Yonas Dovidaytis. Muhabbat (hikoya)

To‘g‘riso‘z odamlarning ba’zi birlari iftixorli, o‘ziga bino qo‘ygan, olijanob kishilardir. Ammo ularning ko‘pchiligi kalta­fahm va tentak bo‘ladilar. Asrlar­dan beri davom etayotgan insoniy turmush falsafasi bizga ana shunday ta’lim beradi, biz bu masa­lada tortishib o‘tirmaymiz, albatta.

Darvoqe, Vinsentas Jibartas oila­sida bo‘lib o‘tgan hodisalar ham ana shu oqilona haqiqatni yana bir bor tasdiqladi.

Aushra – Jibertasning yakkayu yolg‘iz farzandi, yigirma ikkiga kirgan, gul-gul ochilgan, quvnoq va shaddod qiz. Qishloq kutubxonasining eng ixlosmand o‘quvchisi bo‘lgan Aushraning yuragiga, nihoyat, muhabbatning cheksiz xayollari, hayajonlari kirib keldi. U o‘qigan kitoblarning aksariyati baxt va baxtsiz sevgilar tarixi, quvonchu anduhlari haqida, zolima o‘gay onalar va rahmdil o‘gay otalar to‘g‘risida, ajoyib, go‘zal baxtiyorlik haqida hikoya qilardi. Aushra o‘rta maktabning yettinchi sinfini bitirgach, makkajo‘xorikorlik brigadasida ishlay boshladi, obro‘-e’tibor qozondi. U ishdan qo‘li bo‘shadi deguncha, kitob varaqlardi, o‘zining kelajak hayoti va bo‘lajak turmush yo‘ldoshi haqida o‘ylardi.

Peliksas Agrastas kolxozda mexanik yordamchisi bo‘lib ishlardi. U Aushra har kuni qatnaydigan kutubxona-klubga faqat turli ko‘ngilxushliklar o‘tkaziladigan bayram kunlarigina kelardi. Peliksas qop-qora qalin sochli, to‘garak qizil yuzli, burnining tagida qora, kelishgan mo‘ylovi bor barvasta yigit. U bir qarashda, garchi garmon ovoziga xushtor, raqs tushishni yoqtirsa-da, aslida kamgap va odamoviga o‘xshab ko‘rinardi.

Aushra Jibartasning atrofida alla­qancha o‘ktam va jasur, kelishgan, shirinso‘z yigitlar, qishloqda ilg‘orligi, xususiy mototsikllari, badavlatligi bilan nom qozongan mashhur traktorchi – millionerlar doimo o‘ralashib yurishar, uning ko‘nglini ovlamoqqa intilishardi. Bu go‘zal qizga navqiron mol do‘xtir, tayyorlov idorasining keksa xodimi, hatto tegirmonda ishlaydigan xotin qo‘ygan hisobchi ham xushomad qilardi. Qizgina Aushraga yana nima kerak bundan ortiq? Ko‘nglingga yoqqanini tanlab ol, Aushra!

Aushra esa, kutilmaganda, ko‘rimsiz, arang kun ko‘radigan, hattoki bo‘yi o‘zidan pakanaroq bir yigitni yaxshi ko‘rib qolgandi…

Yoz oxirlariga borib makka­jo‘xori­zordagi yovvoyi o‘tlar juda avj olib ketdi. Bir kuni Aushra o‘toq qilib yurarkan, “Sevgi yurak eshigini qoqqanda…” degan qo‘shiqni beixtiyor xirgoyi qila boshladi. Poytaxt teatri tuman markazida tomosha ko‘rsatganda, qiz bu qo‘shiqni eshitib, o‘rganib olgandi. Aushradan nariroqda Peliksas Agrastas poyaqirqar traktorni kovlashtirirarkan, garchi xirgoyiga qo‘shilib, og‘zini behudaga ochib-yumgisi kelmayotgan bo‘lsa ham, quloqlarini ding qilib, Aushraning mayin, dilni allalovchi ovozini eshita boshladi. Agrastas hadeganda jilmayar, ishniyam yugurib-elib qilardi. Kech kirishi bilan u klubga shoshildi. Agrastas va Aushra uchrashdilar, tegirmon to‘g‘oni atrofida sayr etdilar. Qirg‘oqdagi majnuntol tepasida oy yog‘du separ, uning shu’lalari aro hovuzdan sapchiyotgan cho‘rtanbaliqlar ko‘zga tashlanar, qamishzordan esa, ovqat izlab kelgan churraklar va yovvoyi o‘rdaklarning ovozi kelar edi.

Ota-onalar bolalarining qilayot­gan ishlari haqida, odatda, hamisha hamma­dan keyin xabar topadilar. Ammo umri kolxozchilik bilan o‘tgan Vinsentas Jibartas yakkayu yagonasi – Aushraning qarori­ni barchadan oldin bilib oldi va bundan tepa sochi tikka bo‘ldi.

– Shuyam kuyov bo‘ptiyu! – Vinsentas ko‘zlari yoshlanib turadigan, ozg‘in xotini Apaloniyaga zahrini socha bosh­ladi. – To‘g‘ri, yozda ishlaydi, bir amallab kunini ko‘radi, ammo qish bo‘yi lal­layib yuradi, tishining kirini so‘rib tirikchilik qiladi!..

– O‘zi judayam yuvosh bola… – Apaloniya yurak yutib asta gapira boshladi. – Yetimlikning nonini yegan, ko‘p narsaning qadriga yetadi…

– Ha, unaqa yuvoshlar to‘lib yotibdi, – ota kuyovning taqvodirligini halitdan yoqtirmayotgandek jerkib tashladi. – Erga tegsa, tuzukrog‘iga, o‘z tengiga tegsin. Peshona bitta. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, buniyam bilasan. Ammo meni boshqa narsa tashvishlantiryapti. To‘g‘ri, hozirgi qizlar sepini ko‘z-ko‘z qilib kerilmasalar-da, ammo kim ham ota-onasining borini sovurib, qandaydir bir mirisi yo‘q, mirzaquruqqa tekkisi kelardi deysan. Ho‘, xotin, ko‘zingni och! Bu yumshoq supurgi bolang, ko‘rinib turibdiki, ancha uchar chiqib qoldi. Qara, tayyorga ayyor bo‘lib, birpasda Aushraning boshini aylantirib qo‘yibdi!

– To‘g‘ri, mening qizim bunaqa qarg‘aga o‘xshagan kuyovga uvol. Qizimni mana men, degan olim odamlar jon deb oladi, – kampir xo‘rsinib qo‘ydi. – Nega endi mol do‘xtirga tegib qo‘yaqolmaskin? Shunaqayam toparman-tutarman, qo‘l-oyoqli yigit! Innaykeyin, gapniyam o‘rniga qo‘yadi-da.

– Uff… Echkiga jon qayg‘uyu qassobga yog‘ ekan-da. Men nima deyapmanu, sen nima deb valdirayapsan, – Vinsentas xotiniga so‘qita boshladi; u fermada birga ishlashiga qaramay, nima uchundir mol do‘xtirini yomon ko‘rardi. – Bu Agrastas degani, meningcha, na u yoqlikmas, na bu yoqlik… Familiyasiyam g‘alatiroq… Agrastas – krijovnik degani. Demak, qizimiz unga tegsa, krijov­nikxon yoki krijovnikniso bo‘ladi-da! Agrastasning bolalarini krijov­nikchalar, deb chaqirishadi. Endi odam­larga mazax bo‘lish qoluvdi… Bu kuyov bizga yaxshilik keltirmaydi – ko‘nglim sezib turibdi. Birimizni ikki qilish o‘rniga, bori­mizni barbod qiladi. U bizga o‘xshagan dehqonmas, moshinachi, shopir-da!..

Xullasi kalom, Vinsentas Jibartas o‘z xonadonida tartib o‘rnatib olishga, qizining tanobini tortib qo‘yishga qaror qildi.

…Yakshanba kuni, choshgohdan so‘ng kolxoz kutubxonasining ochiq deraza­laridan garmonning sho‘x, zavqbaxsh sadolari oqa boshladi. Kutubxona-klubga olib boradigan so‘qmoq yo‘lda bir to‘p yoshlar o‘sha tomonga shoshilishmoqda. Aushra bir yerda o‘tirolmay qoldi, nimadandir hayajonlanardi. U cho‘ntak oynasini qo‘liga olib, qo‘ng‘irrang, yoyiq sochlarini tarashga tushdi. Qiz­ning otasi stol yonida, ochiq turgan dehqoncha kalendar qarshisida o‘tirar, ko‘z qiri bilan Aushrani kuzatardi. Uning merosxo‘ri dam-badam derazadan tashqariga nigoh tashlar, qayoqqadir borishga taraddudlanar edi.

– Ana, muallima ham klubga ketyapti! – birdan xitob qildi Aushra. – Anavi mol do‘xtirimiz bor-ku, Jkuraytis, u ham ketyapti! U baland poshnali, yangi, ofitsercha etigini kiyib olibdi. Klubga yaxshi kino olib kelishdi, deyisha­yotgandi… Braziliya haqida ekan… Otajon, biz ham boraylik!

– Men o‘z davrimda har qanaqa Braziliya-mraziliyangni ko‘rganman, – Vinsentas ko‘zoynagini olarkan, ohista dedi. – Men turmushning achchiq- chuchugini totdim, oqu qorasini ko‘rdim. Ammo men, shuncha yil yashab, o‘z qizim xonadonimga gap orttiradi, odamlarga kulgi qiladi, deb hecham o‘ylamagandim! – Jibartas og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi.

– Sendan shuni kutganmidik, qizim?! Qariganimizda suyanchig‘imiz bo‘ladi, yakkayu yolg‘iz farzandimiz, deb o‘ylagandik. Chuchvarani xom sanab yurgan ekanmiz-da! – deya onasi idish-tovoq yuvayotgan joyidan turib aralashdi. – Buvingni o‘ylagin hech bo‘lmasa, axir, u sen haqingda qayg‘uraverib sochi oqardi, yaqinda oxirgi tishi ham to‘kiladi!..

– Tishi to‘kilsa to‘kilar, tilni tiyishga o‘rganish kerak! – Vinsentas xotinining ming‘ir-ming‘iriga chek qo‘ymoq uchun shartta gapni kesdi.

Shu zahoti Aushra otasining o‘zidan xafa emasligini fahmlab oldi. Vin­sentas kishilarning qarashi haqida gap sotishlarini jinidan battar yomon ko‘rardi.

– Aushra, bugun hech qayerga jilmaysan, shu yerda o‘tirasan, tushundingmi? Qani uydan bir qadam chiqib ko‘rgin! – Vinsentas endi qiziga o‘dag‘alay boshladi.

Bu gaplar qizning g‘ashini keltirdi, o‘jarligini qo‘zg‘ab qo‘ydi; u jahldan qizarib ketdi va sakrab o‘rnidan turdi.

– Uymi bu yo zindonmi?

– Nima bo‘lsayam, o‘z uying o‘lan to‘sha­ging, bildingmi? Anavi Agrastasni, krijovnikni bu atrofda ikkinchi ko‘rmayin! Mening eshigimdan hatlab kirishni o‘ylamay ham qo‘yaqolsin. Dumini tugib qo‘yaman unaqa ucharlarni!

Aushra o‘ksib-o‘ksib yig‘lay bosh­ladi. So‘ng Agrastasning ular o‘ylagan odamlardan emasligini, “bosh­qacha”li­gini tushuntira boshladi:

– Peliksasdaqa sofdil, ma’ni­li, kamsuqum yigitni topib bo‘psizlar. Yaxshi odam dunyoda ikkita bo‘lsa, bittasi mana shu Agrastas. Undan boshqa hech kimni demayman, ammo o‘tiraversalaring boshqaga tegmayman. Pullaringni, mol-davlatlaringni pesh qilishni o‘ylamay qo‘yaqolinglar: ikkalamizniyam qo‘l-oyog‘imiz butun, bir amallab yashab ketamiz. Sizlarning hech narsalaring kerakmas. Nonimizni topib yeymiz, bildilaringmi!

Haqiqatan ham, Aushra kolxozda ishlagani uchun ikki yuz sakson so‘mdan haq olardi. U ilg‘or kolxozchi bo‘lsa, Agrastas ham ishlasa, nima, qozonlari qaynamay qolarmidi!

…Klub tarafdan garmonning yolvorib chorlayotganga o‘xshagan baland parda­dagi nolishi eshitilardi. Aushra ochiq derazadan o‘sha tomonga qaragancha xayolga cho‘mdi. Hovlidagi sirengul yengil sha­bada og‘ushida xiyol-xiyol tebranar, gulxayrilar, dastorgullar, chinnigullar yashnab turar, atrof salqin, orombaxsh, xushbo‘y edi.

– Hamma odamlarga o‘xshab cherkovga borib nikoh o‘qitishsayam koshkiydi. Yo bu gunohmi? Inson bolasi pokdomon bo‘lishi kerak, gunoh ishlardan o‘zini saqlashi lozim. Hammasi odat bo‘yicha bo‘lsin – ergayam tegasan, biz seni tuxum qilib bosib o‘tirmaymiz!

Aushra onasining so‘zlarini eshitar­kan, a’zoyi badani titrab ketdi. U o‘zining Peliksasi bilan cherkovga borib nikoh o‘qitish to‘g‘risida gaplashib ko‘rgandi, ammo u: “Unaqa joyga o‘lsamam bormayman!” deb turib olgandi. Aushra xayolga cho‘mdi: “Nima qilsam ekan? Cherkovga borsam, komsomollar oldida nima degan odam bo‘laman, axir? Yo‘q, men uchun muhabbat qanchalik qadrli bo‘lsa, yaxshi nom ham shunchalik aziz. Har qalay, odam o‘z taqdirini o‘zi yaratadi, dadil harakat qilaverish kerak. Qaytish yo‘q…”

– Men, baribir, u bilan nikohdan o‘taman. Dod desalaringam, faryod qilsa­laringam menga baribir endi! – Aushra yig‘lay boshladi. – Otajon, onajon, nima qilasizlar meni qiynab… Axir, menam boshqalarga o‘xshagan odamman! Nega meni tushunmaysizlar?!

Vinsentas Jibartas xotiniga qa­rab qo‘ydi. Kampir qizini xafa qi­lib qo‘yishdan havotirlanib, biroz qo‘rqa­yotgan bo‘lsa ham, qizi tomonga qaramas­dan, ro‘yxush bermasdan uy ishlari bilan mashg‘ul edi. Er-xotin qizlarining o‘jar­ligini, o‘zlariga quloq solmasligini, bir so‘zligini yaxshi bilishar, shuning uchun ham Aushraning Agrastas bilan nikohdan o‘tishiga allaqachon shubha­lanmay qo‘yish­gan edi. Nikoh qog‘ozi yozilib, muhr bosilgach tamom, uni qaynoq suv bilan ham o‘chirib bo‘lmaydi. Unaqa muhrdan bir umrga qutulib bo‘psan! Shuni o‘ylab, Vinsentas kecha kechqurun, qizingning qog‘ozlarini berkitib qo‘y, deya shipshitib qo‘ygandi. Kampir sandiqni ochib, undan har xil xatlari, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, o‘quvchilik yillaridan qol­gan hujjatlarini oldi. Ularning ichi­dan qizining pasportini topdi-da, cherdakka olib chiqib yashirib qo‘ydi. Qani, bu o‘jarlar pasportsiz ham bir nikohdan o‘tib ko‘rsinlar-chi! Aushra ota-onasining ruxsatisiz hech qayoqqa ketmaydi. Ketolmaydi ham!

…Qorong‘i tushishi bilan Jibartas­larning uyi atrofida allakim hushtak chalib keza boshladi. Ota qizi tashqariga chiqib ketmasin deb ko‘z-quloq bo‘lib turar, eshik oldidan nari ketmasdi. Keyin u hovliga chiqdi-da, itni bo‘shatib yubordi. It qorong‘ilikka qarab sho‘ng‘idi, qisqa-qisqa huridi. Keyin uning shumurt daraxtlari orasidan allakimga uzoq hezlanib irillagani va o‘sha tarafdan kimningdir tosh otgani eshitildi. It oqsoqlanganicha, oyog‘ini sudrab orqasiga qaytib chiqdi.

Jibartas ostonada tik turganicha qorong‘ilikka qarab baqirdi:

– Ho‘, kimsan? Hozir teringni shi­lib olaman, men bilan hazillashma! Mana, hozir birog‘izimni o‘qlayapman! Tuz-ku, deb xomtama bo‘lma, sochma o‘q solayapman! Qaroqchilar bilan gapni cho‘zib o‘tirmayman!

Chol birog‘iz miltig‘ini shundog‘am o‘qlamadi, chunki u o‘tgan yili qishda, bog‘chasida aylanib yurganda, tasodifan yemak izlab kelib qolgan quyonga oxirgi o‘qni sarflagan edi.

Ertasiga Aushra va Agrastas kartoshka­qazar kombayn oldida uchrash­dilar – buni daladagi hamma ko‘rdi. Ayni choshgoh edi. Kombaynning qaysidir bir joyidagi tishi yeyilib ketganidan butun ish to‘xtab qoldi. Kartoshka teruvchilar biroz kutishdi-da, keyin tarqab ketishdi. Agrastas kombaynni tuzataman, deb o‘lar­day tirisharkan, yuzidan chak-chak ter tomardi. Nihoyat, u ishni tashladi-da, qiz bilan ancha vaqt suhbatlashdi… Aushra yigitning furajkasiga chiroyli dala gulini taqib qo‘ydi.

Qiz kechqurun uyga judayam toliqib, rangi bir ahvolda qaytib keldi.

Onasi oshxonada ovqat tayyorlash bilan band ekan, qizining devor yoni­dan uyga qanday yaqinlashib kelgani, stullarni ehtiyotsizlik bilan turtib yuborgani, sep turadigan sandiqni ochgani, undagi narsalarning tit-pitini chiqarayotganini indamasdan, qo‘rqibgina kuzatib turdi. Aushra pasportini axtaryapti. “Ha, – o‘zicha o‘yladi kampir, – otasi narsalarini yashirib qo‘y deb juda to‘g‘ri aytgan ekan; Aushra hali yosh, qoni qaynoq payti, mayli, sovib, o‘ziga kep qoladi…”

Tushlikka yaqin Jibartaslar hovli­siga ruhoniyning xotini, Jibartasning qarin­doshi halloslab kirib keldi. U ozg‘in, ammo o‘lgudek sergap, chakagi ochiq xotin edi.

– Mayli, Aushra ikkalovi yakshanba kuni cherkovga borsin, duo tugagach, darrov nikohlab qo‘yamiz! – ruhoniyning xotini javray boshladi. – G‘oz so‘yamiz, pishiramiz! Bo‘g‘altir tegirmondan besh kilo un olib berdi. Yana, o‘ziyam kirib o‘tmoqchi, uch shisha musallas opkelishgayam va’da qildi. Sovchilikniyam qoyillatamiz, xuddi qadim­gi­larga o‘xshab qilamiz hammasini! To‘g‘ri, kuyov­bola yolg‘izlikka yolg‘iz, ammo ancha-muncha narsasi bor, pishiq. Aushra juda zo‘r joyga tushyapti-da!..

Qiz uyda o‘tiraverib siqilib ketdi, peshindan keyin esa kutubxonaga jo‘nab qoldi. U yerdan ancha kech qaytdi. Dalani yupqagina tuman pardasi qoplagandi, botqoqlik tarafdan loyxo‘rakning nolon ovozi kelardi, og‘ilxona atrofida ko‘rsha­palak ivirsib uchardi… Aushra eshikni taqillatdi. Otasi ko‘ylakchan holda chiqib tambani oldi, so‘ng ko‘zla­rini ishqalab, javray boshladi.

– Kechasi yurishga qachon chek qo‘yasan, a? Hech tinchlik bermay qo‘yding odamga, qizim…

Aushra ohista, mehrli ohangda, muloyimlik bilan dedi:

– Kechir, otajon… Bu oxirgisi, endi qilmayman. Klubda repetitsiya sal cho‘zilib ketdi…

Chol g‘adir-budur, beo‘xshov ko‘zadan muzday suv quydi-da, shoshilmay ichdi, so‘ng kirib ketdi.

Tong ham otdi. Kampir qizini ancha vaqtgacha uyg‘otgisi kelmadi, mayli, uxlab olsin, deb o‘zicha o‘ylab qo‘ydi. Kun yoyila boshlagach, u qizi yotgan katalak hujrachaga kirdi va Aushrani uyg‘ota boshladi:

– Turaqol endi, makkajo‘xorichilar brigadasi hozirgina tepalikdan o‘tib ketdi. Shoshilmasang, kech qolasan, yana so‘kib yurishmasin…

Kampir birdaniga qo‘rqib ketdi. Uning o‘rni bo‘m-bo‘sh, binafsharang adyolga hech kim qo‘l tekkizmagani ko‘rinib turardi. U qizini axtarib bir soatcha kalovlanib yurdi, nihoyat, Agrastasnikiga bordi. Ammo u yerdan ko‘zlari yig‘idan qizarib, hech bir ish chiqarolmay qaytib keldi. Uyda uni g‘azabidan yuzlari ko‘kargan Vinsentas Jibartas kutib o‘tirardi.

– Og‘iz-burun o‘pishib yotishibdi. Gadoyvachchalarday bitta stulda ikkalasi o‘tiribdi, – deya xotin eriga zorlandi. – U dedim, bu dedim, hech gapimga ko‘nishmadi, nonko‘rlar. “Biz hech qayoqqa bormaymiz, shu uyda birga yashaymiz!” deyishdi-ya!..

– Axir, sen ularga aytmadingmi, hech bo‘lmasa biz bilan gaplashishlari kerak. Mundoq yuzma-yuz o‘tirib, ochiqchasiga gaplashib olish kerak-da, axir, onasi! Och qornim – tinch qulog‘im, deb yuravergan bilan ish bitmaydi! – Vinsentas baqi­rib yubordi.

– Ular kelib bo‘pti endi bu yerga! Bilasanmi, menga qanaqa qichqirib berishdi? “Mol-davlatlaring bilan bizni qo‘rqitmanglar! Mana mening boyligim”, dedi-da, Agrastas Aushraning yuzidan cho‘lpillatib o‘pib oldi. Xuddi o‘z xotinini o‘pganday qildi-ya buni yaramas! Mana shunaqa, otasi, menu sen qarib qoldik, bir oyog‘imiz to‘rda bo‘lsa, bir oyog‘imiz go‘rda. Shuning uchun ham bizni sharmanda qilsalaram yarashaveradi! – Apaloniya ko‘zyosh to‘kib, astoydil yig‘lay boshladi.

– Bolalari haqida eslatdingmi? Hujjat­lari yo‘q, bolalarini kimning pasportiga yozdirishadi? Ho‘, boshpanasiz itvachchalar! – Vinsentasning g‘azabi yana orta boshladi.

– Ha, men aytdim buniyam! – uqtirdi kampir. – Ammo u xudo urgan o‘zboshimcha ekan. “Kimning bolasi bo‘lardi, albatta, meniki-da. Ular Agrastukaslar bo‘la­di!..” dedi kuyov menga. “Mening pas­por­timni sizlarga o‘xshaganlar hali yashirib ulgirishmadi, xudoga shukr. Hech kim mening hujjatlarimga xo‘jayin ham emas!” Aushra ham to‘tiqushdek nuqul uning gapini takrorlaydi. O‘ziga isitib olganda u jodugarning bolasi! Ey voh, bizning boshimizga nimalar tushmayapti-ya!

– Eh, uyatsizlar! Sharmandalar! – Vin­sentasning g‘azabi qaynab ketdi. – Endi bu mashmasha butun kolxozda gap bo‘ladi. Feleton ham yozishadi bu haqda, mana ko‘rasan!

Vinsentas xonada u yoqdan bu yoqqa bezovtalanib yura boshladi. Uning tepakal boshida, yuzida ter tomchilari ko‘rindi.

– Onasi, o‘shalarga pasportini olib borib ber. Oborginu uyning o‘rtasiga otib yubor! – dedi. Birmuncha o‘ylanib turgach, qo‘shimcha qildi: – Bo‘ladigan ish bo‘ldi. Qarshilik qilib o‘tirish befoyda. G‘isht qolipdan ko‘chdi.

Apaloniya indamasdan cherdakka ko‘ta­rildi. Yashirgan joyidan qizining paspor­tini oldi-da, uni yubkasiga qistirib, indamaygina Agrastasnikiga jo‘nadi.

“Ehtimol, bu Agrastas deganlari juda, men o‘ylaganday, xomkalla emasdir. Harqalay, qaynotaning oldiga birrov kelib ketsa yomon bo‘lmasdi”… Jibartas xonada u yoqdan bu yoqqa yurar, fikrida ana shu xayollar charx urar edi.

Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimasi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 51-52-son