Xuan Karlos Onetti. Mahzuna (hikoya)

M.K. ga bag‘ishlanadi.

Mening qimmatli MAHZUNAM,
Bizni son-sanoqsiz va sirli rishtalar bog‘lab turganiga qaramay, keyingi ikki oydagi do‘stona munosabatlarimiz uchun bir-birimizga minnatdorlik bildirgancha xayirlashish vaqti kelganini tushunib turibman: Sen bundan faqat foyda ko‘rasan. Men hech qachon bir-birimizni chin yurakdan tushuna olmadik, deb, ich-ichimdan xavotirlanayapman va sening oldingdagi gunohimni, ma’suliyatimni va mag‘lubiyatimni his qilayapman. O‘zimni oqlashga harakat qilaman, albatta, faqat sening oldingda,- senga shuni aytmoqchimanki ikki oqimga qarshi bir necha varaq mobaynida suzish menga og‘irlik qildi. Shuningdek faxr bilan o‘tgan baxtli soniyalarni ham chin ko‘ngildan e’tirof etaman. Har qalay, meni kechir. Men sening yuzingga endi hech qachon baxt izlab tikilmayman va sen ham hech qachon mening seni har kuyga solgan aftimni ko‘rmaysan.
X.K.O.
Bir necha yillar oldin, ehtimol ko‘p yillar ilgari, unga hozir xuddi kechagiday bo‘lib tuyuladigan baxtning oniy lahzalaridan birida beixtiyor u qandaydir erkakning uyida paydo bo‘lgandi. Oddiygina to‘shak, isqirt va badbo‘y g‘uslxona, dirillab yuradigan lift – uning xotirasida o‘sha kundan saqlanib qolgan barcha narsa shular edi. Bu erga tegmasdan sal oldinroq sodir bo‘lgandi.
U o‘z xoxishi bilan borgan, chunki uqubat to‘la hayotini boshqa izga burib yuboradigan, ko‘nglini chirmovukday o‘rab olgan umidsizlik nihollarini sug‘urib tashlaydigan qandaydir xunuk va g‘ayritabiiy narsa yuz berishini istagan edi. U kelajagi haqida o‘ylamasdi ham va undan butkul voz kechishga ham tayyor edi. Biroq jonini olgan o‘sha ilk og‘riqqa hech qanday aloqasi bo‘lmagan vahima uni “yo‘q, yo‘q” deb aytishga, o‘zining qo‘llari bilan himoya qilishga, oyoqlarini jonholatda silkitishga majbur qilgandi. Uning vujudida jazirama quyosh va qirg‘oq qumlog‘i bilan birga erkak badanining cho‘g‘day harorati qolgan edi. Tongda esa u ovloq joyda yolg‘iz qolgach, shu kechadan boshlab yoki deyarli yalang‘och – yarim ochiq ko‘ylakda- bo‘m-bo‘sh chemodanini ko‘targancha qayoqqadir sargashta jo‘nab ketayotgani tushiga kirgan edi. Hamma narsadan ko‘ngli qolgan yalang oyoqlarini yerdan zo‘rg‘a ko‘targancha imillab o‘zini jiddiy tutib, biroq tamanno bilan ketib borardi. Umidsizlik, musibat, o‘lim istagi – buning bariga faqat shuning uchun toqat qilish mumkin ediki, uning xumorini yozish uchun ko‘chaning har bir burchagida bo‘g‘zini kuydirib yana erkak badanining orzu qilsa arziydigan junjushli hidi paydo bo‘lishi mumkin edi. Oyoqlari zir qaqshar, qadamlari tobora sekinlashar va uni asta sekin yupanch va tasalli sari yetaklab borardi. U yarim yalang‘och holda, faqat uzoq-uzoqlarda fonuslar miltillayotgan qorong‘ulik hamda jozibali sukunat cho‘kkan joyda to‘xtagandi va tovush chiqarib horg‘in nafas olgandi. Qushday yengil chemodonini ko‘targancha, o‘z xotiralaridan lazzatlanib, yana iziga qaytgan edi.
U to‘satdan to‘p-to‘p bo‘lib ko‘rinayotgan qora ko‘lankali isqirt uylar orasida qalqib chiqqan ulkan oyni ko‘rib qolgandi: oy qanchalik yuksak ko‘tarilsa, shunchalik zarhal rangda tovlanar edi; Uning bir hovuch bo‘lib yig‘ilib qolgan pushti-qizil tegrasi asta-sekin so‘nayotgan edi. U har qadam bosganida o‘zining bo‘m-bo‘sh chemodani bilan hech qayoqqa borolmasligiga, oldinda o‘zini hech qanday to‘shak ham, hech qanday kulba ham va hech qanday qismat kutmayotganiga tobora ishonib borardi. Oy endi maftunkor tusga kirgan edi. U deyarli yalang‘och, qaddini tik tutib, zim-ziyo zulmatni jajji siynalarining uchlari bilan tilka-pora qilgancha, yuksak va yana yuksaklikka ko‘tarilayotgan ulkan va bag‘oyat fusunkor oyni yelkasida ko‘tarish uchun ketib borar edi.
Erkak kundan-kunga ozib borardi., ayolga nisbatan uning kulrang ko‘zlari endi ifodasiz va ma’nisiz tusga kirgan, har qanday iltifot va shafqatdan allaqachon mahrum bo‘lgan edi. U hech qachon yig‘lamagandi va mashaqqat bilan kezib chiqqan o‘ttiz ikki yil oxir-oqibatda uni xayotga jinday umid bilan boqishga ham, uni zabt etishga bo‘lgan jinday harakat ham behuda ekanligini o‘rgatgandi.
Har kuni ertalab, xandan-xushon o‘tgan yoz faslida oshxona uchun olib kelishgan idishlar bilan to‘lgan xaroba stol ustidan ayolga tikilar ekan, erkakning yuzida na samimiy, na yasama ifoda qalqirdi. Balki gunoh faqat ayollarning o‘zidagina emasdir, ehtimol, avval kim gunohkor bo‘lganini va hozir kim aybdor ekanligini aniqlab o‘tirishning o‘zi bema’nilikdir?
Ayol erkakning ko‘zlarini zimdan kuzatib borar edi. Basharti bu- pinhona alamli qorachiqlarni yondirgan chaqmoqni, hammasini bilib olishga tirishayotgan ayyora nigohni kuzatish deb atash mumkin bo‘lsa? Erkakning ko‘zlari har kuni, har tongda sirli ravishda yana ham ravshanlashib, yana ham yasharib borardi. Biroq u buni yashirgisi kelmasdi: shu bilan boshqa bir ko‘zning iltijo va so‘roq to‘la hujumlarini qo‘pollik qilmasdan osongina daf etar edi.
U endi o‘ttiz ikkiga kirgan edi: soat to‘qqizdan beshgacha u bir idoradan ikkinchi idoraga o‘tib: bir binodan ikkinchi binoga zir yugurib yurardi. Ba’zi erkaklar kesami, yoshmi, bundan qat’i nazar, semiz, bo‘ychan ayollarga ko‘r-ko‘rona xushtor bo‘lganlaridek, u ham pulga mukkasidan ketgan va pulning hamisha mo‘l-ko‘l bo‘lishini istar edi. U yana holdan toydiradigan haftaning so‘ngi kunidagi rohatbaxsh hordiqni va musaffo osmondan- salqin havodan yog‘iladigan orombaxsh lazzatni ham shumday yaxshi ko‘rar edi.
U qayerda bo‘lmasin, qaysidir ko‘rinishda o‘zining ustidan goh omad, goh nafs hukmronlik qilayotganini his qilib yurardi. U qachonlardir o‘ziga ovqat qilib beradigan va ikkinchi qavatda ovozi uchmay, o‘ksib-o‘ksib yig‘lab yotadigan bola tug‘ib bergan bu uvoqqina ayolni ham sevardi. Endi esa u ayolga tavahhum bilan tikilib-tikilib qo‘yardi? Unga ba’zan ayol ismini ham hech qachon eshitmagan, o‘ziga hech qanday aloqasi yo‘q yoki qachonlardir o‘lib ketgan qandaydir begona ayol bo‘lib tuyulardi. Vaqti qat’iy tartibga tushmagan nonushta paytlari quyosh nurlari baland derazadan xonaga oqib tushardi: bog‘dan taralayotgan ko‘kat hidi xuddi endigina tug‘ilgan shubha yanglig‘ stol ustida bilinar-bilinmas o‘rmalab yurardi. Ularning birontasi ham ikkovi orasidagi musibat qo‘shinlari endi quyoshni, qishni va bahorni ham nihoyat tor-mor keltirganini inkor etishmasdi.
Butun xayotlarini ostin-ustun qilib yuborgan o‘zgarishlardan oldin hali tashlandiq, yovvoyi bog‘ni o‘lik hovuzga aylantirish hech kimning xayoliga kelmagan paytda, bir kuni erkak g‘ira-shira qorong‘uda o‘rnidan turib, tong otishini kuzatish uchun boqqa chiqdi. Shafaq qizarishi bilan u araukariyaga konserva bankasini qo‘ydi va sadaf bilan qoplangan kichkina to‘pponchani baland ko‘targancha, bir necha qadam orqaga yurdi. U qo‘lini yuqori ko‘tardi, biroq tepkini bir necha marta behuda shaqillashidan boshqa hech narsa eshitmadi. U o‘zini masxara bo‘lganday his qilib, kayfiyati buzilib uyga qaytdi: xotinini uyg‘otib yuborishi mumkinligini o‘ylamay ham qurolni javonning bir burchagiga uloqtirdi.
-Nima bo‘ldi,-deya to‘ng‘illadi ayol, erkakning yuvinish uchun yechinayotganini ko‘rgach.
-Hech narsa. Na o‘q biron narsaga yaraydi – bo‘lmasa sotib olganimga bir oy ham bo‘lgani yo‘q, meni chuv tushirishibdi – na to‘pponcha sinib yo‘q bo‘ladi. U mening onamdan yoki onamning onasidan qolgan: tepkisi juda bo‘shashib qolibdi. Menga sening tuni bilan hech qanday himoyachisiz, yolg‘iz qolishing yoqmayapdi. Bugunoq biron chora ko‘rishim kerak.
-Hechqisi yo‘q, – dedi ayol va oyoqyalang bolaning oldiga jo‘narkan-Mening o‘pkam juda katta, agar biron narsa bo‘lgan taqdirda ham chaqirsam qo‘shnilar eshitishadi.
-Bunga ishonchim komil,- istehzoli jilmaydi erkak. Ular bir-biriga erka tabassum bilan tikilishdi. Ayol mashina tovushi uzoqlashib ketguncha, kutib turdi, so‘ng ko‘kragini so‘rib yotgan bola bilan birgalikda yana uxlab qoldi.
Xizmatkor ayol har doimgidek nima uchunligini bildirmay kirdi va so‘ng yana indamay chiqib ketdi. Ayol bularning hammasiga asta-sekin kunikib borardi; u erkakning ko‘zlarida qotib qolgan doimiy musibat ifodasiga endi ishonmasdi. Nasldan-naslga o‘tib kelayotgan soliq qovoqlar ostida porlab turadigan qorachiqlar limmo-lim to‘lib turgan ko‘z yoshlarga o‘xshardi. Erkak esa endi atrofini o‘rab turgan dunyodan zavq olishga qodir emas edi: uni tashvishlar, goh butunlay esidan chiqqan, goho ichmagan paytlari yana yodiga tushib, uni injiq, bag‘ritosh odamga aylantiradigan, uning istagiga qarshi tug‘ilgan bola, qochib qutulib bo‘lmas ish, shovqin-suronli ulfatlar davrasi va mudhish yolg‘izlik tuyg‘usi – bular barchasi nihoyat uni holdan toydirgan edi. Zotan na erkak, na ayol ikkalasini bir tanaga aylantiradigan tunning muqarrar mo‘jizasiga endi ishonmas edi: bu esa o‘zlari o‘tirgan qismat shoxini o‘zlari oldindan kesish bilan baravar edi.
Ularning birgalikda o‘tkazadigan damlaridan endi hech narsa kutib bo‘lmasdi ; biroq ular hali ham o‘rtadagi bu bo‘shliqni e’tirof etishdan bosh tortib kelishardi. Erkak kuldonga sigareta qoldig‘ini qoqardi, ayol bir burda qovrulgan nonga shinni va yog‘ surib o‘tirardi. Ertalabdan toki kechgacha erkak ayolga aslida faqat gazak olgan yaradan so‘ng hayotdan umid uzgan yoki behuda toat-ibodatga mukkasidan ketgan gadoynikiday ifodasiz va loqayd ko‘zlarini shunchaki nomiga tikib o‘tirardi.
Ayol bilan bog‘ to‘g‘risida, oila ta’minoti to‘g‘risida, yuqori qavatda uxlab yotgan gulobi kiyimdagi bola to‘g‘risida gaplashardi. Erkak ayolning og‘zidan o‘zi istagan sg‘z bilan ifodalab bo‘lmas o‘sha sehrli jumlani kuta-kuta, charchagach, o‘rnidan, turib, uning peshonasidan o‘pardi va hovuz qurayotganlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish uchun chiqib ketardi.
Erkak oyma-oy yana ham boyib borayotganiga, bankdagi pullari har qanday to‘siqlarga va har qanday g‘arazli niyatlarga qaramay, yana ham ko‘payib borayotganiga amin edi. U yangi daromadlarini ishonchli va foydali joyga qo‘yishni o‘ylab ko‘rishga hatto ulgurmasdi ham.
Kechqurun besh-oltigacha u avtomobillarning, traktorlarning va boshqa turli xil mashinalarning ehtiyot qismlarini sotardi. Biroq biron bir xilvat to‘shakda yoki restoran stolchasida o‘zini qandaydir ayol bilan “ta’minlash”, har xil ermak va yupanchlar bilan yolg‘iz ko‘nglini ovutish uchun soat to‘rtdan boshlab, shoshilmay va umidsizlanmay, telefon qulog‘ini tinmay burashga tushardi. U juda oz-faqat zarur narsalar bilangina qanoatlanardi: Mayli uning chakaklarini ayol barmoqlari silab tursa bo‘ldi, ham uni erkalab, ham uni tushunganini bildirib ko‘zlari jilmayib so‘ng o‘z-o‘zidan bejirim ko‘ylaklar, qimmatbaho mushku-anbarlar, turli bezaklar sotib olishdan iborat muhabbat mashg‘uloti boshlanadi. Shuningdek, maza-matrasiz javrashlarni quloq qoqmay eshitishga majbur bo‘lgan uzundan-uzun tun, tavba tazarrular va buzilgan ahloq ham sotib olinardi.
Erkak uyga tonga yaqin qaytardi: ayol uning yasama xotirjamlik aks etgan yuzidagi sirli ifodalarni o‘qib olmoqchiday har doimgiday chuqur va sirli qilib xursingancha, erkakning unga aytadigan biron gapi bo‘lmasdi. U shkafdagi shishalar qatorini bir daf’a ko‘zdan kechirar, so‘ng qulay kelganini qo‘liga olardi. Oromkursiga yaxshilab joylashib olgach, ayolning sukuti, tushdan so‘ng paydo bo‘lgan shirin xayollari va shiftga qadalgan nigohi bilan yuzma-yuz o‘tirgancha, kitob varaqlariga qo‘lini qo‘yib, beparvogina icha boshlardi. Ayol uni tergamasdi: hatto bir qancha vaqtgacha u erkakni hech qanday shubha-yu-gumonlarsiz tushunishga harakat qilmoqchi, o‘zi, hayoti va umrining gulgun pallasi haqida ko‘nglida paydo bo‘layotgan xo‘rlikka o‘xshash uqubatu-nadomatlar to‘g‘risida u bilan hasratlashmoqchi ham bo‘lardi.
Sentyabrning o‘rtalarida, ayol hayot tog‘ga yoki ulkan toshga o‘xshaydi, uni biz kashf etib sindirolmaymiz, uni odamzot kashf qilolmaydi, degan fikr bilan avvaliga nomiga, so‘ng esa rostakamiga o‘zini ovuta boshladi.
Bu hodisa qanday va qay tariqa boshlanganini bilish hech kimga, ha, hech kimga ato qilmaydi. Hozir biz hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan voqea erkak hali botmagan quyoshning so‘lg‘in nurlari tushib turgan bog‘da u yoqdan bu yoqqa yurgan osoyishta kuz oqshomida sodir bo‘lgan edi; erkak birdan to‘xtab, atrofga alanglab, yam-yashil so‘lim maysazorni, quriy boshlagan yovvoyi butalarning so‘nggi gullarini sinchiklab ko‘zdan kechirgandi. U bir zum harakatsiz qotib qolgan, boshi yon tomonga og‘gan, qo‘llari sinib ketganday osilib turardi. So‘ng to‘siq oldiga kelgan va xuddi shu yerdan har biri bir metrcha keladigan tekis qadamlarda butun bog‘ni shoshilmay o‘lchay boshlagandi. U oldin janubdan shimolga qarab, so‘ng sharqdan g‘arbga qarab o‘lchagan edi. Ayol esa yuqori qavatdagi darparda orqasiga yashiringancha, uni qo‘rquv bilan kuzatib o‘tirardi: kundalik turmushning odatdagi yozug‘idan chekkaga chiqqan har bir hodisa unga o‘zining baxtsizligini ta’kidlaydigan yangi dalil va isbotday bo‘lib tuyulardi. Bola zavol payti g‘ingshinib, yig‘layvergandi; unga gulobi kiyimni hozir kiygizishganmi yoki tug‘ilgan paytimi, yoki undan sal keyinmi, buni endi hech kim eslamas edi.
Hr ikkisi uchun ham haftaning eng og‘ir kuni bo‘lgan dam olish kunining shomi ham cho‘kib, vaqt allamahal bo‘lib qolgach, erkak oshxonada qahva ichib o‘tirar ekan;
-Qanchadan-qancha yer bekor yotibdi,-dedi. Ayol erkakning mujmal, tushunib bo‘lmas qayg‘u zuhurlangan zohidona yuziga tikilgan va uning endi bu yo‘ldan qaytarib bo‘lmas darajada qandaydir, o‘jar va sirli istak bilan yonayotganini ko‘rgan edi.
-Ha, men ham bu haqda ko‘p o‘ylardim…,-degandi ayol, garchi aldayotganini, bu haqda o‘ylashga unda vaqt ham, hohish bo‘lmaganini bunday fikr hatto xayoliga ham kelmaganini o‘zi ham anglagan holda.- Men hamisha bog‘imizda amalga oshirilmay yotgan qanchadan-qancha rejalar haqida, mevali daraxtlar va gulzorlar haqida o‘ylardim.
Shunday bo‘lsa-da, ayol shu yerda, qachonlardir qariya Petrus qurgan, suv va plyajdan uzoqdagi bu eski uyda tug‘ilgandi. Shu yerda tug‘ilgan va voyaga yetgan edi. Uning qalbiga kattalar dunyosi kirib kelganda, u bu dunyoni tushunmagan edi; o‘zining va himoya istab o‘tib bo‘lmas chakalakzori bilan sirli va vahimali ko‘rinadigan bo‘talarga, kechasi-yu kunduzi zim-ziyo, qo‘rqinchli bo‘lib yotadigan keksa, egri-bugri daraxtlar orasiga va tizza bo‘yi anvoyi o‘t-o‘lanlar o‘sadigan qalin maysazorlarga o‘zini yashirar edi. Uning anavi o‘tlarni o‘radigan mashina sotib olgan otasi har oqshom kechki tamaddidan so‘ng stolga mushtlagancha, ertagayoq ish boshlayman deb, qat’iy ahd qilardi. Biroq u hech qachon ishni boshlamasdi. Ba’zida u erinmasdan bir necha soatlab mashinani moylar yoki oylab tep-tekinga qo‘shnilarga berib yuborar edi.
Biroq yovvoyilashib, chakalakzorga aylangan bog‘ qo‘l tegizilmagan holicha qolavergan edi. O‘sha, qizaloqlik paytidayoq u ertaga degan so‘zdan ham sehrliroq so‘z yo‘qligiga ishongandi; shunday deyilsa, hech qachon hech narsa o‘zgarmay qolaveradi va o‘zining ham oromi buzilmaydi.
Hali bolaligidayoq u bo‘talarning, o‘tloqning, qandaydir egri, nomsiz daraxtlarning o‘zini erkalagan shivir-shivirlarini va ko‘klam kelishi bilanoq maysalar quvnoq qiyqirganlaricha uylarini ishg‘ol qilib olishlarini, bir necha oydan so‘ng esa hayiqib, biroq qilgan ishlaridan ko‘ngillari to‘lib, yana chekinishlarini kashf etgan edi.
Erkak qahvani ichib bo‘lgach, nimagadir qaror qilib, boshini azot ko‘tardi. So‘ng yana jim qoldi, to‘g‘rirog‘i, oradagi sukunatni yana ham taranglashtirmoqchi bo‘ldi.
-Yoz kelganda yotish va uyni salqinlatib turish uchun deraza yonida bir parcha joy qoldirish mumkin. Biroq qolgan hamma joyga beton yotqizib chiqish kerak. Men bu yerga juda katta akvarium qurmoqchiman. Yaratish deyarli mumkin bo‘lmagan, noyob namunasini. Buning uchun esa oz-muncha pul sarf bo‘lmaydi.
Ayol bularning hammasi yolg‘onligini bilardi, u erkakning pulni behuda sarflashiga ham, kimdir bu befoyda, keksa va durkun daraxtlarni kesib olishiga ham, hech qachon o‘rilmagan o‘tlarni hamda hatto nomi ham yo‘q, payhona-so‘lg‘ina va taftsiz yovvoyi gullarni o‘rib olishiga ishonmas edi.
Biroq dam olish kunlarining birida qandaydir uch erkak ishchi kelib, eri bilan savdolasha boshlashdi. Ayol ularga yuqori qavatdan qarab turardi; ikkitasi qator terib qo‘yilgan orom kursilari bilan bir qatorda, ayolga yon tomonlarini o‘girib turishar, vaqti va bahosi haqida tortishardi, baquvvat, bosiq va qalpoq kiygan uchinchisi esa cho‘kka tushib o‘tirgancha gul poyasini chaynardi.
Ayol hammasini oxirigacha eslab qolgandi. Kumush sochi patak bo‘lib ketgan, qaddi bukik, qo‘llari shalvirab qolgan, eng keksasi ish taqsimlovchisi bilan bir muncha vaqt yelkasi bilan eshik panjarasiga suyanib, gaplashib turishgandi. Barvazta esa kesib tashlash kerak bo‘lgan daraxtlarni, keng o‘tloqni, mavj o‘rib o‘sayotgan maysalarni loqaydlik bilan ko‘zdan kechirgandi. Qolgan ikkitasi esa oldinroqda borishar, nima uchundir, chalg‘i, belkurak va ketmon ko‘tarib olishgan, erinchoqlik bilan oyoqlarini zo‘rg‘a bosishardi. Ko‘rinishidan ishyoqmas va tebsa-tebranmas, yoshroq hamda barvastarog‘i hali ham atirgul poyasini chaynardi. Yakshanba kunining serjoziba subhidami edi va bog‘da bahor chechaklar raqsga tushardi; ayol ishchilarga qaragancha, menga shunday tuyulayotgan bo‘lsa kerak deb o‘zini ishontirmoqchi bo‘lar, bola esa tinmay ko‘krak so‘rardi.
Ayol erkakning xudgo‘yligini va o‘ziga ataylab ozor berish odatini yaxshi bilardi. Biroq ikkalasi ham bu haqda shunchalik ko‘p gaplashgandiki, bir odamni, boshqa bir odam tushunsa va sevsa bo‘ladigan darajada hamma narsa ochiq va oydin bo‘lib qolgan edi. Ayolga bog‘ni, unga qo‘shib bog‘ning bir bo‘lagi bo‘lgan o‘zini yer yuzidan yo‘q qilish intiqomiga erkakda hech qanday asos yo‘qday tuyulardi. Ba’zida ikkalasi ham neki o‘tgan bo‘lsa, unutdik degan umid bilan o‘zlarini ovutgan paytlar erkak uni nimadir to‘qib o‘tirgan holda bog‘ning qaysidir burchagidan topar va hech qanday kirish so‘zlarsiz yana o‘sha adovatli ruhda gapira boshlardi:
-Hech qachon, hech narsa sodir bo‘lmagandek, hammasi bir umrga unitildi, qanday ajoyib!- Pir-pir uchayotgan, quruqshigan yuzini hatto ayol tarafga burmasdi ham.- Biroq senga o‘g‘il tug‘ish nima uchun zarur bo‘ldi ekan? Shuncha oylardan beri faqat gulobi jun sotib olarding, oqibatda esa mana-o‘g‘il tug‘ildi. Men tentak emasman. Menga qizmi o‘g‘il farqi yo‘q. Biroq qiz tug‘ilganda u sening izmingnda qolardi famiyalingni olardi. Biroq bu kuchukvachcha esa, aksincha…
Ayol ancha vaqtgacha o‘zini xotirjam tutib turdi, qo‘llarini chimchidi, so‘ng nihoyat unga qaradi. Erkakning yuzlari yana ham quruqshigan, porlab turgan ko‘zlari yana ham kattalashgan, maymoqlangan va tushkunligidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan qiyofada masxaromuz tirjayib turardi. U yangi buhton to‘qiyotgan edi. Ikkalasi ham uning buhton to‘qiyotganini his qilib turishar, biroq har qaysisi buni o‘zicha tushunishardi.
– Biz bu haqda shunchalik ko‘p gaplashdikki,-dedi ayol horg‘in tarzda.-Men bu haqda Sendan juda ko‘p marta eshitganman…
– Bo‘lishi mumkin. Biroq men ham bu mavzuga tez-tez qaytishni unchalik xush ko‘rmayman. Bu bola mening ismi-sharifimga o‘tadi. Va men uni boqishga hamda tarbiya qilishga majbur bo‘laman. Biz bu ishni har tomonlama o‘ylab ko‘rsak ham chalg‘iganga o‘xshaymiz. Biz ishga bir yoqlama qarab, sal adashmadikmikin? Men o‘zimni kim hisoblayman? Birovning mag‘zavasiga kir yuvgan ovsar debmi? Ha, sen esa dog‘uli qanjiqsan.
– To‘nka,-dedi ayol mayingina tovushda achchiqlanmay, hatto kimga aytayotganligini o‘zi ham bilmay.
Erkak yuziga xira tun shohisini tortgan va bahorning kelganiga hech bir shubha qoldirmaydigan serbulut osmonga qaradi. Keyin o‘girildi-yu, uyga qarab ketdi.
Balki buning hammasi oddiy va arzimagan voqeadan boshlangandir.
Odam shular haqida o‘ylashi kerakmi yoki rad qilishi, gap shundan birini tanlashdadir degan erkak omad yoki omadsizlik qayg‘u yoki quvonch baxtning kulib boqishi yoki azob bilan o‘tadigan achchiq qismat, shunga yarasha xizmat qildikmi yoki yo‘qmi, hisoblashib o‘tirmay tanlayveradi, deb qattiq ishonardi. Ayol hayotda undan ham ko‘proq narsalarga javob izlardi: u o‘z qismati, o‘z xatolari haqida, odam aqli yetmaydigan umr jumboqlari haqida o‘ylar, bo‘ynidagi gunohi-azimni his qilar va nihoyat hayotda to‘lashga, taqdimlanishga hamda jazolanishga arziydigan gunohlar yetarlicha topiladi degan xulosaga kelgandi. Aslini olganda, bu ikkalasi ham aynan bir narsa edi.
Ba’zan erkak ayolni yarim kechasi o‘yg‘otib, Mendel haqida hikoya qilishni boshladi. U mushtuk yoki sigareta chekib, toki ayol butun vujudi bilan o‘zini eshitishga tayyor ekanligiga ishonmaguncha, kutib turardi. Balki u shunday qilsam, o‘zining qalbida yoki qip-yalong‘och yotgan xotinining qalbida mo‘jiza sodir bo‘ladi va bu mo‘jiza ichlariga kirib olgan jinlarni quvib chiqarib, ularga haqiqiy baxt yoki hech qursa ro‘yo bo‘lsa ham bir lahzalik bahtiyorlik ato etadi deb, ishongandir.
-Nima uchun endi aynan Mendel bilan? Axir sen mening nomusimni qo‘zg‘atmaydigan boshqa bironta tuzukroq nomni tanlashing ham mumkin edi-ku!
Erkak ayolning Mendel bilan ishqiy mojarosi to‘g‘risidagi hikoyasini yana eshitishni xohlardi; biroq oxirigacha eshitishdan bosh tortar, o‘zining sha’niga tegib ketadigan biron narsa sodir bo‘lishidan qo‘rqar va nihoyat chekinib bo‘lsa ham, yopig‘liq qozonni to‘la ochmas, go‘yo shu yo‘l bilan o‘z oriyati va sha’nini qutqarib qolardi. Bular bari axmoqona be’manilikedi, biroq voqea faqat shu bilan barham topsa, koshkiydi.
Mendel bo‘lmasa, boshqa birontasi. Umuman olganda baribir emasmi. Bularning muhabbatga hech qanday aloqasi yo‘q. Bir kuni kechasi erkak o‘zini zo‘rlab kuldi.
-Shunday bo‘lsa ham bo‘lar barchasi menga oldindan ayon edi. Chunki ish shunchalik chalkashib ketgandiki yoki aksincha, shunchalik murakkablashib ketgandiki, men shu daf’aning o‘zidayoq Mendelni avaxtaga o‘tqazib qo‘yishim mumkin edi. Aynan Mendelning o‘zini, boshqa hech kimni emas. Qonunga zid qog‘ozi va qalbaki imzosi uchun. Va menda ham unga nisbatan hech qanday rashk-pashk o‘yg‘onmaydi. Uning xotini va o‘z pushti kamaridan bo‘lgan uch o‘g‘li bor. Uyi esa ikkita. Go‘yoki hamma narsaga erishgan. Yo‘q, gap faqat rashkda emas, hasadgo‘ylikda. Buni tushuntirish qiyin. Chunki hammasini chippakka chiqarish, Mendelni xarob qilish yoki qilmaslik arzimagan ish. Men buni o‘z kayfiyatimdan oldinroq, ya’ni o‘zimda shunday qudrat borligiga ishongunga qadar qilishni hohlagandim. Tushunmayapsanmi, bu ishni hech qanday niyat va intiqom bilan emas, sof hasadgo‘ylik bilan qilishim mumkinligini tasavvur qildim, his etdim. Ba’zida deyarli kamdan-kam hollarda, menga shunday qila olishim mumkinday bo‘lib tuyulardi.
Ayol indamay o‘tirardi. Subhidam salqinidan eti junjikar ekan, bola haqida o‘yladi va uning ochiqib yig‘lashini kuta boshladi.Erkak esa qachonlardir o‘ziga hamda ikkalasi ham oramizda bor deb, ishongan, bir necha oy davomida, u haqda yoniq orzularga botib yurishgan, bir-birini aldamay, ishtiyoq va ishonch bilan yashashga undagan, ularga hozir yetib bo‘lmasdek tuyulayotgan baxt-saodat mulkining shundoq yonginasidan olib o‘tgan, homilasi birovdan ekanini bila turib, o‘ldim–kuydim qilgan, hozir esa ikkisi uchun ham qadri qolmagan o‘sha yoniq hissiyotni tiriltiradigan mo‘jizani kutib hamon jim qotib turardi.
Ishchilar dushanbadan boshlab ishga kirishdi, ular shoshilmasdan daraxtlarni kesib chiqdilar, kechqurun esa ularni bir tomonga og‘gan, shaloq, eskiligidan shaldirab qolgan mashinaga yukladilar. Bir necha kundan keyin ular yovvoyi gullarni va o‘tloqdagi gurkirab o‘sgan begona o‘tlarni o‘rishga kirishdilar. Ular hech qanday aniq ish rejimiga amal qilmasdilar. Aftidan, ular kunning uzunligi va qisqaligi, erta yoki kechligidan qat’iy nazar butun ish uchun savdolashishgandi. Har holda ularning shoshilayotganini anglash qiyin edi.
Erkak bog‘da bo‘layotgan ishlar haqida unga hech narsa demasdi. Ichib va chekib, so‘lg‘in alfozda jimgina o‘tirardi. Ishchilar avval oq, so‘ng kulrang beton bilan butun bog‘ni va boqqa qo‘shib erkakning barcha ayanchli xotiralarini ham ko‘mib tashladilar.
Bir kuni nonushta so‘ngida erkak sigaretasini kuldonga bosib o‘chirdi-da, hamishagidek, yuzidagi intiqom va adovatni yashirmay, xuddi o‘z gaplarining mag‘ziga faqat o‘zi tushunadigandek, masxoramuz jilmayib, ayolga qaramasdan chertib-chertib dedi:
-Agar sen yerkovlarga ko‘z-quloq bo‘lib tursang, yaxshi bo‘lardi. Ayniqsa, ovqatlanish mahali. Sement yotqizish negadir hech oldinga siljimayapti.
Bu paytga kelib uch ishchi yerkovlarga aylangandi. Ular bunda baliq yetishtirish mumkin emasligini ahmoq ham tushunadigan, ataylab palapartish tartib berilgan, bo‘lajak akvarium uchun qalin va ulkan oyna keltirishgandi.
-Yaxshi,-dedi ayol. –Men qariya bilan gaplashib ko‘raman. Avval bog‘ bo‘lgan joyga ishni kuzatish uchun borib turajagimni aytaman.
-Qariya bilan?- tirjaydi erkak.- U gapirishni bilarmikan? Menimcha, u faqat qo‘llari va qoshlari bilan buyruq beradi, shekilli.
Ayol har kuni ertalab va kechqurun tsementdan qilingan maydonga tushar va nihoyatda beqaror ish soatlarini nazorat qilib turardi. Ehtimol,u haqda ham endi erkakka nisbatan intiqom va adovatini yashirgisi kelmaydi, deb aytish mumkindir. U qaddini tik tutgancha, qattiq, tekis tsement bo‘ylab, endi butkul yo‘qotilgan daraxtlar bilan gulzor orasidagi aylanma yo‘llarni va so‘qmoqlarni hayolan tasavvur qilgancha, goh o‘ngga, goh chapga burilib, ishchilar tomon parishon qiyofada, sekin o‘tib bordi. Ishchilarga qarab turib, bahaybat akvariumning qanchalik kattalashganini ko‘rdi. Havo yetishmayotgandek tez-tez nafas ola boshladi; soat beshdan so‘ng yana yolg‘iz qolishini o‘ylab, o‘zini nelargadir hozirladi; uning kun tartibi mana shunday bema’ni ko‘nikmalardan noma’lum va g‘ayritabiiy narsalarga o‘z-o‘zini hozirlashlardan iborat edi.
Oldiniga yarim bog‘ni qoplab olgan quduqning beo‘xshov ko‘rinishi, yerning tubigacha kirib borgan zim-ziyo tuynukdagi g‘ira-shira manzara uni hayratga soldi. Shuning o‘ziyoq unga kifoya edi. Biroq u quduqning qa’rida beligacha yalang‘och ikkita ishchini ko‘rib qoldi. Ularning birinchisi-yirik mushaklari tarang bo‘lib turgani o‘sha-atirgul poyasini chaynab yurgan ishchi edi: novcha, qiltiriq, ko‘rinishidan ivirsiq, hali juda yosh ikkinchisi esa, odamda o‘ziga nisbatan achinish va shafqat hissini hamda peshonasidagi terni rumolcha bilan artib qo‘yib, ko‘nglini chog‘ qilish istagini o‘yg‘otar edi.
U bu yerdan ketishni va yolg‘izlik qo‘ynida o‘zini-o‘zi qanday ovutishni bilmasdi. Qariya chekkancha, kesilgan daraxt tanasida cho‘nqayib, zo‘rg‘a o‘tirar va ayolga loqaydgina ko‘z tashlab qo‘yardi.
-Ishlayaptimi? – so‘radi ayol shunchaki ko‘ngil uchun.
-Ha, xonim, ishlayapti. Faqat ular har kuni va har soatda ishlashlari kerak. Shuning uchun men bu yerda o‘tiribman. Shuning uchun va shuningdek boshqa ishlarni rejalashtirish uchun. Biroq men ham xudo emasman. O‘zimda kuch topgan paytlari ularga yordam beraman.
Erkovlar u bilan salomlashib, boshlarini jimgina va do‘stona egib qo‘yishdi. Ular bir oz bo‘lsa ham dam olish ishtiyoqida suhbatbop biror bahona topish va munozara qilish uchun o‘rtaga ba’zi ba’zida qandaydir takliflar tashlab turishardi. Ayol tiriklay ko‘milgan bog‘da endi ular vayron etadigan narsaning o‘zi ham qolmagan va hamisha poya chaynab yuradigan, qalpoqli, tepsa-tebranmas pahlavon hamda hali juda yosh, ozg‘in, kasalmand, ochlikdan qiltiriq bo‘lib qolgan ikkinchi yerkov bilan tez-tez suhbatlashib turar edi. Qariya esa suhbatga aralashmas, yerga o‘tirgan yoki tik turgan ko‘yi izma-iz qo‘lbola tamakisini tortar va shu holatda kun bo‘yi o‘tirishi ham mumkin edi.
Xuddi buning ayol uchun ahamiyati borday, xuddi u tirik va uning bu yerdaligi nimadir qilishga qodirday, endi butunlay g‘oyib bo‘lgan daraxtlar va payhon qilingan o‘tloqning qachonlardir haqiqiy bekasi bo‘lganini bilishganday, ular ayolning ko‘z o‘ngida g‘ayrat bilan kovlashar, o‘lchashar, so‘ng silliq qilib suvashar edi. Ayol o‘ziga yarashmaydigan nazokat va iltifot bilan ularga qandaydir bema’ni narsalar haqida gapirib berar va o‘zining dardu-alamini shu yo‘l bilan ifodalar, bu esa munosabatlarining tobora samimiylashishiga yordam berardi. Soat beshlardan so‘ng yerkovlar ketib, o‘zi huvillagan sukunat qo‘ynida yolg‘iz qolishdan qo‘rqib, tinmay gapirar va gaplari hech qachon tugamasdi. Uy sinasin chakalagi bilan o‘ralgan edi. Garchi tanalarida hali ham avvalgiday nihollikning navqiron nazokati barq urib tursa ham bo‘talar sal bo‘lmasa uch metrlik dag‘al daraxtlarga aylangandi. Ular tig‘iz qilib ekilgan bo‘lsa ham, bir ikkinchisiga do‘stona suyangancha shoxlari bir-biriga chatishib, bab-barovar gurillab o‘sishgandi.
Soat zangi yerkovlargacha yetib borganday kechqurun roppa-rosa beshda ish vaqti tugaganini bildirib, qariya qo‘lini ko‘tarardi. Ular o‘zlarini ish qurollarini yig‘ishtirib, hammasini kimsasiz, qorong‘u saroyga eltib joylashar, so‘ng xayrlashib jo‘nab ketishardi. Xuddi bulutga ham, botayotgan quyoshga ham keksalarga hurmat qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yishmoqchidek qariya oldinda, izidan qalpoq kiygan ho‘kiz sifat barvasta, ularning orqasida bukchaygan qiltiriq yigit ketib borardi. Uchalasi ham erinchoqlik bilan chekkanlaricha zo‘rg‘a sudralib borishardi. Yuqori qavatda, ochiqib yig‘layotgan belanchakdagi bolaga orqa o‘girgancha, qachon ketishini aniq bilib olish uchun ayol yerkovlarning izidan jimgina kuzatib turardi.
O‘n-o‘n besh daqiqalar shu holatda shunday qotib turardi. So‘ng pastga, bir paytlar o‘zining bog‘i bo‘lgan joyga tushardi; yo‘q-qilib tashlangan shox-g‘ovlarni xayolan aylanib o‘tib, toki sinasin chakalagiga yetguncha, asfaltni boshmog‘ining poshnasi bilan ataylab tiqillatib boraverardi. Umuman, u faqat ishchilar kirib chiqadigan yoki hech qachon mehmon oyog‘ini bosmagan panjarali eshikdan tashqariga chiqishi, mashina yo‘q paytlari ochiq turadigan garaj eshigidan ichkariga kirishi ham mumkin edi.
So‘ng o‘zi ham hech narsaga ishonmay, hech narsaga umid qilmay, o‘zini qurshab turgan yolg‘izlik saltanatini parchinlab tashlash uchun bu na bo‘taga va na daraxtga o‘xshaydigan sinasin chakalagiga qarshi qonli va ayovsiz jangga kirishar edi. Nima uchunligi va qanday niyati borligini o‘zi ham to‘la anglamay, shoxlar va tikanaklar orasidan chakalakzor ortidagi allanechuk sirli dunyo tomon o‘ziga yo‘l ochishni istardi. Goh-gohida nafas rostlash uchun qo‘llarini yozgancha umidsizlanib to‘xtab qolardi. Bu jang hamisha mag‘lubiyat bilan tugar va u aftini ayanchli bujmaytirib yoki o‘lganning kunidan jilmayib bu mag‘lubiyatni tan olar va uni jon-jon deb qabul qilardi.
Tirnalib qolgan qo‘llarini silagancha, yaqinlashib qolgan hamda shiddatli va sirli narsalar va’da qilayotgan, pokligi va beg‘uborligi bilan o‘zining gudak o‘g‘lini eslatadigan bahorni tug‘ishga tayyorlanayotgan osmonga mahliyo termulib oqshomning g‘ira-shirasida iziga qaytardi. U biron tamaddi tayyorlar, bola bilan kuymalanar, so‘ng har kungiday, qo‘liga tushgan birinchi kitobni ochib qo‘yib, ikkita orom kursining bittasiga o‘tirgancha yoki simto‘shakka cho‘zilgancha, erkakni kuta boshlardi. Soatni ko‘zlarida yashirar va ilhaq bo‘lib kutib o‘tirardi.
Ammo erining qaytishi har oqshom bir-birining takroriga o‘xshar va o‘zgarmas tartibga tushgan edi. Oktyabr oyining o‘rtalarida u shunday so‘zlarni o‘qigandi: “…o‘zingni ohangrabo taskinning quchog‘ida yotgandek tasavvur qil, umidsizlikdan, behuda g‘azabdan, shakkoklikdan va nafratdan o‘zingni saqla”. Erkak mashinasini garajga qo‘yar, tsement yo‘lakdan yurib kelib, yuqoriga ko‘tarilardi. Har kuni shunday bo‘lar, uning yod bo‘lib ketgan siyqa jumlalari hech o‘zgarmasdi. U kalitlarni shildiratgancha xona bo‘ylab yurar ekan, kunning oddiy yoki qiziqarli voqealarini hikoya qilar, ko‘pincha lof urar, kichkina , ozg‘in yuzda kosasidan otilib chiqquday bo‘lib, o‘ziga tikilib turgan ko‘zlarni ko‘rgach, bir zum kalovlanib, to‘xtab qolar edi. Xuddi egasiday mahzuna va iztirobli ko‘zlarni…
Shu kechasi ayol es-hushini yo‘qotib qo‘ydi; erkakdan juda ko‘p oylardan beri talab qilmagan narsani talab qildi; ularga baxt ato etgan, yolg‘izliklarini va bu dunyoning azobu-uqubatlarini unitishga yordam bergan o‘sha marhamatli va ilohiy narsani. Tun chirog‘ining xira va nimpushti yorug‘ida nihoyat erkak kulimsirab, mamnun qiyofada uxlab qoldi. Ayol uxlashga ham holi kelmay, xotiralarga g‘arq bo‘lgancha uzoq jim yotdi; hayratga ham tushmay, ko‘nglida hech bir nadomat ham sezmay, bolalik paytlarida yam-yashil bog‘ga shaydo bo‘lishdan ham tashqari, hozirgiga qaraganda boshqacharoq, ishonchliroq va chinakamroq baxtli bo‘lganini his etdi. Hozirgisi esa o‘tkinchi yupanchlaru, chiroyli bo‘yoqlardan boshqa narsa emas. Butun uy bo‘ylab, bolaning tongi yig‘isi taralmaguncha, u erkakning buni sezganini va o‘zini mana shu yagona va aziz xotiradan ham judo etmoqchi bo‘lganini nihoyat anglab yetdi. Bog‘ni chopib tashlab, endi atrofi qora, yonib turgan ko‘zlaridagi tantanavor va ma’nodor tabassumini goh yashirib, goho oshkor qilib, erkakning o‘ziga sinovchan tikilib qo‘yishlarini ko‘z oldiga keltirdi. Odatdagi tongi shovqinlar boshlanganda, ayol shiftga tikilgancha “Bibi Maryam”ning dastlabki oyatlarinni ichida o‘zicha takrorlab yotardi. Boshqasini o‘qiy olmasdi; bu o‘lik so‘zlarga toqat qilishga uning sabri chidamasdi. U o‘zini hech qachon aldashmaganini his etdi; bolalikning o‘zaro nifoqlari, vahima va qo‘rquvlari, shubha va vasvasalari ko‘ngliga birin-ketin kirib kelgan paytdayoq u hayotning jo‘rtaga qilingan, odam aqli yetmas chigalliklardan, qo‘rqo‘v, va xiyonatdan, yolg‘onu-yashiq uydirmalardan iborat ekanligini anglagandi.
Shu bilan birga u bolalikning so‘ngi kunlarida, balog‘at dunyosiga kirish arafasida orzu va ishonch samarasi bo‘lib, qalbiga kirib kelgan aldov hissini hatto hozir ham xuddi kechagiday yaqqol eslar edi. Agar o‘sha paytlardayoq uning xohishini inobatga olishganda, o‘zini bu mudhish dunyoga keltirgan qandaydir juftning ( ota-onasining, o‘shanda ham va undan keyin ham) to‘shakda oniy farog‘at uchun bir lahzalik, bir onlik yoki kundalik ko‘nikma bo‘lib qolgan qovushishni u hech qachon xohlamagan, o‘zini tug‘ilishlarini hech qachon istamagan bo‘lardi. Baxtga qarshi yashashga va itoat etishga majbur bo‘lgan bu hayotga rozimisan, deb, oldindan hech kim undan so‘ramagan edi. So‘rashganlarda ham og‘izdan chiqqan ilk savoldanoq u ikkalasi ham bir xil dahshatli bo‘lgan yeyish-ichish, o‘lim hamda begona kishilar qalbiga yo‘l topadigan va apoq-chapoq qilib yuboradigan so‘z ehtiyojini hech ikkilanmay rad etgan bo‘lar edi.
-Yo‘q,-dedi erkak ayol oshxonadan nonushta olib chiqqanda. – Mendelga qarshi hech narsa qilmoqchi emasman. Hatto unga yordam berish niyatim ham bor.
U ishga emas, xuddi qandaydir tantanaga borayotganday juda orasta kiyingan edi. Erkakning enidagi yangi kostyum, qorday oppoq ko‘ylak, ohorli bo‘yinbog‘ni ko‘rib, ayol nelarnidir eslash va o‘z xotiralariga ishonish uchun bir zum qotib qoldi. Erkak unashtirish kechasida xuddi shunday kiyimda paydo bo‘lgandi. Erkakka nisbatan ko‘nglida tug‘ilayotgan adovatli o‘ylari va chekkan musibatlarini ham unutib, hatto ishongisi kelmayotgan o‘sha baxtli davrlarning xotiralaridan mast bo‘lib qolgan ayol u yoqdan bu yoqqa besaru-poy yura boshladi.
Erkak bir burda nonni qaylaga botirdi-yu, tarelkani surib qo‘ydi- agar unga shunday tuyulmagan bo‘lsa ayol stol ustidan o‘ziga tikilib turgan ko‘zlarda sinovchan va hijolat aralash porlab ketgan bir paytlardagidek navqiron nigohni ko‘rib qoldi.
-Men Mendelning chekiga imzo chekaman. Yoki senga sovg‘a qilishim mumkin. Shunday, boshqacha bo‘lishi mumkin emas, bu hal qilinishi kerak bo‘lgan masala. Sho‘r peshona, u. Ayolga bir oz kutishga to‘g‘ri keldi. So‘ng u o‘zini plitadan nari olib, ozg‘in erkakning qarshisiga o‘tirdi. Va hech narsani o‘ylamay, uning ketishini toqat bilan kuta boshladi.
Yo‘lda uzoqlashib ketayotgan mashina tovushining qanday so‘nishini bir zum, tinglab turdi-da, yuqoriga, yotoqqa ko‘tarildi va dastasi sadaf qoplangan yaroqsiz, kichkina to‘pponchaga birdan ko‘zi tushdi; u qo‘liga olmay to‘pponchani bir dam ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldi.U yerda, deraza ortida esa bahor horg‘in qadamlar bilan kezib yurgan bo‘lsa ham yozdan hali hech qanday darak yo‘q edi, kunlarni esa mayda ikir-chikirlar bilan to‘xtatib bo‘lmasdi va hech kim buni istamasdi ham. Shom payti qo‘llarini qip-qizil qonga bo‘yagan bo‘talar bilan bo‘lgan odatdagi jangdan so‘ng, ayol hushtak chalib, qushlarni haydar ekan, o‘zining qoqsuyak eri ham Mendel bilan birga endi bir umr g‘oyib bo‘lganini angladi. Ehtimol, ular bu olam sahnasida aslida hech qachon mavjud ham bo‘lishmagandir. Bola yuqori qavatda qolgan edi, biroq u ham ayolning yolg‘izligini hech bir yengillata olmasdi. Ayol Mendel bilan hech qachon birga bo‘lmagandi; u bilan hech qanday tanish emas edi, uning mushakdor, pahlavon jussa yelkasini hech qachon ko‘rmagandi; uning tutgan joyidan kesadigan fe’lini bilmas edi, bosgan qadami baxtiyorlik bo‘lgan betashvish, xushon-xandon dorilomon hayotidan ham bexabar edi. Peshonasidagi tirnalgan joydan oqayotgan bir tomchi qon uning burni uzra, ohista oqib tushardi.
Bola tinimsiz big‘illay boshlagach, oldiga chiqishga to‘g‘ri keldi. Qariya xotirjam, qimillamay xuddi o‘zi o‘tirgan tosh o‘tirg‘ichning bir qismiday qotib o‘tirardi. Ikki yerkov quduq tubiga kirib ketishgan edi. U yuqorida bolani yupatgach, birdan erining polda g‘ijimlanib yotgan kostyumini ko‘rib qoldi. U shoshib cho‘ntaklarini kovlashtira boshladi; Raqamlar bilan to‘ldirilgan qog‘oz, tanga-chaqa qandaydir hujjat va nihoyat xat topib oldi.
Xat ayol qo‘li bilan dona-dona, chiroyli yozilgan va ikki varaqdan oshmas, sirli tarzda, Masam deb imzo qo‘yilgan edi. Biroq yozuvchisi aqlli va makrli ekanini bildirib turgan xatning mazmunidan yengiltaklik, qasamxo‘rlik va ilmoqli kinoyalar ufurib turardi. Hammasi tushunarli edi. “Aftidan juda yosh bo‘lsa kerak,- deb o‘yladi ayol ranjsiz va rashksiz,- bir paytlar men ham unga xuddi shunday qilib yozgan edim.” Cho‘ntakdan hech qanday surat topilmadi.
“Masam” so‘zining tagiga erkak qizil siyoh bilan “Uning yoshi o‘n yettida bo‘ladi, hali bu qo‘shiq va umid so‘nmas ekan, u men bilan birga bo‘lishi uchun, yer osti va yer ustida qip-yalong‘och kezib yuradi”-deb yozib qo‘ygan edi.
Ayol o‘zida rashk to‘yg‘usini his etmadi, eridan nafratlanmadi; balkim bu ham hayot kabi qandaydir tushunmovchilikdir yoki u bilan sichqon-mushuk o‘ynayotgan dunyoning navbatdagi beshafqat hazilidir. Bir necha hafta ular yana hamishagiday yashayverishdi. Biroq erkak undagi o‘zgarishni anglamasligi, bu barcha-kechirib yuborishlaru, zo‘rma-zo‘raki jilmayishlar o‘zidan tobora uzoqlashib borayotgan qalbning xusumatli adovati so‘nggi g‘alayoni ekanligini sezmasligi mumkin emas edi.
Ular so‘zlarni talaffuz qilishardi-yu, biroq mohiyatan endi gaplashmasdi. Ayol ba’zi-ba’zida erkakning ko‘zlarida chaqnab ketadigan tavba-tazarru va iltijo uchqunlarini endi ko‘rishni istamasdi. “U xuddi ko‘p oylar oldin o‘lib ketganday; biz hech qachon bir-birimizni bilmaganday; xuddi u endi yonimda yo‘qday, menga hammasi baribir.” Ulardan birontasi ham endi hech narsaga umid qilmas va oralarida umid qiladigan narsaning o‘zi ham qolmagan edi. So‘zlar tilga bo‘ysunmas, nigohlar bir-biridan qochardi. Erkak goh sigaretani, goh kuldonni qo‘lida aylantirardi, ayol esa nonga yog‘ va qayla surardi.
Erkak yarim kechasi qaytganda, ayol kitobni bir chekkaga qo‘yib, o‘zini uxlaganga solar yoki bog‘dagi ish, yomon yuvilgan ko‘ylak, oziq-ovqatning narxi va bola haqida gaplashib o‘tirardi. Erkak savol ham bermay, loqaydgina tinglar, o‘zining esa unga aytadigan gapi yo‘q edi. So‘ng shkafdan ichimlik olar, toki tonggacha, shunchaki, kitob varaqlab, bir o‘zi ichib o‘tirardi.
Ayol osoyishta yoz tunlarining birida uxlab yotgan erkakning qirrador yelkasini, sochlari elburutdan oqarib va siyraklashib jo‘nagan miyonasini zimdan ko‘zdan kechira boshladi. Shunda u oradagi ginalarni unutgisi, g‘ussalar ezib tashlagan eriga achingisi keldi. Endi kechalari qaytganda erkak ovqatlanmasdi ham. Shkafning oldiga borib, tuni bilan, toki tongacha ichib o‘tirardi.
Karovatga cho‘zilarkan, qandaydir begona tovushda , ayolga ham, shiftga ham qaramay o‘zi o‘ylab topgan kulguli odamlarning turli fazilatlarini yoki turli vaziyatlarda paydo bo‘lgan quvnoq va oldi-qochdi voqealarni hikoya qilishga tushardi. Erkak ishdan juda erta qaytib, kitob o‘qishga ham, yechinishga ham hafsalasi kelmay, gapirishdan oldin unga jilmaygancha, xushomadona tikilib-tikilib qo‘ygan qaysidir oqshom hammasi aniq bo‘lgan edi. “U vaqtning tezroq o‘tishini xohlayapti. Hozir hech qachon sodir bo‘lmagan biron voqeani hikoya qiladi va qancha xohlasa shuncha cho‘zaveradi. Bu hayotga biz bilan birga kirib kelgan, qandaydir bema’ni safsata bo‘ladi, bu yolg‘on-yashiqlar, uydirmalar bizning butun umrimizni tashkil qiladi” Erkak so‘tadan tayyorlangan qadah keltirdi va bittasini, to‘ldirib ayolga uzatdi. U o‘zoq yillardan beri ayol qo‘liga qadah ushlamaganini bilardi. Ayol u kelguncha hali o‘ringa yotishga ulgurmagan va erkak uni hobxonaning bir ustida keng orom kursisida kitobdagi “O‘zining ohanrabo taskinning quchog‘ida yotgandek tasavvur qil, umidsizlikdan, behuda g‘azabdan, shakkoklikdan va nafratdan o‘zining saqla”-degan yod bo‘lib ketgan so‘zlarni qayta-qayta pichirlab o‘qib o‘tirgan holda topgan edi.
Erkak uning qarshisiga o‘tirib, kundalik xabarlarni bosh silkib, indamay eshitdi. So‘ng oraga yana qattol sukunat cho‘kkach, u mutlaqo boshqa narsa haqida gapira boshladi:
-Anavi qariya, pulni qarsillatib sanab oladi-yu, kun uzog‘i ishchilarni kuzatib o‘tirishdan boshqa narsani bilmaydi. U bir yilcha seminariyda o‘qigan, bir necha oy arxetekturadan ta’lim olgan, hatto Rimga ham borganman deydi. Sho‘rlik, qaysi puliga bordi ekan? Qachonligini aniq bilmayman, har qalay, bir necha yillardan so‘ng u yana shu joylarda, shaharda yana paydo bo‘lishiga aminman. Albatta, ruhoniylar jubbasida. O‘quvsiz bo‘lsa ham keti-quyrug‘i yo‘q chalkash narsalarni to‘qib yuradi. Nima uchunligi noma’lum, biroq u ikki kecha-yu kunduz semenariyda yashash baxtiga musharraf bo‘lgan ekan. U ibodatxona qurilishiga ham o‘z hissasini qo‘shgan emish. Telbalikka o‘xshaydigan qaysarligi bilan o‘sha yerda ham o‘zini-o‘zi ko‘rsatibdi: Loyihaga bo‘yoq to‘kib yuboribdi. U barcha harajatni o‘z bo‘yniga olgan va shaxsan o‘zi kerakli pulni yig‘ib berishga va’da bergan bo‘lsa ham oxir-oqibatda uning yana kovushini to‘g‘rilab qo‘yishgan.
Aftidan, u xuddi shu davrda ruhoniycha kiyinib, har eshikni tiqqillatib, sadaqa so‘rab yurgan. O‘zi uchun emas, ibodatxona uchun. O‘zining siyqa hikmatlariga va boshiga kulfat tushganlar haqidagi uzuq-yuluq hikoyalarga odamlarni ishontirmoqchi bo‘lgan. Yig‘ilgan pullarning bir tiyinini ham ishlatmay, sud palatasiga topshirishga uning aqli yetgan, albatta, shunday qilib, haqiqiy ruhoniylar ishiga halaqit bergani uchun ish jazolangan. Jarima va bir necha kunlik avaxta bilan chegaralangan. Keyin hech kim uning bemalol uy quraverishini ta’qiqlay olmagan. U bizni bu yerda, Vilya-Petrusda o‘rab turgan, shunchalik ko‘p va aql bovar qilmas darajada baland binolarning tomini yopishda bevosita ishtirok etganki, beixtiyor uni, ehtirom bilan “binokor” deb atay boshlashgan. Ko‘plar esa unga, “senor arxitektor” deb ham murojaat qilisharkan. Bilmadim, bularning qaysi biri haqiqat, qaysi biri uydirma? Darvoqe aniqlab o‘tirishga kimning vaqti bor.
-Agar hammasi haqiqat bo‘lsachi,-pichirladi ayol qadahning ustidan unga tikilar ekan.
-Shunday ham bo‘lish mumkin yoki aksincha; bu-bizning ishimiz emas.
Ayol yana to‘shakka cho‘zildi. U yashayotgan va hayotning tushunib bo‘lmas udumlariga ko‘r-kurona amal qilayotgan yoki bu udumlarga bir necha asrlardan buyon amal qilib kelgan hamda uchrashganda sukut saqlashdan nariga o‘tmaslikni qat’iy qonun qilib qo‘ygan kimlardir to‘g‘risida o‘ylardi.
Erkakmi, ayolmi-farqi yo‘q. Barvasta yerkovni va yana kimnidir ko‘z oldiga keltirdi, o‘zining ranju-alamlari haqida o‘yladi.
-Qariya hali… bajarar ekan…,-deb gap boshladi yana erkak; biroq shu payti telefon jiringladi, u sergaklanib shoshib o‘rnidan turdida shahdam va chaqqon qadamlar bilan dahlizga qarab jo‘nadi. U qorong‘u dahlizda telefonda kim bilandir tez-tez gaplashdi. Va xonaga norozi, hatto achchiqlangan qiyofada kirib keldi.
-Bu Montero, idoradan. Kirim-chiqimni kuzatib turishi uchun qolgandi. Endi , aytishicha, u yerda nimadir joyda emas va hozir men bilan uchrashishi juda zarur emish. Agar sen qarshilik qilmasang …
Erkak to‘qib-bichib gapirar ekan, uchrashuv paytini kelishadigan telefon qo‘rg‘irog‘ini erkak bilan birga kutish uchungina tinglab o‘tirgan qariya haqidagi bema’ni hikoyaning nima uchun zarurligini boshidayoq sezganini eslamaslik va yana o‘sha yasama ifodani ko‘rmaslik uchun erkakning yuziga ayol hatto qaramadi ham.
-Mas, Am,-deya pchirladi ayol shikasta jilmayib va ko‘nglini quyundek qamrab olayotgan xo‘rsiniq va alamlaridan dardi-dunyosi qorong‘u bo‘lib. U qadahni bir ko‘tarishda ichib yubordi, o‘rnidan turib, yana bir shisha keltirdi va to‘shak yonidagi stolcha qo‘ydi.
Erkak o‘zini tushunmagan qilib ko‘rsatdi, aslida u tushunishni ham, javob berishni ham istamas edi.
-Mabodo sen agar mening qolishimni istasang…,-davom etdi erkak.
Ayol derazadan ohista hilpirayotgan darpardalardan ko‘zlarini uzmay, yana kulimsiradi.
-Yo‘q,-shartta gapini bo‘ldi u. So‘ng qadahni qaytadan to‘ldirib, oldinga sal egildi-da, qo‘llarini hech yerga suyamay bir tomchi ham qoldirmasdan, oxirigacha ichib yubordi. Erkak bir muncha vaqt jim va harakatsiz qotib turdi. So‘ng palto va shlyapasini olish uchun dahlizga qaytdi. Ayol sukunat va yolg‘izlik qo‘ynida o‘zini deyarli baxtli his qilib, ketib borayotgan mashina ovozining o‘chishini xotirjam kutib turdi; so‘ng sarxush boshini quvnoqlik bilan orqaga siltadi-da qadahga yana konyak qo‘ydi. Bu istak quduqning tubida hech bir zo‘riqishsiz, bir maromda ishlayotgan, besunaqay oppoq qo‘llari bilan yerkovlayotgan barvasta yerkovning yalang‘och gavdasini ko‘rgan paytdayoq paydo bo‘lganini tan olgisi kelmasa-da, u endi shunday bo‘lishi kerakligi-ga ishonar va endi bu yo‘ldan qochib qutulolmasligini anglardi. Biroq shunday bo‘lsa ham, u o‘zini shubhalardan xalos qilolmas, buni o‘zi tanlaganiga, o‘zini ishontira olmas, nazarida kimdir yoki nimadir bu yo‘lni o‘zi uchun oldindan belgilab, muqarrar qilib qo‘ygandek edi. Hammasi juda oson ko‘chdi; shunday bo‘lishini u oldindan bilardi. Barvasta yer ostidan chiqib, xurmachadagi suvdan ichish va yuvinish uchun shlanga izlab, oldiga kelmaguncha, u yerkovni bog‘da, bog‘ning qoldig‘ida kutib o‘tirardi. Ayol unga qo‘lini silkitdi va shlang keltirib berdi. Garaj yonida u yerkovga qandaydir be’mani savollar berdi. Ular bir-biriga qarashmasdi. Ayol undan bu yerda yana gullar, o‘t-o‘lanlar, bo‘talar, maysa va umuman qandaydir yashil, so‘lim narsalar o‘stirishi mumkinmi, deya so‘radi. Erkak engashgancha, isqirt, yag‘ir qo‘llari bilan ayol ko‘rsatgan qumloq yerdan bir hovuch tuproq oldi.
-Mumkin,-dedi u qaddini rostlarkan. -Buning uchun ishtiyoq, sabru toqat va yana ter to‘kish kerak.
Ayol uning javobini ham eshitmay, orqasidan kelib, qo‘llarini ushladi va tahdidli xo‘mrayib turgan osmonga tikilgancha, amirona ohangda, shoshib shivirladi.
-Hamma ketib bo‘lgach… hech kim hech narsani bilmasligi shart. Qasam ichasanmi?
Sinovchan va andak gumonsiragan qiyofada erkak hech narsa so‘ramay ham, qo‘lini pichoqdek bo‘g‘zida aylantirib, gung tovushda rozi bo‘ldi.
-Soat oltida kel, ko‘cha eshikdan kirasan.
Barvasta xayrlashmay ayiq yurish bilan gavdasini u yoqdan, bu yoqqa, lapanglatgancha, imillab nari ketdi. Qariya soat besh bo‘lganligini bildiruvchi qo‘ng‘iroqni eshitgach, ishni tugatishga buyruq berdi. Shu oqshom u sinasinlarni o‘z holiga qo‘ydi; shoshilmay xuddi oyparastlarday ikkilanayotganini ham, afsuslanayotganini anglamay, merovlanib zinalardan zo‘rg‘a chiqib-tushdi, bola bilan mashg‘ul bo‘ldi. So‘ng derazadan yo‘lga qaragancha, asta-sekin qorayib borayotgan osmonni kuzatib o‘tirdi. «Men aqldan ozayapman yoki allaqachon ozib bo‘lganman va shu holimcha yashab kelganman. Bu esa menga yoqayapti»,-deb takrorlardi u . Bilinar-bilinmas, xushbaxt, zafarli tabassum bilan. Bu mash’um hodisani qayerda amalga oshirilishi va oqibati nima bo‘lishi to‘g‘risida o‘ylamadi ham. U bir lahza aldoqchi orzular va sarkashlik bilan o‘tgan olis va sirli bolalik dunyosini esladi. Yerkov darvoza oldiga roppa-rosa oltida keldi. Uning qulog‘ida poyasi chaynalgan gul osilib turardi. Ayol uning bog‘ni bug‘ib yotgan beton yo‘lak bo‘ylab qanday lapanglab yurib kelayotganini ko‘rib turardi. Barvasta kalovlanib to‘xtadi; ayol yugurgancha, pastga otildi- uning zinalarni nog‘ara qilib chalgan poshnalari tagidan atrofga umidsizlik sadolari taraldi. Ulkan gavdaga deyarli urilib to‘xtar ekan, uning oldida mushtdaygina bo‘lib qoldi.
Erkovdan badbo‘y ter hidi anqirdi. Ayol uning yonib turgan ko‘zlaridan anqovlik va hadik alomatlarini o‘qidi.
U bir lahza junbushga kelib, oyoq uchlarida turgancha, o‘pishish uchun lablarini yaqinlashtirdi. Erkak nafasi qaytayotgandek boshini chapga burdi.
-Anavi yerda saroy bor,-dedi u.
Ayol erkalangandek jimjigina silkinib-silkinib kuldi. Xuddi sinasin chakalagi bilan xayrlashuv paytidagiday, erkakka xotirjam tikildi. So‘ng uning qo‘llariga osildi.
-Yo‘q, saroyda emas, -u muloyim tovushda e’tiroz bildirdi. -U yer juda iflos, juda noqulay yoki yuqorida, yoki hech qayerda. -Va erkakni so‘qirdek xobxonaga qarab yetaklab jo‘nadi, zinadan deyarli tortib chiqardi.
Bola uxlab yotardi. Yotoqda o‘zgarmas va zabt etib bo‘lmas qandaydir sirli kuch hukmron edi. Keng gulobi karovat, ko‘rimsiz jihozlar, ichimliklar turgan javon, tug‘dek hilpirayotgan darparda, tanish bezaklar, gul tuvaklar; suratlar va qandillar osonlikcha asir tushgisi kelmayotgan qo‘shindek saf tortib turishardi.
Garang va o‘z xonasida begonadek bo‘lib qolgan ayolning qulog‘iga erkakning ob-havo, bog‘ va hosil haqida gaplari deyarli kirmasdi ham. Erkak ikkinchi qadahni ham ichib bo‘lgach, ayol uni kravotga yetaklab bordi va navbatdagi buyruqni berdi. Ayol qachonlardir bo‘lsa ham tirik erkakning yalang‘och, xirsdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan va jazavali qiyofada, o‘zining bir imosiga zor bo‘lib turishini tasavvur qilolmagan edi. U yana vaqt xarsanglari ostida ko‘rinmay ketgan xohish ishtiyoq, noz va erkalik, sho‘xlik va jo‘shqinlik tuyg‘ularini qaytadan his eta boshladi. Endi o‘ziga yerkovning qanday yaqinlashayotganini kuzatib yotar ekan. Bu odamning jismoniy ustunligiga hamda ayolni o‘zlariga qaram qilib yaratgan erkak zotining ibtidosiga, bema’ni ikir-chikirlarga o‘ralashib, ayol ehtiyojini mensimaydigan barcha-barchaga nisbatan ko‘ngli nafrat va ozor bilan to‘ldi.
U jasorat ko‘rsatdi: erkakni uning o‘zi shunga undadi. Va mana endi yerkov sassiz va itoatkor holda unga mushtoq bo‘lib turibdi.
Biroq yerkov birinchi urinishda ham, ikkinchi urinishda ham, hech narsaga erisha olmadi. Aslida ham o‘zgartib va tuzatib bo‘lmas darajada ikkalasi boshqa-boshqa dunyo uchun yaralgan edi. Bo‘g‘ziga achchiq narsa tiqilganday erkak qahrdan to‘lg‘onib, uni siltab tashladi.
-Hamma vaqt shunday. Hamisha shunday bo‘ladi, -deb ingrab yubordi tushkun ohangda erkaklik g‘ururini ham esdan chiqarib.
Ular big‘illay boshlagan bola yig‘isini eshitdilar. So‘zsiz va hech bir qiynalmay u erkakni qayta kiyintirishga muvaffaq bo‘ldi, qandaydir yolg‘on va’da bilan yupatdi, qirilmagan chakkalarini siladi.
-Boshqa payt, -deya shivirladi u, ham xayrlashish, ham tasalli o‘rniga.
Erkak o‘zining navbatdagi mavridsiz mag‘lubiyatini unutishga va g‘azabini bosishga harakat qilib, aftidan yana gul poyasini chaynagancha qorong‘ulik qa’rida g‘oyib bo‘ldi. (Hikoya qiluvchi roviyning imkoniyati shunga yetadiki, unga vaziyatga qarab, hamma narsaning o‘z o‘rnini topib berishgagina ruxsat etiladi, xolos. Balki u har subhi-sodiqda tush aralash bu ayolning ruyobday ismini behuda takrorlar. Ehtimol u, yechimni yalinib, yolvorib undirib olar va unga sabr zindonidan chiqishga izn berilar: g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, bu shikasta hasratu ko‘z yoshlarni, nafratini hamda bu barcha yaramasliklarni qog‘oz yuzidan butkul artib tashlar). Ehtimol, bu ertasiga sodir bo‘lar. Ehtimol, har qanday zohiriy ifodadan holi, qotma yuzi o‘ziga qaraganda yana ham keksaroq ko‘rinadigan qariya yana bir qancha vaqt sabr toqat qilar. Mayli, toki haftaning o‘rtasigacha, deb, hisoblay qolamiz. U toki ayolning yo‘rgakni torga osib, uy va saroy orasida qachonlardir bog‘ bo‘lgan joyda o‘zicha sanqib yurganini ko‘rguncha kutar… Qariya naridan-beri qilib qo‘lda o‘ralgan tamakini huzur qilib so‘rib o‘tirardi; ayolni ko‘rib o‘rnidan turishdan oldin achchiqlangan ohangda ishchilarga qarata to‘ng‘illadi:
-Bizga ikki haftani oldindan to‘lasharmikin, shuni juda bilgim kelayapti.
U sekingina xo‘rsinib, yalpayib o‘tirgan xarsangdan sirg‘alib tushdi va oqsoqlangancha ayolga qarab shoshilmay kela boshladi. U so‘ni-sunbatiga qarab turib boshqa paytlarga qaraganda yana ham ko‘proq yosh qizchaga o‘xshab qolgan, ko‘zlari har qanday umid va ishonchdan mahrum bu ayolning o‘ziga qilinadigan iltifotdan hamda atrofdagi iltifotsiz olamdan xuddi o‘zidek yiroq va yolg‘iz ekanini angladi. Seminarist-arxitektor unga mehribonlik bilan shafqat va muruvvat to‘la ko‘zlarini tikdi.
-Menga qarang, senora, -dedi u. – Menga javob berishingiz shart emas. Sizga so‘z ham ortiqcha ko‘rinadi.
U mashaqqat bilan ishtonining cho‘ntagidan endigina ochilgan, poylari sinib qolgan bir dasta endi ochilayotgan atirgul chiqardi. Ayol ularni avaylab hovuchiga oldi va nam lattaga o‘rab, jimgina kutib turdi. Bu marta uning ko‘nglida hech qanday shubha paydo bo‘lmadi: aksincha, qariyaning kulib turgan horg‘in ko‘zlari uning hozirgi hayotiga ham, uning o‘ziga ham hech bir aloqasi yo‘q, sal oldin paydo bo‘lgan yig‘lash istagini to‘satdan tarqatib yuborgan edi. U minnatdorchilik ham bildirib o‘tirmadi.
-Menga qarang, qizim,- dedi yana qariya. -Bu gullar unutish hamda kechirish uchun. Ular bir-birini taqozo qiladi. Hechqisi yo‘q, bizning o‘zimiz ham ba’zan nima haqida gaplashayotganimizni bilishni unchalik istamaymiz. Qachon gullar so‘lisa, ularni tashlab yuborish kerak, men, biz istaymizmi, yo‘qmi, hammamiz bir-birimizga hamrdard va birodarlarimiz, deb o‘ylayman. Garchi siz boshqalarga qo‘shilmay yashasangiz ham men haqimda ko‘p gapirishgan bo‘lsa kerak. Biroq men aqldan ozgan emasman. Sabr qilaman va kutaman.
U boshini egdi va xayrlashib, nari ketdi. O‘z ma’ruzasidan toliqib qolib, oqshom oromini buzib, qo‘ng‘iroq besh marta zang urguncha, u qulog‘ini ding qilib, kutib o‘tirdi.
-Ketdik, -dedi u yerkovlarga. -Ko‘rinib turibdi, oldindan to‘lashmaydi.
Na mushtoqlikka, na yo‘q narsaga ko‘z tikishga o‘xshagan yana bir necha kecha o‘tdi. Va nihoyat o‘qishdan charchab, yotish istagida turganda, ayol garaj yonida mashina tovushini, so‘ng zina bo‘ylab, ko‘tarilayotgan o‘ynoqi hushtakni eshitdi. Oradan o‘tgan shuncha voqeadan xuddi bexabarday va hech narsaga shubha qilmay, erkak «The Man L Love1»ni kuylardi.
Ayol salomlashganday, aftini bujmaytirib erkakka tikildi va u keltirgan qadahni indamay oldi.
-Sen vrachga bordingmi? -so‘radi u. -Axir sen so‘z bergan eding-ku? Yoki yana quruq qasammidi??
Erkak ayolning yuziga qaramay ham negadir jilmaydi, u aftidan nimadir qilib ayolning ko‘nglini olgisi kelardi.
-Ha, bordim. Aytarli hech narsa yo‘q. O‘zing bir tasavvur qil. Cho‘pdek ozg‘in erkak ho‘kizday semiz va iltifotli doktorning qarshisida qip-yalong‘och turibdi. Hamishagiday rentgenga tush, tekshir-tekshir va hokazo. Unchalik jon koyitib yuvilmagan oq xalatli semiz kishi o‘zining bolg‘achasiga ham, statiskopiga ham yozganlariga ham ishongisi kelmadi. Yo‘q, bu yerda ular tushuna oladigan yoki davolaydigan hech narsa yo‘q.
Ayol o‘z xohishi bilan birinchi marta erkakka yana bitta to‘la qadahni oxirigacha ichishga rozilik berdi. So‘ng barmoqlarini bir-biriga ishqagan zahoti qo‘lida sigareta paydo bo‘ldi. U yo‘talmaslik uchun muskullarini tarang qilib, kulimsirab turdi, erkak unga hayrat ila, deyarli xushbaxt bo‘lib tikildi. U ayolning yoniga kelib, karavotga o‘tirmoqchi bo‘ldi, biroq ayol uning chollarga xos erkalashidan o‘zini olib qochish uchun ko‘rpa ostidan pastga sirg‘alib tushdi. Yarim bo‘lib qolgan sigareta hamon tutardi, u esa chekar, o‘zini xushyor tutib turardi.
So‘ng erkakning yelkasiga bosh qo‘ygancha, nogohon:
-Sen nima uchun menga uylangan eding, -deb so‘radi. Erkak uning cho‘pday bo‘lib qolgan gavdasiga, ensasiga yoyilib tushgan sochlariga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, keyin oromkursi va stolcha turgan joyga qaytdi. Shiddat va qat’iyat bilan yana bitta qadahni ko‘tardi, yana bitta sigaretani tutatdi. Ayolning savoli bir necha yil kechikib berilgandi; bu savol vaqt ajinlari orasida ko‘rinmay qolgan va devorga yopishib qolgan chirmovuq kabi har tomonga betartib yoyilib ketgandi. Biroq vaqtdan yutish kerak edi. Chunki garchi ular hech qachon bunga guvoh bo‘lishmagan, garchi ularga hech qachon o‘zini namoyon qilmagan bo‘lsa ham ayol o‘zining eriga, qoq suyak erkakka qaraganda aqlliroq va baxtsizroq edi.
-Senda pul yo‘q edi, demak buning uchun emas, – deb hazilga oldi erkak. Pul hayotimizga keyinchalik mening hech bir gunohimsiz kirib kelgan; sening marhum onang va marhum akangdan…
-Men bu haqda allaqachon o‘ylab ko‘rganman. O‘limni hech kim oldindan bashorat qilolmaydi. Shuning uchun, pul seni qiziqtirmagan. Eng yomoni- bunaqa narsalar seni emasm, meni ko‘proq qiziqtirgan. Shunday bo‘lsa ham qaytaraman: sen nima uchun menga uylanganding.
Erkak boshini ma’qullaganday chayqab indamay chekar va qonsiz lablarini qadahga bosib turardi.
-Bor-yo‘g‘i shumi?! -so‘radi u nihoyat. Uning qalbi hozir turli gumon va bu ojiz ayolga nisbatan shafqat tuyg‘usi bilan to‘lgan hamda biroz cho‘chib ham turardi.
-Shu, albatta, – ayol karavotdan turib o‘tirdi va erkakning tund va qahrli yuzi yana ham oqarib ketganini ko‘rdi.
– Har qalay, sening Mendeldan bola kutayotganing uchun emas edi. Menda yaqinlarimga yordam berish va uning uchun aziyat chekish istagi hech qachon bo‘lmagan. U paytlar hammasi juda sodda edi. Men seni sevar edim, sevib qolgan edim. Va bu haqiqiy muhabbat edi.
-So‘ng u g‘oyib bo‘ldi, – ayol karavotda o‘tirgancha, deyarli qichqirib yubordi. Biroq bu gaplarning ohangida shafqatsiz savol alomati bor edi.
-Haddan tashqari ayyorlik, shumlik va xiyonat tufayli. Ha, g‘oyib bo‘ldi; unga bir hafta zarurmidi, bir oylik yoki o‘sha soatning o‘zidayoq sezdirmay bizni o‘z holimizga tashlab ketishni ma’qul ko‘rdimi, buni aniq bilmayman. Buni hozir tushuntirib berish qiyin. Hatto meni hamma narsani biladi va tushunadi deb hisoblash ham. Ayniqsa, bu yerda qachonlardir Petrus qurgan va sen o‘sib-ulg‘aygan yovvoyi qo‘riqxonada. Qorningda bola bormi yoki yo‘qmi senga baribir edi. Hammaga iztirob iltijo va ilinj bilan tikiladigan deyarli juvonga aylangan qizni ko‘rganingda, endi biror narsani o‘zgartirishga qurbing yetmasligini anglaysan. Soching siyraklashadi, tishing tushadi. Eng muhimi, o‘sha paytdayoq senga nisbatan mening ko‘nglimda o‘z-o‘zimdan iltifot tug‘ilganini tan olish kerak, endi esa men bu tuyg‘udan tobora mahrum bo‘lib borayapman. Ehtimol, mening uylanishim senga qilingan so‘nggi haqiqiy iltifotdir.
Ayol sabr-toqat bilan gapning davomini kutardi; biroq u behuda kutgan edi. Nihoyat u o‘rnidan turdi, yelkasiga xalat tashlab erkakka qarama-qarshi o‘tirdi.
-Shundaymi? – so‘radi u,- Shundayligiga imoning komilmi? Sendan yolvorib so‘rayman. Agar xohlasang, oyog‘ingga bosh qo‘yaman… O‘zimizcha har birimiz har tomonga tortqilayotgan, bosib yanchayotgan, mana shu uvoqqina o‘tmish haqqi, umrimizdan juda kam joy olgan va iloji boricha u yerdan bir-birimizning siqib, tepib, surib chiqarmoqchi bo‘layotgan… mana shu o‘tmish haqqi…
Erkak sigaretasini gezargan lablari orasiga qisgancha ayol tomon burilarkan, umurtqa suyaklari qarsillab ketdi. Ayol erkakning murdanikiday qonsiz yuziga odat tusiga kirgan xotirjamlik bilan ruhsiz tikildi.
-Bo‘ldimi? -kulimsiradi erkak. -Atigi shumi?- dedi u qadahni ko‘tarib turib, murojaat qilarkan; uning taxminicha yutilishi kerak bo‘lgan vaqt o‘tib bo‘lgan edi. -Bo‘ldimi? Sen, aftidan, tushunmayotganga o‘xshaysan. Men boshqa qiz to‘g‘risida gapirdim, shekilli.
-Men to‘g‘rimda.
-Boshqa qiz to‘g‘risida, -o‘jarlik bilan qaytardi erkak.
So‘zlarni va ohangni ataylab chertib-chertib gapirdi.
(Pastini ishlov berish va kitob bilan solishtirish kerak)
Uning kayfi oshib qolgandi, shu sababli har qanday qo‘pollikka tayyor edi. Har qalay, erkakni asabiylashishga majbur qilolgani uchun ayol beixtiyor jilmayib qo‘ydi.
-Bu men,-dedi er,- ahmoq bo‘lgan. Qurt tushgan mevani deb umrini o‘tkazgan…
Ikkinchi yerkov ozg‘in va yuvosh edi. Ayol undan eridan ololmagan narsalarni olardi: uni xohlagancha haqorat, mayna qilish, tahqirlash, o‘ziga mushtoq qilib, yalintirish, so‘ng itday qilib haydash, ko‘nglida eriga nisbatan paydo bo‘lgan nafrat alamining hammasini olish mumkin edi va bu unga zavq berardi.
Soat beshdan so‘ng ishchilar ketaboshlar va ayol deraza pardasi oldida turib, ularni xuddi yaqin kishilarini urushga kuzatayotgan onalardek kuzatib qolar, so‘ng esa yerkovni qo‘y juni va tezak hidi anqiyotgan omborga yetaklab borardi.
Qip-yalong‘och yechingan erkak xuddi yosh go‘dakka o‘xshab, uquvsiz, uyatchan, himoyasiz va hijolatdan duv qizarib turardi. Bu esa ayolga o‘zi bir paytlar xayolining tub-tubida orzu qilgan zavqlarni olish imkonini berardi- u erkakni haqorat qilib, xo‘rlab, yuz-ko‘ziga tarsaki tushirib, shaploqlab, noz qilib, jahl va achchig‘ aralash erkalar, ot qilib minar, yelkalarigap qamchi bilan urardi. U eridan olishni orzu qilgan, kutgan va xayol qilganning hammasini bu bo‘shang ishchidan topardi.
Ayolga erkakni, ko‘rsatgich barmog‘i bilan imlab xuddi it kabi hushtak chalib chaqirish yoqardi. Bular hammasi uning uchun hozir yashab turgan hayotidan ko‘ra mazmunli va zavqliroq edi. U shu holatda ikki-uch hafta yashadi. Ammo har bir haqorat, har bir ayollik zavqi, har bir alamli harakat uni ushbu hikoyaning xotimasi bilan birga kutib turgan yozning chillasi tomon yetaklab borardi.
U bu yerkov bilan baxtli edi, ba’zan ularning har ikkisi ham negaligini bilmasdan, har ikkisi ham o‘zicha yig‘lashar, yig‘ilari ham bir-biriga o‘xshab ketardi. Ammo shahvati qongani sari ayolda mehr va muhabbatga ehtiyoj kuchayib boradi. Bu ehtiyojni jinsiy mayllar qondira olmasdi. Shu sababli yaxshisi o‘sha mehrni xayolda bo‘lsa ham yaratib, orzu qilib, yolg‘iz va gunohsiz yashagan ma’qul degan qarorga keldi.
Soat oltidan keyin u bolalik baxtini va orzularini izlab yana chaklakzor bo‘lgan maydonni va bog‘ni kezib chiqdi.
-Qonmi bu?!-so‘radi ertalab sahar payti qaytgan erkak. –Yuzing ham, qo‘ling shilinibdi.
-Hech qisi yo‘q,- dedi ayol o‘zini uyg‘otganidan g‘ashi kelib.- Menga bolalarday shox-shabba bilan o‘ynash yoqadi.
Bir kuni kechasit erkak kech keldi va uni uyg‘otdi. Bo‘yinbog‘i bog‘ichini bo‘shatib, qadahni to‘ldirdi. To‘shakda o‘tirgancha ayol uning kulgusini eshitdi-bu xuddi o‘zi bilan tanishgan paytdagidek navqirron, o‘ktam va ehtirosli edi.
-Bilasinmi?- dedi er nihoyat. –Sening sadoqatli va vafodor do‘sting, tabiiyki, menga ham sadoqatli do‘st Mendelni kecha panjarga tiqishibdi. Bunga mening daxlim yo‘q. Shusiz ham o‘zining qilmishi yetib ortarkan.
Ayol viski so‘radi va soda qo‘shmay byuir ko‘tarishda ichdi.
-Mendelnimi,- dedi u ajablanib, lekin bu bilan erining e’tiborini tortishni istamadi.
-Ha-da,- dedi er istehzoli va g‘olib ohangda.- Agar men ham o‘zimdagi ma’lumotlarni sudga bersam, bechoraning ahvoli nima bo‘larkan?!
Ayol shunda erining o‘zining xayolininng tub-tubidagi yorug‘ va yashirin kechinmalarni ham o‘ldirishga kirishganini his qildi.
Shu kayfiyat bilan yoz chillasi ham yetib keldi. Ayol yana eri oldin o‘zining hayotiy orzularini, keyin bolalik xotiralari yotgan bog‘ni birma-bir vayron qilgani haqida o‘yladi. Shuning uchun endi har doimgiday yana bog‘ni ichida tentiray boshladi. U bu bolaligi yotgan bog‘ o‘zini yaralashni, tiranshni, shu yo‘l bilan bu beshafqat hayotdan o‘zini chalg‘itishni va ovutishni istardi. Ammo shox-shabbalar bu marta uni tirnamadi. Shoxlar xuddi rezinaday yumshoq edi, uchida shira oqib turar, ular ham endi u bilan o‘ynashga va uni ovutshiga ojiz bo‘lib, kuzgi to‘kilish sari yuz burishgandi.
Bu unga qattiq ta’sir qildi.yu ammo odatdagiday tezda ko‘nikdi. Soat beshdan allaqochon oshib ketgan, ishchilar ketib bo‘lgandi. U bog‘dan bir necha gul va barglarni uzib, ilgari chakalakzor bo‘lgan ulkan hovuz oldiga qaytdi-bu hovuz emas, xuddi uningn baxti, bolaligi, shirin xotiralari, bu dunyoda topgan birdan bir ovunchog‘i qabriday taassurot qoldirdi. Yuqori qavatda kimdir, to‘g‘rirog‘i, chaqoloq bug‘ilib, uni chorlab, yig‘ladi. Qo‘lida toptalgan gullarni ko‘targancha u zinalardan holsiz va umidsiz ko‘tarildi.
U bolani emizdi, chaqoloq uxlab qoldi. U cho‘qinib oldi. Keyin yotoqqa sirpalib kirdi. U ichki kiyimlar sochilib yotgan javondan xuddi yalong‘och kelinchakday o‘ziga chorlab turgan to‘pponchani osongina topdi. Bu xotimaning boshlanishi edi va shunday tugashi muqarrar edi.
U to‘pponchaning sovuq og‘zini ko‘rgach, «Bibi Maryam” kalimasini qaytarishga tushdi va to‘shakka borib behol yiqildi.. Shu holatda u yana o‘sha to‘lin oy kechasini ko‘rishni, yana erkak hidinga to‘yishni, yana o‘sha lazzatni tuyish uchun aldangan yosh qizga aylanishni istadi. To‘pponchaning muzdayligi unga yoqmadi, o‘rnidan turiib, chaqoloq yotgan xonaga kirdi. U yerdan issiq grelkani olib keldi. So‘ng yotoqqa qaytib, grelkaga qurolni yaxshilab o‘radi va qurol isishini unga mushtoq turgan bo‘g‘zi bilan birga besasabrlik bilan kuta boshladi.
U bu marosimni maromiga yetkazib bajardi. U bu hayotdagi rolini ijro etib bo‘lgandi. U tepkining uch marta bo‘sh paqillashini eshitdi. Keyin miyasini bo‘lib o‘tayotgan gumburlash paydo bo‘ldi. Hushini yo‘qotarkan, u dimog‘ida xuddi baxtga, xuddi shudring qalqib turgan maysaga o‘xshaydigan erkak ta’mi va hidi kelgan to‘lin oy chiqqan kechaga qaytdi. Umidsizlik, musibat, o‘lim istagi – buning bariga faqat shuning uchun toqat qilish mumkin ediki, uning xumorini yozish uchun ko‘chaning har bir burchagida bo‘g‘zini kuydirib yana erkak badanining orzu qilsa arziydigan junbushli hidi paydo bo‘lishi mumkin edi. Oyoqlari zir qaqshar, qadamlari tobora sekinlashar va uni asta sekin yupanch va tasalli sari yetaklab borardi. U yarim yalang‘och holda, qushday yengil chemodonini ko‘targancha, ketib borardi.Oy esa uni chorlab, yanayam balandlashardi. U ko‘z oldidagi zulmatni ko‘kraklarining jajji uchi bilan tilimlagancha, o‘zini uzoq yillar mushitoq qilgan to‘lin oy bag‘riga singib ketish uchun ketib borardi…

Tamom.

Nazar Eshonqul tarjimasi

Xurshid Davron saytidan olindi.