Yigitcha qizchani daryo bo‘yida ilk bora ko‘rgandayoq usta Yunning evarasi ekanini bilgandi. Qizaloq qirg‘oqqa kelib, har tomonga suv sachratib o‘tirardi. Seulda bunday daryoni ko‘rmagan-da! Mana necha kunki, shu ahvol – maktabdan qaytadiyu, suv bo‘yiga borib oladi.
U bugun tosh ko‘prikning qoq o‘rtasida edi. Yigitcha qirg‘oqqa omonatgina cho‘kdi. Qizchaning kambar ko‘prikdan o‘tishini kutayotgandi. Baxtiga, ko‘prikdan bir odam o‘tib qoldi-yu, qiz yo‘lni bo‘shatishga majbur bo‘ldi.
Yigit ertasiga kechroq keldi. Qizaloq ko‘prik o‘rtasida o‘tirgancha, yuzini chaymoqda edi. Pushti sviterining yengi shimarilgan. Qo‘li va bo‘yni orqasini ham yuvdi. So‘ng suvga tikilib qaradi. Baliq suzib o‘tgandek suv betida to‘lqinlar hosil bo‘ldi. Qizaloq yigitchaning qirg‘oqdaligidan bexabar edi, chamasi yoki ataylab o‘zini bilmaganga solardi… Suv sokin mavjlanardi. Chindanam bu maroqli o‘yin edi. Kechagidek bir odam kelib, qizaloq ko‘prikni tark etishga majbur bo‘ldi. O‘rnidan turayotib suvga qo‘l tiqdi va suvdan nimadir oldi. Bu – oqish silliq toshcha edi. Ketayotib, negadir ortiga qaytdi va yigit tomonga qarab:
– Hoy, ahmoq! – dedi.
Havodan oq toshcha uchib keldi. Yigitcha beixtiyor sapchib o‘rnidan turdi. Qiz esa kalta sochlarini silkitgancha qochib ketdi. U zumda qamishzor orasidagi yo‘lda paydo bo‘ldi. Ortidan oltin kuz quyoshi nurlari ostida qamishgullar chayqalib qoldi. Endi qizaloq qamishzorning narigi boshida ko‘rindi. Ammo zum o‘tmay g‘oyib bo‘ldi. Oradan anchagina vaqt o‘tdi. Yigitcha oyoq uchida turib qaradi. Xavotirga to‘la daqiqalar… Qamishzorning narigi boshida bir tutam qamishgul qimirlaganday bo‘ldi. Qizaloq qamishgullardan shokila taqib olgandi. Endi u shoshmay ketib borardi. Yorqin kuz quyoshi nuri ostida sarg‘ish-oq qamishgullar endi uning boshida tovlanardi. Qiz emas, go‘yo qamishgullar ketib borayotgandek. Yigitcha to qizaloqning qorasi ko‘rinmay qolguncha orqadan qarab turdi. Keyin qizcha otgan toshga ko‘zi tushdi-yu, olib darrov cho‘ntagiga soldi. Toshcha qup-quruq edi.
Ertasi kundan yigitcha odatdagidan kechroq keladigan bo‘ldi. Qizcha ko‘rinmasdi. Xudoga shukur! Biroq ajablanarlisi, yigitcha yuragining bir burchini yolg‘izlikka o‘xshash his egallab olgan, uni o‘z holiga qo‘ymasdi. Cho‘ntagiga qo‘l solib, silliq toshchani o‘ynar, u shunga odatlanib qolgandi.
Shunday kunlarning birida, yigitcha oldinlari qizaloq suv o‘ynaydigan o‘sha ko‘prik o‘rtasiga kelib o‘tirib oldi. So‘ng suvdan bir hovuch olib yuzini chaydi. Suvga uzoq tikilib qaradi. Quyoshda qoraygan yonog‘ining suvdagi aksidan hafsalasi pir bo‘ldi. Ikkala qo‘li bilan chayqab-chayqab aksini harakatga keltirdi. Bir necha bor suvni to‘lqinlatdi va birdan shoshib o‘rnidan turdi: “Qizaloq shu tomonga kelayotgan bo‘lmasin yana. Berkinib olib, nima qilayotganimni kuzatib turgan bo‘lsa-chi?” Yigitcha orqasiga qaramay chopib ketdi. Tosh yo‘lakka yetay deganda tiyg‘anib, bir oyog‘i suvga tushdi. U yanada tezroq yugurgisi kelardi. “Yashirinadigan biror joy bo‘lsa edi. Bu tomonda qamishzor ham yo‘q. Hammayoq marjumakpoya.” Marjumak gullarining o‘tkir hidi dimog‘ini teshib yuborayozdi. Ko‘zi tinib ketdi. So‘lagi lablaridan oqib tushdi. Burnidan qon keta boshlagandi. Bir qo‘li bilan burnini mahkam qisgancha chopib ketdi. Ortidan: “Ahmoq, ahmoq”, degan ovoz quvib kelayotgandek bo‘ldi…
Shanba kuni edi. Daryo yoqasiga kelganida, qarshi tomonda o‘tirib suv o‘ynayotgan qizchaga ko‘zi tushdi. O‘zini bilmaganga solib, tosh ko‘prikdan o‘ta boshladi. Qizaloqning oldida ayb ish qilib qo‘yganday, oldinlari katta yo‘ldek yuradigan ko‘prikdan bugun ehtiyotkorlik bilan o‘tmoqda edi.
–Hoy!
Yigit o‘zini eshitmaganga soldi. U ancha nariga borib qolgandi.
– Bu qanaqa chig‘anoq?
Yigitcha beixtiyor qayrilib qaradi. Nigohi qizning tim qora ko‘zlari bilan to‘qnashdi. So‘ng qizning kaftiga ko‘z tashladi.
– Kapalaknusxa chig‘anoq, – dedi yigitcha sekingina.
– Nomi ham o‘ziga mos ekan.
Yo‘l ayrilishiga yetishdi. Qiz yurishdan to‘xtadi. Bu yerdan qiz bir milcha pastga, yigit ikki yo uch milcha tepaga ketishi kerak.
– Sen hech anavi tog‘ning orqasini borib ko‘rganmisan? – dedi qiz dala etagini ko‘rsatib.
– Yo‘q.
– Borib ko‘rmaymizmi? Qishloqqa kelganimdan beri zerikib ketdim.
– U sen o‘ylaganchalik yaqin emas.
– Qancha keladi? Seuldaligimda piyoda bundan ham uzoqroqqa borib ko‘rganman.
Yigit xayolida qizning ko‘zlari tinmay “ahmoq, ahmoq” deyayotganga o‘xshardi.
Sholipoya o‘rtasidagi yo‘ldan yurib ketishdi. Sholipoya g‘aramlari yonidan o‘tishdi. Bu yerda dala “qo‘riqchisi” so‘ppayib turardi. Yigitcha uning poxol arqonini silkitdi. Bir qancha qush baravariga porillab havoga ko‘tarildi. “Bugun uyga erta qaytib, oyisiga qarashish o‘rniga, sholipoyada qush haydab yursa-ya”, ko‘ngli xijil tortdi yigitchaning.
– Bu juda qiziq-ku!
Qizaloq ham dala “qo‘riqchisi”ning arqonidan ushlab silkitdi. “Qo‘riqchi” raqs tushayotgandek qo‘llarini ikki tomonga yoydi.
Qizning chap yonog‘ida kulgich paydo bo‘ldi. Nariroqda yana bir nechta dala “qo‘riqchilari” turardi. Qizaloq ular tomon yugurib ketdi. Uning ortidan yigitcha ham chopdi. U endi bugungidek erta qaytgan kunlari uy ishlariga qarashishi kerakligini butunlay unutgan edi. Qiz bilan yonma-yon chopib borarkan, chigirtkalar sakrab kelib, yigitchaning yuziga urilar, kuzning tiniq, ko‘m-ko‘k osmoni ko‘z o‘ngida gir aylanardi. Huv baland osmonda burgutlar erkin suzib yuribdi. Ortiga o‘girildi, qiz hozirgina yigitcha yonidan o‘tgan dala “qo‘riqchisi”ni silkitmoqda, “qo‘riqchi” avvalgisidan ham ko‘ra kuchliroq chayqalmoqda edi. Sholipoya tugagan joyda soylik bor ekan. Qiz birinchi bo‘lib soylikdan yugurib o‘tdi.
Shu yerdan to tog‘ etagigacha keng tariqpoya yastangan bo‘lib, qizaloq va yigitcha tariqpoya g‘aramlari yonidan o‘tishdi.
– Bu nima?
– Kapa.
– Qara mitti qovunchalarni, ular shirindir-a?
– Bo‘lmasam-chi! Lekin undan tarvuz shirinroq.
– Bitta yeb ko‘rsam…
Yigit bir-ikki joyida qovun palak yozgan sholg‘om dalasiga kirib, ikkita sholg‘om sug‘urib olib chiqdi. Sholg‘omlar hali yetilmagan edi. Bargini uzib, bittasini qizga uzatdi. Keyin bunday yeyish kerak, deganday, avval sal tishlab, tirnoqlari bilan po‘stini archidi, so‘ng kasir-kusir qilib kavshay boshladi. Qiz ham xuddi shunday qildi. Ammo bir tishlamgina uzib oldi, xolos.
– Achchiqligini buning! – deb otib yubordi qizaloq chidolmay.
– Maza-matrasi yo‘q, yeb bo‘lmaydi.
Yigit sholg‘omini undan ham uzoqroqqa uloqtirdi.
Toqqa yaqin kelib qolishgan edi. Zarang daraxtining qizg‘ish barglari ko‘zga tashlandi.
– Voy, bularning ajoyibligini!..
Qiz tog‘ tomonga yugurib ketdi. Bu safar yigit uning ortidan chopmadi. Lekin borib qizdan ko‘ra ko‘proq gullar terdi.
– Bu moychechak, bu yo‘ng‘ichqa, bu qo‘ng‘iroqgul…
– Qo‘ng‘iroqgulning bu qadar chiroyli bo‘lishini bilmagandim. Men binafshani yaxshi ko‘raman. Hoy, soyabonga o‘xshash bu sariq gulning nomi nima?
– Valeryana, dorivor o‘simlik.
Qiz uni xuddi soyabondek poyasidan ushladi. Qizg‘ish yonog‘ida yana kulgich paydo bo‘ldi. Yigit bir dasta gul uzib keldi. Eng chiroylilarini saralab uzatdi. Ammo qiz:
– Birortasini ham tashlay ko‘rma! – dedi.
Ular tog‘ cho‘qqisiga ko‘tarilishdi. Qarshidagi vodiyda bir nechta poxol uy qatorlashib turardi. Xuddi birov tayinlab qo‘ygandek ular qoyada yonma-yon o‘tirishardi. Atrofda g‘ayrioddiy osudalik hukmron, havoni kuzning jaziramasida qurigan o‘t hidi tutgan.
– Hov, anavi qanday gul bo‘ldi?
Tik qoyada pastga qarab osilib tushgan gul poyalaridagi g‘uj gullar qiyg‘os ochilgandi.
– Pechakgulga o‘xshar ekan. Seuldagi maktabimizda tanasi pechakgulga o‘ralgan bir daraxt bo‘lardi. Anavi gullarni ko‘rib, o‘sha daraxt tagida birga o‘ynagan do‘stlarim yodimga tushdi.
Qiz asta o‘rnidan turib, tik qoya tomon ketdi. G‘unchalari g‘uj gul poyasini ushlab tortdi. Poya osongina uziladigan emasdi. Bor kuchi bilan tortgan edi, sirpanib ketib, qoyaga borib yopishdi.
Yigit irg‘ib turib, qiz tomon yugurib ketdi. Qiz qo‘lini uzatdi. Yigit uni tortib chiqardi va ichida “o‘zim uzib bersam bo‘lmasmidi”, deb o‘kindi. Qizning shilingan o‘ng tizzasidan qon sizayotgandi. Yigit beixtiyor tirnalgan joyga lablarini bosdi va avaylab qonni shimgan bo‘ldi. Keyin nimanidir xayol qilib, o‘rnidan turdi-da, yugurib ketdi. Bir ozdan so‘ng halloslab kelib:
– Buni bossang yaxshi bo‘ladi, –dedi.
Yigit qarag‘ay barglarini chaynab, qizning yarasiga qo‘ydi, so‘ng poyaning guli g‘uj joyidan tishi bilan uzib, qizga olib keldi.
– Anavi yerda buzoq bor ekan, yur, o‘sha yerga boramiz!
Sariq dog‘lari bor buzoqning burniga hali halqa o‘tkazilmagan ekan. Yigitcha no‘xta uchidan mahkam tutib, yonlarini qashlagan bo‘ldi va bir sakrab uni minib oldi. Buzoq “mo‘-mo‘”lagancha bir joyda aylana boshladi. Qizaloqning oppoq yuzi, pushti sviteri, ko‘k yubkasi, boshidagi gulchambari – hammasi qo‘shilib, bir katta guldastaga o‘xshab qoldi. Yigitning boshi aylanib ketdi, biroq yiqilmadi. U buzoqning ustida mag‘rur o‘tirardi. Qiz masxaralolmaydigan, faqat ugina qilishi mumkin bo‘lgan ish edi bu!
– Hoy, senlar nima qilayapsanlar u yerda?
Pichan oralab bir fermer kelardi. Yigit shoshib buzoq ustidan tushdi. “Buzoqning beli sinib qoladi-ku, nima qilayapsan uni minib olib”, deb so‘kib beradiganga o‘xshardi. Biroq cho‘qqisoqol fermer qiz tomonga bir qarab qo‘ydi va qoziqdan buzoqni bo‘shatib:
– Tezroq uylaringizga boringlar, jala quyib yuboradi hozir, – dedi.
Rostdanam ularning tepasida bir to‘p qora bulut quyoshni to‘sib turardi. Birdan bo‘ron boshlanib qoladigandek, shamol uvillagan tovush chiqarib esmoqda edi.
Osmondan yirik-yirik tomchilar tusha boshladi. Ular bolalarning boshiga tik-tik etib tegmoqda edi. Hayal o‘tmay havoda yo‘l-yo‘l chiziq hosil qilib, yomg‘ir sharros quyib yubordi. Yomg‘ir orasidan poliz tomonda bir kapa ko‘rindi. O‘sha yoqqa tezroq borib, yomg‘irdan saqlanish kerak. Kapaning ustuni bir tomonga qiyshayib zo‘rg‘a turardi. Biroq yomg‘irdan saqlanish uchun birdan-bir pana joy shu, shu bois u qizni yetaklagancha o‘sha kapa tomon chopdi.
Qizning lablari ko‘karib ketgan, nozik yelkalari mayin titrardi. Yigitcha paxtali jaketini yechib, qizning yelkasiga soldi. Qiz bir lahza ko‘zini yomg‘irdan olib, yigitga minnatdorona qarab qo‘ydi, lekin biror so‘z aytmadi. Keyin taqib olgan chambari orasidan singan gullarni olib tashladi.
Qiz turgan joyga chakki o‘ta boshladi. Birozdan so‘ng bu yerda ham jaladan pana bo‘lishning iloji bo‘lmay qoldi. Yigit tashqariga chiqib, nimanidir o‘ylagancha, dala tomon yugurib ketdi. U tariqpoya g‘arami ichini o‘ydi, so‘ng yoniga boshqa g‘aramni keltirib uydi. Ichini yanada kattaroq o‘ydi. Cho‘kkalab o‘tirsa bir kishi sig‘adigan joy hozirladi.
G‘aram ichiga yomg‘ir tushmayotgan edi. Faqat qorong‘i va torligi uchun unchalik ham qulay emasdi. Yigit g‘aram oldiga cho‘kdi. Yelkasiga tushgan yomg‘irdan bug‘ ko‘tarila boshladi.
Qiz shivirlagan kabi: “Bu yoqqa kirib o‘tir”, – dedi.
– Hechqisi yo‘q, – dedi yigit qat’iy.
Qiz yana: “Bu yoqqa kelib o‘tira qol”, – dedi.
Yigit uyalganidan bir so‘z aytmay, qizning yoniga kirdi. Bu yoqqa yugurib kelayotganlarida qiz taqib olgan chambar butunlay titilib bo‘lgandi. Ammo qizga endi farqi yo‘q. Ivigan yigitning tanasidan ter hidi anqib ketdi. Ammo qiz boshini burib olmadi. Aksincha, yigitning issiq nafasidan qaltirayotgan vujudida allaqanday hisni tuydi.
Jala ostida shovqin solayotgan tariq shoxlarining ovozi birdan tindi. Atrof yorishib ketdi.
Qizaloq bilan yigitcha g‘aram ichidan chiqishdi. Uzoqda emas, ro‘paralarida quyosh ko‘zni qamashtirar darajada charaqlardi. Soy oldigacha kelishdi, soy har qachongidan ko‘ra to‘la, o‘zaniga sig‘may oqmoqda edi. Quyosh botayotganidagi kabi qip-qizil, sel suvi po‘rtanali edi. Yugurib o‘tib bo‘lmasdi.
Yigit yelkasini tutdi, qiz itoatkorona bo‘ysunib, uning bo‘ynidan quchib oldi. Kechib o‘tayotganida suv yigitning tizzasigacha keldi. Qiz yig‘lamoqdan beri bo‘lib: – “Voy, onajon!” – degancha yigitning bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldi.
Daryo yoqalab ketishar ekan, kuz osmoni biroz oldin qanday bo‘lsa, shunday, bulutsiz, xuddi hech narsa ro‘y bermagandek musaffo va ko‘m-ko‘k edi.
* * *
Yigit har kuni daryo yoqasiga chopib kelardi, lekin qizaloq shu bo‘yi qorasini ko‘rsatmadi. Ta’til vaqtida o‘yin maydonchasini ham ko‘zdan kechirdi. Beshinchi sinf qizlarini pinhona kuzatdi. Ammo qizni ular orasidan ham topolmadi.
Bugun ham yigitcha cho‘ntagidagi silliq toshni barmoqlari orasida o‘ynay-o‘ynay daryo bo‘yiga keldi.
Shunda birdan daryo qirg‘og‘ida o‘tirgan qizga ko‘zi tushdi. Yigitchaning a’zoi badani titrab ketdi.
– Kasal edim.
Chindan, qiz rangpar ko‘rinardi.
– O‘sha kuni jalada qolib ketganimiz uchun emasmi?
Qiz boshini asta qimirlatdi.
– Endi tuzukmisan?
– Yo‘q, hali ham…
– Unda yotishing kerak.
– Juda zerikib ketdim… Aytgancha, o‘sha kuni juda qiziq bo‘ldi… Ammo qayerdan tegdi ekan, bilmayman.
Qiz pushti sviterining old tomonini ko‘rsatdi. Kiyimiga qora-qizg‘ish, loyqa suvga o‘xshash rang urib qolgandi.
Qizning yuzida kulgichlar ko‘rindi.
– Bu qanday rang bo‘lishi mumkin?
Yigit sviterning old tomonidan ko‘z uzmay qarab turardi.
– Ha, esimga tushdi, – dedi birdan. – O‘sha kun soydan o‘tayotganimizda seni opichlab olgandim, esingdami? O‘shanda mening kiyimimdan yuqqan rang bo‘lsa kerak.
Yigit qizarib ketganini sezdi.
Yo‘lning ayrilishiga yetganda qiz:
– Bugun ertalab uyimizda xurmo uzishdi. Ertaga marosim qilishmoqchi… – dedi va yigitga bir hovuch xurmo uzatdi. Yigit to‘xtadi.
– Yeb ko‘r. Bobom o‘zi yetishtirgan, judayam shirin.
Yigit hovuchini ochib, xurmolarni oldi.
– Yirik-yirik ekan.
– Aytgancha, bu galgi marosim o‘tishi bilan uyni topshiradigan bo‘ldik.
Yigit bu haqda oldinroq ota-onasidan eshitgandi. Usta Yun nevarasining Seuldagi biznesi kasodga uchraganini, endi qishloqqa qaytib kelolmasligini bilardi. Shuning uchun qishloqdagi uyigacha birovlarga qo‘sh qo‘llab topshirayotgandilar.
– Nimagadir men ko‘chib ketishni xohlamayapman. Lekin bu ota-onamning ishlari, nima ham qila olardim…
Qizning qop-qora ko‘zlari mungga to‘la edi.
Qiz bilan xayrlashib kelayotganida yigit qizning ko‘chib ketayotganini ichida bir necha bor takrorladi. Afsus-nadomat yoki qayg‘u his qilmadi. Biroq u ayni chog‘da o‘zi shimib ketayotgan xurmo ta’mini bilmayotgan edi.
Kechqurun yigit Dok Shi boboning yong‘oqzoriga bordi. Kecha mo‘ljallagan daraxtiga chiqdi va tayyorlab qo‘ygan tayog‘i bilan shoxlarni savaladi. Yong‘oqlar shuvillab duv-duv to‘kildi. Yigit ich-ichidan sovuq qotdi. Ammo keyin yong‘oq shoxlarini birdaniga bor kuchi bilan silkitdi.
Qaytayotganida birov ko‘rmasin deb shox-shabbalar qalin, oy yorug‘i unchalik tushmayotgan yo‘ldan yurdi. Ikki kundan keyin kuzgi oy to‘ladigan. Qorong‘ilikdan ilk bor minnatdor bo‘ldi. Qappaygan cho‘ntagini paypaslab qo‘ydi. So‘ng cho‘ntagiga qo‘l solib, yong‘oq po‘stini bir qo‘li bilan archishga urindi, barmoqlarini shilib yubordi, bu unchalik ham oson ish emasdi. U faqat Dok Shi boboning yong‘og‘ini tezroq qizga olib borish haqida o‘ylardi, xolos. Shunda miyasiga bir fikr urdi. Qizga ko‘chib ketishidan oldin daryo bo‘yiga oxirgi bor kelishini iltimos qilmagan edi. Ahmoq, g‘irt ahmoq!
Keyingi kun, maktabdan kelsa, dadasi yangi kiyimlarini kiyib, qo‘lida tovuq ko‘tarib olgan edi.
– Qayerga ketayapsiz? – so‘radi yigitcha.
O‘g‘lining savoliga javob bermay, dadasi ko‘tarib olgan tovuqning vaznini chamalab so‘radi:
– Shu bo‘ladimi, nima deysan?
Onasi to‘r xaltani tutqazib:
– Bir necha kundan beri “qa-qaq”lab tuxum bosgani joy qidiradi. Unchalik katta bo‘lmasa ham semizgina, – dedi.
Yigitcha bu gal onasidan dadasi qayerga ketayotganini so‘radi.
– Eski qishloq maktabi yaqinidagi qari Yunnikiga ketayaptilar. Marosim dasturxoniga qo‘yishsa deb…
– Unday bo‘lsa, kattarog‘ini olib boring. Anavi xo‘rozni …
Bu gapga dadasi qah-qah urib kulib dedi:
– Mishiqi, tovuq katta bo‘lmasa ham xo‘rozdan yaxshiroq.
Yigit xijolat tortdi, kitoblarini uloqtirib og‘ilxonaga ketdi. Xuddi pashshani o‘ldirmoqchi bo‘lganday molning biqiniga bir tushirdi.
Daryo suvi o‘zaniga sig‘may oqardi.
Yigit qiz bilan ayro ketadigan yo‘ldan o‘ngga yurdi. Sholg‘om dalasi boshidan qaradi, ko‘m-ko‘k osmon ostida eski qishloq ko‘zga yaqin ko‘rindi.
Ertaga qizning oilasi Yangpyongga ko‘chib ketayotganini ota-onasidan eshitdi. U yerda kichkina do‘konni ijaraga olishar ekan. Yigit cho‘ntagidagi yong‘oqlarni barmoqlari bilan o‘ynagancha, bir qo‘li bilan, o‘zi bilmagan holda, qamishgullarni bukib, sindirib borardi.
Kechqurun yigit o‘rniga yotgach ham shularni o‘yladi: ertaga borsamikan… Shunda uni ko‘rarmikan…
Keyin uyqu elitib, ko‘zlarini yumdi.
– Dunyoning ishlari ham qiziq-da…
“Eski qishloqqa ketgan dadasi qachon keldi ekan?”
– Usta Yunning uyini aytaman. Bor-budini sotib, yashayotgan uyigacha birovning qo‘liga topshirsayu, yana ota-onasidan oldin bolasi o‘lib o‘tirsa…
Jinchiroqning xira yorug‘ida qatim tortib o‘tirgan onasi so‘radi:
–Evarasi oilada yolg‘iz farzandmikan?
– Ha, asli ikkita bo‘lgan, bittasi kichkinaligida o‘lgan ekan…
– Esiz, endi boshqa bolasi bo‘lmasa sho‘rliklarning holi nima kechadi?
– Bilmadim. Bu gal qiz uzoq kasal bo‘lib yotgan. Dori-darmon qilib tuzukroq qaratishmagan. Endi usta Yunning avlodlar rishtasi shu bilan uziladi… Ammo, qara, tushmagur qiz kichkina bo‘lsa ham balo ekan. Yana bilmadim, o‘limi oldidan shunday deganmi-yo‘qmi? O‘lganimdan keyin, kiyib yurgan kiyimlarim bilan ko‘minglar, debdi…
Koreys tilidan Raxshona Ahmedova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 1-son