Yusuf Idris. Sho‘rpeshona (hikoya)

Abduning puli yo‘q edi. Bu birinchi marta bo‘layotgan emas. U umr bo‘yi har bir chaqasini og‘ir mehnat, mashaqqat bilan topib kelgan. Abdu novvoylik qildi. Bu kasbni suriyalik mohir novvoy Foid ustadan o‘rgangandi. Ular pishiradigan qatlama kulchalar har qanday usta novvoyning havasini keltirgudek yumshoq, qizarib chiqardi. Ammo uning taqdiri aytarli ko‘ngildagidek kechmadi…
Abdu bolaligidan ustaxonada ishladi. Xo‘jayin uni haydab yuborgach, katta bir o‘n qavatlik uyga bavvob bo‘lib ishga yollandi. Keyin to beli mayishib, churrasi tushguncha hammollik qilib yurdi.
Abduning ovozi chiroyli bo‘lmasa ham, nedir avji bor edi. U ko‘chada meva sotib yurgan vaqtlarida baland ovozida qichqirib, xaridorlarni chaqirardi.
Abdu bir gal dallollik ham qildi. U ertayu kech shahar ko‘chalarini izg‘ib, ijaraga arzon xonalar qidirar, xonalar topganida xizmat haqiga 10 qursh olardi. Bora-bora tajribasi ortib, “oliy” martabadagi dallol darajasiga yetishdi va ko‘chama-ko‘cha daydib yurmasdan o‘sha 10 chaqaga qanoat qilib yashay boshladi. Biroq, ko‘p o‘tmay, bu ishidan ham ayrildi.
Abdu qahvaxonaning yaxshigina dastyori ham edi. O‘sha farovon kezlarda u bayram kunlari juda ko‘p mijozlarga xizmat ko‘rsatar ekan, ularni aslo kuttirib qo‘ymas, qo‘li qaltirab idish sindirmasdi.
U katta bir xonadonning mo‘jazgina hujrasida xotini bilan turar, qo‘shnilari ham yomon odamlar emasdi. Biroq unda-bunda xotini va qo‘shni ayollar o‘rtasida mayda-chuyda mojarolar bo‘lib turardi. Qo‘shnilar Abduni tushunishardi. U ishsiz qolganida unga qarz berib turishar, ishlab yurgan kezlari esa, o‘zlari ham undan qarz olib turishardi. Qisqa qilib aytganda, bu xonadonda yashovchilarni taqdir u qadar siylamagandi!
Mana Abduning cho‘ntagi qup-quruq.
Bu galgi pulsizlik uzoqqa cho‘zildi, pul topishga umid ham qolmagandi, endi hammasi tamom. Abdu ish qidirib, bosh urib bormagan eshigi qolmadi, rad javobini olaverib, charchagan va g‘amga botgan ko‘yi qup-quruq qo‘l bilan uyiga qaytdi. Xotini Nafisa unga qorasini ko‘rsatmaydi ham. Abdu jimgina bo‘yraga cho‘zilarkan, xotinining doimiy ming‘ir-ming‘irini eshitmaslik uchun qulog‘ini berkitib oldi. Nafisa esa, har kuni unga uyning egasi agar ijara haqqini to‘lamasak haydab yubormoqchiligini, katta bayram yaqinlashib kelayotganini, yaqinda ko‘zi yorishi va uning shaftoliga bosh qorong‘i ekanini, bundan oldingi qizalog‘i turmaganini qayta-qayta aytib, to‘xtamay javranardi.
Ba’zan esa Nafisaning diydiyosi azbaroyi haddan oshganidan eriga bor ovozi bilan qichqira boshlardi. Abdu mana shunisiga chiday olmasdi. Shusiz ham u qo‘shnilarning ko‘ziga baloday ko‘rinib qolgandi. Ular Abduning yosh bo‘lishiga qaramay, omadsiz ekaniga achinishar, ammo bundan hech qanday naf yo‘q edi, qashshoqlik uning giribonidan mahkam tutgandi.
Bir kuni Abdu uyiga kelganida xotini uni qo‘shnisi Talba ish masalasida chaqirganini aytib qoldi. Abduga jon kirdi: ishqilib, maoshi durustgina ish bo‘lsin-da.
Ko‘z ochib-yumguncha u kasalxonada yordamchi bo‘lib ishlaydigan qo‘shnisi Talba huzurida paydo bo‘ldi. Talba bu uyda yashovchilar orasida eng hurmatli qo‘shni hisoblanardi. Abdu Talbaning salomiga iymanibgina, iljayib alik oldi va asta o‘zining tarjimai holini gapira boshladi. Abdu bir vaqtlardagi kunlarini eslar ekan, ko‘nglida bir shirin xotirjamlik hissini tuya boshladi. Talba uning seryamoq kiyimlariga qarab turganini sezgach, xuddi o‘zini oqlashga tirishayotgan odamdek boshidan o‘tganlarini hikoya qilishda davom etdi. Borgan sari uning ovozi qat’iylashib, qalbi faxrga to‘la boshladi: u qachonlardir odam bo‘lgan! So‘ng ovozini bir oz pasaytirib, o‘tkinchi dunyo, zamon va odamlar, zug‘umga to‘la qalblarga nisbatan o‘zining qahrini yog‘dira boshladi. Shu bilan birga yaxshi kunlar kelishiga umidi borligini ham tilga olib o‘tdi. Nihoyat, deyarli pichirlab, xuddi ayb ish qilib qo‘ygan odamdek kulimsirab, Talbadan ish-pish topa olarmikinman, deb so‘radi.
Uning gaplarini oxirigacha eshitgan Talba ishonch bilan ish topilishini aytdi.
Abdu quvonchga to‘lib uyiga qaytdi, axiyri Allohga dodim yetdi, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Talba uni qanday qarshi olganini xotiniga to‘lib-toshib so‘zlab berdi va ertasiga talabalarning choyshablarini yuvib kelgach, Talbaning xotini oldiga borib, unga ro‘zg‘or yumushlarida yordam berib yuborishini aytdi.
Abdu kun yorishmasdan uyg‘onib, Talba bilan birgalikda kasalxonaning donorlik bo‘linmasiga bordi. U yerda allaqachon tumanot odam navbat kutib turardi. Donorlik eshigi soat o‘nda ochildi. Hamma jimjit yo‘lakka kirdi. Abdu taxtaga o‘tirdi. Atrofda karbolka hidi burqsir, ko‘p o‘tmay bundan uning boshi g‘ovlay boshladi. Kutib o‘tirganlarni guruh-guruh ichkariga chaqirib, savol-javob qila boshladilar. Abdudan ham ismini, ota-onasining ismlarini, buvisi va bobosining nimadan vafot etganlarini so‘rashdilar. Undan fotosuratini so‘rashdi, biroq uning yonida faqat politsiya tekshiruvidan qo‘rqib hamisha yonida olib yuradigan shaxsni tasdiqlovchi hujjatdan boshqa hech vaqo yo‘q edi.
Ko‘p o‘tmay uni yana chaqirishdi, hamshira uning qo‘lini siqib, tomiriga ignasini suqdi va uni qon bilan to‘ldirdi. So‘ng unga: “Bir hafta o‘tkazib kel” – deyishdi.
Hafta davomida Abduning puli bo‘lmadi. O‘sha aytilgan kuni erta tongda u yana donorlik bo‘limiga bordi. Soat o‘nda eshiklar ochildi. Kirganlarning ko‘pchiligiga: “Sizning qoningiz to‘g‘ri kelmadi” – deb javob berib yuborishdi. Abduning yuragi uvishdi. Biroq u: “Yaroqli” – degan javobni oldi va qon olgunlaricha kutib o‘tirdi. Abdu ochiqib ketgan bo‘lsa ham kutdi, kutayotganlar orasida o‘zini qahramondek his qilardi.
Ko‘p o‘tmay Abduni xonaga chaqirishdi. Uning qo‘lini taxta tokchaga qo‘yganlarida bir oz qo‘rqdi, biroq atrofidagi odamlarga qarab sal o‘ziga keldi. U qo‘lida muzdek sovuqni his qildi. Abdu jimgina o‘z ishlari bilan mashg‘ul holda qo‘llarga em ignasi suqayotgan hamshiralarga qaradi. Hamshiralar uning vaysaqi xotiniga o‘xshamas edilar. Abdu bu yerda erkaklar ham borligini ko‘rdi. Ularning yuzlari choyshabdek oqarib ketganidan yaltirar edi.
Abdu yuziga tutiladigan doka niqob yasayotgan hamshiralarga qaradi. So‘ng u o‘zida bir oz toliqish sezdi. O‘ng tarafdagi qo‘shnisi so‘radi: “Qancha qon olishadi?”. Kimdir javob berdi: “Bilmasam, yarim litr deyishyapti”. Suhbat shu bilan to‘xtadi. Nihoyat Abduning qo‘lini bo‘shatishdi, sovuq spirt bilan artib, “Bo‘ldi” deyishdi.
Abdu o‘rnidan turib, o‘ylanib, eshik tomon bordi-da, pul haqida so‘radi. Unga kutib turishni tayinlashdi. So‘ng Abduga bir junayhu o‘ttiz qursh to‘lashdi! Keyin uni sulkat bilan ovqatlantirishdi va buning evaziga berilajak haqdan ozgina chegirib ham qolishdi.
Kasalxonadan chiqib, Abdu uyiga borishdan avval, qassobdan go‘sht, sabzavotchidan kartoshka sotib oldi. U uyiga kulib, xursand qaytdi. Nafisa eshikni ochib, uning qo‘lidan xaltalarni olar ekan, xotinining salomiga javoban nazokat bilan uni sevishi, hatto uning uchun o‘limga ham tayyor ekanligini aytmoqchi bo‘ldi-yu, uyaldi.
O‘choqqa olov yoqildi, go‘shtli qaynatmaning dimoqni qitiqlovchi yoqimli isi butun xonadonni tutib ketdi. Bu is qo‘shnilar dimog‘iga yetib, kimdir xursand bo‘ldi, kimdir hasad qildi.
Abdu yaxshilab taomlanib, ko‘chaga chiqdi va tarvuz sotib oldi.
Bu oqshom ayolining odatdagi bidirlashlarini eshitmadi. Ularning inoq shivir-shivirlari naru moda kabutarlarning g‘uv-g‘uv ovoziga o‘xshardi.
Hafta oxiriga borib pul tugadi.
Belgilangan kun va vaqtda Abdu donorlik bo‘limida hozir bo‘ldi. Undan yana qon olishdi, ovqatlantirishdi va pul berib kuzatishdi. Abdu o‘zining yangi ishidan ko‘ngli to‘lgandi. U na ustaning tanbehlarini va na shirkat boshlig‘ining baqiriqlarini va na xo‘jayinning so‘kinishini eshitardi. Har hafta kasalxonaning ozoda va sarishta xonasiga borar, yarim litr qon topshirar va xotinini boqar edi.
Ko‘pchilikning unga havasi kela boshladi…
Xotini ham unga boshqacha qaray boshladi. Uning qo‘lidan xarid to‘la xaltalarni olayotib, chiroyli kulib qo‘yardi. Yotganlarida esa unga uyqu bermay, borgan sari rangi gezarib, ozib ketayotganini so‘zlardi. Nafisa xonadondagi qo‘shnilar va uning orasida bo‘lib o‘tgan gaplarni ipidan ignasigacha so‘zlab berardi, qo‘shni Hamida bilan janjallashgani, uning “ering seni qonini sotib boqyapti”, deganigacha gapirdi. Ora-sira ona bolasini erkalagandek erini erkalab qo‘yar edi, uni ayardi, chunki u ko‘p qon topshirishi kerak edi-da. Kechasi uni issiqroq o‘rab qo‘yar, kunduzlari urintirmas, barcha injiqliklarini ko‘tarar, hamma aytganini muhayyo qilardi.
Abdu xotinining bu qadar qayg‘urishi sababini juda yaxshi bilib turar va shunday qilish shartmi, deya dili xijil ham bo‘lar, ba’zan esa ochiqdan ochiq jahli chiqardi.
To‘g‘ri, odamlar u haqda ko‘p g‘iybat qilishardi. To‘g‘ri, u har gal qon topshirganida boshi aylanardi, kasalxona hovlisida kechgacha uxlab qolardi. Lekin, endi ularning uyida har kuni qozon osilardi, ijara haqi ham o‘z vaqtida to‘lab borilardi. Odamlar nima desa deyaversin, uning nima ishi bor ular bilan?
…Galdagi donorlik bo‘limiga tashrifida Abduni ichkari qo‘yishmadi.
– Nima uchun? – hayron bo‘lib so‘radi Abdu.
– Anemiya.
– Nima u “anemiya”?
– Kamqonlik.
– Xo‘sh, nima qilibdi?
– Sizdan qon olish mumkin emas.
– Xo‘sh unda nima qilishim kerak?
– Sog‘lig‘ingiz tiklanganda aytasiz.
– Men soppa-sog‘man, tog‘ni urib, tolqon qilaman kerak bo‘lsa.
– Yurak faoliyatingizda zaiflashish bor.
– Hech nima qilmaydi, men o‘zim javob beraman bunga.
– Bu o‘lim bilan tugaydi, axir.
– Roziman.
– Mumkin emas. Avval sog‘lig‘ingizni tiklang. Biz bunday qila olmaymiz. Bu g‘ayriinsoniylik.
– Bu-chi, insoniylikmi? Xo‘sh, sizlar ayting?
– Doktor to‘g‘ri aytayaptilar, og‘ayni.
– Demak, mendan qon olishmaydi-a?
– Ha.
Bu kun ular Abduni ovqatlantirishni ham unutishdi.
Xastalangan Abdu yana pulsiz qoldi…

Arab tilidan Sarvar Abdullayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 9-son