Xotinining o‘limi uning tinch hayotini ostin-ustun qilib yubordi. Bugungacha hayot, taqdir, dunyoning boshiyu oxiri haqida o‘ylab ham ko‘rmagandi. Faqat bu o‘lim zulmatni tilib o‘tgan chaqmoq singari uni sergak torttirdi.
Endi onasiz qolgan o‘g‘li nima qiladi? Yaxshiyam hali yosh go‘dak, ko‘p narsag aqli yetmaydi. Aks holda uni qanday ovutardi? Bolani boshg‘chadan olib, qishloqqa, buvisining yoniga tashlab keldi. Endi bir oy-ikki oyda bir borib xabar oladi. Bola ham buvisini juda yaxshi ko‘radi. Ammo, sho‘rlik go‘dak endi ona mehridan ayro qolganini eslasa, ko‘ngli buzilib ketadi.
Metro eshigida tumonat odam. Oldinroqda turgan qiz va yigitning suhbati qulog‘iga chalindi:
– …uyatdan yer yorilmadimki, yerga kirsam… Siz atayin ota-onamni yerga urish uchun o‘sha odamlarni yuborgansiz… Sizdan voz kecholmadim. Bo‘lmasa olib kelgan uzuklarini yuzlariga otardim…
Yigit jim edi…
Notanish yigit va qizning bir lahza Uni o‘tmishga olib ketdi. Uning uchun qaytib bo‘lmas onlar ko‘z o‘ngida jonlanib, yuragi yana g‘ussaga to‘ldi.
Shaharga kelgan ilk kunlarda Mohpora ismli qiz bilan tanishib qolgandi. Qiz unashtirilgan bo‘lsa-da, u bilan uchrashib turardi. Bir hafta ichida xuddi ming yillik qadrdonlardek bo‘lib qolishdi. Qiz: “meni olib ket, istagan joyingga sen bilan boraman, o‘sha ablahning yuzini ko‘rmasam bas. Yaqinda to‘yimiz bo‘lishi kerak. Meni olib qoch, uch kun biror joyga ketaylik. Keyin nima bo‘lsa bo‘lar…”
Qizga achinsa-da, unga yordam berolmadi. Keyingi taqdiri nima kechganini bilmaydi. Faqat bir marta ko‘chada qo‘lida bolasi bilan ketayotganini ko‘rib qoldi. Atayin uni ko‘rib ko‘rmaslikka oldi. Har qalay xush-noxush taqdiriga ko‘nikkan bu ayolning xotirasidan o‘chayozgan shirin damlarni qayta tiklagisi kelmadi.
…Xotini mana shu nashriyotda ishlardi. Har kechqurun bu binoning oldidan o‘tayotganida, xodimlar ham ishdan chiqa boshlardi. Xotini ertalab o‘zi olib kelar, kechqurun olib ketar, shu bois, bu yerdagilar uni yaxshi tanishardi. Endi esa, o‘sha odamlarning hech biri bilan yuzlashgisi yo‘q.
O‘tgan hafta xotinining dugonasi Zamira bilan ko‘rishib qoldi. Salomlashilb o‘tib ketmoqchi edi. Zamira uni to‘xtatdi. So‘rashdi, o‘g‘lini so‘radi. U esa, bir og‘iz ham gapirolmadi.
Bir paytlar Zamira ularnikiga kelib turadi. Bayramlarni birga o‘tkazishardi. Xotinining o‘limidan so‘ng Zamiraning ham qadami uzildi. Faqat shu yo‘lda yuzma-yuz kelib qolishar, shunda ham o‘zini ko‘rmaganga olib o‘tishni istardi. O‘tmish bilan bog‘liq hamma narsani unutgisi kelar, ammo udasidan chiqolmasdi.
Biroq, hamma narsa, ko‘cha yoki bino, har bir tanish-notanish qiyofa Uni esga solaverar, beixtiyor xotini bilan yashagan damlarga qaytardi.
Mana o‘sha tug‘ruqxona… Har doim o‘sha mash’um o‘limni yodiga solib, yuragina qiymalaydigan joy. Aksiga olib, bu bino ham uning ishga borib qaytadigan yo‘li ustida joylashgan.
Kattasi tug‘ilganda, qalin qor yoqqandi. Sahari mardondan tug‘ruqxona eshigida turib olgandi. Qiz tug‘ilganini eshitib, sal ko‘ngli cho‘ksa-da, sezdirmadi. Hali ikkovi ham juda yosh ekani, hammasi oldinda ekanini o‘ylab taskin topgandi.
Har kuni o‘zi bilan opkelgan narsalarni bir parcha xat bilan birga eshik oldidagi hamshiraga topshirar, hamshira unga xotinining javobini yetkazar, shu tariqa xabarlashib turishardi.
O‘tgan hafta eski qog‘ozlar orasidan orasidan xotinining o‘sha paytlarda yozgan xatlari chiqib qoldi. Ayoli pul yuborishni, hamshiralarga, do‘xtirlarga qistirmasa, bolasiga yaxshi qaramasligini yozgandi. O‘shanda U pul kirita olmagan, pulsizlikdan siqilib turganini bahona qilgandi…
Bola tug‘ilishini, tashqarida turib kutolmagandi. Nimair ish chiqib ketib qoldi. Tug‘ruqdan so‘ng xotni ko‘p qon yo‘qotgan, qon quyishga to‘g‘ri kelgandi. Baxtga qarshi uning guruhidagi qon tug‘ruqxonada yo‘q ekan. Tashqariga chiqib erini topa olmagach, ayolga bir hamshira qon beribdi.
Qiziq, o‘sha hamshira hozir ham ishlayotganmikin? Bir paytlar qon berib kimnidir o‘limdan qutqarib qolganini eslarmikin?
Xotini keyinchalik bir marta bo‘lsin, bularning hech birini – tug‘ruq payti uni tashlab ketganiyu o‘sha oqshom loaqal telefonda bo‘lsa ham hol so‘ramaganini yuziga solmagan.
Ikkinchi bolasi tug‘ilganida, sho‘rlik ayolning badanini rosa qiymalashibdi. Yarim kechasi tug‘ruqxonadan mashina bilan kelib, Uni ham olib ketishdi. Shifokor bolani (o‘g‘il bola ekan) chiqarib olish uchun ayolini operatsiya qilgan, ayol esa, hushiga kelmasdan vafot etgan edi. Har qancha yalinmasin, ungi ichkariga kiritishmadi. Jasadni zambilda olib chiqib, mashinaga solishdi.
Kutilmagan bu hodisadan hushi boshidan uchdi. Ishongisi kelmasdi. Mashinaning bir chetida, zambilda yotgan xotinining murdasiga qararkan, o‘zini dahshatli tush ko‘rayotgandek his etdi. Chunki, o‘lim bu qadar tez va qo‘qqisdan inson hayotiga chang solishi mumkinligini tasavvur ham qilolmasdi. Nazarida xotini hozir ko‘zlarini ochib, g‘amgin tabassumlari bilan eriga boqadigandek edi. Ha, ayolining nigohlarida tilga ko‘chira olmagan bir gina, yana allaqanday xijolatpazlik, uzxohlik aks etadi. Shafqattalab ko‘zlari ila eriga mo‘ltiraydi. Bu nigohlardan xayolan shu so‘zlarni o‘qiydi:
“Kechiring, sizga o‘g‘li tug‘ib bermoqchi edim, qo‘zlimdan kelmadi. Sizni xursand qilsam degandim. Bolani hayotini asrab qoling deb qancha yolvordim. Meni eshitishmadi. Bolani shundoqqina, burnimning tagida burdalashdi. O‘rtada oppoq parda tutishgandi. Lekin men jigarbandimni ne ko‘yga solishayotganini his etib turardim. Mana, bolamning mitti qo‘lchasini kesishganida, qo‘llarimdan jon chiqdi. Oyoqchalari qirqilganda, oyog‘im muz qotdi. Bolamning murg‘ak tanasini bo‘laklab, jomga tashlashardi… Nazarimda qulog‘im ostida bolam mudom chinqirayotgandek edi… Keyin… hushimni yo‘qotdi…”
…Ayoli bo‘yida bo‘lgan ilk kundan boshlab, uning vujudini vahima qoplagan, nedir noxushlikni oldina sezardi go‘yo.
-Meni 13-palataga yotqizinglar, deyman. O‘tgan safar ham o‘sha palatada yotgandim, – degandi xotini tug‘ruqxonaga ketayotganida.
Bu gal ham uni 13-palataga yotqizishdi…
Bu bino uning uchun turgan bitgani sir edi…
Ayol avval ham shu xonada yotgan, uning derazasidan dengiz ko‘rinib turar, bu haqda eriga jo‘shib gapirib bergandi. Ayoli bu xonani shu qadar aniq tasvirlab bergandiki, u bir marta bo‘lsin, bu palataga kirishni, xotini yotgan karavot, ixchamgina tumbochka, oyoq ostidagi to‘shama, derazadan ko‘rinib turgan dengiz manzarasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istardi.
…O‘zi istamagan holda tug‘ruqxonaning eshigi oldida turib qolgandi. Eshik har doimgidek yopiq edi. Tug‘ishga kirib ketgan ayollarning yaqinlari eshik oldida kuymalanishardi. Yo‘lkaning naryog‘ida turgan yashil rangli mashinada nimanidir hayajon bilan kutayotgan o‘rta yashar ayolning bo‘g‘riqqan yuzlari ko‘zga chalinadi. U ham birinchi bolasi tug‘ilganda, yo‘ldan tutib kelgan mashina ichida xotininig chaqaloq bilan chiqshini ana shu yerda turib kutgandi.
Ayni damda Uni qanday kuch bu yerga yetaklab kelganini tushunolmadi. Qo‘llari ham oyoqlari singari Unga bo‘ysunmasdi. Titroq barmoqlari bilan ko‘chaga eshigini qoqdi. Avvaliga javob bo‘lmadi. Biroz o‘tib, qadam tovushlari eshitildi. Eshik ochildi. Yana o‘sha ayol, o‘sha chehra… Nima desin? Nimani tushuntirsin? Baribir ichkariga qo‘yishmaydi. Ta’na-malomatlar bilan quvib solishlarini, loaqal eshikni yuziga taraqlatib yopishlarini kutgandi.
Biroq, bo‘sag‘ada hamshira unga jim qarab qoldi. Chamasi qiz bu erkakning kimligini eslolmay tikilib turardi. Kutilmaganda, qizning tund yuzlarida allanechuk muloyimlik qo‘nganini ko‘rib, dadillandi.
-Ichkari kirsam maylimi? – dedi – mumkitn bo‘lsa, 13-palataga…
Qiz ortga chekinib yo‘l berdi. Uning uchun sirli va mardud tuyulgan bu eshik bu qadar oson ochilishini kutmagandi. Zinapoyalardan ko‘tarilayotib, oyoqlaridan darmon qochganini payqadi. O‘zini endigina to‘shakdan turgan xastadek his etdi. Nazarida boshi aylanib yiqilsa, qaytib turmaydigandek zinalarning panjarasini mahkam ushlab borardi.
Devorlar o‘ta sirli, ayni damda tanish ko‘rinardi. Uzoqdan, nimqorong‘i dahlizda navbatchi shifokorga ko‘zi tushdi. Palatani so‘rashga hojat yo‘q, eshiklarda yozib qo‘yilgandi: 7, 8, 9, 10…
Uchinchi qavatga chiqishi kerak. “O‘sha, xotiniga qaragan shifokorning ismi nima edi? Bilsa so‘rardi. Atigi ikki yil bo‘pti. Haliyam ishlarmikin? Afsus, otini eslolmadi.
…Yana zinapoyalardan ko‘tarildi: 11,12,13…
Bir lahza barini unutdi. Nazarida eshikni ochishgi bilan karavotda yotgan xotini bilan bolasini ko‘radigandek edi. Avval bolasini qo‘liga olib, uni to‘yib tomosha qiladi, yuz-ko‘zidan o‘ziga o‘xshash chizgilarni qidiradi. Keyin xotinidan hol-ahvol so‘raydi. Xotini uyini juda sog‘inganini, tez kunda bolasini olib, uyga qaytishini aytadi.
…Butun badani titrab turganini his etdi.
…Eshikni asta chertdi.
…Ichkaridan qandaydir ovoz keldimi? Hech narsa eshitilmadi.
…Sekin itarib eshikni ochdi.
…Karavotda yoshgina juvon yotardi.
…U ohista ichkari kirib, stulga o‘rnashdi.
…Nimadir demoqchi edi – demadi.
…Ayoldan nimanidir so‘ramoqchi edi – so‘ramadi.
Kichkina, shinamgina, bir kishilik palata. Demak, ayoli mana shu karavotda yotgan. Kuchli og‘riqni yengish uchun karavotning ana shu sovuq tutqichlarini changallagan. Uyqusiz kechalarda mana shu shiftga, devorlarga tikilib, uning har bir chizgisini tomosha qilib yotgan. Mana shu stol ustida u keltirgan yemaklarni tanovul qilgan, shu yerda unga atab maktublar bitgan…
Qo‘li bilan xuddi gul ustiga qo‘ngan kapalakni tutib olayotgandek ehtiyotkorlik bilan karavotni ushlab ko‘rdi.
Endi bu xonada boshqa ayol yotibdi. Shu qadar tinch, xotirjam yotibdiki, ikki yil tugul, ikki hafta ilgari bu yerda kimlar yotganidan ham xabari yo‘q. Ayni onda u faqat o‘zini, o‘z bolasini o‘ylayotir. Bilmaydiki, bu olam faqat uning o‘zi va bolasidan iborat emas. Bilmaydiki, u yotgan karavot o‘zi yashayotgan dunyo kabi, hayot kabi omonat. Ertaga bu yerda boshqasi yotadi, indin yana birovi… bilmaydiki, dunyo ming yillardan beri charxrpalak singari aylanaveradi, aylanaveradi…
Deraza osha dengizga boqdi. Dengiz shu qadar yaqin ediki, to‘lqinlarning nafis titrog‘ini ham his etish mumkin edi. Botayotgan quyoshning qonrang shafaqlari qo‘ynida bir kema muallaq turib qolgandek edi go‘yo. Dolg‘alar siypalayotgan bu oq kema dunyoning chesizligini bepoyonligini eslatib turardi. Ajab, o‘sha oqshom, ma’sum go‘dakning hali dunyo havosi tegmagan badaniga tig‘ botgan onda, quyosh nurlarini ko‘rmagan ko‘zlari ochilmay turib yumilgan damda ham dengiz hozirgidek sirli, maftunkor va beozormidi?
Chidolmadi. Toqati yetmadi. Xuddi hamma narsani xotirasiga muhrlamoqchidek so‘nggi bor… so‘nggi atrofga ser solib, og‘ir qadamlar bilan eshikka yo‘naldi.
–Siz kim kerak edi? so‘radi – o‘rnidan turib, istihola bilan ustiga choyshabni tortgan ayol holsiz sasda.
U xuddi bu yerda o‘zidan boshqa odam borligini hozirgina anglagandek ilkis seskandi. Ortiga burilmasdan:
– Hech kim… – dedi. – Endi… hech kim kerakmas!..
Eshikni ochib, koridorga chiqdi.
Ozarboyjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi