi avtori bo‘lib qoldi.
1942 yili Kobulda Pirmuhammad Kokarning devoni nashr qilindi. Devonning ko‘p qismi g‘azallardan iborat bo‘lib, xotimasida ruboiylar, to‘rtliklar (murabba), yettiliklar (musabba), o‘nliklar (muashshar), beshliklar (muxammas) ham keltirilgan.

G‘AZALLAR

Ikki labing, ayt, shaxdu shakkar emasmu, jono,
Husning bog‘ida totli samar emasmu, jono?

Ko‘nglim bezanur nozli tabassum qilar ersang,
Tishlarmidir ul, durri guhar emasmu jono?

Bu bog‘da asir sarv-sanobar qomatingga,
Oy yuzlaring ham nurli qamar emasmu, jono?

Bir lutfing ila menga qiyo boqmasang, ey yor,
Ayt, buncha sitam jabru zarar emasmu, jono?

G‘amzang bila nozing domiga tushdi bu ko‘ngil,
Bu ishvalaring jonga xatar emasmu, jono?

Jabring tig‘idan ingradi bechora yuraklar,
Mehr o‘rniga bu zulmu sharar emasmu, jono?

Boshlardan uchib aqlu xirad, oh uradirman,
Shahlo ko‘zim, ohim — bu xabar emasmu, jono?

Yoqut bezaging Piri Muhammadni yoqibdir,
Jon otashi bir sehru hunar emasmu, jono?

* * *

Erdan bir bo‘sa olmoq qilgan erdim ixtiyor,
G‘uncha yanglig‘ lablarin mendan yashirdi ul nigor.

Ishq-oshiqlik sirimni qancha izhor etmayin
Dilbarim holi parishonimni bilmay qildi zor.

Sho‘xi beparvo to‘shaklar uzra orom uyquda,
Xuddi ohuday kutarkim, kelsa deb fasli bahor.

Sarg‘ayibdir bu ko‘ngil gulzori hajr zahridin,
To visolin topmaguncha, topmagum hargiz qaror.

Mushkul ishdir yor jamoli partavin qilmoq unut,
Ko‘z yumib, manzil-ma’vo bo‘lganda ham ko‘yi mozor.

Orzuimdir, oh bilaklar boshga bo‘lsa bolishim,
Vasli nuri zavhidan bo‘lsam umrbod baxtiyor.

Sen kabi, Piri Muhammad, oshiqi zor qaydadir,
Iltifot etgaymi bir kun sho‘xu zolim, ishvakor?

Jumaniyoz Jabborov tarjimalari