Chog‘on-Kurendagi xalxos qabilasiga mansub mo‘g‘ul Sakajining beshta tuyasi, o‘n ikkita oti, o‘n sakkizta buqasi va o‘n beshta qo‘yi bor edi. Uning Uison-Tambu degan xudosi ham bor. Xudo Sakajining o‘tovi oldida, yog‘och g‘o‘la ustiga o‘rnatilgan. Xudo mast-alast basharali edi. Qaqqaygan tilsimning ikki yonida yana ikki tilsimcha bo‘lib, ular ehtirom yuzasidan tillarini doimo osiltirib turishardi. Bir kuni shimol tomondan katta sel keldi va Xudo Uison-Tambuni, unga qo‘shib ikki tuyani, uchta otni, beshta buqani va to‘rtta qo‘yni girdobiga tortib ketdi.
Sakaji bir muddat xudosiz qoldi. Va aytarli yomon yashamadi, qaytanga, har kuni Uison-Tambuga qurbonlik tariqasida tayyorlaydigan bir taqsimcha bug‘doy qovurmochini endi o‘zi yeb, binoyidek qorin to‘yg‘azib yurdi. Avvallari, bu qurbonlik taomni lama chol, Uison-Tambuning faqir elchisi tanovul qilar edi, u o‘tovma-o‘tov yurib, xonadon xo‘jayinlarining gohida ko‘zini chalg‘itib, insof darajasida bug‘doy o‘g‘irlar, shunga qaramasdan hamyurtlari orasida obro‘-martabasi joyida edi.
O‘sha kunlarda Chog‘on-Kuren dashti bo‘ylab missioner Pike o‘z safarini boshladi. U mo‘g‘ul cho‘ponlari kiyimida, boshiga esa, peshonasida dumaloq tilla taqinchoq do‘mpayib turgan kulohni bostirgan holda Pag‘ako‘l daryosi vodiysini kezar, katoliklar e’tiqodini targ‘ib etar va «tu-laktsi» degan hasharot, ya’ni qizil bitning chaqishlaridan azob chekar, targ‘ibotchilik ishlari davomida mana shu bit uning tinka-madorini quritmoqda edi.
Shunga qaramasdan, targ‘ibotchi o‘zining yangi e’tiqod yuzasidan qilayotgan o‘gitlariga quloq tutgan kishilardan nafaqat sapeka — dag‘al qilib ishlangan mayda mis chaqalarni qabul qilar, balki shu bilan birga, kumush tangalarni ham shilmoqda edi; bundan tashqari, tijorat ishlarini ham avj oldirib yubordi, u mahalliy aholidan, Pekindagi yirik savdogarlar topshirig‘iga binoan, samur terisini xarid qilardi. Shuningdek, «yaochanti» vazifasini ham uddalamoqda edi, ya’ni «soliq yig‘uvchi» edi.
Toat-ibodatdan yiqqan daromadi hisobidan bu boy vodiydagi cho‘ponlardan olgan qarzlarini uzar, yerlik hukmdor joriy etgan qonunga ko‘ra, o‘zi o‘zgalarga qarzga bergan pullardan foiz undirar, shuningdek, mahalliy e’tiqod va g‘arbiy ilohiy ta’limotni favqulodda uquv-zakovat bilan payvandlagan holda, turfa xil fitnalarni ham chiqarib turar edi.
Aytish kerakki, o‘z vaqtida mo‘g‘ul xalqini talon-toroj qilgan eng beshafqat hukmdorlar ham, uvvalo urinib, yiqqan o‘ljalarini uch yuz foizdan oshira olmagan. Muhtaram Pike ota esa o‘z daromadlarining cho‘qqisini besh yuz foizga ko‘tara oldi, ya’ni u qarz-qavola majburiyatlaridan tashqari, yangi Xudoni ishga soldi va uning sha’niga kumush tangalarning jarangi tobora kuchayib borardi.
U bag‘oyat so‘zga chechan kimsa edi. Bundan bir necha yil oldin Ortushev mamlakatida unga qaroqchilar to‘dasi xuruj qildi. Marhamatli Pike ota ularni bir zumda nasroniy dini somelariga aylantirdi va eng so‘nggi sapekalarini ham yulib olib, bo‘ynilariga jezdan xoch taqtirdi. Shundan buyon ortushlik qaroqchilar yangi Xudo nomiga kalima keltirib, ovloqlarda savdo karvonlarini talay boshladilar.
Keyinchalik, missioner ota Pike Pag‘ako‘l daryosi vodiysini tark etib, o‘z faoliyatini xalxoslar mamlakatiga ko‘chirgach, uning savdo ishlari ancha omadsizlikka uchradi. U avvalgi manziliga qaytishga ham chog‘landi, ammo daryo toshqinlari haddidan oshib, atrofni suv bosib, u mamlakatga uning borar yo‘llarini to‘sdi va o‘zi qadam bosguniga qadar turli diniy e’tiqod targ‘ibotchilarining o‘zaro raqobati qizigandan-qizigan mana shu dashtda qolishga majbur bo‘ldi. Xitoylik kohinlar va Sok-po-milik lamalar bir yil oldin bu mamlakatni shipshiydon qilib ketishgan edi, bu yerda biron dona bo‘lsin sapeka chaqani sadaqa qilishga qodir kulbaning o‘zi qolmaganday edi. Adirlar ortidagi yolg‘iz Gobilxon vodiysigagina Fo xudosi va Samchilichabatu xudosi elchilarining qadami hali yetib ulgurishmagan edi. Aynan shu vodiyda Sakaji, hozircha, xudosiz yashamoqda edi.
Ushbu vodiyga hazrat Pike ota qadam ranjida qilgani zahoti mehmondo‘st Sakaji uni o‘z o‘toviga taklif etdi va oldiga sulidan yopilgan non, cho‘g‘da toblab tayyorlangan pishiriqlar qo‘yib, hazratni obdon siyladi.
– Xudo seni o‘z panohida asrasin, – uni alqadi targ‘ibotchi, nafsi orom olgach. – Ul senga tinchlik-xotirjamlik va baxt-omad ato etsin.
– Mening xudoyim yo‘q, – dedi Sakaji. – Xudoyim Uison-Tambuni yomg‘ir sellari oqizib ketdi. Lekin men otimni sotaman va Moviy shaharga borib yangi Xudo olaman.
– O‘g‘lim, – e’tiroz bildirdi Pike ota. – Uison-Tambu chinakam Xudo emasdi va shuning uchun uni sel olib ketdi. Oliy hakam, abadiy va qudratli Egam shu qarorga kelgan. Lekin xudosiz ham yashab bo‘lmaydi, sen agar bitta emas, balki uchta otingni puliga yangi Xudoni sotib olsang, to‘g‘ri ish qilgan bo‘lasan. Bu Xudo Uison-Tambuga nisbatan uch barobar qudratliroqdir. Parvardigor qurbonliklar atashni ham xush ko‘radi.
Shu kuni, uzoq kecha, ko‘lda tun qushi Yuen qichqiradigan lahzalargacha muhtaram Pike ota va Sakaji bu besh kunlik dunyo kirdikorlaridan nolib-yozg‘irishib, suhbatlashib o‘tirishdi.
Tong otib, ular tuya terisidan tikilgan to‘shaklar og‘ushidan turishgach, Sakaji ko‘hna Tangri, ya’ni Quyosh ro‘parasida ta’zimga cho‘kkan paytda ota Pike shunday dedi:
– Sevikli farzand, sen kecha menga sel ofatidan keyin to‘qqizta otim qoldi, deganing esimda. Boshingga sinov va sel timsolida ogohlantirish yo‘llagan hamda soxta xudoyingni suvga g‘arq qilgan haqiqiy, rostakam Xudoga sig‘inmas va unga toat-ibodat qilmas ekansan, bu qolgan to‘qqizta otdan senga nima naf? Mayliga, minglab oting bo‘lsin, lekin Tangri-taolo boshingdan muruvvat nurini sochib turmasa, ularda qanday fayz-baraka bor? Biroq hozircha sen atigi to‘qqizta otga egasan. Ularni sot, o‘g‘lim. Topgan kumush tangalaringni menga ata. Chunki boylikning sharpasiga berilishning o‘zi gunoh. Bu dunyo jimjimalariga ko‘ngil qo‘yma, boqiy dunyo ne’matlari to‘g‘risida o‘yla va otlaringni olib, yo‘lga tush. Men sen bilan Moviy shaharga boraman-da, ularni naqd pulga aylantirishga ko‘maklashaman, toki bu dunyoning mayda-chuyda tashvishlaridan forig‘ bo‘lgaysan.
Shaharda otlarni sotib bo‘lishgach, Pike ota pullarni hamyoniga joyladi. Sakaji bo‘lsa, qaytishgach, undan yangi Xudoni yog‘och g‘o‘la o‘rindiq ustiga o‘rnatishni so‘radi.
– Hali mavrudi kelmadi, farzand, – e’tiroz bildirdi muhtaram qariya. – Sen, hozircha, o‘z tirikchilik tashvishlaring og‘ushida yashayapsan va uchta tuyani asrayapsan. Erta tongdayoq yo‘lga tush, ularni bozorda pullaymiz, sevikli o‘g‘lim. Ko‘zlaring boylik dardidan forig‘ bo‘lsin va bu omonat boyliklar qadamining shovqini quloqlaringni qayta bezovta qilmasin.
Ular Moviy shaharda tuyalarni sotdilar va kumush tangalarni beliga tugar ekan, Pike ota Sakajining, usti bo‘m-bo‘sh turgan g‘o‘la o‘rindiqqa qachon Xudo o‘rnatasan, degan savoliga e’tiboran, shunday dedi:
– O‘z shoshqaloqliging bilan xudoyimning g‘azabini keltirib qo‘ymasang, degan tahlikadaman, farzand. Shuni bilki, hali payt yetilmadi: axir sen «Uch komillik» yemakxonasida, yana o‘n uchta buqa bisotimda turibdi, deya maqtanmaganmiding? Eng semiz va kuchli buqalar – nafs va takabburlikni tug‘diradi. Sen ularni o‘zingdan ham ko‘ra ardoqlaysan, dashtda boqib, kun sayin semirib, tanalarining yaltirashini mushtoq bo‘lib kutyapsan. Dilingda boylikka o‘chlik shu qadar uya qurganki, buning uchun Yaratganning qarshisida tinimsiz tavba-tazarru qilishing kerak bo‘ladi. Tavba-tazarru seni xudoga yaqinlashtiradi. Zamin ne’matlariga ta’ma bog‘lama, o‘g‘lim. O‘z buqalaringni pulla, chunki Xudoga chinakam ko‘ngil qo‘ygan bandasi yerdagi barcha farog‘atlarga befarq bo‘lgay.
Sakaji ho‘kizlarini ham sotdi va uning qo‘rasida o‘n bitta qo‘y qoldi, xolos.
– Men seni cho‘qintiraman, aziz farzand, – tantanovor ruhda va’z boshladi Pike ota, – va biz sen bilan bu qo‘ylarni ham yeb tugatsak, keyin haqiqiy toat-ibodat targ‘ibotini boshqa hududlarda ham davom ettiraman.
Sakaji cho‘qintirildi va ular har kuni qo‘y go‘shtidan tayyorlangan xushta’m taomlarni tanovul etib, yangi e’tiqod afzalliklari to‘g‘risidagi suhbatlarini sidqidildan davom ettirdilar.
– Hazrat, – dedi kunlardan bir kun Sakaji Pike ota cho‘qintirish marosimidan keyin o‘z qo‘llari bilan yasab, g‘o‘la o‘rindiqqa o‘rnatib qo‘ygan yog‘och xochga ishora qilib. – Sen Tangrining yerdagi vakili sifatida g‘o‘la o‘rindiqqa o‘rnatgan mana bu xochni faqat ramz, timsol, deding. Men – katta gunohkorman va bir-biriga qalashtirib yasalgan bu taxtacha ko‘zimga juda g‘arib ko‘rinayapti. Sen mening kulbamda Tangrining elchisi tariqasida hamishalikka qolishingni istayman. Shunday bo‘lsa, xonadonim bag‘rini yangi e’tiqodga ishonch ruhi shu qadar kuchliroq egallar edi.
– Bu sira mumkin emas, farzand. Xia-xo-po va U-fu-ten kabi janubiy mamlakatlar ahli haligacha bu asl e’tiqoddan bebahradurlar.
– Hazratim, – ma’yus ohangda so‘zladi Sakaji, — men sensiz yashay olmayman. G‘o‘la ustidagi Xudoning o‘zi menga kamlik qilyapti. O‘nimda loaqal sen – Xudoning elchisi bo‘lishing lozim.
Tunda, hazrat Pike ota uyquga cho‘mganda, Sakaji uning yuziga yostiq bosdi va o‘zining mo‘g‘ul qalbini sirli yog‘dulari bilan bezagan yangi e’tiqod timsoli bo‘lmish, o‘tovi oldidagi taxta xoch ostiga jasadini dafn etdi. Pike otaning belidagi kamaridan esa u o‘zining tuyalari, buqalari va otlarini sotganida to‘plangan barcha kumush tangalarni bir joyga yiqqanida ham, ulardan besh barobar ko‘p miqdorda bo‘lgan bisotni topdi.
Va bu kumush tangalarning har biridan o‘zgacha ilohiy baraka nurlari mo‘l-ko‘l yog‘ilib turardi.
Xudoning sidqidil bandasi Sakaji bu pullarga Pike ota dargohiga qadam qo‘yganida bor bo‘lgan tuyalar, otlar va qora mollaridan ko‘ra besh barobar ko‘prog‘ini xarid qildi. U, hamisha yonimda bo‘lsin, deb Xudo elchisini o‘z qo‘llari bilan tagiga dafn etgan g‘o‘la o‘rindiqda xotirjam, xayolga botib o‘tirar, yangi e’tiqodni qabul qilganidan keyin ancha et qo‘ygan va badanidagi bitlarni bitta-bitta huzur qilib tirnoqlari orasida siqib o‘ldirardi. Avvallari bunday qilmasdi, chunki u jonning tanadan tanaga ko‘chib yurishi to‘g‘risidagi aqidalarga astoydil ishonardi. Faqat bir narsaga tushunmasdi. Nega hazrat Pike ota yog‘och g‘o‘la ostiga dafn etilgandan keyin, oradan bir yil o‘tib, bu yerlarga tashrif etgan navbatdagi targ‘ibotchi Sakajining astoydil o‘tinib yolvorishlariga ham qaramasdan, baribir, shoshilganicha janubiy o‘lkalarga qarab jo‘nab qoldi. Holbuki, Sakaji yangi hazratning tashrifidan behad quvonib va yuzlari quvonchdan yorishib, unga shunday so‘zlarni aytgan edi:
– Ey, tabarruk ota, iltimosimni yerda qoldirma: kulbamga qadam ranjida qil. Bu yerda, mana bu g‘o‘la o‘rindiq ostida Xudoning boshqa bir elchisi allaqachon o‘ziga panoh topgan…
Hazrat ota Sakajining bunday samimiy yig‘machilik ehtiroslariga hamdard bo‘lolmadi va muzday qotib turdi. Mo‘g‘ul o‘g‘loni uni otdan tushirolmadi. Va Sakaji tangrining faqat bitta elchisi qoshida, yakka-yolg‘izligicha qolaverdi.
Rus tilidan Mixli Safarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 5-son.