Yasunari Kavabata. Italiya haqida qo‘shiq (hikoya)

Uni boshdan-oyoq alanga qamrab olgan edi. U jon achchig‘ida dod solar, irg‘ishlar va jazava ichida qo‘llarini siltardi. Xuddi alanga qanotlarini kuydirgan parvonadek…
Dastlab juda qattiq portlash ovozi eshitildi, zum o‘tmay tajribaxonadan yo‘lakka bamisli gurillab yonayotgan ulkan mash’ala otilib chiqdi…
Xonalaridan yugurib chiqqan odamlarni yonayotgan kimsadan ko‘ra, uning aql bovar qilmas darajada baland-baland irg‘ishlashlari hayratga solardi. Xuddi chigirtkani o‘tda kuydirishayotgandek atrofga chirs-chirs uchqunlar sachrardi. O‘t-olov ichida qolgan jon qanday qilib bo‘lsa ham bu azobdan xalos bo‘lishga talpinmoqda edi.
Bir paytlar balandlikka sakrash bo‘yicha professor Toriiga taraf topilmas, u hatto olimpiya o‘yinlarida ham qatnashish sharafiga muyassar bo‘lgan edi. Yoru birodarlari bilan hamkasblari shunga ishora qilishib, professorning shashti juda baland-da, deya askiya qilishardi. Lekin hozir hazilning o‘rni emasdi. Professorning jon azobidan tipirchilashi yuraklarni larzaga solar, uning dod-faryodi tilka-pora qilinayotgan darrandaning vahshiyona faryodini eslatardi.
Professorning egnidagi oppoq xalat kuyib, qop-qora uvadasi qolgan, yonib tugayozgan ko‘ylagi qora qurum singari uchib tushardi. Kuygan aftiga qarab bo‘lmasdi, og‘riq zo‘ridan qorachiqlari kengayib ketgan ko‘zlari sarosima ichida yonar va kosasidan otilib chiqay-otilib chiqay derdi.
Professorning ustidan spirt to‘kilib ketib, u rosmana mash’ala kabi gurullab yonmoqda edi.
Tajribaxonadan buralib-burqsib quyuq tutun chiqardi. Alanganing ayovsiz tili yo‘lakka ham yetib qolgan edi. Ichkarida kimyoviy moddalar solingan shisha idishlar qasira-qusur yorilardi. Yordamga oshiqqan hamkasblardan biri shoshib kamzulini yechdi-da, choyshabdek yoyib, professorning ustiga tashladi. Unga ergashib yana bir necha kishi shunday qildi. Professorni avaylab polga yotqizdilar.
Hamma yoqdan baqirgan-chaqirgan ovozlar eshitilardi.
– O‘t o‘chiruv balloni qani? O‘t o‘chiruvchilarning quvurini topinglar!
– Tezroq qog‘ozlarni olib chiqing!
– Ogohlantirish tugmasini bosing!
– Vrach! Vrach qani! Tezroq! Chaqiring!
– O‘t o‘chiruvchilar boshqarmasiga xabar beringlar!
– Voy, Sakiko qani?! Sakikoga nima bo‘ldi?!
– Voy-y, Sakiko esimizdan chiqibdi-ku! – yigitlardan biri shunday degancha, o‘zini gurillab yonayotgan tajribaxonaga urdi. Ichkaridan ketma-ket palaxmondan otilgan toshdek bir kalamush otilib chiqdi. Chamasi bu kalamush tajriba uchun saqlangan qafasdan qutulib chiqqan edi.
Sakiko taqdirga tan bergandek, qotib turardi. U tiriklayin yonib ketishga shay bo‘lib turganga o‘xshardi. Derazadan tushayotgan tong quyoshining jilvagar nurlari uning yelkalarini yoritardi. Deraza ortida shivalab yoqqan yomg‘irda chayilgan pokiza, yam-yashil yaproqlar ohista chayqalardi.
Sakikoning etagi yonib, alanga bilanglab yuqoriga ko‘tarilmoqda edi. Qiz haykaldek qotib turar, alanga qizning koftasini ayovsiz qamrab olgandi.
– Esing joyidami, – deya qichqirdi boyagi yigit va bir tortib uning yubkasini, so‘ng jon-jahdi bilan tutay boshlagan ichko‘ylagining etagini yulqib oldi.
Sakiko birdan uyg‘onib ketgandek ilkis cho‘qqayib oldi-da, qo‘llari bilan yalang‘och oyoqlarini yashirmoqchi bo‘ldi, biroq ulgurolmay yonboshi bilan yiqildi-da, hushdan ketdi.
Yigit Sakikoni ko‘tarib tajribaxonadan yo‘lakka olib chiqdi.
Paysalga solmay jarohatlanganlarning ikkovini ham kasalxonaga olib ketishdi.
Professor Torii badanining qariyb uchdan ikki qismi kuyib ketgan edi: bunday odamning sog‘ayishidan umid qilib bo‘lmasdi, lekin shunga qaramay, professor hech kimning ko‘magisiz kasalxona yo‘lagi bo‘ylab palata tomon yo‘rg‘alab ketdi. Uning eski qadrdoni bo‘lmish telefonda ogohlantirilgan vrach unga peshvoz chiqqanida professor Torii auditoriyada gapiraverib odatlanib qolgan tarzda tushunarli va lo‘nda qilib do‘rilladi:
– Kelganing uchun tashakkur. Tajribaxonaga o‘t tushdi. Hammasi yonib ketdi. Men ham chakki qovurilganim yo‘q, shekilli.
Professor o‘zini bardam va tetik tutayotgani bilan baribir uning ko‘rinishi odamning o‘takasini yorardi: qoshlari bilan kiprigi batamom kuyib tushgan, qavarib, go‘shtlari chiqib qolgan qip-qizil yuzining badburush niqobdan farqi qolmagan edi.
Professorni karavotga yotqizganlarida u qaqshatqich og‘riqdan ingray boshladi. Lekin bu uzoq cho‘zilmadi, ko‘p o‘tmay u alahlashga tushdi. U endi ingramas, balki o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otib, dod solardi. Dastlab hamma yog‘iga qalin qilib malham surtishdi, keyin boshdan-oyoq bint bilan o‘rab-chirmab tashlashdi. Holbuki, bu malhamning shifobaxshligiga vrachlarning o‘zi ham ishonmasdi. Yashirishdan foyda yo‘q – qon quyishdan ham najot kutmasdilar. Keyinchalik vijdonlari qiynalib yurmasligi uchungina bu choralarni qo‘llashgan edi. Qo‘shni polkdan o‘n chog‘lik yosh-yosh askarlarni chaqirtirib, hash-pash deguncha ularni tekshirishdi, so‘ng ularning qonidan olib professorga quyishdi, ammo bu ham yordam bermasligini juda yaxshi bilishardi.
Oradan bir muncha vaqt o‘tib, teri kasalliklari bo‘limining boshlig‘i kelib ketgach, jarohatlanganlarni tekshirib ko‘rish uchun terapiya bo‘limining boshlig‘i tashrif buyurdi. Ammo boshdan-oyoq doka bilan o‘rab bog‘langan bemor alahsirab o‘zini tinmay u yoqdan-bu yoqqa otayotgani sababli terapevt yaxshilab tekshirish u yoqda tursin, loaqal tomir urishiga ham quloq sololmadi.
Bordi-yu buning ilojini qildi ham deylik, ammo qo‘lidan nima keladi? Bemor boshida atigi ikki daqiqa o‘tirgan terapevt unga umidsiz nazar soldi-da, indamay palatadan chiqib ketdi. Tibbiyot nuqtai nazaridan qaraganda professor Toriining ajali yetgan edi.
Sakikoning palatasi bilan professor yotgan palata orasi unchalik uzoq emasdi, shu sababli uning ingrashlari bemalol eshitilib turardi.
Sakikodan xabar olgani kelgan dugonalari bir ovozdan:
– Falokat yomon narsa, lekin yuzing qilchalik ham kuymadimi, shunga shukur qilaver, – deb ko‘nglini ko‘targan bo‘lishdi.
Sakiko yuzini yostiqqa burkab, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi.
Uning o‘ng oyog‘i choviga qadar doka bilan o‘ralgan edi. Shu oyog‘i jonsiz, yog‘och oyoqdek tuyulardi-yu, biroq shu bilan birga oyog‘i ham qaqshar, ham achishar va qizgina og‘riqqa chidayolmay tishini-tishiga bosib yotardi. Nahotki u oyog‘idan ajrab nogiron bo‘lib qolsa?!
Sakiko ilk marotaba erga tegish haqida o‘yladi. Bu fikr bamisli bir igna singari miyasiga sanchildi-yu, siqilib ketganidan yuragida og‘riq qo‘zg‘aldi.
Ustidagi ko‘ylagi yona boshlagach, u birdan ham jisman, ham ruhan ulg‘ayib qolgandek bo‘ldi va ayni choqda allanechuk yosh bolaga o‘xshab qolgandi. Bu hissiyotlar o‘z holicha alohida-alohida junbishga kelar, bir-biriga bo‘ysunmas edi.
Chamasi, mana shu tug‘yon tufayli u qattiq jazavaga tushmoqda edi.
Ruhiy talvasa va iztirobdan keyin Sakiko birdan hayotni to‘la his qilmoq lazzati va quvonchini butun vujudi-la tuydi.
Alhol uning g‘am-g‘ussaga botgan va ayanchli dunyosi yorishib ketgandek bo‘ldi-yu, baribir dili ravshan tortmadi. Uning uchun hayotning ma’nisi kuygan badanidagi og‘riqdan iborat bo‘lib qolgan.
Professor Toriining salomatligi haqida u ko‘p ham kuyunavermasdi. Unga achinardi, lekin uning uchun siqilmas edi. Uni endi o‘zining shaxsiy hayoti qiziqtirardi.
Sakiko shu yil bahorda musiqa bilim yurtining vokal bo‘limini tugatgan, biroq hech kutilmaganda ilmiy xodim, harbiy vrachning yordamchisi bo‘lib qolgandi. Bu aql bovar qilmaydigan voqea edi, lekin bizning zamonamizda, ayniqsa, ayollar orasida uchrab turadi.
Shunga o‘xshash voqea professor Toriining hayotida ham yuz bergandi. Sportga nihoyatda berilib ketganiga qaramay, u ayrimlarga o‘xshab o‘qishni tashlab yubormadi. Ehtimol, xususiy emas, davlat bilim yurtida o‘qiganligi sabab bo‘lgandir. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham ilmga bo‘lgan intilish yuksak aql-idrokdan darak beradi, degani emasdi. Sport sohasida ham u biron-bir yaxshi natijaga erishmagandi.
Ajoyib kunlarning birida hammaning jon-dili bo‘lib qolishi uchun aynan nima yordam berdi – og‘ir-vazmin fe’l-atvorimi yoki tabiatimi – aytish qiyin edi. U kishibilmas ravishda sport sohasida ko‘tarilib ketdi. Musobaqalarda shaxsan qatnashmagani bilan tashkilotchi va rahbar sifatida shuhrat qozondi. Sport mashg‘ulotlarining ilmiy tizimi hammadan burun sport tibbiyotiga tayanishi kerak, degan fikr uning kashfiyoti emasdi, biroq ko‘pincha bunday antiqa, favqulodda fikrni men o‘ylab topganman deb o‘ylardi. Aslini olganda uning birdan-bir xizmati, bu sohaga darhol jonu dili bilan ahamiyat bergani edi. Yirik olimlar mensimagan va ahamiyat berishga arzimaydi, deb hisoblagan statistika fikru xayolini egallab oldi. Ushbu soha statistik sportni rivojlantirishga ozmi-ko‘pmi naf berdi.
Shunday qilib u mashhur bo‘lib ketdi. Yetakchi gazetalar sport bo‘limida uning suhbatlarini e’lon qildilar.
Sport bilan urush juda katta kuch va iroda talab etadi. Shu jihatdan, bularning orasida allaqanday umumiylik mavjud. Buning ustiga mamlakatda bag‘oyat og‘ir sharoit yuzaga kelib, urush kayfiyati kuchaya boshlaganidan beri qurol-yarog‘ va zaharli gazlar sohasidagi ilmiy tekshirishlar bilan bir qatorda ilm-fanning harbiy tibbiyot deb atash mumkin bo‘lgan sohasi ham rivojlana boshladi. Asta-sekin bu sohaning o‘z mutaxassislari paydo bo‘ldi. Ilmiy tadqiqot olib borish uchun tibbiyot fakulteti kafedralariga jo‘natilgan harbiy vrachlarning soni ham keskin ko‘paydi. O‘z navbatida oliy tibbiyot bilim yurtlari hamkorlik uchun o‘z olimlarini armiyaga yuboradigan bo‘ldilar.
Professor Toriining bu yo‘ldan borish niyati yo‘q edi, ammo kunlarning birida u o‘z-o‘zidan harbiy tibbiyot bo‘yicha yosh mutaxassislardan biriga aylandi-qoldi. O‘tgan umriga nazar sola turib, Torii hayratdan yoqa ushlamog‘i darkor edi, biroq har bir narsaning mohiyati bilan qiziqavermaydigan shaxs bo‘lgani uchun ortiq bosh qotirib o‘tirmay, butun vujudi bilan zamonaning muhim muammolarini hal etishga kirishdi.
U shov-shuv ko‘tarilsa bas, bir santimetr balandroqqa sakrab jonidan kechishga ham tayyor bo‘lgan sportchilar sirasiga kirardi.
Sport tibbiyoti bo‘yicha fan doktori ilmiy unvoni va professor degan faxriy nomga ega bo‘lish amrimahol edi. Lekin harbiy tibbiyotda ilmiy unvon va daraja haddan ziyod oson berilardi.
Toriining qo‘lyozmasi bilan bor-yo‘g‘i birgina professor – ilmiy kengash raisi tanishib chiqdi, xolos. Professor dissertatsiyaning mavzusi harbiy sir hisoblanadi, shunga ko‘ra, uni e’lon qilish mumkin emas, biroq ushbu dissertatsiya jang olib borish muammolarini ishlab chiqishga juda katta hissa qo‘shuvchi tadqiqot ekanligi uchun nihoyatda qimmatli, deb axborot berdi. Professorlar kengashi Toriiga doktorlik ilmiy unvoni berilishini bir ovozdan ma’qul deb topdi.
Toriining ilmiy ishi havo jangida inson xatti-harakatining fizio-biologik va nevrologik xususiyatlariga taalluqli edi.
Torii maxsus yasalgan samolyot maketlariga tajriba uchun saqlanayotgan sichqon va quyonlarni joylashtirib, bu maketlarni to‘xtovsiz ravishda sirtmoqsimon doira yasab uchishga majbur qilardi. Shubhasiz, uning o‘zi ham aerodromga qatnar va qiruvchi samolyotlarda parvoz qilardi. Yoshi o‘zidan ancha katta bo‘lgan harbiy havo kuchlari ofitserining yelkasiga generallarga xos ravishda urib-urib qo‘yarkan, derdi:
– Sen bilan mening o‘sha sichqonlardan farqimiz yo‘q, og‘ayni…
Har yili muntazam o‘tkaziladigan havo hujumiga qarshi mudofaa mashg‘ulotlari yaqinlashib kelar, tabiiyki, g‘arbiy qo‘mondonlik Toriiga tadqiqotini tezroq tugatishini qistalang qilardi. Shu sababli u maxfiy hududlardan birida joylashgan tajribaxonada kechasiyu kunduzi tinmay ish olib bormoqda edi.
Mashg‘ulotlar tugagach, unga chet elga yo‘llanma va’da qilishgan edi. U Ovrupoda birinchi jahon urushi davrida handaqlardagi fiziologik shart-sharoitlar, askarlarning hulq-atvori, ruhiyati ta’siriga aloqador muammolarni o‘rganmoqchi edi. Uyqusizlik, tungi diqqatchilik professorni toliqtirib qo‘ygandi. U xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarurligini unutgandi.
O‘sha kuni Sakiko tajribaxonaga odatdagidan ertaroq keldi. Choy damlash maqsadida suv qaynatgani gaz plitasini yoqdi. Professor esa shu payt plita yonida turib tunuka idishdagi spirtni shisha idishga quya boshlagandi. Birdan spirt lop etib alanga oldi-yu, tunuka idish portlab ketdi…

Avji yoz mahali kasalxonalar bolalar bilan to‘lib-toshadi. Ota-onalar ta’til oyidan foydalanib, surunkali dardga mubtalo bo‘lgan bolalarini muolaja qilish payiga tushadilar. Tomoq bezlarini oldiruvchi hamda “shirincha” bilan og‘rigan bolalar ko‘p bo‘ladi. Taajjublanarlisi, bularning ko‘pchiligini qizlar tashkil etadi.
Hozirgi zamon yapon millatiga xos ma’sum, jiddiy, nozik-nihol qizchalar yo‘laklarida juft-juft bo‘lib sayr qilib yuradilar.
Bu nimjon qizchalar kasalxona muhitiga o‘zgacha tus-tarovat bag‘ishlab, o‘zidan allanechuk nur taratayotgandek tuyulardi. Bu o‘smirlardan atrofga qandaydir og‘ir xushbo‘y hid taralar edi. Ular birpasda o‘zaro til topishib, shaharlik oyimtillalardan bo‘lak hech kimni davralariga qo‘ymasdi.
Bodomcha bezini olib tashlash oson edi, biroq operatsiyadan keyin jarohat o‘rni bitishi uchun tomoqqa muz solingan rezina xalta bog‘lab qo‘yilardi. Xuddi aslzoda xonimlar marvaridlarini o‘ynagani kabi ular ham xaltachalarining bo‘shashib osilib qolgan bog‘ichini o‘ynagancha kattalarning kulgusini qistatib, bir-birlariga: “Qara, qanday bejirim-a?” – deb qo‘yishardi.
Bu shahar bolalari orasida yo‘l-yo‘l ko‘ylak-ishton kiyish rasm bo‘lgan chog‘i. Oddiy bo‘z xalat kiyishdan ular or qilishardi; kimniki pijamasi bo‘lmasa, u o‘zini bechorahol va g‘arib sezardi. Shuning uchun kasalxonaga kelgan kunining ertasiga yoki indiniga hammasi pijama kiyib po‘rim bo‘lib olardi.
Ular ma’lum soatlarda juft-juft bo‘lib muzqaymoq yegani yemakxonaga borishardi.
Kasalxonada yaqin uch oydan beri ko‘tara savdo qiluvchi o‘rmonfurush yotardi, yiring bog‘lagan shish uning yonog‘ini shunchalik o‘yib yuborgan ediki, azbaroyi yuz suyaklari ochilib qolgandi. Yaponchasiga jihozlangan qo‘shni palatada tomoq bezlari olib tashlangan to‘rt nafar nimjon qizcha yotardi. Quloq, tomoq va burun kasalliklari bo‘limida joy yo‘qligi sababli ularni vaqtinchalik shu yerga yotqizishga to‘g‘ri kelgandi.
Har kuni o‘rmonfurushning son-sanoqsiz qarindosh-urug‘lari yog‘ilib kelardi. Ular o‘rtasida meros uchun kurash borardi. Bemor befarzand edi, qarindoshlari xotiniga emas, balki o‘z aka-ukalariga tegishli ulushni ajratib, butun merosni jiyaniga qoldirishi uchun uni hol-joniga qo‘ymasdilar. Shu sababdan Xudoning bergan kuni kasalxonaga kelishar va iloji boricha bemorning xotinini g‘iybat qilishar, hatto quruq tuhmatdan ham toyishmasdi. Vasiyatnomani o‘z foydalariga muvofiq yozib qoldirishi uchun bemorni ko‘ndirish yo‘lida barcha hiyla-nayrangni ishga solardilar.
Lekin bemorning hali hayotdan umidi bor edi.
Ochig‘ini aytganda, rafiqasining ham vasiyatnomani o‘z nomiga yozdirib olishga erishish uchun astoydil kuyunishdan bo‘lak iloji qolmagandi. Tabiiyki, bu haqdi u eriga ochiq aytolmasdi.
Qarindoshlarining tuhmat-bo‘htonlariga uchgan o‘rmonfurush xotinini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kar, biroq o‘sha zahoti hammaga dahmaza bo‘lib qolganidan nolir va uning qo‘llarini mehribonlik bilan silab-siypashga tushar, biroq u yana qovog‘ini uyub olardi.
Qo‘shni xonada kasal boquvchi ayollar joylashgan bo‘lib, har kecha ularga o‘rmonfurush xotinining o‘ksib-o‘ksib yig‘lagani eshitilardi.
Kunduzlari palatada o‘tirib siqilib ketganda o‘rmonfurushning xotini yo‘lakka chiqib, u yoq-bu yoqqa yurar, yuvinish xonasiga, kirxonaga bosh suqar va o‘sha yerda bemorni boqish uchun qarindoshlari yollagan hamshiralar bilan hasratlashardi.
Ellik yashar farishtali xonim boshini xiyol yonga egib, beozorgina kulib gapirardi:
– Ozgina tejayman, degan xayolda dastlab kasalxonaga tramvayda qatnab yurdim. Bekor qilgan ekanman, menga baribir hech narsa tegmas ekan, birovning pulini tejashimdan nima foyda? Endi o‘lsam ham tramvayda yurmayman. Yigirma yil bir tiyin ortiqcha sarf qilishdan andisha qilib keldim, tejayverdim, tejayverdim, mana oqibati. Hech vaqosiz chapak chalib qolaveraman, shekilli. Alam qilmaydimi?!.
Yoshligida u benihoya chiroyli bo‘lgan bo‘lsa kerak. Biroq, hozir o‘zining husn-tarovati bilan maqtanolmasdi, shu vajdan yuragi o‘rtanar, lekin ming qilganda ham bir zamonlardagi husnini iftixor bilan eslar, bularning bari o‘zini sipo va erkin tutishida ham sezilar va hamshiralarni iydirib yuborardi.
– Lekin, xonim, – deyishardi ular, – birovning qo‘liga qaram bo‘lib yashamasligingiz uchun eringiz biron narsa qoldirar, o‘ldimi?
– Ko‘zim yetmayapti, – deya xira pashshani haydab turib javob qilardi o‘rmonfurushning xotini. Deraza ortidagi kechki osmon fonida qorayib ko‘rinayotgan teraklarning uch-uchlariga razm solib qararkan, u yashiriqcha jamg‘arib qo‘ygan pullari tug‘adigan daromadga yashay olish-olmasligini xayolida hisoblab chiqdi.
– Uch oydan beri shu yerdaman, – dedi u nafasini rostlab. – Kir yuvaman, deb shunday turaversang, oyoqda oyoq qoladimi?
– Gapingiz to‘g‘ri, xonim, – deb gap qo‘shardi kasal boquvchi ayollar. – Ko‘pchilik bir oydan ortiq chidolmaydi, kelmasidan ketish payiga tushadi… Siz sabrli ekansiz, chidayapsiz, lekin ozib-to‘zib ketayapsiz…
– Men erimdan avval o‘laman, shekilli.
– Qo‘ysangiz-chi, xonim. Nima keragi bor bunaqa gaplarni, bekorga bunday deyapsiz… Yoshsiz hali…
– Siz shunday deb o‘ylaysizmi? – O‘rmonfurushning xotini kulimsiradi. – Kim bilsin, siz haqdirsiz balki… – Ayolning ko‘zlari ostida yashil-qora dog‘lar bor edi. Uning o‘zi ham bedavo dardga mubtalo bo‘lganga o‘xshardi.
– Bilasizmi, – deya so‘zida davom etdi u, – hozir kasalxonada bolalar ko‘p. Ikkita bolaning ota-onasi badavlat odamlar ekan, farzandlariga tarbiyachi bo‘lmaysizmi, deyishyapti. Astoydil taklif etishyapti. Bu gap, iltimos, oramizda qolsin…
– Nahot shu rost bo‘lsa?
Kasal boquvchilar chayilgan kirni siqa turib haqiqatdan shunday foydali ish bormi yoki bizni laqillatyaptimi, degandek ajablanib ayolga tikilib qolishdi.
Professor Toriining paydo bo‘lishi kasalxonadagi zerikarli hayotga shaharlik ramaqijon qizchalarning yog‘ilib kelishidan ham ko‘proq jonlanish ato etgandi.
Bemorlarning u bilan qiziqishi uchun kecha-yu kunduz to‘xtamayotgan dod-faryodi kifoya edi. Bundan tashqari uning palatasi yonidan kelib-ketuvchilar – dam harbiylar, dam sportchilarning keti uzilmasdi. Ba’zida ular shunday ko‘payardiki, azbaroyi yo‘lakdan o‘tib bo‘lmay qolardi.
Kunlar benihoya isib ketgandi, xonalarning eshik-derazalari lang ochib yuborilganidan hamshiralar kelib-ketib turgan mashhur sportchilarning ismi sharifini ortidan eshitib hayratdan yoqasini ushlasa, qizchalar olifta ofitserlar ortidan gala-gala bo‘lib ergashib yurishardi.
Professor qaytib o‘ziga kelmadi, u hamisha alahlab yotar, faqat ahyon-ahyon ingrar yoki bir balolar deb g‘o‘ng‘illar edi. U tinmay qayt qilar, qon aralash ichi surib azob chekardi. U ko‘pincha behush yotar, nafas olishi tobora og‘irlashib, hayoti qil ustida turardi.
Bemorlar bora-bora professorning ahvoliga qiziqmay qo‘yishdi. Ularning e’tiborini o‘z-o‘zidan yashab ketishi muqarrar bo‘lgan Sakiko jalb etdi.
Professor o‘ttiz besh yoshga chiqqaniga qaramay, hanuz bo‘ydoq edi. Kasalxona ahli bu sohibjamol assistent qiz uning qallig‘i edimi, xushtorimi, hammadan burun shuni bilgisi kelardi.
Professorning taqdiriga Sakiko nechog‘lik qayg‘urayotganidan boxabar bo‘lish uchun hammalari uning palatasiga o‘g‘rincha mo‘ralashardi. Bu suluv qizga hamma, albatta, achinardi, chunki uning yong‘inda o‘lib ketishiga oz qoldi, kasalxonaga oyoq-qo‘llari kuygan ahvolda yotqizildi. Biroq, shu bilan birga uning yosh professor bilan o‘zaro munosabati ularni behad qiziqtirardi. Ular buni qizning kayfiyati orqali bilishga urinardilar. Ertasigayoq Sakikoni ko‘rgani to‘rt-besh nafar dugonasi keldi, ular yo‘lakka qaragan deraza bilan eshikka guldor parda tutib qo‘ydilar.
Kimdir Sakikoning maftunkor ovozi bor, ajoyib qo‘shiq aytarkan, degan mish-mish gap tarqatdi.
Qarama-qarshi palatada qirq kundan beri qovug‘iga tosh kelgan bir mo‘ysafid azob chekib yotardi. Bu allazamonlar yasagan buyumlari bilan dong taratgan mashhur temirchilik ustaxonasining xo‘jayini edi. Olti yil muqaddam jinsiy bezlari kattalashib, unga azob bera boshlagan edi. Mana shu davrda siydik pufagida tosh yig‘ilgan ekan. Endi bittamas, ikkitamas, butun siydik pufagi to‘la tosh edi. Operatsiya yordam borolmas, aftidan eskicha davolash usullaridan ham naf yo‘q edi.
Temirchining kasal erini boqaverib ko‘nikib ketgan qari xotini navbatchi yosh vrach uning siydik yo‘liga naycha suqib, keyin dam-badam turli-tuman temir va rezina naychalar yordamida qayta sug‘urib olayotganini norozilik bilan kuzatib o‘tirardi. Hozir qaysi birini qo‘llash lozimligini vrach u bilan maslahat qilishi shart edi.
Chol kun bo‘yi mudrab yotar, kechasi esa og‘riqdan shikoyat qila boshlardi.
– Menga qara, chol, – derdi kampir, – bunaqa azobdan ko‘ra tinchgina oyoq uzatgan ma’qul emasmi?
– Nimasini aytasan, – deb javob berardi chol.
– Yo‘q, shoshmaslik kerak, – derdi kampir. – Yashashga nima yetsin.
– To‘g‘ri aytasan, – derdi bunga javoban chol.
Nari-beri yelpig‘ich bilan yelpinib o‘tirgan chol-kampirning gaplarini eshitib hamshira kulib yuborishdan o‘zini arang tiyardi.
Chol yetmish ikki yashar, kampir esa oltmish sakkizga chiqqan edi.
– Menga qara, chol, – davom etardi kampir. – Bu yerga bugun olib kelishgan yoshlarning ahvolidan xabaring bormi?
– Nima bo‘pti?
– Yigit juda qiynalyapti, ahvoli og‘ir, ana ketdi-mana ketdi bo‘lib yotibdi. Qiz esa hech gap bo‘lmagandek qo‘shiq aytyapti. Biram xushovoz ekanki! – Pinakka ketgan chol javob qilmadi.
Oftobning tikka tushayotgan nurlari yoritgan deraza tokchasida qanotlarini port-port qilib kaptarlar guvillashardi.
– Qizchalar nega he yo‘q-be yo‘q birdan o‘zlariga oro berib qolishibdi?! Xuddi tovusdek tovlanib koridorda yurishlarini-chi.
– Hm… qo‘yaver…
– Hadeb uxlayverma, chol! Kunduzi obdon uyquga to‘yib olasan-da, kechasi uyqum kelmayapti, deb yana zorlanasan.
– Uxlayotganim yo‘q, ko‘zimga chiroq tushib ochirmayapti.
– Sen o‘z uyingda jon berishni istarding, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri.
– O‘g‘limiz bo‘lsa, avval shu yerdagi do‘xtirlarga iloji boricha qaratib davolataman, to kasalxonadagilar nimaiki qo‘limizdan kelsa, qilib ko‘rdik, bundan ortiq hech narsa qilolmaymiz, demagunicha uy tugul ostonaga yo‘latmayman, deyapti. Bemehr chiqdi o‘g‘limiz. Sen nima deysan, bilmadim-u, peshona teri bilan topgan-tutganingni unga qoldirmoqchi bo‘layapsan tag‘in, menimcha, u bunga arzimaydi…
– Qo‘yaver, o‘ylab ko‘ramiz hali, – dedi chol ko‘zlarini yuma turib.
– Bugun tushda bu yerdagi ambulatoriyaga borib esim og‘ib qoldi. Ko‘rmayam, kuymayam dedim. Ayollar maslahatxonasidan birma-bir qizchalar chiqib kelyapti, degin, hali ona suti og‘zidan ketmagan-ku, hammasi qornini do‘ppaytirib olibdi. Loaqal bittasi uyalsa-chi?! Qayerda! Zamon o‘zgarib ketganini qara!
Uning gapiga javoban ohista xurrak tovushi eshitildi.
Kampir o‘rnidan turib, deraza oldiga bordi-da, hovlida yurgan kaptarlarga non uvoqlarini tashlay boshladi.
Ertasiga ertalab o‘rmonfurush o‘z odatiga xilof ravishda karavotda chordana qurib o‘tirar va ro‘parasida rangi quv o‘chgan ko‘yi qo‘l qovushtirib turgan ishboshisi bilan xizmatchilarga xo‘mrayar, telbalardek boldiridagi junlarini yular edi.
Ma’lum bo‘lishicha, tunov kuni yarim kechasi uning taxta omboriga o‘t ketgan ekan.
– Ming la’nat, – dedi u lablari pir-pir uchib, uning bint bilan o‘rab tashlangan yuzi ko‘rinmasdi. – Anavi kuyib ketgan kimsalarni olib kelishganda ko‘nglim bu yomon alomatligini sezgandi. Mana, omborga o‘t ketibdi. Ammo ulardan biri bugun kechasiyoq narigi dunyoga ravona bo‘ladi!
Meros talashish oqibatida omborga o‘t qo‘yishganmikin, degan shubhada politsiya o‘rmonfurushning umr yo‘ldoshi bilan qarindosh-urug‘larini mahkamaga so‘roq qilgani chaqirdi.
Xizmatchilar xavotir ichida ko‘z urishtirib olishdi, xuddi shu lahzada daf’atan Sakikoning qo‘shig‘i eshitildi. U ohista kuylardi, ammo o‘ktam va shirali ovozida hayotning chinakam shodiyonasi oshkora yangrardi.
Hamshira chiroqlarni o‘rab qo‘yish uchun palatama-palata yurib, qora laxtak tarqatdi. Kasalxonaning ishchisi narvon ko‘tarib olgancha, yo‘lakdagi chiroqlarni o‘rab chiqdi.
Hali tush paytidayoq portlashlar va otishmalar boshlangan, sirenalar chinqirardi. Havo hujumiga qarshi mudofaa mashqlari o‘tkaziladigan kun edi bugun.
Chiroqlarni o‘rash shartligidan tashqari, ularni polga qadar tushirib qo‘yish darkor edi, shu sababdan palatalar qop-qorong‘i bo‘lib qoldi.
Ichkari hovlidan yorug‘lik bilan chalg‘itish uchun berilayotgan buyruq tovushlari eshitilardi.
Ko‘p o‘tmay oysiz samoda samolyotlar g‘o‘ng‘illay boshladi. Samolyotlarni jismoniy tayyorgarligi professor Torii tadqiqotining mavzusi bo‘lgan uchuvchilar boshqarardilar.
Kasalxonaning zim-ziyo yo‘lagida bamisli ajal elchilaridek qora sharpalar qimir etmay saf tortib turishardi. Professorning palatasida uning doka bilan o‘rab tashlangan ko‘ksi oqarib ko‘rinardi, xolos. U og‘ir-og‘ir nafas olar, ko‘ksidan qandaydir vahshiy parrandaning vahimali kakillashiga o‘xshagan xirillash otilib chiqardi.
Vrach qalamnusxa cho‘ntak fonarchasini oldi-da, bemorning yuzini yoritib, uning ko‘z qorachiqlariga razm soldi. Professor u yonboshidan-bu yonboshiga o‘girilish uchun chiranar va atrofini qurshab olgan zulmat pardasini tilka-pora qilmoqchidek bir talvasa ichida qo‘llari bilan chovut solardi.
– Chiroqni yoqinglar, – deya shivirladi bemorning bosh tomonida o‘tirgan odam. – Hech bo‘lmasa yorug‘likda jon bersin.
– Xo‘p bo‘ladi, janob oliylari! Lekin qanday bo‘larkin?
– Har qanday javobgarlikni o‘z zimmamga olaman.
– Xo‘p bo‘ladi!
Kichik ofitser chiroqqa o‘rab qo‘yilgan qora lattani yechdi. Ilkis palata yana kunduzgidek yorishgan mahal professor Torii o‘zini orqaga tashladi-yu, joni uzildi.
Odmigina milliy kiyim kiygan general o‘rnidan turib, yana chiroqni qora latta bilan o‘rab qo‘ydi.
Kup o‘tmay professorning jasadini zim-ziyo yo‘lak bo‘ylab olib ketishdi.
Tokioni boshdan-oyoq zulmat qoplagan edi.
“Shirincha” bilan og‘rigan yosh “xonimcha”lar osuda uyquga ketgandi. Faqat temirchining xotini eri bilan ezmalanib o‘tirardi.
– Uyni judayam sog‘inding shekilli, chol? Shuyam ishmi, kasalxonaga o‘z oyog‘ing bilan kelib, qazo qilsang-da, uyga murdang borsa?!
– Nimasini aytasan.
– Anovi professor hammani bezor qilib yuborgandi. Endi dod-voy qiladigan sen qolding.
– Yoshmidi?!
– Ha. Qanday go‘zal qizni tashlab ketganini ko‘rsang edi!
– Bolalari bor ekanmi?
– Qayoqda. U professorning xotini emas, ma’shuqasi ekan.
– Shunaqami?..
O‘rmonfurush dami ichiga tushib murdani kuzatib qoldi.
– Lekin dafn etish marosimini as’asayu dabdaba bilan o‘tkazsalar kerak, – dedi xotini, biroq o‘rmonfurush javob bermadi.
Sakiko hamshiraning yelkasiga tayanib ostonagacha hakkalab bordi.
Professorning jasadi solingan zambil yoniga yetib kelganida chinqirib yubordi:
– Sensey!
Hamshira ishora qilib, zambilni to‘xtatdi.
Sakiko, baayni marhum bilan vidolashayotgandek qo‘llarini salgina oldinga uzatdi va o‘sha zahoti zambilkashlarga:
– Minnatdorman, ketaveringlar, – dedi.
So‘ngra u hamshiraning yelkasiga yuzini bosib iltimos qildi:
– Endi o‘rnimga borib olay, yordam berib yuboring.
Birozdan keyin esa qo‘shib qo‘ydi:
– Yosh boladek talatayib ketibman. Holbuki, endi o‘zim yura olaman…
Sakiko professor bilan oralarida bo‘lib o‘tgan bir suhbatni esladi. Professor yaqin orada meni chet elga yuboradilar, seni o‘zim bilan olib ketaman, agar birga ketsak, o‘sha yerda qo‘shiq aytishni o‘rganasan, o‘sha yerda – begona yurtda albatta turmush quramiz, degan edi.
Sakiko shuni esladi-yu, daf’atan, nima uchundir: “Italiya haqida qo‘shiq”ni ayta boshladi.
U kuylar edi-yu, shashqator ko‘z yoshlari yuzini yuvib oqardi, uning ko‘z yoshlari tirqirab oqqan sari ovozi shunchalar musaffo, shunchalar purg‘am va qo‘ng‘iroqdek yangrab borardi.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 9-son