Unga bir zamonlar u shunday degandi:
– Biron korihol bo‘lsa, mana bu qo‘ng‘iroq tugmasini bosing, men darhol yetib kelaman.
Buni u doimiy ravishda bitta jumlani takrorlayverib odatlanib qolgan odamdek aytmagandi; to‘g‘ri, uning mijozlari aytarli ko‘p emasdi, lekin baribir bu bilan uning nima demoqchi bo‘lganini o‘sha paytda u fahmlamagan edi – qattiq toliqqan, ko‘zlari yumilib-yumilib, tezroq o‘ringa yetib olish xayolidagi odamga bu xil gaplarning ta’sir qilishi ham amrimahol edi, o‘zi shundoq ham bu nusxaning aft-angorini ko‘rib ensasi qotayotgan bo‘lsa.
Yarim kechasi u chorrahada adashib, yura-yura pirovardida, dabdalasi chiqqan tog‘ yo‘liga tushib oldi va chamasi ikki soatlardan so‘ng, bir zamonlar qurilib, haligacha saqlanib qolgan bittayu bitta temir simyog‘och qaqqayib turgan tekis asfalt yo‘lga yetdi, simyog‘ochning eng tepasiga o‘rnatilgan ko‘rsatish belgilari, bu belgilar ostidagi yozuvlar shunchalik ham yedirilib ketgan ediki, mashina chiroqlarining o‘tkir yog‘dusida ham o‘qib bo‘lmasdi. U yo‘l xaritasini ko‘zdan kechirib ham qaysi tomonga yurish kerakligini aniqlayolmay boshi qotdi va tusmollab ketaverdi, nihoyat, bir necha chaqirim yurgach, bamisli odamlari qirilib, o‘zi xarobaga aylangan noma’lum bir qishloqqa yetib keldi. Qishloqqa kiraverishdagi ko‘chaning ikki tarafida xom g‘ishtdan qurilgan o‘n-o‘n ikkitacha uylar ko‘lankasi arang ko‘zga chalinar, simyog‘ochdagi bittayu bitta quvvatsiz, xira lampochka yo‘lni yoritolmas, qisqasi, toliqqani va allamahal bo‘lib qolgani uchun “Rexon – 23 km.” degan belgili yozuv ko‘rsatgan tomonga yo‘l olishdan o‘zga iloj topolmadi. Ko‘p ham yurmadi, keskin burilishdan o‘tib, yo‘l yoqasidagi peshtoqida “tunashxona” deb yozilgan peshlavha arang ko‘rinayotgan baland binoni ko‘rib, o‘ylab o‘tirmasdan o‘sha tarafga burildi.
Qo‘ng‘iroqni ikki bor chalgandan so‘ng chiroq yondi va boloxona derazasi ochilib, allaqanday kimsa xuddi uyqusi bevaqt buzilgan odamdek norozi ohangda nima kerakligini so‘radi, uning shu yerda tunamoqchi ekanini eshitib rozi bo‘lganiga qaramay, avvalambor qo‘rslik bilan mashinani uyning orqasiga qo‘yishni buyurdi. Eshikni hadeganda ochmay uzoq hayalladi va oxiri kamarini bog‘lagancha chiqib keldi-da, ichkariga taklif etdi va hujjat ham so‘ramay, mo‘jazgina javondan 9 raqami zarb etilgan temir to‘garakka osilgan uzun kalitni oldi.
Engil-elpi qurilgan eski binoning ichi zax edi, bir zamonlardagi nochor va diqqinafas karvonsaroyni eslatuvchi hovli nihoyatda g‘arib, befayz ko‘rinar, arzimagan mayda-chuyda, lekin zarur narsalar – shaftoli danagidek lampochka nursiz, yo‘lkalar bir ahvolda edi. Yotoqxona bundan ham xarob edi: yo‘liga bo‘lsa-da, bir dona surat ilinmagan yalang‘och devor, bir balo sim karavot, yog‘och quti va yuz-qo‘lni chayishgagina mo‘ljallangan kichkina chig‘anoqdan boshqa bor-yo‘g‘i bitta faner stul turardi. Xo‘jayinga kelsak – u shak-shubhasiz xo‘jayin edi – u haqda nima deyish mumkin, uning o‘z ishini unchalik xush ko‘rmasligi, faqatgina mo‘may daromad ko‘rish yoki bor sarmoyasini saqlab qolish maqsadidagina shu ishga qo‘l urgani sezilib turardi. Xonaga kirgach, kalitni bera turib, karavot tepasiga ilib qo‘yilgan rezina nokka ishora qildi:
– Biron gap bo‘lsa, mana shu orqali qo‘ng‘iroq qiling, darhol yetib kelaman.
U tuyqus shu faqirona kulbada bir amallab tunni o‘tkazib olsam bo‘ldi degan xayolda uxlab qoldi, biroq ko‘p o‘tmay g‘araq-g‘araq terga botib uyg‘onib ketdi. Ancha vaqt ajriqqa ag‘nagandek u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilib yotdi, choyshabdan kelayotgan hid ko‘nglini behuzur qilib sira uxlolmadi, ana shunda qulog‘iga daf’atan allaqanday g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar chalindi: devor ortidami, kimsasiz yo‘lakdami, bo‘m-bo‘sh oshxona va tunashxona xodimlarining saranjom-sarishta xonasining orqa tarafidami ikki-uch kishi shovqin solib gaplashardi – ularning hiringlab kulishlari va yoqimsiz ovozlaridan nima haqda gaplashayotganlarini anglab bo‘lmasdi.
Uxlab-uxlolmay, ko‘ngli g‘ashlanib o‘rnidan turdi-da, chiroqni yoqdi, ovozlar o‘sha zahotiyoq tindi. U mening xonam derazasidan ko‘chaga tushgan yorug‘ baqir-chaqir qilayotgan odamlarga ogohlantirishdek ta’sir qildi, shekilli, deb o‘yladi va endi baribir uxlolmasligiga ko‘zi yetsa ham yengil tortib chiroqni o‘chirdi. Biroq zum o‘tmay g‘o‘ng‘irlash yana eshitildi, bu safar yanayam yaqinroqdan balandroq yangradi; tinimsiz gapirayotgan odamlarning gap-so‘zlarini tushunib bo‘lmas, faqatgina bir maromda davom etayotgan tovushlar havoga singib ketar, garchi uning qulog‘iga yetib kelmayotgan bo‘lsa ham xuddi bu gaplarning bari o‘ziga tegishlidek tuyulardi. Yo‘q, bu tovushlar bitta yerdan kelmayotgani aniq, hatto buning qay tarafdan kelayotganini ham ilg‘ab bo‘lmasdi – bu tovushlar bamisli hamma tomondan: javonlar ortidan, qo‘shni xonalardan, ko‘chadan kelayotgandek bo‘lar, bu ham yetmagandek ko‘nglida yig‘ilib qolgan jirkanch sirlarini bir-biriga to‘kib solayotgan ayollarning ovozi edi, uzuq-yuluq, mubham gap-so‘zlarni oydin kecha qo‘ynida some’ ko‘chaga shamollar uchirib chiqar, lekin yaldo kechasi bu shovqinning havoga singib ketishiga yo‘l qo‘ymas, xavotir to‘la tun bamisli ularni bir yerga to‘plab o‘yin boshlamoqchi bo‘layotganga o‘xshardi.
U yana chiroqni yoqdi, lekin lampochka lip-lip etib turdi-da, kuydimikan, o‘chib qoldi, buni ayollar o‘zlarini go‘yo cho‘chitib yuborgan nur ustidan g‘alaba qozonganliklarining alomati, deb qabul qilishdimi, quvnoq ohangda yana gaplarini davom ettirdilar, bu o‘zlariga hech kim xalal berolmasligi muqarrarligini his qilgan odamlarning tantanasini eslatardi.
U qora terga botgancha o‘rnidan turdi, xona xiylagina salqin edi, noiloj u yana o‘rniga kirib yotdi va boshini burkab oldi… ajabo, go‘yo ovozlar yaqinginadan, shundoqqina yonginasidan, hatto choyshab qatlaridan eshitilayotgandek bo‘ldi. U apil-tapil choyshab ostidan boshini chiqardi-da, tepasida osilib turgan nok shaklidagi rezina qo‘ng‘iroqni qo‘liga oldi, lekin bosmadi, so‘xtasi sovuq mehmonxona xo‘jayinining gerdaygan avzoyini eslab, jur’at qilolmadi. U nima qilarini bilmay bir necha daqiqa jim yotdi, so‘ng qandaydir jazava ichida rezina nokka tilini tekkizdi, chidab bo‘lmas darajada kuchayib, tobora balandlashib borayotgan ovozlar ta’sirida gangib o‘zini qo‘yarga joy topolmay, asablari qaqshab, dam turib-dam yana yotib olgancha nega va nima uchun bunday ahvolga tushayotganini anglayolmay o‘pkasi to‘lib yig‘lagisi kelayotganini his qildi, bu holat iskanjasidan tongga qadar qutulolmadi, ertalab qutuldim, deganda sovuq ter bosib, havo yetmay, holsiz yotardi: manglayini karavotning muzdek temir panjarasiga bosib, baqraygancha elektr qo‘ng‘iroqning simini ushlab yotar ekan, ko‘ngilsiz tunni boshidan kechirib, bardosh bera olgani uchun ich-ichidan g‘ururlandi va hatto hech kimni yordamga chaqirmagani uchun o‘zidan faxrlandi.
Ertasiga ertalab bir kecha tunaganining haqini to‘lar ekan – aytishga ham arzimaydigan – mehmonxona xo‘jayiniga tungi mojaro haqida churq etib og‘iz ochmadi; ehtimol, o‘sha paytlari ming xil qiyinchiliklar iskanjasidan qutulolmay ezilib yurganiga qaramay o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmagan ekanmi, mehmonxona egasining ensasi qotib hamda nigohlarida zuhur etgan tahqirona ifodani anglagan va biron muammo tug‘ilib qolsa, tortinmay chaqiravering, degan iddaoni sezmaganga olgandi – holbuki, qo‘ng‘iroq tugmasini shunday bossa kifoya edi, zero, mehmonxona xo‘jayini piching qilmagan va ogohlantirmagan, balki shunchaki eslatib qo‘ygan edi – bu yog‘i o‘zingizdan qolar gap yo‘q – zero, xizmatchilik shunday deyishni taqozo etardi; u bekorga qo‘ng‘iroq qilib bezovta qilishning hojati yo‘q, demoqchi ekan; kechagi ko‘rgilik taklif etilgan xizmatdan voz kechib takabburlik qilgani uchun yuborilgan jazo, qolaversa, keyingi safar shunday vaziyatlarda o‘ylab biron qarorga kelishi uchun saboq edi, aslida, holbuki, bundan qutulish juda oson edi – buning uchun qo‘ng‘iroq tugmasini bossa, bas, bu xususda mehmonxonaga kirib kelganidayoq uni ogohlantirishgan edi-yu…
Bu voqea bir zamonlar u o‘ta og‘ir, mashaqqatli va uni yolg‘iz yashashga majbur etadigan kasb – o‘sha paytlarda u yerlarda turmush uchun unchalik zarur bo‘lmagan mahsulotlarni sotish bilan shug‘ullanar edi. Ammo o‘zining g‘ayrati, tashabbuskorligi va tirishqoqligi sababli ko‘pam o‘tmay hech kimga bog‘liq bo‘lmagan, muxtor mavqeiga erishib farovon hayot kechira boshlagan, chet el mahsulotlarini sota boshlagach esa borib turgan sarmoyador tijoratchiga hamda har yili bir marta uzoq davolanish uchun havosi musaffo, shifobaxsh maskanlarga borib dam olishga majbur kashandaga aylangan edi. Mo‘jazgina yuk tashuvchi mashinaga odamlar uchun kerak-nokerakligi noma’lum narsalarni ortib, qishloqma-qishloq yurganida kunlardan bir kun yarim tunda yo‘l ustidagi mehmonxonaga borib qolgan davrga ham ancha yillar bo‘ldi. Agar, mabodo o‘sha tungi mojaroni unutmagan bo‘lsa, u holda, uni o‘sha qiynalib yurgan mahallardagi eng ko‘ngilsiz, mash’um voqealardan biri, deb hisoblagan bo‘lardi. Basharti esidan chiqmagan bo‘lsa, ehtimol, hozirgi nekbin hayotining yoki bugungi ma’mur turmushining muqarrar debochasi, deb ta’riflagan bo‘lur edi.
U yana uyg‘onib ketdi: tomog‘i achishib nafas olishga qiynaldi, bir paytlardagidek qorong‘i tun o‘z tabiatini – hukmini namoyish eta boshladi, faqat bu safar atrofida butunlay o‘zgacha manzara namoyon edi. Bu safar – Konstants ko‘li yoqasida – g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlarga to‘la tunning kumush libosi tovlanar, bamisli bu ovozlar sokin va purviqor qarag‘aylarning shovqini, jo‘ka daraxti bilan shumtollarning ohista shitirlashlari, teraklarning shovillashi – ular baayni odob yuzasidan qarsak chalayotgandek bo‘lardi bu aql bovar qilmas sirli evrilishlar ila tunni bedor hamda vaqtichog‘lik bilan o‘tkazmoqchi bo‘layotgan allanechuk g‘oyibona hilqatning qovushmagan, ma’nisiz o‘yinlari inson aql-idrokiga ta’sir etmas edi. Shamol yangi o‘yinlarni kutib esishdan, yaproqlar qarsak chalishdan to‘xtaganda allaqaydan– sohil yoqalab qad rostlagan son-sanoqsiz daraxtlar ortidan qiz-juvonlarning baland asabiy va injiq kulgilari yangrab qolardi.
U derazani yopdi, yopdi-yu o‘sha zamono xonaga qayerdandir yoshi o‘tinqiragan ayollarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri, tiyiqsiz kulgilari yopirildi – bularning bari go‘yo unga imo-ishora qilayotgandek, uning e’tiborini jalb etish uchungina xonani egallay boshlagandek tuyulardi, bu tovushlar surbetlarcha bepisand yopirilar, hatto chiroqni yoqib, mehmonxona xodimlarini chaqirganda ham bu hol xonani tark etmaydiganga o‘xshardi.
Birdan u bir paytlardagidek jur’ati yetmayotganini payqab qoldi va bir zamonlar xuddi shunday vaziyatga tushib qolganini esladi-yu, Rexon bilan Konstants ko‘li yaqinidagi Rayxenau yo‘llarida adashib-uloqib yurgan kezlarda uning o‘zini doimiy ravishda kuzatib, ko‘zdan qochirmay, ortidan izma-iz yurganlarini (buni u unga imo-ishora qilib qo‘ygandi) anglab yetdi; holbuki, ular xayrlashayotgan lahzalarda, o‘sha onlardanoq va hatto keyinchalik, to shu kunga qadar ham u o‘zini tinmay ta’qib etib kelayotgandi, zotan, o‘sha tongda mehmonxonadan chiqib ketayotgandayoq u endi boshqa sharoitda xuddi ilgarigidek o‘ziga o‘shandagidek ishonch bilan yurmasligi, taslim bo‘lajagi, yordam zarur bo‘lib qolsa, yordam qo‘ng‘irog‘ining manfur tugmasini muqarrar bosajagiga ishonch hosil qilgandi. U ilkis yo‘lakka solingan poyondozdan yurib kelayotgan qadam tovushlarini eshitdi, eshitmoq tugul bu kimning qadam tovushlari ekanini tanidi va bir paytlar yordam kerak bo‘lib qolsa hech ikkilanmasdan qo‘ng‘iroq tugmasini bosish lozimligini norozi ohangda ta’kidlagan o‘sha, endi… Zero, u o‘zi joriy etgan o‘yin qoidalarini sariq chaqaga olishmagani uchun, mensimay, yillar davomida sha’niga noloyiq ishlar qilaverib, alamzada qilib qo‘yishgani uchun intiqom onlari kelganidan mag‘rurona qadam sohibiga eshikni ochish qiyin emasligini fahmladi. U o‘rnidan turmadi. Yostiqdan xiyol bosh ko‘tarib, orqasi bilan devorga suyangan ko‘yi nari surila boshladi va eshik lo‘kidonini ishonch bilan ochgan qo‘li, so‘ng bamisli ganch va yelimshakdan yasalganga o‘xshash qaddi-qomati orqali uning o‘sha ekanligiga ich-ichida iqror bo‘ldi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 10-son