Men so‘zlamoqchi bo‘layotgan ertaklar Turkistonning ikki turli mintaqalariga tegishlidir. Birlari shimoldagi bepoyon qirg‘iz* (pastdagi izohga qarang) dashtlari bag‘rida, tuya tezaklaridan qalangan gulxanlar atrofida yaratilgan bo‘lsa, boshqalari ariqlar bag‘rini tilgan ekinzorlari bisyor janubiy mintaqada ko‘z ochgan. Gavjum bozorlarni o‘zlariga sahna bilgan mohir baxshilar tavoze bilan quloq tutganlar qurshovida ertaklarga har gal betakror ohang baxsh etarlar. Dastavval Ostroumov rus tiliga o‘girgan afsonalar, so‘ngra doktor Gustav Yungbauer sharofati bilan olmoncha shamoyiliga ega bo‘ldi. 1923 yili Yenada nashr qilingach, bir necha etnojo‘g‘rofiy sargardonliklarni boshidan kechirgan ushbu kitob (ehtimol, Buenos-Ayresdagi yagona kitob) mana, oxir-oqibat mening yozuv stolimga kelib tushdi. Men uni bir o‘tirishda yutoqib o‘qib chiqdim. Aftidan, asotirlar jilvasiga mahliyo bo‘lib, ularni xayolimda evrilishlarga duchor qilsam-da, bundan taassuf chekmasman, illo ertaklarning bari ajib va fusunkor, aynan bir ertakning turfa talqinlari esa batamom yangi asotir kabi taassurot qoldirardi. Turkistonda tavallud topgan ertaklarning rus tilidan o‘girilgan olmoncha talqini haqida mulohaza yuritayotgan (endi esa ular haqida bitik yozayotgan) olis argentinalik bir muxlisning ajabtovur ushbu silsiladan o‘rin olishi — ushbu afsonalarning fusunkor qudratiga bundan ortiq shohidlik bo‘lishi mumkinmi, axir? Ayni bu hol bizni makon va zamonning adoqsiz turfa xil talqinlari haqidagi metafizik mulohazalarga yetaklashi shubhasiz.
Turkiy xalqlar ertaklarida shahzoda-yu malikalar, ajdaho-yu yalmog‘izlar, devlaru o‘g‘ilparvar shohlarning adoqsiz izdihomiga duch kelamiz. Osiyo asotirlarida beboshlik qilayotgan ajdarlar dahriy ovrupaliklar yaratgan ulkan gazandalar bilan aynan o‘xshash, ular ham botirlar qilichidan zavol topadilar va shavkatli shamshir zarbidan halok bo‘lmoq — ular qismatining o‘zgarmas va muhaqqaq muhridir. Muqarrar xotimasiga mushtoq bu maxluqlar sahrolar bag‘ri, qurigan daryo o‘zanlarini o‘zlariga makon tutadilar va yo tashnalikdan yuksak tog‘larga bosh olib ketadilar. Bu o‘lkaning mahalliy ruhlari shajarasi Islom asotirlarini to‘ldirgan jinlardan ibtido oladi. Aytadilarki, ular karami keng Parvardigor amri bilan jahannam poyida, yo‘lbars va otashbardor urg‘ochi bo‘ri yaqinligidan tug‘ilmishlar. Do‘zaxda tavallud topgan jinlarning ayrimlari musulmon bo‘ldi, kibrga berilgan boshqalari esa bu marhamatni inkor etib, hidoyatdan bebahra bo‘ldi. Ular o‘z hohishlariga ko‘ra qiyofalarini o‘zgartirib, inson va yo eshak, ko‘ppak va yo olov tillari va hatto g‘irchillagan aroba shamoyiliga kira oladi. Tashlandiq kulbalar va mo‘rilarni, shag‘altosh uyumlari va hammomlarni, hovuz va ahlatxonalarni o‘zlariga makon tutadilar. (Bizning Palermo Chico yoki Puento Alsina jin-ajinalar uchun ayni bop joylar desam, e’tirozlar bo‘lmasa kerak.) Boshdan-oyoq yung qoplangan qiyofalari, o‘tkir panja-yu gajak dumlari bilan ertaklarga shinavanda bolalar lablariga uchuq toshirishga moyil Turkiston devlari ham o‘zimiznikilarga o‘xshaydi. Hiylakorlik va ovsarlik sifatlari ajabtovur tarzda omuxtalashgan zakovatlari esa ularga yana ham ayricha joziba beradi. Parvardigor ularni ibtidoiy otash dudidan yaratdi, otashning gulxani ruhlarga, nuri esa farishtalarga ravo ko‘rildi. Ochofatlikda me’yor bilmas bu devlarning yaqin va uzoq qarindoshlari bir talay ertaklarda o‘zlariga belgilangan faoliyat bilan mashg‘ul. Masalan, «Uchqur toychoq» afsonasida shohning erka qizi tanlab-tanlab tozisiga uchraydi — saralagani yeb to‘ymas bir dev bo‘lib chiqadi. Ittifoqo, hiyla-nayrang bilan malikani mehmonga yuborgan kuyovto‘ra saroydagi barcha qul va cho‘rilarni, ko‘rmana-yu seplar ortilgan eshak-xachirlarni yeb bitiradi.
Kitob sahifalarini oshyon tutganlar orasida darozlar ham bor. Ruhiyatshunoslik deb atalgan cho‘pchaknamo bir ilmning uqdirishicha, ertaklarning devkelbat ushbu personajlari kattalar bilan bolalarning jussa o‘lchami o‘rtasidagi tabiiy tafovutga doir olis xotira mahsullaridan boshqa narsa emas. Shuningdek, Ruben Dario tarannum etgan malikalar — xayollarimizni har dam o‘g‘irlagan, baxt va navqironlik, necha bor orzulangan visol mayllari va qahramonlik istaklarining ajabtovur yaxlitligidan iborat ushbu ishq timsollari muhtasham saroylarda muhabbat qurshovida istiqomat qiladi. Yana bir hilqat — Simurg‘ qushi ertaklar bag‘ridan biz tomon nazar tashlaydi. Osuda inson chehrali, kumushrang patlari ko‘zni oluvchi, yoshi ikki ming yil qadar ko‘hna qush, qanotlarini yoygani zamon oftobni yashirib, zaminni zulmatga chulg‘ashga qodir ulug‘vor qush, ayovsiz savashlar chog‘i botirlarni omon olib chiqishga har dam hozir iltifotli va so‘zamol qush — Simurg‘.
Turkiston ertaklari voqeligi sahovat tuyg‘ulari bilan to‘yingan, bepoyon kengliklarda yilqi va suruvlar ketidan ot surgan cho‘pon-cho‘liq tuyoqlar ostidagi zaminni aslo xor qilmas, balki qurg‘oqchilik va yog‘inlar mavsumidan ham tadbir bilan o‘zlariga rizq toparlar. Tog‘li bo‘lgalarda qir va adirlar, ulug‘vor qoya va daralar doxil o‘ynoqi shakllar manzarasini chizgan makon — yalang dashtliklarga engach, ko‘z ilg‘amas ufqlar orti tomon yastanib boradi. Mirishkor dehqonlar uchun to‘rt mavsumga taqsim qilib berilgan vaqt cho‘ponlar uchun mangulik kabi bardavom. Tinimsiz, ammo ohista kechib o‘tayotgan kunu tunlar aytishuv kechalari, musiqa va raqs davralari bilan ziynatlangan. Bunda landovur tanballik sahovat xislatlari bilan yonma-yon qadam tashlaydi. Ushbu xayoliy afsonalarda vaqt va zamon shunchaki kechib o‘tmaydi, ular bunda baayni tushlar kabi yuvosh va muloyim.
Shekspir (o‘zining tashbehini qo‘llasak) uzoq yillar davomida kechgan voqealarni suvsoatning atigi bir karra aylanishiga jo qila olgan, Joys bo‘lsa bir ishora bilan vaqtning shoshqin odimlarini to‘xtatib, inson umrining bir kunini yetti yuz sahifalik asarga joylay bilgan edi. Turkiston ertaklari aro kechayotgan vaqt esa, Shekspirnikidan farqli o‘laroq, uchqur emas, ayni damda Joysniki kabi ham sudralmas: tiriklikka sitam yetkazmay, sezdirmasdan va ohista kechib o‘tayotgan bu oqimni yil va yo kunlar, taqvim va yo mavsumlar, va balki shomu saharlarning qay biri bilan o‘lchashni bilmaysan.
Yana ayrim ertaklarga murojaat qilaman. Odatda, istiora — oradagi masofalarni adoqsiz uzaytirib, ayni paytda ularni izsiz g‘oyib ettiradi. Serdavlat Hotamtoy haqidagi rivoyatda (to‘plamdagi eng sara ertakda) oralariga qirq kunlik yo‘l masofa solgan ikki shahar haqida so‘z boradi. Shaharlardan birining fuqarolari boshlariga tushgan kulfat tufayli kecha-yu kunduz iztirobda g‘am yoshlari to‘kadi. Kundalik yumushlari bilan andarmon qirq kunlik yo‘l naridagi boshqa shahar ahli qo‘shnilarini ko‘rmasa-da, ufq ortidan kelayotgan yig‘i saslarini muttasil eshitib turadi.
Ushbu hikoyalar (ularni cho‘pchak deb atashga aslo tilim bormaydi, illo, soxta ruhiy ustunlik ishoralarini o‘zida yashirgan bu so‘z, ayni paytda, fusunkor va go‘zal bu ertaklarga mutlaqo begona bo‘lgan pand-nasihat istaklarini ham nazarda tutadi) bag‘rikeng dashtlarning o‘zi kabi sahovatlarga to‘lug‘. Hotamtoy qalbi va ruhining tabiiy ulug‘vorligi misqolcha bo‘lsin zo‘rma-zo‘raki chiranishlarga begona. Hamisha boshqalar tashvishlariga sherik bu sahovatpeshaning uyida qirqta eshik bo‘lib, ularning har biri yoniga qashshoqlarga atalgan tillo tangalarga to‘la oltin kosalar qo‘yilgan. Kimga lozim bo‘lsa, olib ketaversin. Xuddi o‘sha ertakdagi Fors shohining jondan aziz qizi shu qadar sohibjamolki, kunduzlar yurganida vujudidan soya emas, billur nurlar to‘shaladi («Lux est umbra Dei» — bir zohidning ayni so‘zlarini so‘ngroq ser Tomas Braun yana takror yodga soladi). Ertaklarda odatiy va g‘aroyib holatlar shu qadar jo‘n uyg‘unlashib ketganki, ularni turlarga ko‘ra ajratib, mavqelari bo‘yicha o‘z o‘rniga qo‘yish istagi hikoyanavisga mutlaqo begona ekani shundoq ko‘rinib turadi. Afsonalarda mavjud barchasi — ilohiylik sifatlari ulug‘ bo‘lsa-da, oddiy insonlar bilan ham muloqotga kirishib ketaveradigan farishtalar deysizmi yoxud, aslida bir joyda ko‘karishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ko‘ngli tusagan mahal olis safarlarni ixtiyor qiluvchi jahongashta daraxtlar deysizmi — bularning barchasi o‘zining chinligi bilan kishini hayratga soladi. Fusun — tabiatning uzviy yaxlitligi namunasi, ayni voqelik ko‘rinishlaridan biridir. Olisdan turib biror kimsaning jonini olishda kamon o‘qlari qo‘l keladi, ammo loydan tulum yasab, unga muttasil ignalar sanchgan ko‘yi asliyatning o‘limiga sazovor bo‘lish ham mumkin. So‘nggi asrlardagi orasta va qulay turmush jodularga ishonchimizni yo‘qotib ulgurdi. Ba’zan sehrning mavjudligini bir kibr ila e’tirof qilsak-da, g‘ayrioddiy holatlarni tabiiy oqibatlardan bexato ajrata olishimiz bilan mag‘rurlanamiz. Jodugarlar qallobdir va tulumlar bilan bizning o‘rtamizda zarracha bog‘liqlik yo‘q, loydan yasalgan nusxalarimizda o‘tkazilgan amallar esa bizning o‘zimizga zahmat yetkazishi mumkin emas, deya baralla atrofimizdagilarni ishontirmoqchi bo‘lamiz. Ammo vaziyatning istehzoligini qarangki, kimdir birov ismimizga tahqirli laqabni tirkab chaqirishi hamon, ta’bimiz tirriq bo‘lib, g‘ussalarga botamiz. Biz-ku mayli, tabiat qonunlarini ro‘kach qilib gapiryapmiz, ammo Edvard Karpenter yoki Ernst Maxni o‘qiganki odam, bu kabi qonunlar mo‘jizaviy voqelikning foydali imkoniyatlariga mutlaqo zid ekanini anglab yetadi. Bokira o‘rmonlar va qadim g‘orlarda kamxarj umrguzaronlik qilgan ibtidoiy odamlar esa o‘zboshimcha ta’sis qilingan ushbu qonunlarga ham, ularga ozroq bo‘lsa ham joziba beruvchi mo‘jizalarga ham ishonmaydi. Ular afsun bilan sog‘lom idrok o‘rtasiga chiziq tortib o‘tirmaydi, balki tabiatning yaxlit ekaniga g‘ayrishuuriy tarzda, ortiqcha savollarsiz ishonadi.
Meksika hindulari asotirlarini tafsir qilgan Teodor Vilgelm Dantsel o‘z mulohazalarida yana ham ilgari ketadi: uning fikricha, ibtidoiy odamlar sub’ekt (idrok egasi) bilan ob’ektni (idrokdan ayri borliqni) o‘zaro ayirib o‘tirmaydi. Ularning dunyosi ikki chehrali emas, balki o‘n minglab chehralarga ega va ular tabaqalarga ajratilgan emasdir. Ibtidoiy odamlar hayoti tushning o‘zi kabi adoqsiz. Beg‘ubor bu odamlar — o‘z dunyolarining chinakam sohiblaridir. Kamtarin umrlarga beshik bo‘lgan bu dunyo go‘zaldir, illo niyat qilingan narsalarning bari shaksiz ijobat bo‘ladi. Soddadil bandalarni bag‘riga olgan bu dunyo mudhishdir,
illo ko‘ngilga noxos tashrif buyurgan noxush tuyg‘ular ham chin musibatlarni chorlashi bor. Tuyg‘ular hukmiga o‘zimizni baxshida qilgan damlar biz ham aynan shu kabi yashamasmizmi? Ularning hayot-turmushi asotirlar, tushlar olami va ehtimollar o‘lkasi bilan yonma-yon, yondosh. Men esam o‘z hayotimga o‘zimni begona sezmoq uchun, o‘z hayotim rishtalaridan uzilmoq va so‘ngra esa — tobora olislab borayotgan ana shu hayotimni qo‘msab, hasratlar chekmoq uchun qo‘limdagi Turkiston ertaklaridan sira bosh ko‘tarmasman.
Sharifjon Ahmedov tarjimasi